بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Bugungi juma suhbatimiz ulul-azm, ya’ni matonatli payg‘ambarlar haqida bo‘ladi. Shuning uchun avvalo payg‘ambarlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tishni lozim deb bilamiz. Biz arab tilidagi “rasul” va “nabiy” so‘zlarini ona tilimizda “payg‘ambar” deb ishlatamiz. Aslida, arab tilidagi “rasul” va “nabiy” so‘zlarining o‘rtasida biroz farq bor.
Rasul so‘zi “risolatun” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “elchi”, “vakil” va shu kabi ma’nolarni anglatadi. Shar’iy istilohda esa “Alloh taolodan ilohiy kitob nozil qilingan payg‘ambar – rasul deb ataladi”.
Nabiy so‘zi “nabaun” so‘zidan olingan bo‘lib, lug‘atda “xabar” ma’nosini anglatadi. Shar’iy istilohda esa “Alloh taolodan ilohiy kitob nozil qilinmagan balki o‘zidan oldingi kitob tushgan payg‘ambarning ta’limotini davom ettiruvchi payg‘ambar – nabiy deb ataladi”.
Xulosa shuki, barcha rasullar nabiy hisoblanadi, lekin barcha nabiylar rasul hisoblanmaydi.
Payg‘ambarlarning adadi qancha bo‘lgani ma’lum emas. Ammo ba’zi kitoblarda ularning adadi bir yuz yigirma mingdan ortiq, qariyb bir yuz yigirma to‘rt ming ekani zikr qilingan. Qur’oni karimda yigirma beshta payg‘ambar zikr qilingan bo‘lib, ularning barchalari rasul bo‘lishgan.
Muhtaram namozxonlar! Payg‘ambarlarni Alloh taolo tanlab oladi. Shunga ko‘ra, payg‘ambalikka o‘qib-o‘rganish hamda malaka hosil qilish bilan erishib bo‘lmaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
اللَّهُ يَصْطَفِي مِنَ الْمَلَائِكَةِ رُسُلًا وَمِنَ النَّاسِ إِنَّ اللَّهَ سَمِيعٌ بَصِيرٌ
ya’ni, “Alloh elchilarni farishtalardan tanlaydi, insonlardan ham. Darhaqiqat, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchidir!” (Haj surasi, 75-oyat)
Biz bandalar barcha payg‘ambarlarga iymon keltirishga buyurilganmiz. Payg‘ambarlarning barchasi ma’sumdir.
Payg‘ambarlarni yuborishdan asosiy maqsad insonlarga Alloh taoloni tanitish va Unga ibodat qilishga chaqirishdir. Bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qilgan:
وَمَا أَرْسَلْنَا مِنْ قَبْلِكَ مِنْ رَسُولٍ إِلَّا نُوحِي إِلَيْهِ أَنَّهُ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنَا فَاعْبُدُونِ
ya’ni, (Ey, Muhammad!) Sizdan ilgari Biz yuborgan har bir payg‘ambarga ham: «Mendan o‘zga iloh yo‘q, bas, Menga ibodat qilingiz!» – deb vahiy yuborgandirmiz. (Anbiyo surasi, 25-oyat)
Payg‘ambarlarni yuborishdan yana bir maqsad Alloh taoloning buyruqlari va qaytariqlarini yetkazishdir:
الَّذِينَ يُبَلِّغُونَ رِسَالَاتِ اللَّهِ وَيَخْشَوْنَهُ وَلَا يَخْشَوْنَ أَحَدًا إِلَّا اللَّهَ وَكَفَى بِاللَّهِ حَسِيبًا
ya’ni, Ular (o‘tgan payg‘ambarlar) Allohning farmonlarini (bandalarga) yetkazadigan, Undan qo‘rqib, Allohdan o‘zgadan qo‘rqmaydigan zotlardir. Allohning o‘zi (bandalarining amallariga nisbatan) yetarli hisobdondir. (Ahzob surasi, 39-oyat)
Muhtaram jamoat! Alloh taolo yuborgan payg‘ambarlarning ba’zilari ulul-azm payg‘ambarlar deyiladi. Bu haqida Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan:
فَاصْبِرْ كَمَا صَبَرَ أُولُو الْعَزْمِ مِنَ الرُّسُلِ
ya’ni, “Bas, (ey, Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling”. (Ahqof surasi, 35-oyat)
Ushbu oyatdagi ulul-azm, ya’ni matonatli payg‘ambarlar kimlar ekani va ularning sonlari nechta ekani haqida ba’zi ulamolar ularning barchasi ulul-azm bo‘lishgan desalar, ba’zilari esa ulardan ma’lum sonlilarigina ulul-azm bo‘lishgan deydilar. Bu borada eng mashhur fikr ulul-azm payg‘ambarlar beshta ekanidir. Ular Nuh, Ibrohim, Muso, Iso va Muhammad alayhissalomlardir. Ulul-azm deyilishidan murod – ular sobit qadam, jiddu-jahd va sabr toqat sohiblari ekanidir. Aslida, barcha payg‘ambarlar mazkur sifatlar bilan sifatlanishgan bo‘lishsa-da, lekin aynan mazkur beshta payg‘ambarlar ushbu sifatlarga xoslanganiga sabab, ular katta shariat sohiblari bo‘lishgani hamda bu shariatlarini o‘rnatishlarida ko‘plab mashaqqat va qarshiliklarga duch kelib, ularni yengib o‘tishda sabr-matonatli bo‘lishganidir. Shunga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga buyurib,“ular kabi sabr qiling”, deb namuna qilingani to‘rtta bo‘ladi. Ya’ni, Nuh, Ibrohim, Muso va Iso alayhissalomlardir.
Nuh alayhissalom uzoq muddat qavmini Alloh taologa ibodat qilishga chaqirdi. Ana shu uzoq muddat davomida qanchadan-qancha qarshiliklarga duch kelgan bo‘lsa ham, imon keltirganlar juda ham oz bo‘lsa ham, sabr-matonat ila Allohning buyrug‘ini davom ettirdi. U zotning payg‘ambarlik davrining o‘zi to‘qqiz yuz ellik yil davom etgan. Bu haqida Alloh taolo shunday marhmat qilgan:
وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا نُوحًا إِلَى قَوْمِهِ فَلَبِثَ فِيهِمْ أَلْفَ سَنَةٍ إِلَّا خَمْسِينَ عَامًا فَأَخَذَهُمُ الطُّوفَانُ وَهُمْ ظَالِمُونَ
ya’ni, “Biz Nuhni o‘z qavmiga (payg‘ambar qilib) yubordik. Bas, u ularning orasida ellik yili kam ming yil turdi*. Bas, ularni zolim (kofir) bo‘lgan hollarida to‘fon (balosi) tutdi”. (Ankabut surasi, 14-oyat).
Nuh alayhissalom umidni uzmasdan, qavmiga turli usullar bilan da’vat qildi. Bu haqda shunday deyilgan:
قَالَ رَبِّ إِنِّي دَعَوْتُ قَوْمِي لَيْلًا وَنَهَارًا فَلَمْ يَزِدْهُمْ دُعَائِي إِلَّا فِرَارًا وَإِنِّي كُلَّمَا دَعَوْتُهُمْ لِتَغْفِرَ لَهُمْ جَعَلُوا أَصَابِعَهُمْ فِي آَذَانِهِمْ وَاسْتَغْشَوْا ثِيَابَهُمْ وَأَصَرُّوا وَاسْتَكْبَرُوا اسْتِكْبَارًا ثُمَّ إِنِّي دَعَوْتُهُمْ جِهَارًا ثُمَّ إِنِّي أَعْلَنْتُ لَهُمْ وَأَسْرَرْتُ لَهُمْ إِسْرَارًا
ya’ni, “Nuh aytadi: “Parvardigoro, qavmimni kechayu kunduz da’vat qildim. Lekin chaqirig‘im ularning qochishini kuchaytirdi, xolos. Qachon ularni Senda kechirim so‘rashga chaqirsam, barmoqlarini quloqlariga tiqib, kiyimlariga o‘ralib olishadi, qaysarlik bilan takabburlik qilishadi. Keyin ularni oshkora da’vat qildim. So‘ng ularga ochiqchasiga va keyin yashirin ham gapirib ko‘rdim” (Nuh surasi. 5-9 oyatlari).
Shuncha uzoq yillarda va turli uslublarda da’vat qilsalarda, qavmidan oz sonli kishilargina imonga kelishdi.
Ibrohim alayhissalom haqida esa shunday deyilgan:
وَإِبْرَاهِيمَ إِذْ قَالَ لِقَوْمِهِ اعْبُدُوا اللَّهَ وَاتَّقُوهُ ذَلِكُمْ خَيْرٌ لَكُمْ إِنْ كُنْتُمْ تَعْلَمُونَ
إِنَّمَا تَعْبُدُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ أَوْثَانًا وَتَخْلُقُونَ إِفْكًا إِنَّ الَّذِينَ تَعْبُدُونَ مِنْ دُونِ اللَّهِ لَا يَمْلِكُونَ لَكُمْ رِزْقًا فَابْتَغُوا عِنْدَ اللَّهِ الرِّزْقَ وَاعْبُدُوهُ وَاشْكُرُوا لَهُ إِلَيْهِ تُرْجَعُونَ
ya’ni, “Ibrohimni (eslang), u o‘z qavmiga degan edi: «Allohga ibodat qilingiz va Undan qo‘rqingiz! Agar biluvchi bo‘lsangiz, mana shu ishingiz sizlar uchun yaxshiroqdir. Sizlar Allohni qo‘yib faqat butlarga ibodat qilmoqdasiz va (ularni ilohlar deb) yolg‘on to‘qimoqdasiz. Aniqki, sizlar Allohni qo‘yib ibodat qilayotgan narsalar sizlarga rizq berishga qodir emaslar. Bas, (shunday ekan) sizlar rizqni Alloh dargohidan istangiz va Ungagina ibodat qilingiz va Unga shukr qilingiz! Sizlar (oxiratda) Ungagina qaytarilursizlar”. (Ankabut surasi, 16-17 oyat)
Ibrohim alayhissalomning qavmi gulxan yoqib, hatto u zotni unga otishdan ham qaytmadi: “(Namrud boshchiligidagi mushriklar) dedilar: «Uni yoqib yuboringiz! Agar (biror narsa) qiluvchi bo‘lsangiz (shu ish bilan) ilohlaringizga yordam qilingiz!» Biz aytdik: «Ey, olov! Ibrohimga salqin va omonlik bo‘l!» Ular (Ibrohimga) makr qilmoqchi bo‘ldilar. Biz esa, ularning o‘zlarini ko‘proq ziyon ko‘ruvchi qilib qo‘ydik”. (Ankabut surasi, 68-70 oyatlar)
Muso alayhissalomning voqeasiga kelsak, Qur’oni karimda eng ko‘p zikr qilingan qissa u zot alayhissalomga tegishlidir. U zotni Alloh taolo xudolikni da’vo qilgan Fir’avnning zamonida payg‘ambar qilib yubordi. Muso alayhissalom da’vat yo‘lida misli ko‘rilmagan mashaqqatlarga, bahs-munozaralarga duch keldi.
Iso alayhissalom ham payg‘ambarlik vazifasini ado qilishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldi. Qavm unga kufr keltirib, turli tuhmat bo‘htonlar qilishdi.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, barcha payg‘ambarlar muallim bo‘lib kelishgan. Insoniyatga xayriyat urug‘ini sochishgan. Bugungi kunda garchi oramizda payg‘ambarlar yo‘q bo‘lsa-da, lekin ularning merosxo‘rlari bordir. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilgan:
عن أَبي الدرداء رضي الله عنه قال: سَمِعْتُ رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: « ... وَإنَّ العُلَمَاءَ وَرَثَةُ الأنْبِيَاءِ، وَإنَّ الأنْبِيَاءَ لَمْ يَوَرِّثُوا دِينَاراً وَلا دِرْهَماً وَإنَّمَا وَرَّثُوا العِلْمَ ، فَمَنْ أَخَذَهُ أَخَذَ بحَظٍّ وَافِرٍ».
رواه أَبُو داود والترمذي
ya’ni, Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “... Albatta, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Chunki payg‘ambarlar dinorni ham dirhamni ham meros qilib qoldirishmagan. Ular ilmni meros qilib qoldirishgan. Shunday ekan, kimda-kim uni olsa, katta nasibani qo‘lga kiritibdi”, deb aytayotganlarini eshitdim”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan).
Shunga ko‘ra, biz musulmonlar ulamolarni g‘animat bilib, diniy masalalarda ixtilofga borib qolgudek bo‘lsak, darhol O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolariga murojaat qilishimiz lozim bo‘ladi.
Ayniqsa, dunyo notinch bo‘lib turgan, turli g‘alamislar dinimizga tuhmat toshini otib turgan, ayrim o‘lkalarda diniy shiorlar ostida qon to‘kilayotgan bugungi kun kabi tahlikali zamonda ogoh va xushyor yashamog‘imiz, mamlakatimizdagi tinchlik, osoyishtalikni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz lozim.
Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin! Yurtimizda olib borilayotgan xayrli ishlar va islohotlarga O‘zi barakot ato qilsin! Omin!
114 ta Qur’oni Karim nusxasi asosida kitob-albom
700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fransiyalik, turkiyalik va avstriyalik nufuzli mutaxassislar bian hamkorlikda “114 Qur’on” loyihasini amalga oshirmoqda. Loyiha doirasida O‘zbekiston tarixiy merosiga tegishli dunyodagi Qur’on qo‘lyozmalari tanlab olinadi va Markaz muzeyi asosiy qismi sifatida Qur’oni karim zali bo‘limi ekspozitsiyasidan o‘rin oladi. Bugun Islom sivilizatsiyasi markazida mazkur loyihaning yakunlovchi bosqichga yetayotgani munosabati bilan turkiyalik olim, Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez o‘z taqdimotini namoyish qildi.
Taqdimotda O‘zbekistonning taniqli ulamolari va islomshunoslari — shayx Abdulaziz Mansur, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidbek Ishmatbekov, markaz ilmiy kotibi Rustam Jabborov, ilmiy xodim Azimjon G‘afurov hamda qator tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Istanbul universiteti professori Emek Ushenmezning ma’lum qilishicha, ushbu loyiha doirasida Markaz bilan hamkorlikda 114 ta Qur’oni Karim nusxasi asosida kitob-albom tayyorlanmoqda. Emek Ushenmezning ta’kidlashicha, kitob-albom “Kirish qismi” va 4 bo‘limdan iborat bo‘lib, unda VII asrdan XX asrgacha Turkiston hududida yaratilgan va dunyo arxivlarida saqlanayotgan noyob qo‘lyozma Qur’onlar haqida tarixiy-ilmiy ma’lumotlar keltiriladi.
Kitob-albomdan joy oladigan mashhur nusxalar qatorida — Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on, Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar va Boburiylar davridagi hamda xonliklar davriga oid nusxalar o‘rin oladi. Har bir qo‘lyozmaning faksimile (aniq nusxa) ko‘rinishida 2 sahifasi kitobda o‘z aksini topadi. Ularning umumiy tartibi 30 porani qamrab olib, to‘liq Qur’oni Karim manzarasini yaratadi.
Professor Ushenmez aytib o‘tgan muhim jihatlardan biri — 1467 yilda Amir Temurning nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmalik xotun tomonidan o‘z qo‘li bilan ko‘chirilgan Qur’on nusxasi ham albomda joy olishi. Shuningdek, Qo‘qon xoni Amir Umarxonning Usmoniylar sultoni Mahmud II ga sovg‘a qilgan tarixiy qo‘lyozma nusxasi haqida ham ma’lumot berildi.
Eng e’tiborli qismlardan biri — 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga atab oltin varaqda ko‘chirilgan 700 yillik tarixga ega Qur’on qo‘lyozmasidan suralar kiritilayotganidir. Ushbu nusxa mo‘g‘ullar davridan keyin saqlanib qolgan eng asosiy Qur’on mus'haflaridan biri hisoblanadi.
Taqdimot so‘ngida professor Emek Ushenmez ushbu noyob qo‘lyozmalarning tarixiy, manbashunoslik va madaniy qimmatini alohida ta’kidladi hamda ularning kelib chiqish tarixi O‘zbekiston bilan chambarchas bog‘liq ekanini qayd etdi.