Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida «Bu ilmni keyingi kelgan odamlardan odillari (taqvodorlari) ko‘tarib yuradilar. Ular ilmni g‘uluga ketuvchilarning o‘zgartirishidan, botilga chiqaruvchilarning dinni o‘ziniki qilib olishidan va johillarning ta’vilidan himoya qiladilar», deganlar. (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Imom Moturidiy rahimahulloh ham musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalarni kirib kelishini oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan rabboniy olimlardan edi.
Ulamolar tomonidan Imom Moturidiy rahimahullohni «Imamul hudo», «Musahhihu aqoidi ahli sunna» deb atalgan va e’tirof qilingan. Barcha ulamolar u zot haqida iliq fikrlarni bildirishgan. Jumladan, Imom Kafaviy rahimahulloh «A’lamul axyor» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi: «Moturidiy rahimahulloh mutakallimlarning imomi, musulmonlarning aqidasini to‘g‘rilovchisidir. Alloh u kishiga sirotul mustaqim, ya’ni to‘g‘ri yo‘lni nasib qilish ila nusrat berdi va u kishi din nusrati yo‘lida yurdi. Buyuk kitoblarni tasnif etdi va botil e’tiqod sohiblariga raddiya berdi»[1].
Shayx Abdulloh Mustafo Murog‘iy rahimahulloh «Al-Fathul mubin» asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni yozadi: «Abu Mansur Moturidiy hujjat va dalili kuchli, xusumatchini mot qiladigan, musulmonlar e’tiqodini himoya qilib adashgan va mulhidlarning shubhalariga raddiya bergan olimlardan edi»[2].
Ibn Hajar Haytamiy rahimahulloh «Zavojir an iqtirofil kaboir» kitobida Imom Moturidiy haqida quyidagi fikrlarni bildirgan:
«Ahli Sunna e’tiqodi deganda Imom Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy rahimahullohlarning e’tiqodlari nazarda tutiladi»[3].
«Ar-Rovzatul bahiya» kitobining muallifi Shayx Hasan ibn Abu Azuba rahimahulloh inson qaysi olimga ergashsa Ahli Sunna toifasiga kirishini bayon qilib shunday degan:
«Shuni bilki, Ahli Sunna val Jamoa e’tiqodining majmuasi ikki qutbning so‘zidir. Bu ikki qutb: Imom Abul Hasan Ash’ariy va Imom Abu Mansur Moturidiydir. Bu ikki imomning qay biriga ergashsang, hidoyatga erishib buzuq e’tiqod va toyilishdan salomat qolasan»[4].
Alloma Toshkuprizoda rahimahulloh aqoid ilmining ikki imomi haqida «Miftahus saodat» kitobida shunday degan: «Ahli Sunna val Jamoaning kalom ilmidagi raisi ikki kishidir: biri hanafiy mazhabiga mansub Abu Mansur Moturidiy. Ikkinchisi esa shofe’iy mazhabiga mansub Abul Hasan Ash’ariydir»[[5].
Mulla Ali Qori rahimahulloh «Mirqotul mafatih» kitobida Imom Moturidiy haqida shunday yozadi:
«Havoyi nafsini o‘ziga iloh qilib olgan kimsani ko‘rdingmi» oyatidagi havoyi nafsga Kitobu sunnatga xilof bo‘lgan e’tiqodiy fosid havoyi nafslarning barchasi kiradi. Ibn Hajar rahimahulloh munkar yomon havoyi nafsni bayon qilib shunday degan: «Munkar havoyi nafs bu Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomi: Abul Hasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiyning e’tiqodlariga muxolif bo‘lgan fosid e’tiqodlardir»[6].
Imom Kavsariy rahimahulloh Imom Moturidiy haqida «Muqaddimatul Kavsariy» kitobida shunday degan:
«Ash’ariy va Moturidiy bular yerning mashriqu mag‘ribida Ahli Sunna val Jamoaning ikki imomidir. Ular sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p kitob ta’lif qilishgan. Bu ikki imom o‘rtasidagi xiloflarning aksari lafziydir. Bu borada ko‘plab kitoblar yozildi. Bayzoviyning «Isharotul marom fi iborotil imom» kitobi bu boradagi eng yaxshi kitobdir. Zubaydiy «Ihyo»ning sharhida Bayzoviyning o‘sha kitobidan naql qilgan»[7].
Abul Hasan Nadaviy rahimahulloh o‘zining «Rijalul fikr vad da’va» kitobida bu zot haqida shunday degan: «Imom Moturidiy keng fikrli, zakovat va fahm egasi, turli fanlarni o‘zlashtirgan buyuk olim bo‘lgan»[[8].
Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutining
4- bosqich talabasi Nurmuhammedova Vasila
[1] Abul Baqo Husayn Kafaviy. A’lamul axyor min fuqahoi mazhabin No‘mon muxtor. – Tehron: Kutubxona Majlis sho‘ro, 2011. – B. 138
[2] Abdulloh Mustafo Murog‘iy. Al-fathul mubiyn fi tabaqatil usuliyyin. – Bayrut: Dorul irfon, 1986. – B. 241
[3] Ibn Hajar Haytamiy.Zavojir an iqtirofil kabair. – Qohira: Doru darbul islam, 1987. – B. 80
[4] Shayx Abdulvojid Xallof. Xilofu tanavvu’il Moturidiy val ash’ariy. – Qohira: Doru kutubil ilmiyya, 1425. – B. 23
[5] Alloma Ahmad ibn MustafoToshkubrozoda. Miftahus saodat. – Bayrut: Doru kutubil ilmiyya, 1985. – B. 33
[6] Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton. Mirqotul mafotih – Bayrut: Doru kutubil ilmiya, 1998. – B.452
[7] Muhammad Zohid Kavsariy. Muqaddimot Kavsariy. – Bayrut: Dorus salom, 1425. – B. 51
[8] Abul Hasan Nadaviy. Rijalul fikri vad da’vati. – Bayrut: Doru muassasatir risala, 2003. – B. 432
Vatanimiz tarixidagi 18 avgust sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
928 yil (bundan 1097 yil oldin) – Quyosh tutilishi ro‘y berdi. Qadimda kishilar Quyosh tutilishlarini oldindan bilganlar. Ularga tutilish takrorlanib turadigan davr ham ma’lum bo‘lgan. Bu saros deb atalib, u 18 yil 11 kun 8 soatga teng. Yer yuzining ma’lum joyida to‘la Quyosh tutilishi kamdan-kam takrorlanadigan hodisa o‘rta hisobda 300 yilda bir marta kuzatilishi mumkin. Ushbu sanada ro‘y bergan Quyosh tutilishini farg‘onalik falakiyotchi olim Abdulloh bin Amajur Turkiy quyidagicha qayd etadi: “Men Quyosh tutilishini o‘g‘lim Abul Hasan va Muflih bilan birga kuzatdim. Quyosh o‘zi tutilgan yuzasining choragidan kamroq mikdorga ko‘tarildi va hatto, Quyosh yuzasining to‘rtdan bir qismi qoraymaguncha uning tutilishi sezilarli darajada ortmadi. Biz Quyoshni suvda, sof va maxsus usulda kuzatdik”.
1412 yil (bundan 613 yil oldin) – hijriy 815 yil jumadulavval oyining o‘ninchi kuni (milodiy 1412 yil 18 avgustda) Hirotning Bog‘i Zag‘on guzarida Mirzo Ulug‘bekning qizi Hasiba sulton Xonzoda begim dunyoga keldi. Temuriylar hukmdori Shohrux mirzo nevarasi sharafiga to‘y-tomoshalar uyushtirib, barchaga sochqilar ulashdi.
Shohrux saroyidagi tartibga muvofiq Ulug‘bek Mirzoning birinchi xotini malika O‘gi Begini oy-kuni yaqinlashgach, Samarqanddan Hirotga olib kelgan edilar. Shu sababli malika Samarqandda emas, Hirotda dunyoga kelgan. Tug‘ilgan qizga Habiba Sulton deb ism qo‘yadilar. Shuningdek, O‘gi Begi xon avlodiga mansub bo‘lgani tufayli qiziga “Xonzoda begim” unvonini beradilar. Habiba Sulton Hirotda Gavharshod begim murabbiyaligida tarbiyalanadi.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – monumentalist rassom, O‘zbekiston xalq rassomi Chingiz Ahmarov tavallud topdi (vafoti 1995 yil). U o‘z ijodida Sharq miniatyurasi an’analarini davom ettirib, milliy musavvirlik maktabini yaratdi. Chingiz Ahmarov o‘zbek tasviriy san’atining milliy o‘ziga xosligi borasida xalqning boy va go‘zal badiiy merosining ilg‘or an’analarini hozirgi zamon san’atiga ijodiy singdirishda faol xizmat qildi. Asarlarida ijodkorlik ruhi bilan yashayotgan zamondoshlarining go‘zal va yoqimtoy, tabiati murakkab va nafis qiyofalari tasvirlandi.
1924 yil (bundan 101 yil oldin) – Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan sharafli soqchilar kuzatuvidagi maxsus poyezd Usmon Mus'hafini Ufadan Toshkentga olib keldi. U bir qancha vaqt Toshkentdagi masjidlardan birida saqlandi, so‘ngra xavfsizlik maqsadlarini ko‘zlab O‘zbekiston xalqlari tarixi muzeyi (hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi)ga topshirildi. 1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan umumiy Musulmonlar to‘rtinchi qurultoyida O‘zbekiston hukumatining qarori bilan Usmon Mus'hafi musulmonlar ixtiyoriga qaytarib berilganligi e’lon qilindi.
Hozirda Toshkentda saqlanayotgan Usmon Mus'hafining Turkistonga kelib qolishi tarixi haqida turli taxminlar bor. Ko‘pchilik tadqiqotchilar uni Amir Temur Basradan Samarqandga olib kelgan, degan fikrni bildiradilar. Boshqa tarixchilar Amir Temur To‘xtamishni mag‘lubiyatga uchratib, Oltin O‘rdani egallaganidan keyin, o‘sha Qur’onni qo‘lga kiritib, Samarqandga keltirgan, degan xulosada. Tarixda yana boshqa farazlarga ham duch kelinadi.
Ushbu Qur’on 1868 yilda (ba’zi manbalarda 1869 yilda) Samarqanddan Sankt-Peterburgga olib ketiladi va avval Rossiya xalq maorifi vazirligiga, so‘ngra shahardagi Saltikov-Shchedrin kutubxonasiga beiladi. 1905 yilda Sankt-Peterburgda ushbu Mus'hafdan 50 dona nusxa olingan. Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng, musulmonlar qurultoyining iltimosiga ko‘ra, RSFSR hukumatining qarori bilan musulmonlarga qaytarib berilgan. Avval Ufada saqlanib, 1924 yilda Toshkentga keltirilgan.
1936 yil (bundan 89 yil oldin) – geolog olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To‘rabek Dolimov tavallud topdi (vafoti 2011 yil). U 1996–2004 yillarda O‘zbekiston Milliy universitetining rektori bo‘lgan. Unig ilmiy ishlari burmalangan o‘lkalardagi vulkan jinslarining petrologiyasi va Tyanshanning geodinamikasiga bag‘ishlangan. U 1998 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1980 yil (bundan 45 yil oldin) – Toshkent metropoliteni birinchi yo‘li (hozirgi “Olmazor” – “Buyuk Ipak yo‘li” bekatlari)ning 4,6 kilometrli 2-navbati (3 ta bekat) foydalanishga topshirildi.
2006 yil (bundan 19 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Futbol bo‘yicha trenerlar va sport hakamlari tayyorlash respublika maktabi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBЕRDIYEV,
tayyorladi, O‘zA