Muborak Ramazon oyi yaqinlashgan sari Alloh taoloning mo‘min-musulmon bandalariga rahmati, lutfu karami tobora ko‘payib boraveradi. «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti hamda Islom.uz portalida ham Ramazon tuhfalari mavsumi boshlanib ketdi. Qur’on oyi bo‘lmish mohi Ramazon arafasida yurtdoshlarimizga ikki go‘zal tuhfa armug‘on etildi.
Bugun «Hilol-nashr» matbaa-nashriyotida fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining sevimli shogirdi, «Islom ota» jome’ masjidining imom noibi Hasanxon Yahyo Abdulmajidning «Xatmi Qur’onga marhabo!» kitobi hamda «Qur’on tartili» saboqlarini siz aziz muxlislarga taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimot marosimiga yurtimizning din peshvolari, ulamolar, ahli Qur’onlar va boshqa ko‘plab aziz mehmonlar hozir bo‘lishdi. Nashriyotimizga O‘zbekiston musulmonlar idorasining raisi, muftiy Usmonxon Alimov ilk bor tashrif buyurdilar. Muftiy hazratlari poytaxtimiz bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo qori, «Islom ota» jome’ masjidi imom-xatibi Abdulhakim qori Matqulov hamda boshqa ko‘plab mehmonlar bilan birgalikda yangi qurilgan «Hilol-nashr» markaziy savdo do‘koni hamda bosmaxona majmuasi bilan tanishib, bu ilm-ma’rifat maskanlariga rivoju barakot tilab, duolar qilishdi.
Shundan so‘ng barcha mehmonlar majlislar zaliga ko‘tarilgach, taqdimot marosimi boshlandi. «Chimir ota» jome’ masjidi imom noibi Abdulbosit qori Abdullajonov mehmonlarni muborakbod etgach, tantanani ochiq deb e’lon qildi. An’anaga muvofiq, marosim Qur’oni Karim tilovati bilan boshlandi.
Dastlabki tabrik so‘zi O‘zbekiston musulmonlar idorasining raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga berildi. Muftiy hazratlari «Hilol-nashr» matbaa-nashriyotida olib borilayotgan xayrli ishlarga barakot tilab, bularning barchasi avvalo Alloh taoloning inoyati, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlikning samarasi hamda yurti uchun, xalqi, dini uchun qayg‘urayotgan yurtimiz rahbarining ezgu niyatli sa’y-harakatlari natijasi ekanini aytdilar, xayrli duolar qilib, jumladan, shunday dedilar:
BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIM
Robbimiz Alloh taologa beadad hamdu sanolarimiz bo‘lsin!
Rasulimiz Muhammad Mustafoga durudu salavotlarimiz bo‘lsin!
Assalomu alaykum, muhtaram azizlar, mo‘min-musulmon birodarlar! Bugun siz bilan biz hammamiz uchun qadrli va hurmatli bo‘lgan marhum ustoz, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh asos solgan, ayni damda ilm-ma’rifat ziyosini el-yurtga taratib kelayotgan muborak bir maskanda, Hilol nashr nashryot-matbaasida jamul-jam bo‘lib turibmiz. Bu yig‘ilishimiz avvalo ustozni xotirlash, ushbu shukuhli damlarda, Ramazoni sharifning xush ifori ufurib kelayotgan ajoyib soatlarda u kishini yo‘qlab duo qilish va qoldirgan boy ilmiy meroslarini targ‘ib qilish uchundir... Qolaversa, Qur’oni Karimga doir yangi bir asarning nashr etilgani tantanasi, e’loni uchun to‘planib turibmiz.
Muhtaram azizlar! Hozirda biz yurtimiz tinchligi, osudaligi va davlatimiz tarafidan xalqimiz, xususan, mo‘min-musulmonlar uchun yaratib berilayotagn sharoit va erkinliklar soyasida mana shunday go‘zal bir majlisda emin-erkin yig‘ilib o‘tiribmizki, bu ne’matlar uchun Alloh taologa har qancha shukr qilsak, oz.
Bugun yurtimizda juda ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilayotganini hammalaringiz ko‘rib, kuzatib, buning tirik guvohi bo‘lib turibsiz. Muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan mamlakatimiz taraqqiyotning yangi bir pog‘onasiga ko‘tarildi. Har jabahada ulkan o‘zgarishlar, o‘sishlar barq urmoqda. Xususan, din-diyonat sohasida ham juda ko‘p islohotlar amalga oshirilmoqda. Ulug‘ allomlarimizning hayotlarini o‘rganishga, meroslarini tiriltirishga qattiq ahamiyat berilib, juda ham katta-katta rejalar tuzilib, loyihalar ishlanib, ularni jadallik bilan bajarishga kirishilmoqda... Bularning barchasi siz bilan bizning baxtu saodatimizdir.
Yurtimiz Alloh nazar qilgan yurt. Shuning uchun bu muborak zamindan juda ulug‘ allomalar yetishib chiqqan. Ularning oxirgi vakillaridan biri ustoz Shayx hazratlari edilar. Alloh u kishini O‘z rahmatiga olsin, juda katta ilmiy tiklanishni boshlab berdilar va o‘zlaridan ulkan ma’naviy meros qoldirdilar. Asarlar yozdilar, shogirdlar tarbiyaladilar. Alhamdu lilloh, «oqqan ariq yana oqadi», deganlaridek, bugun ham ana o‘sha ulamoi kiromlarimizning merosxo‘r shogirdlari, ma’naviy avlodlari bo‘lgan yosh olimlarimiz, tadqiqotchi ulmolarimiz yurtimizdagi bu yuksak ruhiyat va imkoniyatlardan foydalanib el-yurtga ilm-ma’rifat ziyosini taratishda davom etmoqdalar, yangi-yangi marralarni zab etmoqdalar. Ushbu yig‘ilishimizning asosiy sababi ham ana shunday yutuqlardan birining shodiyonasidir. Ya’ni yosh tadqiqotchilarimizdan biri, muhtaram Hasanxon qorining «Xatmi Qur’onga marhabo!» nomli risolalarining taqdimoti munosabati bilan yig‘ilib turibmiz.
Bu kitob hajmi kichik bo‘lsa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra anchagina katta kitob, desak, xato bo‘lmaydi. Qori domla kitobni tayyorlab, bir nusxani olib, mening oldimga bordi va unga so‘zboshi yozib berishimni iltimos qildi. Men u kishining bu ilmiy harakatlaridan, rosti, juda ham xursand bo‘ldim. Yoshlarimizning mana shunday ilmga oshno bo‘lishlari bu bizning, xalqimizning baxtu saodati albatta. Kitobcha bilan tanishib chiqar ekanman, uning sermazmun va xalqchilligi e’tiborimni tortdi. Asarning mavzusi ham, uslubi ham o‘ziga xos.
Allohga shukrlar bo‘lsinki, hozirgacha yurtimizda Qur’oni Karimga doir bir qator kitoblar chop qilinib, xalqimiz qo‘liga yetib bordi. Ammo ushbu mavzu – xatmi Qur’on haqida haligacha biror maxsus asar yo‘q edi. Shu bois, men bu kitobni tezdan nashr qilib, xalqimiz, xususan, qorilarimizga taqdim qilish keraklgini ta’kidladim va kitobga taqdim yozib, muallifning haqlariga duo qilgan bo‘ldim.
Risola juda ham ravon, lo‘nda tili va xalqchilligi bilan ajralib turadi. Unda juda ko‘p qimmatli ma’lumotlar o‘rin olgan. Ayniqsa, xatmi Qur’on duosiga doir satrlar hech kimni befarq qoldirmasa kerak. O‘ylaymizki, bu kitob avvalo qorilarimiz uchun, qolaversa, barcha mo‘min-musulmonlar uchun ajoyib qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.
O‘tgan mustabid tuzum davrida diniy qadryatlarimiz toptalib, har qanday diniy amalga yovqarash hukm surgan edi. Oddiygina Ramazon oyidagi xatm uchun ham yuqori tashkilotlardan maxsus ruxsat olish kerak edi. Shunda ham uzundan-uzun maslahatlar bilan sanoqligina masjidga ruxsat tegardi.
Bu yerda ustoz qori akalarimiz o‘tirishbdi, ular yaxshi bilishadi, bir paytlar butun mamlakat bo‘yicha birgina «Hazrati Imom» masjidida xatm qilishga ruxsat berilgan paytlar ham bo‘lgan. Ana o‘shanda ustozlarimiz, qori buvalarimiz yurtimizning ozodligini so‘rab, Allohga yolvorib duolar qilishar edi. Xatmi Qur’onlarda qilingan ana o‘sha iltijolarning ijobat bo‘lganini bugun siz bilan biz – mustaqil O‘zbekiston musulmonlari o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, bahralanib turibmiz.
Bugun mamlakatimizda 2038 masjid faoliyat olib bormoqda. Diniy idoramizning ko‘magi va nazorati ostida ularning aksarida har yili Ramazon oyida qorilarimiz Allohning so‘ngi kalomi Qur’oni Karimni xatm qilmoqdalar, xalqimiz bu ilohiy armug‘ondan bahramand bo‘lmoqda. Bundan bag‘oyat mamnun bo‘lgan mo‘min-musulmonlar xatmi Qur’on asnosida chin dildan, ko‘zlarida yosh bilan el-yurt va rahbaru fuqarolar haqqiga ezgu duolar qilib, yurtimizning ravnaqini so‘rab Alloh taologa iltijolar qilmoqdalar. Bugungi yutuqlarimiz zamirida mana shu oliy tilaklarning ham hissasi beqiyos, albatta.
Hozirda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom institutining «Tahfizul-Qur’on» bo‘limida qorilar yetishib chiqmoqda va yurtimizdagi masjidlarda tashkil qilinayotgan xatmi Qur’onlarda faol ishtirok etmoqdalar. Bunday qorilarni yetishtiradigan dargohlarga yana ehtiyojimiz bor, inshoolloh, bu borada ham yaxshi niyatlarimiz, rejalarimiz bor. Jumladan, Prezidentimiz rahbarligida Buxordagi «Mir Arab» madrasasini «Oliy madrasa» qilish loyihasi ishlanyapti. Unda ham Ma’haddagi kabi «Tahfizul Qur’on» kafedrasi bo‘lishi rejalashtirilyapti. Bu ham yana bir Qur’on dargohi bo‘ladi. Alloh nasib qilsa, yana ko‘plab xayrli ishlar amalga oshadi.
Qur’oni Karim Alloh taoloning mo‘jiz kalomidir, eng ulug‘ kalomdir. Alloh bilan banda orasida qancha farq bo‘lsa, Allohning kalomi bilan bandaning so‘zi o‘rtasida ham o‘shancha farq bordir. Qur’onning har bir so‘zi, har bir harfiga ulkan savoblar va’da qilingan. Uning har bir oyati ruhu tanga shifodir. Uni o‘qish va uqish har bir musulmonga farzi ayndir. Alloh taolo Naml surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shunday deyishni buyuradi:
«Men musulmonlardan bo‘lishga amr etildim va Qur’onni tilovat qilishga ham» (91–92-oyatlar).
Ushbu amri ilohiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga va u zot orqali butun ummatga qaratilgandir. Shu bois, ul zot o‘zlariga Qur’on nozil bo‘lishi bilan birga, hamisha Qur’on o‘qir va uni xatm qilib turar edilar. Har Ramazon oyida vahiy farishtasi Jabroil alayhissalom bilan Qur’onni xatm qilganlari sahih rivoyatlarda bor. Shuning uchun Ramazon oyi Qur’on oyi deb atalgan va bu oyda Qur’onni xatm qilish Islom ummati uchun sunnat bo‘lib qolgan. Sahobai kiromlar, salafi solihlar va ulug‘ ajdodlarimiz ham hamisha Qur’on o‘qib, uni xatm qilib turganlar, xususan, muborak Ramazon oyini Qur’on oyi o‘laroq o‘tkazishga alohida e’tibor berganlar. Imom Molik, Sufyon Savriy va imom Buxoriy kabi allomalarimizning Ramazon oyi kirishi bilan boshqa ilmiy davralarni to‘xtatib, hammasining o‘rniga Qur’on xatm qilishga o‘tishlari ham barchamiz uchun ibrat bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda yurtimizdagi xatmi Qur’onlar ko‘p jihatdan namunali va go‘zal tarzda o‘tkazilmoqda. Qorilarimiz ham juda yaxshi, tajvidlari ham, hifzlari ham, tarannumlari ham nihoyatda go‘zal. Ko‘p yurtlarda qorilar yoddan xatmga o‘ta olmaydi, Qur’onga qarab o‘qib berishadi. Ammo bizning qorilarimiz, alhamdu lilloh, bu ma’noda juda ham dadil. Xatmdagi tashkilotchilik ishlari ham bizda ancha yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo endilikda bu xususda ham yuqori ilmiy saviyaga ko‘tarilishimiz, xatmi Qur’onlarni yanada mukammal, yanada manfaatli shaklda o‘tkazishimiz lozim. Xususan, qorilarimiz bu ma’noda o‘z ustilarida yana ham ko‘proq ishlashlari, Qur’oni Karimning tajvidini, uning ma’nolarini, axloqu odobini ham puxta egallashga harakat qilishlari lozim. Xatmi Qur’onda ishtirok etayotgan kishilarimiz ham Qur’onga nisbatan odob bilan, ixlos bilan munosabatda bo‘lishda yana yangi pog‘onalarga ko‘tarilishlari kerak. Ushbu «Xatmi Qur’onga marhabo!» kitobi aynan mana shu maqsadlarga qaratilgan. Uni har bir qori, xatmga qatnashmoqchi bo‘lgan har bir namozxon, qo‘yinki, har bir musulmon o‘qib, uqib, hayotiga tatbiq etishi lozimdir.
Kitobda xatmi Qur’on qilishning tarixidan boshlab, bugungi kunda Ramazondagi xatmi Qur’onlarni qanday o‘tkazish lozimligigacha so‘z borgan. Unda muallif qorilarga alohida tavsiyalar, jamoatga alohida tavsiyalar va tashkilotchilarga yana alohida maslahatlar taqdim qilgan. Shu bilan birga, yaqin o‘tmishimiz, o‘tgan asrdagi Qur’on ustozlariga haqida ham juda qimmatli ma’lumotlar kiritilgan. Xususan, kitob oxiridagi xatmi Qur’on duosini mavzularga bo‘lib berilishi juda ham yaxshi ish bo‘lgan. Bunday qilishdan maqsad ‒ duogo‘y kishi jamoatning imkoniyatiga qarab har mavzuda keragicha duolarni tanlab o‘qisin. Ba’zi joylarda ayrim kishilar qayerdandir o‘qib yo eshitib olgan uzundan-uzun duolarni yodlab oladi-da, keyin hech qayoqqa qaramay o‘sha duoni to‘liq o‘qiyveradi, vaziyatga qarab tanlay olmaydi. Bu ko‘pchilikka malol keladi, bizga keyin odamlar shikoyat qilishadi. Duolarni mana bu kitobdagi kabi tartibga solinishi esa ana shunday noqulayliklarning oldini olishga xizmat qiladi...
Kitobning mavzulari va tafsilotlari bilan men ko‘p to‘xtalmayman, chunki bu haqda boshqa domlalarimiz ham o‘z so‘zlarini aytsalar kerak. Shu bois, shu yerda so‘zimga yakun yasab, muallif Hasanxon qorining ijodlariga baraka tilab qolaman. Alloh bundan keyin ham yaxshi asarlarni yaratib, el-yurtga ulkan xizmatlar qilishlarini muvaffaq aylasin! Mana shunday qur’oniy ziyofatlarimiz ko‘payib boraversin!
Shu fursatdan foydalanib, ustozning ishlarini davom ettirib turgan Ismoiljon domla boshliq ushbu «Hilol nashr» nashryoti jamoasi, Hazratning shogirdlari, yurtimizdagi barcha qorilarimiz va bizning so‘zlarimizni eshitib turgan barcha mo‘min-musulmonlarni kirib kelayotgan Ramazon oyi bilan muborakbod etaman va kelgusi ishlaringizda Alloh taolodan muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
Alloh taolo o‘tgan qori buvalarimiz, Qur’oni Karimni bizgacha yetib kelishida xizmat qilgan barcha ustozlarni O‘z rahmatiga olsin. Mana bu yerda bir qancha yoshi ulug‘ qori ustozlar o‘tirishibdi, Alloh bularni uzoq yillar salomat qilsin. Yosh qorilarimiz, tolibi ilmlarimizga ilmi Rabboniy, ilmi laduniylardan berib, Qur’oni Karimga, el-yurtga yaxshi xizmatlar qilishlarini nasib aylasin. Hozirda Qur’on xizmatida turgan qori ustozlarni Alloh salomat qilsin. Ularning barakasidan yurtimiz yanada osuda bo‘lib, xalqimizning ichu tashi ilohiy kalom nuri bilan munavvar bo‘lib boraversin!
Vassalomu alayku va rahmatullohi va barakotuh!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy Usmonxon Alimov
Shundan so‘ng mehmonlarga tashakkur aytish hamda Hasanxon Yahyoni muborakbod etish uchun so‘z Ismoiljon Muhammad Yusufga berildi. Ismoiljon hoji hamdu sanodan so‘ng taqdimot marosimi mehmonlarini bugungi shodiyona bilan muborakbod etib, shunday dedi:
Bismillahir rohmanir rohiym!
Muqaddas Kalomining nuzulini «Yaratgan Robbingning ismi ila o‘qi» degan oyati karimadan boshlab, bandalarini Qur’on o‘qishga, ilm-ma’rifat o‘rganishga buyurgan Robbimiz Alloh tabaroka va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
«Yaxshilaringiz – Qur’onni o‘rgangan va uni o‘rgatganlaringizdir» deb marhamat qilgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!
Assalomu alaykum muhtaram muftiy hazratlari!
Assalomu alaykum muhtaram ustozlar, aziz mehmonlar, ahli Qur’onlar!
Bugungi taqdimotimizga qadam ranjida qilib, tashrif buyurgan barcha azizlar, assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh!
Xush kelibsiz! Quvonchimizga sherik bo‘lib, bugungi taqdimotga hozir bo‘lganingiz uchun Alloh qadamlaringizga hasanotlar yozsin!
Ustozimiz, padari buzrukvorimiz shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahulloh hazratlari boshlab ketgan bir ajoyib, go‘zal an’ana bor. U zot har yili boshimizga soyabon bo‘lib kirib kelayotgan mohi Ramazonni munosabati bilan xalqimizga bir qancha tuhfalar taqdim etar edilar. «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti hamda Islom.uz portali ham bu an’anani davom ettirishga baholiqudrat harakat qilmoqda.
Alhamdulillah, bugun ana shu harakatlarning samarasini siz azizlarga, xalqimizga taqdim etish nasib qilib turibdi. Bugun shayx hazratlarining sevimli shogirdlaridan biri – Hasanxon Yahyo Abdulmajid siz azizlarga ikki go‘zal tuhfani hadya etyaptilar. Bu tuhfalarning har biri yurtimizda Qur’onga xizmat borasidagi ulkan voqeadir. Ularning biri – «Xatmi Qur’onga marhabo» deb nomlangan kitob bo‘lsa, yana biri «Qur’on tartili» saboqlaridir.
Ramazon – Qur’on oyi. Bu oyda Qur’onga muhabbatimiz, muloqotimiz har doimgidan ko‘ra kuchliroq, kengroq va shavqliroq bo‘ladi. Bu oyda barcha masjidlarimizda taroveh namozlarida xatmi Qur’onlar bo‘ladi. Bugun e’tiboringizga taqdim qilinayogan ushbu mo‘jaz kitobcha barchamizni – ahli Qur’onlarni ham, qorilarimizni ham, some’larimizni ham ushbu Qur’on bayramiga tayyorlovchi ajoyib qo‘llanma bo‘ladi, inshaalloh. Ushbu kitobchadan xatmi Qur’onning tarixi, ahkomlari, odoblari, duolari kabi nihoyatda kerakli, dunyoyu oxiratimiz uchun manfaatli ma’lumotlarni o‘qib-o‘rganamiz. Bu kitobchani o‘qib, bilimlarimizni yangilab, ko‘paytirib olsak, xatmi Qur’on ibodatlarimiz yanada komil, yanada zavqli, yanada xolis va shukuhli bo‘ladi.
Qori domlamizning ikkinchi tuhfalari ham o‘ziga xos Ramazon tuhfasi bo‘lib, nafaqat xatmi Qur’on uchun, balki umuman Qur’oni Karim tilovati uchun poydevor, tamal toshi vazifasini o‘taydi. Qur’on tartili saboqlaridan ko‘zlangan maqsad – uni tajvid bilan o‘qishdir, ya’ni Alloh taolo uni qanday nozil qilgan bo‘lsa, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qanday o‘qigan bo‘lsalar, shunday o‘qishni o‘rganishdir. Muallif yuqorida zikr qilingan nabaviy hadisga to‘liq rioya qilgan holda, Qur’onni o‘rganib, endi uni o‘rgatishni niyat qilibdilar, Alloh taolo ajru mukofotlarini ziyoda qilib ato etsin, dinimizga, Qur’onga qilayotgan xizmatlarini bardavom va barakotli qilsin, qorilarga va’da qilgan mukofotlarini ato etsin, tarbiya bergan, o‘qib-o‘rgatgan ota-onalariga, barcha ustozlariga izzat tojini kiydirsin.
Azizlar, bugungi taqdimot yakunida yana bir quvonchli xabarni yetkazmoqchimiz. Barchangizga ma’lumki, Alloh taolo ustozimiz shayx hazratlariga o‘zlarining shoh asarlari bo‘lmish «Tafsir Hilol»ning hamda «Hadis va Hayot» turkumining katta qismini harami sharifda – Madinai Munavvarada, Makkai Mukarramada yozishni taqdir qilgan edi. Bu muborak maskanlarning fayzi, barakotining samarasidan padari buzrukvorimizning bu va boshqa barcha yozgan asarlari xalqimizning qalbidan chuqur o‘rin oldi, sevib o‘qildi va o‘qib kelinmoqda. Endilikda Alloh taolo O‘zining inoyati bilan ushbu asarlarning barchasiga haramayni sharifayn – ikki harami sharifdagi kutubxonalar o‘rin olishni nasib qilib turibdi. Haramayn maktabasi bilan kelishuvga muvofiq, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining barcha asarlari Madinai Munavvarada, Makkai Mukarrama kutubxonalariga qo‘yiladigan bo‘ldi. Bundan buyon dunyoning turli chekkalaridan haj va umra safari niyatida ikki haramga borgan hojilarimiz ustozimizning kitoblarini o‘z ona tillarida o‘qib, ulardagi ilm-ma’rifatdan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ldi. Kuni kecha kitob karvonining birinchi qismi «O‘zbekiston pochtasi» orqali Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Parvardigorimizning bu aziz bandasiga, buyuk allomalar yurti bo‘lmish jannatmakon vatanimizga ko‘rsatgan ikromlari barchamizga muborak bo‘lsin! Padari buzrukvorimizning xulusi niyat bilan, ko‘z nurini to‘kib, riyozat chekib yozgan kitoblari dinimizning markazi bo‘lgan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ravzai saodatlari joylashgan, Ka’bai Muazzama joylashgan muqaddas maskanga munosib ko‘rilgan ekan, bu ulug‘ sharaf u zoti muhtaramga muborak bo‘lsin, Alloh taolo O‘z mag‘firatiga olsin, olimu boamallarga va’da qilgan ne’matlariga burkasin!
Bu quvonchimizga sherik bo‘lish uchun qimmatli vaqtlarini ayamay, bugungi taqdimotimizga hozir bo‘lgan, ustozimizga hayotliklarida ham, vafotlaridan keyin ham sadoqat izhor qilgan siz azizlarga o‘z nomimdan, oilamiz nomidan, «Hilol-nashr» matbaa-nashriyoti hamda Islom.uz portali xodimlarining nomidan samimiy minnatdorchilik bildiraman.
Alloh taolo xayrli ishlarimizni bardavom aylasin, mehr-oqibatimizni mustahkam qilsin, yurtimizni tinch, xalqimizni farovon qilsin!
Shundan so‘ng «Xatmi Qur’onga marhabo» kitobini Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Xayrullo qori taqdim qilib, ushbu kitobning qisqacha mazmuni, tarkibi, fazilatlari hamda boshqa go‘zal jihatlari haqida to‘lqinlanib so‘zladi.
«Qur’on tartili» saboqlarini taqdimot qilish uchun so‘zga chiqqan Bahodir qori avvalo Qur’oni Karimning dinimizda, mo‘min-musulmonlarning hayotida tutgan o‘rni, Qur’on o‘rganish va o‘rgatishning asrlardan buyon uzilmas silsila bo‘lib, davom etib kelayotganini aytib, bugun taqdim etilayotgan saboqlar ushbu munavvar zanjirning munosib halqasi bo‘lganini quvonchi bilan ta’kidladi.
Taqdimot so‘ngida muallif Hasanxon Yahyo so‘zga chiqib, taqdim etilayotgan ushbu armug‘onlar avvalo ulug‘ ustozlarimiz boshlagan ishlarning davom ekani, dinimizga, Qur’onga xizmat yo‘lidagi kamtarona hissa ekanini aytib o‘tdi. Shuningdek, taqdim etilayotgan «Xatmi Qur’onga marhabo» kitobining yozilish tarixi, uning ustida ishlash jarayoni, unda muhokama qilingan mavzular to‘g‘risida qisqa aytib o‘tib, «Qur’on tartili» saboqlarini tayyorlash jarayoni, bu saboqlarning o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, bu saboqlardagi qoidalar diyorimizda keng ommalashgan Usmon Mus'hafiga asoslangani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
«Islom ota» jome’ masjidi imom-xatibi Abdulhakim qori Matqulov muallifni hamda «Hilol-nashr» nashriyot-matbaasi jamoasini xalqimizga taqdim etilayotgan ushbu kitob va saboqlar turkumi bilan muborakbod etib, bugungi xayrli ishlarning barchasi Vatanimiz tarixidagi eng og‘ir kunlarda ham dinimizni, Qur’onni qo‘lda cho‘g‘ ushlagandek avaylab saqlagan, muhofaza qilib, omonat ila biz baxtiyor avlodlarga yetkazish sharafiga muyassar bo‘lgan ulug‘ ustozlarimiz, ahli Qur’onlarimizning, xususan, barchamizning ustozimiz fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining fidokorona xizmatlari samarasi ekanini aytib o‘tdilar.
Taqdimot yakunida muallif barcha mehmonlarga esdalik hadyalarini topshirdi, muxlislarning iltimosiga binoan yangi kitobga dastxatlar yozib berdi.
Taqdimot marosimi dinimizga va muqaddas Qur’onimizga xizmat yo‘lida, Ramazon arafasida qilingan ushbu go‘zal armug‘on munosabati bilan tayyorlanga xatmi Qur’on bilan yakunlandi.
Taqdimot marosimi haqidagi videolavhani tez kunda portalimizdan tomosha qilishingiz mumkin.
Manba: (Quran.uz) http://telegra.ph/%D2%B2ilol-nashrdan-Ramazon-tu%D2%B3falari-05-09-2
Abu Xurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Toki mol-mulkiningiz ko‘paymaguncha Qiyomat bo‘lmaydi” (Imom Buxoriy).
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Shunday vaqt keladiki, inson sadaqani oltin bilan bermoqchi bo‘ladi, lekin uni oluvchini topa olmaydi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo musulmonlarga dunyo ne’matlarini ochib beradi va Islom hukmronligi ham G‘arbni, ham Sharqni qamrab oladi”, dedilar.
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan: “Alloh men uchun yerni jamladi va men mashriq va g‘arbni ko‘rdim. Ummatimning mollari menga ko‘rsatilgan joylarga yetib boradi” (Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga yer ne’matlarining kalitlari berildi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bu so‘zlarning haqiqatini sahobai ikromlar o‘z zamonlaridayoq ko‘rganlar. Umar roziyallohu anhu zamonlarida ko‘plab fathlar bo‘lib, fors va yunonlarning mol-mulki Madinaga oqib kelgan. Umar ibn Abdulaziz[1] rahimahulloh zamonlarida esa odamlar zakotga loyiq odamlarni topishda qiynalar edi.
Ayrim ulamolar Mahdiy va Iso alayhissalom zamonlarida mol-mulk va pul ko‘p bo‘ladi hamda yer yuzi xazinasini ochadi, degan fikrni ham aytishgan (Ibn Hajar Askaloniy “Fath al-Boriy”).
Boshqa ulamolar esa mol-mulkning ko‘payishini Qiyomat kelganda odamlar o‘z mol-mulkiga e’tibor bermay qo‘yadigan darajada qo‘rqishlari nazarda tutilgan, degan fikrni bildirishgan. Hamma qo‘rqib ketib, har kim o‘z mulkidan xalos bo‘lishga harakat qiladi, lekin uni oladiganni topolmaydi.
Bu aynan qachon sodir bo‘lishiga kelsak, bu borada aniq ko‘rsatma yo‘q, ammo bu tarixning bir nuqtasida sodir bo‘ladi.
Demak, biz bu borada Umar ibn Abdulaziz rahimahulloh zamonlarida sodir bo‘lgani qabul qilinsa, ba’zi ulamolarning fikriga ko‘ra esa bu hol hech bo‘lmaganda yana bir marta – Imom Mahdiy davrida yuzaga chiqadi.
Manbalar asosida
Bahriddin XUSHBOQOV
tarjimasi.
[1] Umar ibn Abdul Aziz ibn Marvon (61-101 x/681-720) – Umaviylar sulolasidan sakkizinchi xalifa (717-720). Umar ibn Xattobning nevaralari. Ko‘pincha Umar ibn Abdul Aziz o‘zining solihligi va adolati uchun “Beshinchi xalifa” deb ataladi. Uning diniy hayotga taalluqli eng muhim qarorlaridan biri hadislarni to‘plash va yozishni buyurgani edi.