Sayt test holatida ishlamoqda!
05 May, 2025   |   7 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:45
Quyosh
05:15
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:28
Xufton
20:52
Bismillah
05 May, 2025, 7 Zulqa`da, 1446

Odamlar bo‘ladiki, xalq qalbida tirikdir

06.05.2017   6768   4 min.
Odamlar bo‘ladiki, xalq qalbida tirikdir

Mustaqil Respublikamiz O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov  nomini faxru iftixor, sog‘inchu ehtirom bilan tilga olamiz. U aziz insonning samimiy tabassum, atrofidagilarga birday mehru e’tibor yog‘ilib turadigan chehrasi... xalqiga qaynoq muhabbatining nafasi ufurib turadigan suhbat, muloqotlari... jamiyatimiz hayoti va  mamlakatimiz qiyofasining bilimdon muhandisi sifatida ilm va tajribalar bilan asoslab  tuzilgan tarixiy rejalari bayon etilgan ma’ruzalari... jahonning obro‘li minbarlaridan dunyo xalqlarining tinchligu osoyishtaligi himoyachisi, jonkuyari sifatida so‘zlagan nutqlari  millionlab qalblarda, ona yurtimiz hamda bashariyat tarixi sahifalarida o‘chmas bo‘lib qoldi. Avvalo chin insoniylik fazilatlarini alohida e’tirof etging keladi, arboblik, aniq va ijtimoiy fanlar bo‘yicha bilimdonlik, hayotsevarlik, mardlik, jo‘mardlik, yaxshi niyatlarni dilga tugib Allohga tavakkul bilan mehnat va izlanuvchanlikda barchaga o‘rnak bo‘lish...  milliy qadriyatlar, an’analarga hurmatu sadoqat... o‘zidan kattalarga farzand kabi hurmat va kichiklarga ota misoli izzat-g‘amxo‘rlik ko‘rsatishlari... – Islom Karimov shunday olijanob hislatlari bilan jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining tamal toshini qo‘ydi. Keksalar chorak asrda xalqimizning yuz yillik orzulari ro‘yobga chiqqanini hayajonlanib, to‘lqinlanib so‘zlaydilar. O‘tgan asrning oxirgi o‘n yilliklariga kelib ich-ichidan aftodahol bo‘lib qolgan sobiq davrning korchalonlari yemirilib bo‘lgan tuzumni saqlab qolish uchun turli nayrang, respublikamiz xalqiga tuhmat va kamsitishni avj oldirgan o‘ta murakkab paytda – 1991 yilning 1 sentyabr kuni sobiq ittifoqdosh respubliklar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonni mustqil davlat deb e’lon qilgan Islom Karimov qalbida jasorat, o‘ziga va xalqiga ishonch qanchalar yuksak ekanini chorak asrlik faoliyati isbotlab, asoslab ketdi.

Mamlakatimizning markaziy va chekka xududlarida birdek amalga oshirilgan obodonlashtirish; tibbiyot, madaniy-maishiy, xalq ta’limi sohasidagi islohotlarning ijobiy samaralari; shaharu qishloqlarni, viloyatlarni bir-biriga bog‘laydigan keng zamonaviy trassalar hamda ko‘priklar; har tomonlama sog‘lom ona va bola – barkamol avlodni voyaga yetkazish uchun amalga oshirilgan izchil tabdirlarning natijasi – onalar va bolalar o‘limining kamayishi; respublikamizning dunyo avtomobilsiz davlatlari qatoridan o‘rin olishi; yerning haqiqiy egasi – dehqonga topshirilishi tufayli bozorlarimizdagi mo‘l-ko‘lligu arzonchilik, dasturxonlarimiz to‘kinligi; xalqaro sport musobaqalarida shohsupaning yuqorisidan o‘rin olgan o‘g‘il-qizlarimizni va ular timsolida O‘zbekistonni sharaflab madhiyamiz yangrashi; Ibn Sino, Beruniy, Farg‘oniy, Mirzo Ulug‘bek kabi dunyo ilm-fani osmonining yulduzlari avlodi – bizning o‘smir, yoshlar farzandlarimizning xalqaro olimpiadalar, tanlovlarda mutloq g‘olib bo‘lishlari... – eh-he, jonajon Vatanimiz hayotining barcha sohalarida erishilgan yutuqlar sanog‘ining adog‘i yo‘q. Zero, Birinchi Prezidentimiz bu ishlarning barchasini aqlu tafakkur torozusida sarhisob qilib taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni yaratdilar, hayotga tatbiq etdilar.

Xalqimizda uzoq va ibratli umr kechirib, el-yurt hurmat-e’zozini qozongan insonlarni so‘nggi yo‘lga kuzatishni “O‘sha aziz odamning to‘yi” deb atash rasmi ham bor. Tafakkur qilsak, eng ulug‘ ne’mat – umrni o‘z xalqining tinchlik-osoyishtaligi, farovonligi, ma’naviy yuksalishi, Vatan ozodligiyu yubodligi yo‘lida behisob ezgu ishlarga sarflab, Parvardigori olam xuzuriga xalqning muhabbati, ehtiromi, duolariga ko‘milib yo‘l olish chin baxt emasmi? Ha, Islom Karimovning oxiratlari ham obod bo‘lishini ko‘zlariyu yuzlarida iztirob, so‘zlarida tuganmas mehr bilan tilagan millionlab kishilarning duo va fotihalari ijobat bo‘lishini Yaratgandan so‘raymiz. 

Islom Karimov hayoti va faoliyati elim, yurtim deb yonib yashashni niyat qilgan har bir inson uchun ibratdir, inshoalloh. Shuning uchun ham Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvarda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi Qarori, unda har yili 30 yanvar kunini Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tug‘ilgan kun sifatida keng nishonlash, 2 sentyabr kunini Xotira kuni sifatida yod etish belgilab qo‘yilgani xalqimizning dilidagi gap bo‘ldi. 

Yaxshilar yodi tarixda, avlodlar xotirasida iftixor bo‘lib qolaveradi, ular boshlagan xayrli yangi qutlug‘ rejalarga pillapoya bo‘ladi. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek, “Barchamiz uchun aziz va qadrli bo‘lgan Islom Abdug‘aniyevich Kirimov bugun oramizda yo‘q. Biroq Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni amalga oshirish va zamonaviy davlat barpo etish  borasidagi strategik tamoyillarga biz o‘z ishimizda doimo suyanamiz”. 

Muhtarama ULUG‘OVA

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Bir chumoli dedi

02.05.2025   5048   3 min.
Bir chumoli dedi

Naml surasida: «To ular chumolilar vodiysiga yetganlarida, bir chumoli: “Ey chumolilar! Uyalaringizga kiringiz...” dedi»,  deyiladi.

Sulaymon alayhissalom qo‘shini bilan kelayotganida, bir chumoli jamoasiga kutilmagan xatar yaqinlashayotganini his qildi va qolganlarni ogohlikka chaqirib, biz tarafga xatar yaqinlashib kelyapti, joningizni qutqaring: «...Yana Sulaymon va uning lashkarlari o‘zlari sezmagan hollarida sizlarni bosib-yanchib ketmasinlar, degan edi» (Naml surasi, 18-oyat).

Chumolining qilgan ishi qanchalar ajabtovur-a?! U xatarni payqashi bilanoq o‘zini qutqarish uchun emas, jamoasini qutqarish uchun shoshildi.

Qavmining qayg‘usini o‘z zimmasiga oldi, xatar kelmasidan uni his qila bildi va chumolilar to‘dasini “xavf bostirib kelyapti, shoshilinglar, joningizni xatardan qutqarib qoling”, deya ogohlantirdi.

Bir nazar solaylik-da, oyati karimada kelgan “chumoli” so‘zi arab tili qoidalariga ko‘ra tadqiq qilinsa, u nakra (noaniq) shaklda turibdi. Ahamiyatli jihati shundaki, “chumoli” so‘zi Qur’oni karimda noaniq shaklda keltirildi, demakki o‘sha chumoli to‘daning oddiy bir a’zosi, lekin shunday bo‘lishiga qaramay o‘zini past sanamadi. Biz esa, falonchi nima qildi, pismadonchi-chi, deb surishtirish bilan ovoramiz.

Keling, endi masalaning boshqa tomoniga e’tiborimizni qarataylik. Chumoli: “Ey chumolilar, hozir Sulaymon sizlarni qirib yuboradi. Sizlar bir kuchsiz jamoasiz, ular sizga e’tibor ham bermaydi”, dedimi?! U to‘dasidagilar bilan vaziyatni tahlil qildimi?! Chumoliga boqing. Aksincha, Sulaymon va uning qo‘shinini aybsiz deya, ular sezmayaptilar, deb ularni oqladi.

Chumolilar ham ogohlantiruvchiga qarab: “Yo‘q, sen bizning ustimizdan boshliq bo‘lmoqchisan. Senga faqat martaba, mansab kerak”, deyishdimi?! Aslo yo‘q! Aksincha, uning gapini olib, inlariga kirib ketishdi va jajji chumolining da’vatiga ergashganlari holda najotga yetib, jonlari omon qoldi.

O‘zi uchun uya qurish jarayonida sabr qilish ham chumolilarning xususiyatlaridandir. Ular qurayotgan uyalari bir necha marotaba qulab tushishiga qaramasdan, uni qayta-qayta tiklayveradilar va oxir-oqibat bir butun uya holiga keltiradilar.

Hikoyat. Rivoyat qilinishicha, Amir Temur janglarning birida mag‘lubiyatga uchraydi va o‘sha yerga yaqin bir g‘orga kirib, mag‘lubiyati haqida o‘ylaydi. U chuqur tafakkur qilarkan, ko‘zi bir chumoliga tushadi. Chumoli g‘or devoriga ko‘tarilmoqchi bo‘lib, tushib ketadi. Ikkinchi urinishda ham devordan sirpanib tushadi. Uchinchi safar ham... Amir Temur bu mitti jonivorni diqqat bilan kuzata boshlaydi, undan ko‘zini uzmaydi. Axiyri, o‘n yettinchi urinishda chumoli devorga chiqishga muvaffaq bo‘ladi. Shunda Amir Temur: “Yo qudratingdan! Shu kichik maxluq sal kam yigirma marta urindi. Men nima uchun mag‘lubiyatimdan zaiflashyapman?!” – deya o‘zini koyiydi.

Buyuk qo‘mondon g‘ordan chiqib tor-mor bo‘lgan qo‘shinini yana jangga tayyorlaydi va bitta bo‘lsa-da, tirik odami qolgunicha taslim bo‘lmaslikka astoydil qaror qiladi. Uning ko‘z o‘ngida esa mitti chumolining shijoati aks etadi.

Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, chumoli hasharotlar orasida eng qat’iyatli, o‘zaro hamkor va hamjixat ekan.

Chumolining yana bir sifati ularning o‘zaro hamkorlik va hamjihatligidir. Ularning bari bir bo‘lib, bitta chiziq tortgan holda doimiy harakatda bo‘lar ekanlar.

Shu mitti chumolining harakatlari bizlarga qaysidir ma’noda o‘rnak bo‘lishi mumkinmi?!


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.