Xalqimiz orasida milliy qadriyatlarimiz ila yo‘g‘rilgan juda ko‘p udumlarimiz bor. Bu odatlar ota-bobolarimiz zamonasidan beri rioya qilinib kelingani bois, odatlar asosini din tashkil qiladi degan tushunchada bo‘lishgan.
Ma’lumki nikoh ikki yoshning oila deb atalmish jamiyatning bir bo‘lagini yaratilishidir. Nikoh marosimi bilan bog‘liq turli odatlar borki, shular borasida fikr yuritmoqchimiz.
Nikohning ilk kechasi yangalar tomonidan turli irimlar qilinadi. Bu odatlardan oyna, kosada shirin suv va Qur’on kitob olib kiriladi. Kelin-kuyov oynaga qarab o‘z niyatlarini bayon qilishlari kerak. Bu kabi odatlarning hech biri shariatda ko‘rsatilmagan. Ammo bu oldingi vaqtlar joriy qilingan odat bo‘lib, kelin-kuyovlar ilk bor bir-birlarini chimildiqda ko‘rishganlari uchun oyna orqali bir-birlari bilan tanishishgan. Hozirgi vaqtda esa bunday udumga hojat yo‘q, chunki nikohdan oldin kelin-kuyov bir-birlarini tanib ulgurishadi. Shirin suvdan ichib yaxshi niyatlar qilinadi. Bularning hammasi chaqqon yangalar orqali amalga oshiriladi.
Hammasidan ham o‘tib tushadigani kuyov tomondan bir ayol, kelin tomondan bir ayol bo‘lib, kelin-kuyovlarning krovatida yotib berishadi. Keyin “tug‘di” marosimi qilinadi. Yangalar yostiqni o‘rab, unga alla aytishni boshlashadi. Alla aytganga esa atrofdagilar pul berishadi. Shundan keyin “patnis chalish” irimi boshlanadi. To kelin tomonidan biror narsa undirishmaguncha patnisning ovozi tinmaydi.
Aslida Allohning kalomidan o‘qib, kelin-kuyov uchun chiroyli duolar qilinishi zarur.
Boshqa hududlarda kuyov kelinni xonadonga olib kirishidan avval alanga atrofida aylantirish odati bor. Bu amal ham bid’at amallardan bo‘lib, odatda jinlardan asrash yoki bir-biriga isitish maqsadida o‘tkaziladi.
Kelin-kuyovni baland qilib to‘shalgan o‘ringa yotqizib, ustiga ko‘rpa solib qo‘yishadi. O‘rin atrofida ayollar esa tong otar turli voqealarni aytib, go‘yoki kelin-kuyovlarga hayotdan saboq berishadi.
Nikoh deb atalmish baxt qasrining ilk kechasida turli odatlari-u, irim-sirimlar emas, balki Yaratgandan go‘zal niyatlar ila shukrona namozlarini o‘qish, duolar qilish darkor. Namoz o‘qib, duolar qilish bir oz qo‘rquvda va hayajonda turgan ikki yoshni tinchlantiradi.
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
“Qachon biringiz biror ayolga uylansa, qo‘shilish kechasida ikki rakaat namoz o‘qisin, un(kelin)ga ham ortida ikki rakaat namoz o‘qishini aytsin. Albatta, Alloh uyda yaxshilikni (paydo) qiluvchidir” (Bazzor rivoyat qilgan).
Shuning uchun ham yoshlarga kuyov jo‘ra, kelinga yanga tanlashda diniy ilmga, tibbiy madaniyatga ega insonlar tanlanadi. Bu insonlarning yangi hayot qurayotgan yoshlarga beradigan maslahatlari nafaqat nikohning ilk kechasi, balki hayot davomida duch keladigan muammolarda birgalashib yechim topish, er va ayollik vazifalari, bir-birlarini tushunish, ishonch, qaynbo‘yinlar bilan munosabatlarda o‘z samarasini beradi. Kelin yanga va kuyov jo‘raning vazifalari o‘ta mas’uliyatli bo‘lib, ularni ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘llari kelin-kuyovlarning yangi hayotga ko‘nikishlarida yordam beradi.
O‘zaro ishonch, mehr-muhabbat, bir-birini quvvatlash esa hayrli duolar ila yuzaga keladi. Jamiyatimizdagi qurilayotgan har bir yangi oila mukammal baxtga, tinchlik-xotirjamlik va bolalar kulgusiga to‘la bo‘lishini Yaratgandan so‘rab qolamiz.
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
O‘zbekiston taraqqiyotining yangi davrida diniy-ma’rifiy soha rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish yangi bosqichga ko‘tarildi. 2016 yilda 5 ming 200 nafar vatandoshimiz haj amallarini bajargan bo‘lsa, 2024 yilda 15 mingdan ortiq mo‘min-musulmonlar hojilik sharafiga muyassar bo‘ldi.
Bu yil ham 15 mingdan ziyod yurtdoshlarimiz haj ibodatini ado etishadi. Mamlakatimizning 9 ta hududiy aeroportidan ziyoratchilar har kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri Madina shahriga haj safariga yuboriladi. Parvozlar “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi bilan birgalikda Saudiya Arabistonining “FlyNas” va “FlyAdeal” aviakompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yurtdoshlarimizga Madinai munavvarada hamda Makkai mukarramada barcha shart-sharoitni yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xodimlaridan iborat dastlabki ishchi guruh faol ish olib bordi.
Madina shahrida muhtasham besh yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasi, Makkai mukarramada “Marmara hotel”, “Romance hotel”, “Al-Ayyam elite”, “Concrete hotel”, “Abroj Dania”, “Paradise”, “Open hotel”, “Ayyed saha” kabi sakkizta mehmonxona hojilarni yuqori saviyada kutib olishga shay qilingan. Mehmonxonalarda ziyoratchilar uchun namozxonalar, oshxonalar, tibbiyot punktlari hamda boshqa zarur vositalar hozirlandi.
13 may kuni tongda muborak haj safarini niyat qilgan ziyoratchilarning dastlabki guruhi dilda quvonch, tilda shukronalik bilan muqaddas zamin sari yo‘lga chiqdi.
Bo‘lg‘usi hojilarni kuzatish uchun Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, shuningdek, mutasaddi tashkilotlar mas’ullari va ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent xalqaro aeroportida jam bo‘ldi.
Orzulari ro‘yobidan his-hayajonga to‘lgan “Haj — 2025” mavsumining ilk ziyoratchilari aeroportdan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi.
Shu kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilar “Haj — 2025” ishchi guruhi va mutasaddilar tomonidan tantanali kutib olindi.
Yurtdoshlarimizga muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, izzat-ikrom ko‘rsatildi. Vatandoshlarimiz shodlik va shukronalik tuyg‘ulari bilan ziyorat va ibodatlarni ado etishga kirishdi.
Ayniqsa, mehmonxonaning Masjidi Nabaviyga juda yaqin masofada joylashgani hojilarimizni behad mamnun qilmoqda. Ular kunlik barcha ibodatni ushbu muborak masjidda ado etmoqda. Ular o‘z duolarida Yaratgandan yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga bundan-da farovonlik so‘rashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ziyoratchilarimiz 2025 yil 13 maydan 28 mayga qadar haj safariga kuzatiladi.
«Xalq so‘zi».