«Aqiyda» so‘zi arabcha «aqada» fe’lidan olingan bo‘lib, bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash ma’nosini anglatadi. Bu so‘zning ko‘plik shakli «aqoid» bo‘ladi. Islom aqidasi har doim insonni ma’lum bir narsalar bilan mahkam bog‘lab turadigan e’tiqodlar majmuidan iboratdir.
Kishi odatda biror narsaga e’tiqod qilishi uchun uning mohiyatini a’lo darajada bilishi kerak. Aks holda aqida borasida chalkashlik va xatoliklar kelib chiqishi tabiiy. Buning uchun ma’rifat zarur. U ongimizda mustahkam qaror topsagina, e’tiqodimiz musaffo bo‘ladi. Demak, aqida ilmga asoslangan bo‘lishi lozim. Aslini olganda, barcha narsaning tub mag‘zini anglashda ilmu ma’rifatga muhtojligimiz kundan-kun sezilib turadi.
Binobarin, dinda har doim ham ixlosning o‘zi kifoya qilmaydi. Ilmsiz najot topaman degan kishilar adashadi. Ilm najot va baxt-saodat kalitidir. Buyuk tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Ilmsiz amal qiluvchi – yo‘lni bilmasdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi kabidir. Ilmsiz amal qilgan kishining islohidan ko‘ra fasodi ko‘proq bo‘ladi. Shunday ekan ibodatga zarar bermaydigan ilmni va ilmga zarar bermaydigan ibodatni talab qilinglar. Bir qavm ibodat talabida bo‘ldi va ilmni tark qildi. Natijada ular ummati Muhammadga qilich ko‘tarib chiqdi. Agar ularda ilm bo‘lganida, bu ishni qilmagan bo‘lar edi”.
Aqida sofligi har bir musulmon uchun o‘ta muhimdir. Chunki aqidasiz amallarning zarracha foydasi yo‘q. Buyuk bobokalonlarimizdan biri So‘fi Ollohyor rahmatullohi alayh aqoid ilmining zarurligini bayon qilib shunday deganlar:
Aqida bilmagan shaytona eldur,
Agar ming yil amal deb qilsa yeldur.
Darhaqiqat, aqidaning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha ibodat va riyozat qilsa ham, qilgan ibodatlari unga hech qanday naf bermaydi. Shuningdek, aqida noto‘g‘ri tanlansa, buning oqibati yanada yomon bo‘ladi. Dinda g‘uluvga ketish ham shular jumlasidandir. Dindagi g‘uluvning eng yomoni – yetarli shar’iy ilmi bo‘lmagan holda Qur’oni karim va hadisdan o‘zicha hukm olish, sunnatga o‘zicha amal qilish, ahli sunnatda mavjud to‘rt mazhabdan birortasini ham e’tirof etmaslikdir. Bularning bari kishining zalolatiga sabab bo‘ladi.
G‘uluvdan saqlanish borasida Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, deb uch marta aytganlar.
Shuningdek, u zot ummatini ogohlantirib bunday deganlar: “Dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar. Chunki sizdan oldingilar dinda g‘uluvga ketishi sababli halokatga uchradi” (Ibn Moja rivoyati).
Bundan bilinadiki, musulmon kishi shariatda buyurilmagan turli ibodatlarni o‘zicha ko‘paytirib olib, belgilangan me’yorga rioya qilmasdan haddan oshirib yubormasin. G‘uluv dinning kushandasi ekani aniq manbalarda qayd etilgan.
Aqidani noto‘g‘ri tanlashning salbiy oqibatlaridan yana biri dinni juda ham yengil olib, shar’iy ahkomlarni bajarishni ortga surishdir. Buning har ikkisi ham noto‘g‘ridir.
Hakimlardan biri bunday degan ekan: “Bandalar Alloh taolo buyurgan ishlarni ado qilishlarida shaytonning ikki hamlasiga uchrashlari bordir: birinchisi, bandaning amalda g‘uluvga ketishi bo‘lsa, ikkinchisi, amalda nuqsonga yo‘l qo‘yishdir. Shayton bularning qaysi biri g‘olib bo‘lishiga aslo parvo qilmaydi”.
Banda iblis alayhil la’nadan ustun kelishi uchun amalini shariat mezoniga solib ko‘rsin. Agar unda nuqson bo‘lmasa va haddan ham oshmasa, zafar uniki. Aksincha bo‘lsa, oqibati ham, shubhasiz, aksincha bo‘ladi. Buni bilish uchun albatta ilm kerak. Inson avvalo to‘g‘ri yo‘l qaysiligini bilib olmog‘i lozim. Shuning uchun shariatimiz ilmga buyurgan.
Biz vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini o‘ylasak, ko‘proq o‘qishimiz, vijdonni poklab, komillikka intilishimiz zarur. Shuningdek, ahil va inoq bo‘lishimiz, bir-birimizga manfaat yetkazishimiz, bir yoqadan bosh chiqarib, mustaqil yurtimizni turli yot g‘oya va buzg‘unchi kuchlardan ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylashimiz darkor.
Bugungi kunda kelajagimiz vorislari bo‘lmish yoshlarning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi hamda dinda g‘uluvga ketmasliklari uchun ota-ona, mahalla, maktab, ustoz va murabbiylardan katta mas’uliyat talab etiladi. Yoshlarimiz turli internet yoki shu kabi axborat vositalariga bog‘lanib qolar ekan, o‘zlari bilmagan holda noto‘g‘ri e’tiqodga kirib qolishlari ham mumkin. Chunki, ilm internetdan olinmaydi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim mamlakatlarda dinni niqob qilib olgan kaslar begunoh odamlarning qonini to‘kmoqda, obod shahar-qishloqlarni vayron qilmoqda. Eng achinarlisi, jangarilar o‘zlariga ergashmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, qatl qilayotir.
Inson ogoh va hushyor bo‘lsagina, o‘zining kelajagiga teran nazar tashlaydi, mushohada etadi, fitna-fasod, xavf-xatarning oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Barchamiz ne’matlarga shukr qilib, ulamolarimiz aytgan pandu-nasihatlarga quloq solsak, mamlakatimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘ladi.
Alloh taolo jannatmonand yurtimizni turli balo va ofatlardan, botil aqida va fitnalardan O‘zi asrasin! Ajdodlarga munosib to‘g‘ri aqidada sobit turadigan avlodlardan qilsin. Hech kimni sof aqidadan adashtirmasin!
Maqsud AKRAMOV,
Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti tarbiyachisi, Qiroat fani mudarrisi
Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.
Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati