Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

“Aqida bilmagan shaytona eldur”

6.05.2017   12862   5 min.
“Aqida bilmagan shaytona eldur”

«Aqiyda» so‘zi arabcha «aqada» fe’lidan olingan bo‘lib, bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash ma’nosini anglatadi. Bu so‘zning ko‘plik shakli «aqoid» bo‘ladi. Islom aqidasi har doim insonni ma’lum bir narsalar bilan mahkam bog‘lab turadigan e’tiqodlar majmuidan iboratdir.

Kishi odatda biror narsaga e’tiqod qilishi uchun uning mohiyatini a’lo darajada bilishi kerak. Aks holda aqida borasida chalkashlik va xatoliklar kelib chiqishi tabiiy. Buning uchun ma’rifat zarur. U ongimizda mustahkam qaror topsagina, e’tiqodimiz musaffo bo‘ladi. Demak, aqida ilmga asoslangan bo‘lishi lozim. Aslini olganda, barcha narsaning tub mag‘zini anglashda ilmu ma’rifatga muhtojligimiz kundan-kun sezilib turadi.

Binobarin, dinda har doim ham ixlosning o‘zi kifoya qilmaydi. Ilmsiz najot topaman degan kishilar adashadi. Ilm najot va baxt-saodat kalitidir. Buyuk tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Ilmsiz amal qiluvchi – yo‘lni bilmasdan yo‘lga chiqqan yo‘lovchi kabidir. Ilmsiz amal qilgan kishining islohidan ko‘ra fasodi ko‘proq bo‘ladi. Shunday ekan ibodatga zarar bermaydigan ilmni va ilmga zarar bermaydigan ibodatni talab qilinglar. Bir qavm ibodat talabida bo‘ldi va ilmni tark qildi. Natijada ular ummati Muhammadga qilich ko‘tarib chiqdi. Agar ularda ilm bo‘lganida, bu ishni qilmagan bo‘lar edi”.

Aqida sofligi har bir musulmon uchun o‘ta muhimdir. Chunki aqidasiz amallarning zarracha foydasi yo‘q. Buyuk bobokalonlarimizdan biri So‘fi Ollohyor rahmatullohi alayh aqoid ilmining zarurligini bayon qilib shunday deganlar:

 

Aqida bilmagan shaytona eldur,

Agar ming yil amal deb qilsa yeldur.

 

Darhaqiqat, aqidaning zaruriy masalalarini bilmagan kishi har qancha ibodat va riyozat qilsa ham, qilgan ibodatlari unga hech qanday naf bermaydi. Shuningdek, aqida noto‘g‘ri tanlansa, buning oqibati yanada yomon bo‘ladi. Dinda g‘uluvga ketish ham shular jumlasidandir. Dindagi g‘uluvning eng yomoni – yetarli shar’iy ilmi bo‘lmagan holda Qur’oni karim va hadisdan o‘zicha hukm olish, sunnatga o‘zicha amal qilish, ahli sunnatda mavjud to‘rt mazhabdan birortasini ham e’tirof etmaslikdir. Bularning bari kishining zalolatiga sabab bo‘ladi.

G‘uluvdan saqlanish borasida Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Haddan tashqari chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar”, deb uch marta aytganlar.

Shuningdek, u zot ummatini ogohlantirib bunday deganlar: “Dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar. Chunki sizdan oldingilar dinda g‘uluvga ketishi sababli halokatga uchradi” (Ibn Moja rivoyati).

Bundan bilinadiki, musulmon kishi shariatda buyurilmagan turli ibodatlarni o‘zicha ko‘paytirib olib, belgilangan me’yorga rioya qilmasdan haddan oshirib yubormasin. G‘uluv dinning kushandasi ekani aniq manbalarda qayd etilgan.

Aqidani noto‘g‘ri tanlashning salbiy oqibatlaridan yana biri dinni juda ham yengil olib, shar’iy ahkomlarni bajarishni ortga surishdir. Buning har ikkisi ham noto‘g‘ridir.

Hakimlardan biri bunday degan ekan: “Bandalar Alloh taolo buyurgan ishlarni ado qilishlarida shaytonning ikki hamlasiga uchrashlari bordir: birinchisi, bandaning amalda g‘uluvga ketishi bo‘lsa, ikkinchisi, amalda nuqsonga yo‘l qo‘yishdir. Shayton bularning qaysi biri g‘olib bo‘lishiga aslo parvo qilmaydi”.

Banda iblis alayhil la’nadan ustun kelishi uchun amalini shariat mezoniga solib ko‘rsin. Agar unda nuqson bo‘lmasa va haddan ham oshmasa, zafar uniki. Aksincha bo‘lsa, oqibati ham, shubhasiz, aksincha bo‘ladi. Buni bilish uchun albatta ilm kerak. Inson avvalo to‘g‘ri yo‘l qaysiligini bilib olmog‘i lozim. Shuning uchun shariatimiz ilmga buyurgan.

Biz vatanimiz tinchligi, yurtimiz obodligi, xalqimiz farovonligini o‘ylasak, ko‘proq o‘qishimiz, vijdonni poklab, komillikka intilishimiz zarur. Shuningdek, ahil va inoq bo‘lishimiz, bir-birimizga manfaat yetkazishimiz, bir yoqadan bosh chiqarib, mustaqil yurtimizni turli yot g‘oya va buzg‘unchi kuchlardan ko‘z qorachig‘imizdek asrab-avaylashimiz darkor.

Bugungi kunda kelajagimiz vorislari bo‘lmish yoshlarning aqidasi to‘g‘ri bo‘lishi hamda dinda g‘uluvga ketmasliklari uchun ota-ona, mahalla, maktab, ustoz va murabbiylardan katta mas’uliyat talab etiladi. Yoshlarimiz turli internet yoki shu kabi axborat vositalariga bog‘lanib qolar ekan, o‘zlari bilmagan holda noto‘g‘ri e’tiqodga kirib qolishlari ham mumkin. Chunki, ilm internetdan olinmaydi.

Afsuski, bugungi kunda ayrim mamlakatlarda dinni niqob  qilib olgan  kaslar begunoh odamlarning qonini to‘kmoqda, obod shahar-qishloqlarni vayron qilmoqda. Eng achinarlisi, jangarilar o‘zlariga ergashmagan musulmonlarni kofirga chiqarib, qatl qilayotir.

Inson ogoh va hushyor bo‘lsagina, o‘zining kelajagiga teran nazar tashlaydi, mushohada etadi, fitna-fasod, xavf-xatarning oldini olish va bartaraf qilish harakatida bo‘ladi. Barchamiz ne’matlarga shukr qilib, ulamolarimiz aytgan pandu-nasihatlarga quloq solsak, mamlakatimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘ladi.

Alloh taolo jannatmonand yurtimizni turli balo va ofatlardan, botil aqida va fitnalardan O‘zi asrasin! Ajdodlarga munosib to‘g‘ri aqidada sobit turadigan avlodlardan qilsin. Hech kimni sof aqidadan adashtirmasin!

 

Maqsud AKRAMOV,

Mir Arab o‘rta maxsus islom bilim yurti tarbiyachisi, Qiroat fani mudarrisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

"Mahalla yettiligi"ning vazifalari nimalardan iborat?

26.12.2024   9784   1 min.

O'zbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan tayyorlangan yuqoridagi rolikda "Mahalla yettiligi" tarkibining vazifalari haqida ma'lumot berilgan.

"Yettilik" quyidagilardan tarkib topgan: mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, soliq xodimi hamda ijtimoiy xodim.

Videolavhalar