Islom shariati ahkomlarini kuzatgan kishi unda insonlarning manfaatlari to‘liq ravishda e’tiborga olinganiga amin bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, ulamolar inson manfaatlarining e’tiborga olinishiga oid dalillarni batafsil tarzda keltirib o‘tadilar. Jumladan, “Biz seni, faqat, olamlarga rahmat qilib yubordik”[1] oyati. Payg‘ambarning insonlarga rahmat bo‘lishi u olib kelgan hukmlar insonlar manfaatiga to‘liq kafil bo‘lishiga bog‘liq. Agar unday bo‘lmasa, uning yuborilishi insonlarga rahmat emas, balki kulfat bo‘ladi.
“Albatta, Alloh adolatga, chiroyli amallar qilishga va qavm-qarindoshga yaxshilik qilishga buyurur hamda buzuqlik, yomon ishlar va zo‘ravonliklardan qaytarur. U zot shoyad ibrat-eslatma olarsizlar, deb sizlarga pand-nasihat qilur”.[2]
Adolat – ikki shaxs yoki narsa orasida biror ishda tenglik va muvozanatga amal qilishdir. Demak, adolatdan murod barcha ishlarda “ifrot” (haddan oshish) va “tafrit” (kamchilikka yo‘l qo‘yish) o‘rtasidagi mo‘tadillikka rioya qilishdir. Insonlar hayotining mo‘tadil nizomda davom etishi ularni tafrit yoki ifrotdan ajratib turuvchi to‘g‘ri chiziqqa qiyoslanadi. Ana shu chiziqdan chetga chiqish fasodga olib borishi muqarrar. Bunga oyatning oxiri ham dalolat qilib turibdi. Alloh tomonidan qaytarilgan mazkur uch ish insonlarning ishlarini barbod qiluvchi, ularni yaxshilikka yetishdan to‘suvchi fasoddir. Zero, Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bu oyat yaxshilik va yomonlik ma’nosini jamlashda Qur’ondagi keng qamrovli oyatdir. Qur’onda bundan boshqa oyat bo‘lmagan chog‘da ham, u har bir narsaning bayoni va hidoyat bo‘lish uchun kifoya qilar edi”.[3]
Endi bu haqdagi hadisi shariflarga murojaat qilsak. Masalan, “Iymon yetmish nechtadir shoxchadir. Ularning eng yuqorisi Allohdan boshqa iloh yo‘q, deb guvohlik bermoq, eng pastdagisi yo‘ldan ozor beruvchi narsalarni ketkizmoq” hadisi[4]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadisda dinning ikki tarafini bayon qilmoqdalar. Dinning boshi tavhid bo‘lsa, oxiri insonlarning umumiy manfaatiga namuna bo‘ladigan amal ekanini ko‘rsatib bermoqdalar. Demak, manfaatlar dinning chegarasidan chetga chiqmas ekan. “Quyosh chiqqan har kuni insonning har bir bo‘g‘ini uchun sadaqa lozimdir. Ikki kishi orasida adolat bilan hukm qilishing ham sadaqadir. Bir kishini otiga mingazib yoki yukini yuklab berib yordam berishing ham sadaqadir. Shirin so‘z ham sadaqadir. Namozga borayotgan har bir qadaming ham sadaqadir. Yo‘ldan ozor beruvchi narsalarni ketkazishing ham sadaqadir”[5] hadisi ham shu ma’noga oiddir.
“Maxluqot barchasi Allohning qaramog‘idadir. Ularning Allohga eng suyuklisi o‘z qaramog‘idagilarga manfaatlirog‘idir”[6] hadisida insonlarga manfaat yetkazish yo‘lida xizmat qilish Allohga yaqin bo‘lishning eng asosiy sabablaridan biri sifatida keltirilmoqda. Bu esa Islom shariati inson manfaatlarini e’tiborga olganining yana bir namunasidir.
“Zarar berish ham, uni zarar bilan daf qilish ham yo‘q[7]” hadisi. Ushbu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam inson o‘ziga va boshqalarga zarar beruvchi ishlardan saqlanish lozimligini ta’kidlamoqdalar. Bu hadis Islom huquqidagi asosiy qoidalardan biri bo‘lib, ko‘plab hukmlarning asosidir. Yuqoridagi hadislardan Islom shariatida inson manfaatlarining e’tiborga olingani, balki ulardan zarar va yomonliklarni bartaraf qilish ham uning maqsadlaridan ekanligini tushunish mumkin.
Hanafiy mazhabi ham o‘z ijtihodlarida inson manfaatlariga katta e’tibor qaratgan. Quyida ulardan ba’zilarni ko‘rib chiqamiz.
Sirojiddin G‘aznaviyning "Alg‘urrat ul munifa fi tahqiqi ba’zi masoilil imom Abi Hanifa" kitobining xotimasida berilgan jumlalardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:
"Qozilar, adolat ahli, tiriklar va vafot etganlarning barchasi aksar holatlarda imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh mazhabiga muhtojdirlar. Boshqa mazhablarda qozi gunoh qilsa qozilikdan tushib qoladi. Binobarin, qozi qozilik davrida gunohdan ma’sum bo‘lishi lozim, gunoh qilsa qozilik mansabidan tushadi va chiqargan hukmlari hech qanday kuchga ega bo‘lmaydi. Ushbu so‘zga binoan birorta qozi o‘z mansabida bardavom tura olmaydi. Unga har safar gunoh qilganda fosiq bo‘lganini oshkor qilishi va qozilikka qayta saylanishi vojib bo‘ladi. Bunday qilinmasa qanchalik fasod chiqishi hech kimga maxfiy emas. Bu narsalar sodir bo‘lmasligi uchun imom Abu Hanifa mazhabiga ergashish kerak bo‘ladi.
Imom Abu Hanifaning nazdida adolat ahlidan bo‘lish zohiran Islomga amal qilish bilan sobit bo‘ladi. Shofe’iy mazhabida esa gunohi kabiralardan zohiran ham, botinan ham saqlanish lozim. Qaysi qozi yoki adolat ahli deyilgan shaxs gunoh qilmagan?
Vafot etganlarga tilovati Qur’on savobi bilan yordam yetkazish faqat hanafiy mazhabida joizdir. O‘tganlar uchun uqubatlardan xalos bo‘lish va yuqori darajotlarga erishish imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh mazhabiga ergashish bilan hosil bo‘ladi.
Balog‘atga yetmagan bolalar qiladigan savdo-sotiq va boshqa muomalalar imom Abu Hanifa mazhabiga ko‘ra joiz. Boshqalarda esa ularning qilgan tasarruflarida muammolar mavjud. Chunki ularning fikriga ko‘ra, insonlar o‘z ehtiyojlari uchun faqat balog‘atga yetgan odamlarnigina yuborish joiz.
Shuningdek, aksar odamlar o‘z savdolarida iyjob va qabul bilan savdo qilishga odatlanmaganlar. Ya’ni sotuvchi “sotdim”, xaridor “sotib oldim”, demaydi. Balki narx aniq bo‘lgan holatlarda faqat o‘zaro oldi-berdi, ya’ni xaridor buyumni olib pulni berishi bilan yakun topadi. Bu holat ham imom Abu Hanifa mazhabida joiz.
Boshqa mazhablarda zakot majburiyati Qur’oni karimda aytilgan sakkiz sinfning har biridan uchta shaxsga berilgandagina soqit bo‘ladi. Hech kim bu ishni qila olmaydi. Hanafiy mazhabida esa zakot olishga haqli bir odamga berish bilan ham zakot ado etilgan hisoblanadi.
Najas (nopok) narsalar bilan isitiladigan hammomlar, nopok narsalar yondirib yopiladigan nonlar, nopok narsalar aralashtirib qilinadigan loy (devorlar) masalasi hanafiy mazhabidan boshqa mazhablarda muammo hisoblanadi.
Hayvonlarning tezaklarini sotish hanafiy mazhabida joiz. Boshqalarda joiz emas. Holbuki, bu ish aksar odamlar qiladigan ishdir.
Odamlar olmaxon, suvsar, oqsichqon va boshqa hayvonlarning terisidan tikilgan kiyimlarni kiyadilar. Ba’zilar nazdida o‘lgan narsaning juni najas hisoblangani uchun ular nopok narsani kiyib yurgan hisoblanadi. Bizning mazhabda esa bu borada hech qanday muammo yo‘q.
Loviya, yong‘oq va bodom kabi narsalarni po‘stlog‘i bilan sotish ba’zilar nazdida joiz emas va bu katta muammolar keltirib chiqaradi. Zero aksar odamlar shunday savdo qiladilar. Hanafiy mazhabida esa bu joizdir.
Habibulloh JO‘RABOYEV,
Andijon “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
[1] Anbiyo. 107- oyat.
[2] Nahl 90oyat
[3] Bayhaqiy. Shuabul iymon. – Riyod.: Maktabatur rushd, 2003. 2216bet. (Bundan keyin Bayhaqiy. Shuabul iymon.)
[4] Bayhaqiy. Shuabul iymon. 2hadis.
[5] Sunani Abu Dovud. 1288hadis.
[6] Tabaroniy. Avsat. 5541hadis.
[7] Tabaroniy. Avsat. 1033hadis.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tong sahar to‘rt muchamizning sog‘, oilamiz tinch, tashqarida hech qanday xavfning xatarisiz uyg‘onish biz har doim ham e’tibor beravermaydiganimiz, shukrini ado etishni esimizdan chiqaradiganimiz ne’matlar sirasiga kiradi. Go‘yo asli shunday bo‘lishi kerakdek yashayveramiz. Yana bir tur ne’matlar borki, bizning e’tiborimizdan chetda. Bularga suv, havo kabi biz qadrlamaydigan, lekin bular bo‘lmasa, bir soat ham yashay olmaydigan ehtiyojlarimiz kiradi.
Bu ne’matlarning shukrini ado etmaslik, ya’ni qadriga yetmaslik oqibati nimalarga olib kelishi bugungi kunda namoyon bo‘lyapti. Pala-partish foydalanish sabab Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqamizning, balki butun dunyoning muammosiga aylanib ulgurganiga ancha bo‘ldi. Biz uchun tekinga berib qo‘yilgan bu bebaho ne’matni qadrlamaslik orqasidan bugun insoniyat jiddiy muammolar qarshisida turibdi. Alloh taolo O‘zining kalomida berilgan ne’matlarni qadrlashni ta’kidlab, «Yeb-ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Chunki U Zot isrof qiluvchilarni sevmas» (A’rof surasi, 31-oyat), deb buyurdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar.
Biz esa «Suv – tekin» degan tushuncha bilan bir paytlar shaharlarimiz, qishloqlarimiz, mahallalarimizda zilol suvga to‘lib oqqan ariq-anhorlarni quritdik. Borlarini chiqindixonaga aylantirdik. Oqibatda ilgari odamlar bemalol ichavergan ariq suvlari hozir hatto qo‘l yuvishga ham o‘ylanib qolinadigan holga keldi.
Yaqin-yaqingacha poytaxtning shimoli-sharq tomonidan ko‘rinib, bahri dilingizni ochgan, xush kayfiyat bag‘ishlagan purviqor tog‘lar bugun ko‘rinmay qolganiga odamlar endi-endi ahamiyat bera boshlashdi. Daraxtlarning kamayishi, avtoulovlarning ko‘payishi, mavjud yashil hududlar qisqarib, o‘rniga rejasiz qurib tashlanayotgan uy-joy ekologiyaga, ona tabiatga ta’sir qilmay qolmadi. Qalin changli parda ortiga yashiringan tog‘lar xuddi bizni yordamga chaqirayotgan, vaqtida chora ko‘rilmasa, og‘ir oqibatlar yuzaga kelishidan ogohlantirayotgandek go‘yo.
Va achinarlisi bu og‘ir oqibatlar o‘zini ko‘rsata boshladi. 60 yillik tajribaga ega IQAir tashkiloti tomonidan tayyorlangan oxirgi yillik hisobotda qayd etilishicha, havoning ifloslanishi oqibatida bir yilda dunyo bo‘yicha 7 million aholi hayotdan bevaqt ko‘z yummoqda, milliardlab inson nafas yo‘llari kasalliklari hamda boshqa og‘ir dardlarga yo‘liqmoqda. IQAir sayti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yakunlari bo‘yicha tuzilgan reytingga muvofiq, O‘zbekiston 134 davlat orasida 23-o‘rinni band etib turganini juda achinarli. Ro‘yxatdagi havosi eng iflos uchlikni Bangladesh, Pokiston va Hindiston egallagan (iqair.com/ru/world-most-polluted-countries).
Surunkali respirator kasalliklarining dunyo bo‘ylab tarqalishi va bu jarayonlarning asoratlarini o‘rgangan bir guruh britaniyalik olimlar inson o‘limiga sabab bo‘layotgan beshta asosiy omillardan biri nafas olish tizimi kasalliklar ekanini ma’lum qilishdi. Tibbiyot sohasiga oid yangiliklarni yoritadigan «The Lancet» nashri e’lon qilgan maqolada 1990–2019 yillarda nafas yo‘llari kasalliklarining tarqalishi 39,8 foizga, ushbu dardlardan vafot etganlar soni esa 28,5 foizga oshgani aytilgan. Bronxial astma eng ko‘p tarqalayotgan surunkali respirator kasallik sifatida qayd etilgan bo‘lib, nafas yo‘llarining kasallanishi, birinchi navbatda, chekish illati, shuningdek, havoning ifloslanishi hamda sanoat ishlab chiqarishining turli xildagi salbiy oqibatlari sabab yuzaga kelmoqda.
Yurtimizdagi maktablarning birida atrof-muhitni asrab-avaylash hamda boshqa ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, ularning oldini olishga bag‘ishlangan tadbirda bir o‘quvchi yigit Ona Yerning odamlarga qilgan murojaatini o‘qib bergan edi. Siz ham bu murojaatga bir e’tibor berib ko‘ring-a:
«Ey odamzod, nimalar qilib qo‘yding, nimalar qilyapsan! To‘xta! Bo‘ldi! Yetar endi. Daraxtlarni kesib, qancha o‘rmonlarni yo‘q qilding, havoni, suvni bulg‘atding. Ko‘lu daryolarni quritding. Juda qizib ketdim. Yaratilganimdan beri bunaqa qizimaganman. Hammayog‘imni yondirib, ilma-teshik qilib tashlading-ku! Yana nima istaysan, odamzot?! Shaharlarda tuproq qolmadi! Hammayoqni toshdek beton bilan qoplab tashlading. Mening sabrim cheksiz emas. Zaxiralarim ham tugab boryapti. Meni asramasang, ertaga o‘zing qiynalasan. O‘zingni bos. To‘xta. Atrofga qara! Aql bilan ish tutib, menga ozgina yordam berib yuborsang, u yog‘iga o‘zimni o‘zim tiklab olaman. Yaxshiyam Alloh menga o‘zimni o‘zim sovutish qobiliyatini bergan. Lekin vaziyat shu zaylda davom etaversa, ya’ni tabiat shu tarzda ifloslantirilaversa, tiklanish qobiliyatim ham ish bermay qo‘yishi mumkin. Avvalgi holga qaytishi dargumonu, lekin vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin. Yaxshi insonlar hali bor bu dunyoda. Hammangiz birlashsangiz, qo‘lingizdan ko‘p narsa keladi, Xudo xohlasa».
O‘smir yigitning bu murojaati har birimizga ko‘zingizni oching, vaqt borida imkoniyatlarni ishga soling, deyayotgandek go‘yo...
Alloh hech bir narsani bekor yaratmagan. Har bir o‘simlikning, har bir jonivorning vazifasi bor. Shuningdek, ularning mavjudligi, yashashi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Bu zanjirni uzish mumkin emas. Bordiyu hayvonot yoki nabotot olamining bir vakili yo‘q qilinsa, buning oqibati qachondir baribir sezilishi aniq.
Achchiq haqiqat shuki, bor tabiatdagi, ya’ni atrof-muhitdagi ko‘pgina resurslar yo‘qotib bo‘lingan. Ammo o‘sha narsalarning ko‘pini tiklash, qaytarish mumkin. O‘z navbatida, borini saqlab qolish ham juda muhim. Shunday ekan, Alloh bergan buyuk ne’matlar – suv, tuproq, havo, o‘simliklaru jonivorlarga bo‘lgan munosabatimizni o‘zgartiraylik, azizlar. Zero, bizdan keyingi avlod ham ozod va obod yurtda yashashga haqli.
«Hilol» jurnali 8(65)-sonidan