Oldi-sotdi munosabatlarini o‘rganishdan asosiy maqsad savdo masalalaridagi halol va haromni ajratib olishdir. Bularning oralarini ajratib olish shu qadar muhimligidan Imom Muhammadga: “Zuhd-taqvo haqida kitob yozmaysizmi? deyishganida u zot: “Savdo-sotiq haqida kitob yozib qo‘yganman-ku” deb javob bergan ekan. Ya’ni ulug‘ imom bu so‘zi bilan zuhd haromdan saqlanib haloldan oziqlanish orqaligina vujudga kelishiga ishora qilgan. “Savdo-sotiq”ning shar’iy ma’nolarini o‘rganishdan avval uning lug‘aviy ma’nosini o‘rganishga harakat qilamiz: Arab tilidagi بَيْعٌ kalimasidan “savdo-sotiq”, “savdolashish” kabi ma’nolar tushuniladi. Bu kalimaning ko‘pligi بُيُوعٌ bo‘ladi. Shu ma’noda بَيْعٌ بِالتَّجْزِئَةِ so‘zidan – “chakana savdo”, بَيْعٌ بِالْجُمْلَةِ so‘zidan “ko‘tara savdo” ma’nolari anglashiladi. O‘zbek tilida ham savdo-sotiq deganda sotadigan va sotib oladigan taraf tushuniladi.
Islom huquqida “savdo-sotiq” deganda narsalarni bir-biriga ayirboshlashga, sotib olishga tushuniladi.
Avvalo, savdo qonuniy bo‘lishi uchun sotuvchidan iyjob (taklif) va xaridordan qabul amalga oshishi lozim. Savdodagi iyjob va qabul islom huquqida sovdo bitimi uchun qo‘llaniladigan iboralar hisoblanadi.
Iyjob va qabul ko‘pincha o‘tgan zamon siyg‘asida (shaklida) ishlatiladi (masalan: «sotdim», «oldim»). Savdoda «olaman» va «sotaman» kabi kelajak zamon siyg‘asi qo‘llanilganda, tomonlar ushbu so‘zlari bilan hozirgi zamonni nazarda tutgan bo‘lsalargina savdo bitimi tuzilgan bo‘ladi va agar kelajak zamon ko‘zlangan bo‘lsa savdo bitimi tuzilgan deb hisoblanmaydi. Shuningdek, «olaman», «sotaman» kabi yolg‘iz harakat ma’nosini anglatuvchi «sot», «sotib ol» kabi buyruq ma’nosida kelgan so‘zlar bilan ham savdo bitimi tuzilmaydi. Faqat hozirgi zamonga dalolat qiluvchi buyruq bilangina savdo tuziladi.
Masalan: oluvchi: “Mana shu molni menga shuncha so‘mga sot”, desa; sotuvchi “Sotdim”, desa savdo bitadi. Shuningdek, sotuvchi “bu molni shuncha so‘mga ol”, desa; oluvchi (xaridor) “oldim”, desa yoki sotuvchi «ol» yoki «barakasini bersin» (sotishga rozilik iborasi) desa bay’ (savdo) bitadi.
Iyjob va qabul og‘zaki bo‘lgani kabi yozma shaklda ham bo‘ladi.
Soqovning (tilsiz) tanish ishorasi bilan savdo bitimi tuziladi.
«Iyjob va qabul”dan maqsad ikki tarafning roziligidir. Binobarin, shunga dalolat qiluvchi xatti-harakatli ayirboshlash bilan ham savdo bitadi va bunga «bay’ taotiy» deyiladi, (ya’ni oluvchi indamay pulni uzatib, o‘z navbatida sotuvchi ham indamay tovarni berib yuborishi). Masalan, xaridor indamay pulni uzatsa va nonvoy nonni bersa bay’ bitgan bo‘ladi. Shuningdek, oluvchi pulni berib tarvuzni olsa va indamasa savdo bitgan bo‘ladi. Xaridor bug‘doy olmoq uchun sotuvchiga besh yuz so‘m berib, “bug‘doyni qanchadan sotyapsan” deganda, sotuvchi “kilosi yuz so‘m” desa va xaridor narxga hech narsa demasdan besh kilogramm bug‘doy tortib berishni so‘rasa, sotuvchi “ertaga beraman” desa hamda o‘rtalarida iyjob va qabul bo‘lib o‘tmasa ham, savdo baribir bitgan bo‘laveradi. Hatto ertasiga bug‘doyning kilosi 150 so‘mga chiqsa ham sotuvchi 50 so‘m zarariga bo‘lsa ham sotishga majbur bo‘ladi.
Aksincha, bug‘doyning bahosi ertasiga tushgan bo‘lsa, oluvchi avvalgi to‘lagan narxi bilan olishdan bosh tortolmaydi. Shuningdek, xaridor «bu go‘shtning falon yeridan buncha so‘mlik menga torting» desa, qassob uni kesib tortsa savdo bitib, xaridor ushbu bo‘lim go‘shtni rad qila olmaydi.
O‘zaro oldi-berdi yo‘li bilan (lafzsiz) savdo-sotiq munosabatlari hozirgi zamonamizda keng tarqalgan bo‘lib, bu xususda faqihlar turli xil fikr bildiradilar. Jumhur ulamolar (molikiy, hanbaliy, hanafiylar) bunday savdoning joizligini takidlaydilar. Shofe’iylar esa bay’ faqat iyjob va qabul asosida to‘g‘ri bo‘ladi degan fikrni aytadilar. Imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh: Bunday savdo qimmatbaho bo‘lmagan tovarlarda (kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqalar) joiz. Qimmatbaho narsalarda (uy, zavod, bog‘lar) esa joiz emas”, deganlar.
“Ixtiyor” kitobida: “Bay’ o‘tgan zamon lafzidagi iyjob (sotdim) va qabul (sotib oldim) bilan va shu so‘zlarning ma’nosini ifodalaydigan barcha so‘zlar bilan bog‘lanadi. Shuningdek o‘zaro oldi-berdi yo‘li bilan ham savdo bog‘lanadi”- deyilgan. Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad bu savdo qimmatbaho narsalarda ham arzon narxli tovarlarda ham joizligini aytadilar. Chunki iyjob va qabuldan ko‘zlangan maqsad rozilikdir. Bu yerda ikki tomon roziligi bor. Karxiy ham “O‘zaro oldi-berdi bilan odatga binoan savdo bog‘lanadi”, degan fikrni bildirganlar.
Zamonamizning fiqhshunos olimlaridan Muhammad Ali as-Sobuniy o‘zining “Fiqh ul-muamolot” asarida savdo-sotiqning quyidagi turlarini ko‘rsatib o‘tgan: “Bay’ning to‘rt turi bor va ularning har biri o‘ziga xos nom bilan ataladi:
Muqoyaza savdosida tovarni tovar evaziga sotish nazarda tutiladi. Masalan, bug‘doyni mayizga, xurmoni arpaga, otni hovliga, sariyog‘ni asalga va boshqalar. Bu savdo ko‘proq oldingi davrlarda muomalada bo‘lgan. Chunki o‘sha vaqtlarda dirham, dinor, tanga pullar muomalada kam bo‘lgan. Shu tariqa savdo muomalalarini amalga oshirishgan. Savdoning bu turi “bay’ul-muqoyaza” ya’ni, barter-ayriboshlash savdosi deb atalgan. Bu savdoning joizligiga Buxoriyning “Sahihi”da kelgan hadisi dalil bo‘ladi: “Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi: “Hunayn g‘azotidan qaytish vaqtida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yo‘lga chiqdik. Sovutimni bani salamadagi bir bog‘ evaziga sotdim. Bu mening islomga kirgan vaqtimdagi dastlabki mulkim edi” dedilar. Sahoba Abu Qatoda urush vaqtida kiygan sovutini Madinai Munavvara atrofidagi bir bog‘ evaziga sotganida bu savdoga Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tiroz qilmadilar. O‘sha hodisa bu savdoning joiz ekaniga dalolat qiladi.
Sarf – pulni pulga sotishlik savdosi. Masalan, tilloni kumushga, dirhamni dinorga, junayhni dollarga, Suriya pulini Misr puliga sotishlik. Bunda sotilayotgan narsa ham sotib olinayotgan narsa ham puldir. Bu savdoda hech qanday tovar va hech qanday mato ishtirok etmaydi. Bu savdo turi ham insonlarning savdo-sotiq, oldi-berdi muomalalariga ehtiyoji bo‘lgani sababli fuqaholar ittifoqi bilan joiz deb topilgan. Bu savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar “sarroflar” deb atalgan.
Mollarni, tovarlarni pul evaziga sotish – ular tarozida tortiladigan, uzunlikda o‘lchanadigan bo‘lishi ham mumkin. Savdoning bu turi muomalada keng tarqalgan bo‘lib, barcha asrlarda bu savdodan foydalanib kelganlar.
Savdoning yana bir turi bor. Unda naqd pulga kelajakda tayyor bo‘ladigan tovar sotib olinadi. Bu savdo turi “salam savdosi” yoki “salaf savdosi” deb ataladi. Masalan, dehqondan bug‘doy, arpa, paxta sotib olish. Bu savdoda pul oldindan naqd to‘lab qo‘yiladi, tovar esa kelajakda hosil yig‘im-terimi vaqtida topshiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan vaqtlarida insonlar xurmoga ikki yil-uch yil oldindan pul to‘lab qo‘yar edilar. Shunda Rasululloh: “Kimki biror narsaga pul to‘lab qo‘ymoqchi bo‘lsa, miqdorini, vaznini va vaqtini belgilab qo‘ysin”, dedilar[1].
“G‘iyos ul-lug‘ot”da salam savdosi shartlari haqida bunday deyiladi: “Salam- bay’ navlaridan bo‘lib, bir narsa tayyor bo‘lishidan oldin uning bahosini berishdir, u narsa shar’iy yetti shart asosida bo‘ladi:
birinchi, mahsulotning jinsi, chunonchi, bug‘doy yoki arpa yoki no‘xat;
ikkinchi, mahsulotning navi, chunonchi, qizil yoki oq;
uchinchi, miqdori, chunonchi, bir man yoki ikki man;
to‘rtinchi, vasfi (sifati), chunonchi, birinchi qismi yoki ikkinchi qismi, sug‘orilgan yoki sug‘orilmagan (lalmi), tarkibi tozalangan yoki tozalanmagan;
beshinchi, muhlati, ya’ni va’da vaqti, masalan, yigirma kun yoki bir oy;
oltinchi, mahsulotni topshirish joyi, ya’ni muqarrar qilingan jinsni yetkazib berish makoni;
yettinchi, ra’sul-mol, ya’ni mablag‘ni tayin qilish, masalan, o‘n rupiya yoki yigirma rupiya”.[2]
Hanafiy mazhabining fikriga ko‘ra, mavjud bo‘lmagan narsaning savdosi botildir (bekordir)[3]. Masalan, bir daraxtning hech ham ko‘rilmagan mevasini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘lga berishning (topshirish) imkoniyati bo‘lmagan narsani sotishlik mumkin emas. Masalan, daryoda yotgan va chiqarish mumkin bo‘lmagan qayiqni va tutib olinmagan baliqning va havodagi qushning savdosi man’ qilingan. Elda mol (tovar) hisob qilinmaydigan, baholanishi mumkin bo‘lmaydigan molning savdosi taqiqlangan. Islomda qiymatga ega bo‘lmagan mol evaziga sotib olish, shuningdek, mavhum narsaning savdosi islomda fosid ish deb baholanadi, (buzilgan savdo nazarda tutilyapti). Masalan, sotuvchi oluvchiga “mulkimdagi barcha narsani senga shuncha so‘mga sotaman” desa, oluvchi “olaman” desa va lekin u narsalar oluvchiga ma’lum bo‘lmasa, savdo fosid hisoblanadi.
Bugungi kunda yurtimizda huquqiy demokratik davlat qurish, fuqarolik jamiyati barpo etish jarayoni davom etmokda. Bunday sharoitda xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat, diniy bag‘rikenglik va ajdodlar merosiga sodiqlik ruhida tarbiyalash katta ahamiyat kasb etadi, albatta. Bu maqsadga erishishda, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, islom huquqshunoslari allomalari asarlarida ko‘tarilgan umuminsoniy g‘oyalar, qadimiy milliy va diniy an’analar, huquqiy me’yorlarni o‘rganish, zarur o‘rinlarda ularni hayotga tatbiq etishni bilish g‘oyat muhimdir.
M.ERKAYEV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘quv ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
[1] Muhammad Ali as-Sobuniy, “Alfiqhu-shar’iy al-muyassar fi zu’il-kitab va as-sunna”, maktabatul-asriyya, 2008y.
[2] Muhammad G‘iyosuddin Rompuriy-Mustafoobodiy. “G‘iyosul-lug‘ot”, birinchi kitob, 433-bet
[3] Burhoniddin Marg‘inoniy. «Hidoya» (arab tilida).Qozon.1904.y.3.j. savdo kitobi.
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati