Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Iyun, 2025   |   22 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:40
Shom
20:02
Xufton
21:41
Bismillah
18 Iyun, 2025, 22 Zulhijja, 1446

Iyjob va qabul – ikki taraf roziligidir

05.05.2017   7744   10 min.
Iyjob va qabul – ikki taraf roziligidir

Oldi-sotdi munosabatlarini o‘rganishdan asosiy maqsad savdo masalalaridagi halol va haromni ajratib olishdir. Bularning oralarini ajratib olish shu qadar muhimligidan Imom Muhammadga: “Zuhd-taqvo haqida kitob yozmaysizmi? deyishganida u zot: “Savdo-sotiq haqida kitob yozib qo‘yganman-ku” deb javob bergan ekan. Ya’ni ulug‘ imom bu so‘zi bilan zuhd haromdan saqlanib  haloldan oziqlanish orqaligina vujudga kelishiga ishora qilgan. “Savdo-sotiq”ning shar’iy ma’nolarini o‘rganishdan avval uning lug‘aviy ma’nosini o‘rganishga harakat qilamiz: Arab tilidagi  بَيْعٌ kalimasidan “savdo-sotiq”, “savdolashish” kabi ma’nolar tushuniladi. Bu kalimaning ko‘pligi  بُيُوعٌ bo‘ladi. Shu ma’noda  بَيْعٌ بِالتَّجْزِئَةِ  so‘zidan – “chakana savdo”,  بَيْعٌ بِالْجُمْلَةِ so‘zidan “ko‘tara savdo” ma’nolari anglashiladi. O‘zbek tilida ham savdo-sotiq deganda sotadigan va sotib oladigan taraf tushuniladi. 

Islom huquqida “savdo-sotiq” deganda narsalarni bir-biriga ayirboshlashga, sotib olishga tushuniladi.

Avvalo, savdo qonuniy bo‘lishi uchun sotuvchidan iyjob (taklif) va xaridordan qabul amalga oshishi lozim. Savdodagi iyjob va qabul islom huquqida sovdo bitimi uchun qo‘llaniladigan iboralar hisoblanadi.

Iyjob va qabul ko‘pincha o‘tgan zamon siyg‘asida (shaklida) ishlatiladi (masalan: «sotdim», «oldim»). Savdoda «olaman» va «sotaman» kabi kelajak zamon siyg‘asi qo‘llanilganda, tomonlar ushbu so‘zlari bilan hozirgi zamonni nazarda tutgan bo‘lsalargina savdo bitimi tuzilgan bo‘ladi va agar kelajak zamon ko‘zlangan bo‘lsa savdo bitimi tuzilgan deb hisoblanmaydi. Shuningdek, «olaman», «sotaman» kabi yolg‘iz harakat ma’nosini anglatuvchi «sot», «sotib ol» kabi buyruq ma’nosida kelgan so‘zlar bilan ham savdo bitimi tuzilmaydi. Faqat hozirgi zamonga dalolat qiluvchi buyruq bilangina savdo tuziladi.

Masalan: oluvchi: “Mana shu molni menga shuncha so‘mga sot”, desa; sotuvchi “Sotdim”, desa savdo bitadi. Shuningdek, sotuvchi “bu molni shuncha so‘mga ol”, desa; oluvchi (xaridor) “oldim”, desa yoki sotuvchi «ol» yoki «barakasini bersin» (sotishga rozilik iborasi) desa bay’ (savdo) bitadi.

Iyjob va qabul og‘zaki bo‘lgani kabi yozma shaklda ham bo‘ladi.

Soqovning (tilsiz) tanish ishorasi bilan savdo bitimi tuziladi.

«Iyjob va qabul”dan maqsad ikki tarafning roziligidir. Binobarin, shunga dalolat qiluvchi xatti-harakatli ayirboshlash bilan ham savdo bitadi va bunga «bay’ taotiy» deyiladi, (ya’ni oluvchi indamay pulni uzatib, o‘z navbatida sotuvchi ham indamay tovarni berib yuborishi). Masalan,  xaridor indamay pulni uzatsa va nonvoy nonni bersa bay’ bitgan bo‘ladi. Shuningdek, oluvchi pulni berib tarvuzni olsa va indamasa savdo bitgan bo‘ladi. Xaridor bug‘doy olmoq uchun sotuvchiga besh yuz so‘m berib, “bug‘doyni qanchadan sotyapsan” deganda, sotuvchi “kilosi yuz so‘m” desa va xaridor narxga hech narsa demasdan besh kilogramm bug‘doy tortib berishni so‘rasa, sotuvchi “ertaga beraman” desa hamda o‘rtalarida iyjob va qabul bo‘lib o‘tmasa ham, savdo baribir bitgan bo‘laveradi. Hatto ertasiga bug‘doyning kilosi 150 so‘mga chiqsa ham sotuvchi 50 so‘m zarariga bo‘lsa ham sotishga majbur bo‘ladi.

Aksincha, bug‘doyning bahosi ertasiga tushgan bo‘lsa, oluvchi avvalgi to‘lagan narxi bilan olishdan bosh tortolmaydi. Shuningdek, xaridor «bu go‘shtning falon yeridan buncha so‘mlik menga torting» desa, qassob uni kesib tortsa savdo bitib, xaridor ushbu bo‘lim go‘shtni rad qila olmaydi.

O‘zaro oldi-berdi yo‘li bilan (lafzsiz) savdo-sotiq munosabatlari hozirgi zamonamizda keng tarqalgan bo‘lib, bu xususda faqihlar turli xil fikr bildiradilar. Jumhur ulamolar (molikiy, hanbaliy, hanafiylar) bunday savdoning joizligini takidlaydilar. Shofe’iylar esa bay’ faqat iyjob va qabul asosida to‘g‘ri bo‘ladi degan fikrni aytadilar. Imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh: Bunday savdo qimmatbaho bo‘lmagan tovarlarda (kiyim-kechak, oziq-ovqat va boshqalar) joiz. Qimmatbaho narsalarda (uy, zavod, bog‘lar) esa joiz emas”, deganlar.

“Ixtiyor” kitobida: “Bay’ o‘tgan zamon lafzidagi iyjob (sotdim) va qabul (sotib oldim) bilan va shu so‘zlarning ma’nosini ifodalaydigan barcha so‘zlar bilan bog‘lanadi. Shuningdek o‘zaro oldi-berdi yo‘li bilan ham savdo bog‘lanadi”- deyilgan. Abu Hanifaning shogirdi Imom Muhammad bu savdo qimmatbaho narsalarda ham arzon narxli tovarlarda ham joizligini aytadilar. Chunki iyjob va qabuldan ko‘zlangan maqsad rozilikdir. Bu yerda ikki tomon roziligi bor. Karxiy ham “O‘zaro oldi-berdi bilan odatga binoan savdo bog‘lanadi”, degan fikrni bildirganlar.

Zamonamizning fiqhshunos olimlaridan Muhammad Ali as-Sobuniy o‘zining “Fiqh ul-muamolot” asarida savdo-sotiqning quyidagi turlarini ko‘rsatib o‘tgan: “Bay’ning to‘rt turi bor va ularning har biri o‘ziga xos nom bilan ataladi:

  1. Bay’ul-muqoyaza
  2. Sarf
  3. Pul evaziga sotish
  4. Salam savdosi

Muqoyaza savdosida tovarni tovar evaziga sotish nazarda tutiladi. Masalan, bug‘doyni mayizga, xurmoni arpaga, otni hovliga, sariyog‘ni asalga va boshqalar. Bu savdo ko‘proq oldingi davrlarda muomalada bo‘lgan. Chunki o‘sha vaqtlarda dirham, dinor, tanga pullar muomalada kam bo‘lgan. Shu tariqa savdo muomalalarini amalga oshirishgan. Savdoning bu turi “bay’ul-muqoyaza” ya’ni, barter-ayriboshlash savdosi deb atalgan. Bu savdoning joizligiga Buxoriyning “Sahihi”da kelgan hadisi dalil bo‘ladi: “Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi: “Hunayn g‘azotidan qaytish vaqtida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yo‘lga chiqdik. Sovutimni bani salamadagi bir bog‘ evaziga sotdim. Bu mening islomga kirgan vaqtimdagi dastlabki mulkim edi” dedilar. Sahoba Abu Qatoda urush vaqtida kiygan sovutini Madinai Munavvara atrofidagi bir bog‘ evaziga sotganida bu savdoga Nabiy sollallohu alayhi vasallam e’tiroz qilmadilar. O‘sha hodisa bu savdoning joiz ekaniga dalolat qiladi.

Sarf – pulni pulga sotishlik savdosi. Masalan, tilloni kumushga, dirhamni dinorga, junayhni dollarga, Suriya pulini Misr puliga sotishlik. Bunda sotilayotgan narsa ham sotib olinayotgan narsa ham  puldir. Bu savdoda hech qanday tovar va hech qanday mato ishtirok etmaydi. Bu savdo turi ham insonlarning  savdo-sotiq, oldi-berdi muomalalariga ehtiyoji bo‘lgani  sababli fuqaholar ittifoqi bilan joiz deb topilgan. Bu savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar “sarroflar” deb atalgan.

Mollarni, tovarlarni pul evaziga sotish – ular tarozida tortiladigan, uzunlikda o‘lchanadigan bo‘lishi ham mumkin. Savdoning bu turi muomalada keng tarqalgan bo‘lib, barcha asrlarda bu savdodan foydalanib kelganlar.

Savdoning yana bir turi bor. Unda naqd pulga kelajakda tayyor bo‘ladigan tovar sotib olinadi. Bu savdo turi “salam savdosi” yoki “salaf savdosi” deb ataladi. Masalan, dehqondan bug‘doy, arpa, paxta sotib olish. Bu savdoda pul oldindan naqd to‘lab qo‘yiladi, tovar esa kelajakda hosil yig‘im-terimi vaqtida topshiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelgan vaqtlarida insonlar xurmoga ikki yil-uch yil oldindan pul to‘lab qo‘yar edilar. Shunda Rasululloh: “Kimki biror narsaga pul to‘lab qo‘ymoqchi bo‘lsa, miqdorini, vaznini va vaqtini belgilab qo‘ysin”, dedilar[1].

“G‘iyos ul-lug‘ot”da salam savdosi shartlari haqida bunday deyiladi: “Salam- bay’ navlaridan bo‘lib, bir narsa tayyor bo‘lishidan oldin uning bahosini berishdir, u narsa shar’iy yetti shart asosida bo‘ladi:

birinchi, mahsulotning jinsi, chunonchi, bug‘doy yoki arpa yoki no‘xat;

ikkinchi, mahsulotning navi, chunonchi, qizil yoki oq;

uchinchi, miqdori, chunonchi, bir man yoki ikki man;

to‘rtinchi, vasfi (sifati), chunonchi, birinchi qismi yoki ikkinchi qismi, sug‘orilgan yoki sug‘orilmagan (lalmi), tarkibi tozalangan yoki tozalanmagan;

beshinchi, muhlati, ya’ni va’da vaqti, masalan, yigirma kun yoki bir oy;

oltinchi, mahsulotni topshirish joyi, ya’ni muqarrar qilingan jinsni yetkazib berish makoni;

yettinchi, ra’sul-mol, ya’ni mablag‘ni tayin qilish, masalan, o‘n rupiya yoki yigirma rupiya”.[2]

Hanafiy mazhabining fikriga ko‘ra, mavjud bo‘lmagan narsaning savdosi botildir (bekordir)[3]. Masalan, bir daraxtning hech ham ko‘rilmagan mevasini sotishga yo‘l qo‘yilmaydi. Qo‘lga berishning (topshirish) imkoniyati bo‘lmagan narsani sotishlik mumkin emas. Masalan, daryoda yotgan va chiqarish mumkin bo‘lmagan qayiqni va tutib olinmagan baliqning va havodagi qushning savdosi man’ qilingan. Elda mol (tovar) hisob qilinmaydigan, baholanishi mumkin bo‘lmaydigan molning savdosi taqiqlangan. Islomda qiymatga ega bo‘lmagan mol evaziga sotib olish, shuningdek, mavhum narsaning savdosi islomda fosid ish deb baholanadi, (buzilgan savdo nazarda tutilyapti). Masalan, sotuvchi oluvchiga “mulkimdagi barcha narsani senga shuncha so‘mga sotaman” desa, oluvchi “olaman” desa va lekin u narsalar oluvchiga ma’lum bo‘lmasa, savdo fosid hisoblanadi.

Bugungi kunda yurtimizda huquqiy demokratik davlat qurish, fuqarolik jamiyati barpo etish jarayoni davom etmokda. Bunday sharoitda xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat, diniy bag‘rikenglik va ajdodlar merosiga sodiqlik ruhida tarbiyalash katta ahamiyat kasb etadi, albatta. Bu maqsadga erishishda, buyuk ajdodlarimiz, jumladan, islom huquqshunoslari allomalari asarlarida ko‘tarilgan umuminsoniy g‘oyalar, qadimiy milliy va diniy an’analar, huquqiy me’yorlarni o‘rganish, zarur o‘rinlarda ularni hayotga tatbiq etishni bilish g‘oyat muhimdir. 

M.ERKAYEV,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim  yurti o‘quv  ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari

 

 

[1] Muhammad Ali as-Sobuniy, “Alfiqhu-shar’iy al-muyassar fi zu’il-kitab va as-sunna”, maktabatul-asriyya, 2008y.

[2] Muhammad G‘iyosuddin Rompuriy-Mustafoobodiy. “G‘iyosul-lug‘ot”, birinchi kitob, 433-bet

[3]  Burhoniddin Marg‘inoniy. «Hidoya» (arab tilida).Qozon.1904.y.3.j. savdo kitobi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

EZGULIK, BAG‘RIKЕNGLIK VA MЕHR-OQIBAT BAYRAMI

06.06.2025   7640   4 min.
EZGULIK, BAG‘RIKЕNGLIK VA MЕHR-OQIBAT BAYRAMI

Munosabat

 

Avvalo, barcha yurtdoshlarimizni xursandchilik ayyomi – Qurbon hayiti bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Mamlakatimizda Qurbon hayiti nafaqat diniy, balki umummilliy bayram sifatida ham keng nishonlanadi. Zero, ushbu kunda yurtdoshlarimiz bir-birini hayit bilan samimiy tabriklab, o‘zaro sovg‘alar ulashadi, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yolg‘iz keksalar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olinib, xayriya ishlari amalga oshiriladi.

Shu ma’noda, ushbu qutlug‘ bayram insonparvarlik va bag‘rikenglik ramzi bo‘lish bilan birga, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlik kabi fazilatlarni ham o‘zida mujassam etadi.

Yurtimizda hayit bayramini munosib kutib olish va o‘tkazish, shuningdek, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning ko‘p asrlik an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun barcha zarur tayyorgarliklar ko‘riladi, mamlakatimizning barcha hududlarida tom ma’noda bayram shukuhi hukm suradi.

Kezi kelganda yurtimizda “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oya asosida barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham katta islohotlar amalga oshirilayotgani, normativ-huquqiy hujjatlar takomillashtirilib, soha faoliyati samaradorligi yangi bosqichga chiqarilayotganini alohida qayd etish lozim.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oxirgi yillarda yurtimizning har bir go‘shasidagi ulkan bunyodkorlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Xususan, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi binosi qurilishi yakuniga yetib bormoqda, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi qad rostlamoqda.

Yaqinda Prezidentimiz ushbu majmuaga tashrif buyurib, u yerdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, zarur ko‘rsatmalar berdi. Zero, bu  davlatimiz rahbarining uzoqni ko‘ra bilishi, ulug‘ ajdodlarga yuksak ehtiromining yorqin ifodasidir.

E’tiborga sazovor jihatlardan yana biri shuki, Prezidentimiz qo‘ng‘iroq qilib, hojilarimiz uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘radi. Bundan hojilarimiz behad mamnun bo‘ldi, e’tibor va ehtiromdan xursand bo‘lgan ziyoratchilarimiz ko‘zlarida yosh bilan duo qildilar.

Arafot maydonida, duolar mustajob bo‘ladigan ayni onlarda Prezidentimizning Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan tabrigini katta hayajon bilan eshitdik. Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik so‘rab, duolar qildik.

Ayniqsa, tabrikda hojilarimiz alohida eslab o‘tilgani ziyoratchilarimizni cheksiz quvontirdi.

Barcha yurtdoshlarimiz qatori hojilarimiz ham ushbu tabrikdagi olijanob g‘oya va tashabbuslarga befarq emasligini izhor qildi.

Tabrikdagi “Inson qadri uchun, inson baxti uchun!” degan olijanob g‘oya barcha jabhalardagi islohotlarning asosi ekanini alohida e’tirof etish va hojilarimizning tashabbuslari ham ushbu g‘oyaga hamohang ekanini qayd etish lozim.

Bu Arafot maydonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga hojilarimizning murojaatida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mazkur murojaatda hojilarimiz yurtga qaytgach, “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” degan ezgu tashabbusni bir ovozdan ilgari surib, Uchinchi Renessans yaratuvchilarini tarbiyalashda Prezidentimizga ko‘makchi bo‘lamiz, deb va’da berdi.

Shuningdek, Vatanimiz taraqqiyotiga xolis xizmat qilish, mahallalarda tinchlik va birdamlikni mustahkamlash, tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetish, xalqimizni ma’nan yuksaltirish, jamiyatdagi islohotlarga daxldorlik hissini oshirish kabilarni targ‘ib etish borasida faol bo‘lishni aytib o‘tdi.

O‘z navbatida, hojilarimiz kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbirlar va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, mahallalardagi notinch oilalar, shu jumladan, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, hududlardagi maktablarning ta’mirga muhtoj qismini joriy ta’mirlash ishlariga ko‘maklashish, xayriya, mehr-muruvvat va yordam ko‘rsatish ishlarini ko‘paytirish kabi tashabbuslarni qat’iy amalga oshirishga ahd qildi.

Aziz yurtdoshlar! Shubhasiz, ushbu shukuhli kunlar tom ma’noda barchamiz uchun katta bayram, xursandchilik onlaridir. Mo‘tabar manbalarda saodatli damlarni shodu xurramlik bilan o‘tkazish bo‘yicha ko‘p tavsiyalar kelgan. Ulamolarimiz: “Hayit kunlari shodlikni izhor qilish dinning shiorlaridan”, deyishadi. Demak, Qurbon hayiti kunlarida quvonchimizni, saxovatimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq namoyon qilishimiz lozim. Ayniqsa, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatishga shoshilishimiz lozim.

Ushbu fazilatli kunlarda muborak manzillarda turib, ona Vatanimizga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovon hayot, farzandlarimizga baxtu saodat so‘rab, duolar qilmoqdamiz!

Qurbon hayitingiz muborak bo‘lsin!

Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy