4 may kuni Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahriga jo‘nab ketgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakillari shu kuni Sankt-Peterburg va Shimoli-g‘arbiy mintaqa musulmonlari idorasi raisi, muftiy Ravil Pancheyev bilan uchrashdi.
Uchrashuvda R.Pancheyev O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston musulmonlari idorasi haqida iliq gaplar aytdi. Ayniqsa, diniy ekstremizga qarshi kurashish borasida o‘zbekistonlik imomlar ishi e’tiborga loyiq ekanini ta’kidlab, mazkur delegatsiyani taklif qilishdan maqsad ular bilan tajriba almashish ekanini ma’lum qildi. R.Pancheyev ushbu tashrifning ahamiyatiga to‘xtalar ekan, uning, ayniqsa, Sankt-Peterburgda yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun zarurligi, ularga o‘z ona tillarida ma’ruza qilish, ularni turli buzg‘unchi oqimlar ta’siridan saqlashga xizmat qiladi, dedi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov O‘zbekiston musulmonlari idorasi nomidan Sankt-Peterburg musulmonlari idorasiga va muftiy hazratlariga taklif uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi har qanday buzg‘unchi guruhlarga qarshi kurashishda hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. I.Inomov uchrashuv so‘ngida R.Pancheyevga diniy idora tomonidan nashr etilgan yangi nashrlardan namunalar taqdim etdi.
Uchrashuvda Rossiya OAV muxbirlari ham ishtirok etib, yig‘ilish tafsilotlarini davriy nashrlar va internet sahifalarida yoritdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Xalqaro aloqalar bo‘limi
MUSLIM.UZ
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati