Xotira – muqaddas va aziz tuyg‘u. Xotirlash bu har bir insonning yaqinlarini qadrlash, bu olamdan o‘tib ketgan insonlarni eslash va ularning xaqqiga duo qilishdir. Xalqimizda “qadr etgan qadr topadi”, degan naql bor. Haqiqatdan ham, inson o‘zgalarga samimiyatda bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘rsatsa, o‘zi ham atrofdagilarning shunday munosabatiga sazovor bo‘ladi. Vatan ravnaqi, xalq osoyishtaligi uchun xizmat qilgan el fidoyilari esa ezgu amallari sabab umrbod kishilar yodidan o‘chmaydilar. Nomlari hamisha e’zoz bilan tilga olinib, xotiralari mangulikka muhrlanadi.
Yurtimizda har yili “9 may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan ushbu osoyishta kunlarga yetib kelishimizda mehnatini ayamagan, tinch va osuda hayot uchun jonini berishga ham tayyor bo‘lgan insonlar xotirlanadi, avlodlarga ibrat sifatida yodga olinadi. Shu bilan birga, bugungi ozod va farovon kunlarga yetib kelishimizda o‘z hissalarini qo‘shgan nuroniy siymolarimiz ziyorat qilinib, ularning o‘tmish xotiralaridan tinglanadi.
Xotira nafaqat jang maydonlarida qurbon bo‘lganlarni xotirlash, balki front ortida fidokorona mehnat qilgan tabarruk yoshdagi otalarimiz va onalarimizga ham cheksiz izzat va ehtirom ko‘rsatish ayyomidir. Shuningdek, ona Vatanimizning taraqqiyotiga munosib ulushlar qo‘shgan barcha faxriylarimizni e’zozlash, qadrlash bayramidir.
Respublikamiz birinchi Prezidentining shunday purma’no so‘zlari bor: “Xotira nafaqat o‘tmishni unutmaslik, balki bugungi hayotimizning qadriga yetish, ertangi kunni to‘g‘ri tasavvur etish, demakdir. Xotira insonni kelajakka ochiq ko‘z bilan qarashga o‘rgatadi. Shu bois, bugungi yoshlar otalarimizning yurtimiz erki va ozodligi, millatimiz ravnaqi yo‘lida chekkan zahmatlari, ko‘rsatgan jasoratlarini unutmasligi darkor. Qadrlash esa, xonadonlarimizga fayz–baraka bag‘ishlab, qilayotgan ezgu ishlarimizga oq fotiha tilab o‘tirgan qariyalarimizning hurmatini joyiga qo‘yishdir. Zero, mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizni hayotligida qadrlash barchamizning muqaddas burchimizdir”.
Rasululloh sollalohu alayhi va sallam: “Dunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar” – deydilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Avvalo, marhum va marhumalarning yaxshi sifatlar va xayrli amallari eslansa, u joyga baraka nozil bo‘ladi. Sufyon ibn Uyaayna r.a. “Solih kishilar eslangan vaqtda Alloh taoloning rahmati tushadi” – deydi.
Yana marhum va marhumalarning yaxshi sifatlar va xayrli amallari eslansa, insonlarda bunday xayrli amallar qilish istagi ortadi. Insonda yaxshilikka harakat qilishga muhabbat hosil bo‘ladi.
Albatta, marhumlarni eslash bilan ularning haqqiga Alloh taolodan rahmat va mag‘firat so‘raladi. Farzand va har bir inson ota – onasini va boshqa qadrdon marhumlarni doimo yaxshi sifatlar bilan eslash uning zimasidagi burchidir.
Ta’kidlash lozimki, o‘tgan ajdodlarimizni hamisha xotirlab, bizlarga qoldirib ketgan boy madaniy–ma’rifiy meroslarini o‘rganib, ularni hozirgi hayotimizga tatbiq etishimiz hozirgi davr talabidir.
Xotirasi insonlar qalbida muqaddas saqlanadigan odam, o‘limidan keyin ham barhayot bo‘lib qolish uchun zarur ishni qilib qo‘ygan odamdir, deyishadi. Xotira muqaddas deb shuni aytsalar kerak.
Shukrki, ona diyorimiz dorilomon kunlarga yetib keldi. Osmonimiz musaffo, hurriyat va erk shabadalari esmoqda. Xonadonlarimizda onalarning allalari, farzandlarning shodon kulgusi, keksalarimizning duoyu tilaklari yangrab turibdi. Yoshlarimizga o‘zlari xohlagan ilmlarni va kasb-hunarlarni egallashlariga keng imkoniyatlar yaratib berilgan. Insonga bundan ortiq yana nima kerak?
Endi bizlar ustozlarimiz, bobolarimiz ta’kidlaganlaridek, ota-bobolardan meros mana shu tabarruk tuproqni ko‘z qorachig‘imizdek asramog‘imiz, tinchlik ne’mati hech qachon osonlik bilan qo‘lga kiritilmasligini, uning ortida qanchadan qancha jasur insonlarning zahmati borligini unutmasligimiz, Vatan, xalq manfaatini har narsadan ustun qo‘yib, porloq kelajagi uchun astoydil harakat qilishimiz, shu zamin va ajdodlarimizga munosib bo‘lishimiz zarur.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.