Har bir balog‘atga yetgan aqli raso musulmon uchun dastlab sog‘lom aqidani o‘rganishi farz bo‘ladi. Shuningdek Islomni qabul qilgan kishiga ham amaliy hukmlarni o‘rgatishdan oldin sog‘lom aqida hukmlari o‘rgatiladi. Bunga Imom Muslim rivoyat qilgan quyidagi hadis dalildir. Payg‘ambarimiz sollalllohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida shunday deganlar:
إِنَّكَ تَقْدَمُ عَلَى قَوْمٍ أَهْلِ كِتَابٍ فَلْيَكُنْ أَوَّل مَا تَدْعُوهُمْ إِلَيْهِ عِبَادَة اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ فَإِذَا عَرَفُوا اللَّهَ فَأَخْبِرْهُمْ أَنَّ اللَّهَ فَرَضَ عَلَيْهِمْ خَمْسَ صَلَوَاتٍ فِى يَوْمِهِمْ وَلَيْلَتِهِمْ
“Siz ahli kitob bo‘lgan qavmga borayapsiz, ularni avval chaqiradigan narsangiz Alloh azza va jallaga ibodat qilish bo‘lsin. Qachon Allohni tanisalar Alloh ularga bir kecha kunduzda besh vaqt namoz farz qilganini xabar bering”.
Ha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu hadislarida musulmon kishining eng avval to‘g‘ri aqidani o‘rganishi lozimligini xabar berganlar.
Sog‘lom aqida Islom dinining asosi bo‘lgani uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam payg‘ambar etib yuborilganlaridan so‘ng deyarli o‘n uch yil davomida u zotga asosan aqidaga taalluqli hukmlar vahiy qilingan.
Ulamolar “Sog‘lom aqidani qisqacha qilib Alloh taologa, farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga, oxirat kuniga, qadarning yaxshisi ham yomoni ham Allohdan ekaniga va o‘lgandan so‘ng qayta tirilishga iymon keltirishdir”, deb tushunish mumkin, deganlar.
Mazkur yettita narsaga qat’iy ravishda ishonish sog‘lom aqidaning asoslari bo‘lib, iymon keltirish lozim bo‘lgan barcha narsalar mazkur asoslardan kelib chiqadi.
Bayon qilingan ushbu aqida, turli zamonlar va makonlar tufayli o‘zgarmagan, yuborilgan barcha payg‘ambarlarda farqlanmagan yagona qat’iy e’tiqoddir.
Sog‘lom aqidaning avvali Alloh taoloning borligiga, birligiga va komil sifatlar bilan sifatlanganiga iymon keltirish hisoblanadi. Musulmon kishi nomusulmon kishidan “Ashhadu an la ilaha illalloh” (Allohdan o‘zga ma’bud yo‘qligiga guvohlik beraman) deb shahodat kalimalarini aytishi va ularning taqozosiga ko‘ra hayot kechirishi bilan ajralib turadi. Ushbu guvohlik berish musulmonlikning asosi hisoblanib, musulmon kishining hamma qarashlari mazkur asos ustiga quriladi.
Shunga ko‘ra sog‘lom aqida mo‘minning hayotida mislsiz ahamiyatga egadir:
Demak dunyoda baxtli hayot kechirib oxiratda jannatga kirishni xohlagan inson albatta sog‘lom aqidani o‘rganishi va uning taqozosiga ko‘ra yashashi lozimdir.
Alloh taolo barchalarimizni dunyo va oxirat saodatiga muvaffaq qilsin.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Abdulqodir Abdur Rahim
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.