Qulupnay mevasi saraton kasalligini davolashda yordam beradi.
Mutaxassis olimlar tadqiqotlari kuniga bir piyola qulupnay iste’mol qilish saraton xastaligining oldini oluvchi vosita ekanligini aniqlashdi. Bu meva hatto mazkur kasallikka chalinib ulgurgan kishilar uchun ham foydalidir.
Klinik tadqiqotlar natijalari kuniga 15 dona qulupnay mevasini iste’mol qilib yurish saraton xavfli kasalligidan himoya qilishini isbotladi.
Olimlar o‘tkazgan tadqiqotlari bu xavfli kasallikni orttirib olganlarda ham sinab ko‘rildi.
Besh hafta o‘tgach, bu xastalik shishlari tarqalishi va o‘sishi to‘xtab, hatto ular kichraygani ma’lum bo‘ldi.
Italiyaning Marche Polytechnic University olimlari qator tadqiqotlari davomida (xususan, ayollar ko‘krak saratoni) shishlarning sezilarli kichrayganini qayd etishdi.
Avvalgi o‘tkazilgan tadqiqotlar kuniga 10-15 dona qulupnay iste’mol qilish qon tarkibidagi xolesterin miqdorini pasaytirishi hisobiga salomatlikni mustahkamlashini isbotladi.
Qulupnayda o‘simlikning fenol komponentlari ijobiy ta’sir ko‘rsatishga asos bo‘ladi.
Tajriba qulupnay mevasidan organizmda ajraladigan sharbat ta’sirida saraton hujayralari biologik o‘sish va tarqalish jarayoniga chek qo‘yishini ko‘rsatdi.
Bu meva iste’mol qilinganida kishida kasallikning kuchayishiga sabab bo‘luvchi bir qancha genlar faolligi susaygan.
Qulupnay iste’mol qilish hammaga ham birdek to‘g‘ri kelavermaydi. Bu birinchi navbatda oshqozon ichak tizimi faoliyatida xastaligi bor kishilarga, xususan, gastrit, oshqozon yarasi bor kishilarga taalluqlidir. Qulupnay mevasida mavjud bo‘lgan katta miqdordagi meva kislotalari mazkur kasalliklar xurujiga sabab bo‘lib qolishi mumkin.
Pishiqchilik mavsumidan oldinroq mevani bozor rastalariga olib chiqish va katta foyda-daromad orttirish maqsadida ayrim qulupnay yetishtiruvchilar inson salomatligi uchun xavfsiz bo‘lmagan agrotexnik usullar va vositalar (nitrat va gormonlar)ni qo‘llaydilar. Shuning uchun bozor rastalariga tabiiy pishiqchilik mavsumidan oldin barvaqt sotuvga chiqarilgan mevalar inson salomatligi uchun xavf-xatar manbai bo‘lib xizmat qiladi. Eng yaxshisi qulupnayni tabiiy pishiqchilik mavsumida o‘zi yetilib pishganida xarid qilib iste’mol qilish salomatlik uchun foydalidir.
Jaloliddin Nuriddinov
Abu Bakr roziyallohu anhuning muhabbati
Buyuk sahobiy Abu Bakr roziyallohu anhu bunday deydilar: “Biz hijratda edik. Men juda chanqab turgan edim. Ozgina sut olib kelib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga uzatdim va: “Yo Allohning Rasuli, ichib oling”, dedim. Rasululloh ichdilar-u, mening chanqog‘im qondi”.
Bu gaplar aynan haqiqat. Abu Bakr roziyallohu anhu chin dildan shunday dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichdilar va Abu Bakr roziyallohu anhuning chanqoqlari qondi. Bu muhabbatning go‘zalligini his qila olyapsizmi? Bu o‘zgacha, xos bir muhabbatdir...
Savbon roziyallohu anhuning muhabbati
Payg‘ambar alayhissalom dastyorlari Savbon roziyallohu anhuning oldida kun davomida bo‘lmadilar. Nabiy alayhissalom qaytib kelganlarida Savbon roziyallohu anhu u zotga qarab: “Ey Allohning Rasuli, meni yolg‘iz tashlab ketdingiz”, dedi-da, yig‘lab yubordi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Shunga yig‘layapsanmi?” – dedilar. Savbon roziyallohu anhu: “Yo‘q, Rasululloh! Lekin jannatda sizning va o‘zimning martabamni yodga olib qo‘rqib ketdim. Alloh taoloning mana bu oyati esimga tushdi: «Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, ana o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni, payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular esa eng yaxshi hamrohlardir»[1]. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xursand bo‘laver! Sen ham o‘zing muhabbat qo‘yganlar bilan birgasan”, dedilar.
Savod ibn G‘oziyyaning muhabbati
Savod ibn G‘oziyya Uhud g‘azoti kunida qo‘shinning markazida turardi. Nabiy alayhissalom qo‘shinga qarata: “Saflarni rostlanglar, to‘g‘ri turinglar!” – dedilar. Qarab borar ekanlar Nabiy alayhissalom Savod roziyallohu anhuning to‘g‘ri turmaganini ko‘rib: “Rostlangin, ey Savod!” – dedilar. Sahobiy: “Xo‘p”, dedi-yu, biroq to‘g‘irlanmasdan turaverdi. Payg‘ambar alayhissalom u tomonga yaqinlashib, qo‘llaridagi misvoklari bilan sahobiyning biqiniga niqtab: “Savod, to‘g‘ri turgin!” – dedilar. Savod: “Og‘rittingiz, Rasululloh! Alloh taolo sizni haq ila yuborgan bo‘lsa, endi men sizdan o‘ch olishim uchun imkon bering”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom qorinlarini ochib: “Qasosingni olvol, Savod”, dedilar. Savod roziyallohu anhu egilib qorinlarini o‘pa boshladi va: “Yo Allohning Rasuli, bugun shahidlik kunidir, shuning uchun ham oxirgi onlarimda tanam sizning muborak tanangizga tegib qolishini xohladim”, dedi.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Minbar yasalmasidan avval Nabiy sollallohu alayhi vasallam xurmoning tanasiga suyanib xutba qilar edilar. Bir muddat o‘tib, minbar joylashtirilganidan so‘ng Nabiy sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar. Shunda o‘sha xurmo tanasidan (yosh boladay) o‘ksik ovoz chiqdi. Uni, hatto biz ham eshitdik. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam keldilar-da, unga qo‘llarini tekkizdilar. Zum o‘tmay u tinchib qoldi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Niso surasi, 69-oyat.