بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Yurtimizda an’anaviy nishonlanadigan alohida e’tibor qaratiladigan kunlardan biri “Xotira va qadrlash kuni”dir. Bu kunda biz o‘tmishda o‘tgan ajdodlarimiz, xususan Vatan ozodligi va xalqimizning farovonligi yo‘lida jonlarini fido qilib, bugungi kunda olamdan o‘tib ketgan barcha fidoyi yurtdoshlarimizni yodga olamiz. Biz o‘tganlarni maxsus bir kunda, ayni 9 mayda xotiralashimiz ramziy ma’noda bo‘lib, aslida har doim, har lahzada ularni eslab duolar qilamiz, ularning hayot yo‘llarini o‘rganib, ulardan namunalar olamiz. Shuningdek, kelajak avlod bo‘lmish farzandlarimizga ham o‘tgan ajdodlarmizning hayoti biz uchun ulkan namuna ekanini uqtirib kelamiz. Ularning yaxshiliklarini hamisha, har doim yodda tutamiz, zero, “O‘tmishsiz kelajak yo‘q” deb bejizga aytilmagan.
Dinimizda o‘tganlarni eslash, ularga duoyi-xayrlar qilish ibodat hisobalanadi. Shu bilan birga bu amal hayot yurgan kishilarning zimmasidagi burch bo‘lib, dunyodan o‘tib ketganlarning haqqidir. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
(سورة الحشر/10)
ya’ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan”!(Hashr surasi, 10-oyat)
Demak, imonda o‘tgan zotlar haqqiga istig‘for aytmog‘imiz imonimiz taqozasidagi amaldir. Shuningdek, o‘tib ketgan kishilar ortlarida qolgan qarindosh va yaqinlari kabi hayot yurganlarning duolaridan umidvor bo‘lishlari haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan hadisi shariflar vorid bo‘lgan. U zot bu holatni yanada tushunarli bo‘lishi uchun misol tariqasida quyidagicha marhamat qilganlar:
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَبَّاسٍ رضي اللّه عنهما قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَا الْمَيِّتُ فِي الْقَبْرِ إِلَّا كَالْغَرِيقِ الْمُتَغَوِّثِ، يَنْتَظِرُ دَعْوَةً تَلْحَقُهُ مِنْ أَبٍ أَوْ أُمٍّ أَوْ أَخٍ أَوْ صَدِيقٍ، فَإِذَا لَحِقَتْهُ كَانَتْ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنَ الدُّنْيَا وَمَا فِيهَا، وَإِنَّ اللهَ عَزَّ وَجَلَّ لَيُدْخِلُ عَلَى أَهْلِ الْقُبُورِ مِنْ دُعَاءِ أَهْلِ الْأَرْضِ أَمْثَالَ الْجِبَالِ، وَإِنَّ هَدِيَّةَ الْأَحْيَاءِ إِلَى الْأَمْوَاتِ الِاسْتِغْفَارُ لَهُمْ".
رواه البيهقي في شعب الإيمان
Ya’ni, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qabrdagi mayyit xuddi suvga cho‘kayotib, yordamga chaqirayotgan kishiga o‘xshaydi. Otasidan yoki onasidan yo inisidan yo do‘stidan duo kelishiga intizor bo‘ladi. Agar unga duo yetib borsa, duo uning uchun dunyo va undagi narsalardan ko‘ra mahbubroq bo‘ladi. Albatta, Alloh taolo qabr ahliga Yer yuzidagilarning duolarini tog‘larning misolida kiritadi. Tiriklarning mayyitlarga hadyalari ular uchun istig‘for aytmoqlikdir”, dedilar”.(Bayhaqiy rivoyati)
Muhtaram jamoat! Vafot etgan kishilar Vatan ozodligi va uning taraqqiyoti uchun jon fido qilgan zotlar bo‘lishsa, yoki ota-onamiz yo bizning tarbiyamizga mashg‘ul bo‘lgan ustozlar bo‘lishsa, ularni eslab duo qilishimiz yanada munosibdir. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan:
وَقُلْ رَبِّ ارْحَمْهُمَا كَمَا رَبَّيَانِي صَغِيرًا
Ya’ni, “Ey, Rabbim! meni (ular) go‘daklik chog‘imda tarbiyalaganlaridek, sen ham ularga rahm qilgin", - deb ayt!”(Isro surasi, 24-oyat)
Sufyon rahmatullohi alayhdan so‘radilar: “Inson o‘z ota-onasini qancha marta duo qiladi, har kunimi, har oydami, yoki har yildami?”. Shunda u: “Ularni tashahhudning oxirida duo qilsin deb o‘ylayman”, dedilar.
Ya’ni, duolar ijobat bo‘ladigan paytda duo qilishning ta’limini berdilar. Shunday ekan, farzand duolar ijobat bo‘ladigan paytlarda eng avvalo ota-onalarining haqqiga duo qilib olishi lozim bo‘ladi.
Hayot yurgan kishilar ibodatda bo‘lib, solih amallar qilishsa, vafot etgan ularning yaqinlari xursand bo‘lishadi. Bu haqda hadisi sharifda shunday deyilgan:
حَدَّثَنَا عَبْدُ الرَّزَّاقِ حَدَّثَنَا سُفْيَانُ عَمَّنْ سَمِعَ أَنَسَ بْنَ مَالِكٍ يَقُولُ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِنَّ أَعْمَالَكُمْ تُعْرَضُ عَلَى أَقَارِبِكُمْ وَعَشَائِرِكُمْ مِنْ الْأَمْوَاتِ فَإِنْ كَانَ خَيْرًا اسْتَبْشَرُوا بِهِ وَإِنْ كَانَ غَيْرَ ذَلِكَ قَالُوا اللَّهُمَّ لَا تُمِتْهُمْ حَتَّى تَهْدِيَهُمْ كَمَا هَدَيْتَنَا.
رواه أَحْمَدُ
Ya’ni, Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda quyidagicha kelgan:“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta amallaringiz o‘tib ketgan yaqinlaringiz va qarindoshlaringizga namoyish qilib turiladi. Agar (amallaringiz) yaxshi bo‘lsa, ular undan xursand bo‘lishadi. Agar undan boshqacha bo‘lsa, ular: “Allohim, bizni hidoyat qilganing kabi ularni ham hidoyat qilmacdan jonlarini olmagin”, deyishadi”, dedilar. (Imom Ahmad rivoyat qilgan)
Muhtaram jamoat! O‘tganlarga nisbatan zimmamizdagi burchlarimizdan yana biri ularni doimo yaxshi sifatlar bilan eslab turishimizdir. Bu haqda Rasululloh sollalohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar:
عن ابن عمر رضي اللّه عنهما أن رسول اللّه صلى اللّه عليه وسلم قال: اذْكُرُوا مَحَاسِنَ مَوْتاكُمْ وكُفُّوا عَنْ مَساوِيهِمْ.
رواه أبو داود والترمذي
Ya’ni, Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘tganlaringizning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar”, dedilar”.(Imom Abu Dovud va Termiziy rivoyatqilgan).
O‘tganlarning yaxshi amallarini eslash avvalo ularning ruhlarini shod qilsa, qolaversa, yaxshi sifatlar, xayrli amallar, solih kishilar eslansa, u joyga barakalar yog‘ilib turadi.
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Solihlar zikr qilingan joyga rahmat yog‘iladi”, degan. Chunki bunda xayrli ishga targ‘ib bo‘ladi, solih kishilardan namuna olishga rag‘bat ortadi hamda insonlarda yaxshilikka harakat qilish muhabbati hosil bo‘ladi. Demak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar, yurtmizdan o‘tgan allomalar, Vatan uchun jonini fido qilib o‘tgan jasur qahramonlar va shular kabi solih kishilar va ularning qilib o‘tgan ishlari ko‘proq eslansa, yaxshiroq va maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Muhtaram jamoat! O‘tganlarni eslashimiz ular haqidagi bizlarning guvohligimiz hisoblanadi. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عن أنسٍ رضي الله عنه قال: مَرُّوا بِجَنَازَةٍ فَأَثْنَوْا عَلَيْهَا خَيْراً فَقَالَ النبيُّ صلى الله عليه وسلم: «وَجَبَتْ». ثُمَّ مَرُّوا بِأُخْرَى، فَأثْنَوْا عَلَيْهَا شَرّاً، فَقَالَ النبي صلى الله عليه وسلم: «وَجَبَتْ». فَقَالَ عمر بن الخطاب رضي الله عنه: مَا وَجَبَت؟ فَقَالَ: «هَذَا أثْنَيْتُمْ عَلَيْهِ خَيْراً، فَوَجَبتْ لَهُ الجَنَّةُ، وهَذَا أثْنَيْتُمْ عَلَيْهِ شَرّاً، فَوَجَبَتْ لَهُ النَّار، أنْتُمْ شُهَدَاءُ اللهِ في الأَرضِ»
متفقٌ عَلَيْهِ
Ya’ni, Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Tobut olib o‘tishdi. (Odamlar) mayyitni yaxshilik bilan sifatlab maqtadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “vojib bo‘ldi”, dedilar. So‘ngra boshqa tobutni olib o‘tishdi. (Odamlar) uni yomonlik bilan sifatlashdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “vojib bo‘ldi”, dedilar. Umar roziyallohu anhu: “nima vojib bo‘ldi?”, deb so‘radi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Bunisini yaxshilik bilan maqtagan edingiz, unga jannat vojib bo‘ldi. Bunisini esa yomonlik bilan sifatlagan edingiz, unga do‘zax vojib bo‘ldi. Sizlar Allohning yer yuzidagi guvohlarisizlar”, dedilar”. (Muttafaqun alayh).
Muhtaram jamoat, Mustaqillik yillarida 9 may kunini Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanib kelinishi, hech shubhasiz, yurtimizda tarixiy xotirani tiklash yo‘lida hayotning o‘zi taqozo etgan yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Xotira va qadrlash kuni insonning qalb torlarini cherta olishi bilan hayotni yanada shirinroq qiladigan, odamlarni elu yurtni ko‘proq sevishga undaydigan, olamda mehr-muruvvat, hurmat-e’tibor, qadr-oqibat urug‘lari ko‘proq sochilishiga hissa qo‘shadigan bayramlardandir. Bugungi kunda Xotira va qadrlash kuni chinakam milliy-umumxalq bayramiga aylandi. Shu kuni ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirlanadi, front ortida fidokorona mehnat qilgan va urushdan omon qaytganlar qadrlanadi.
Har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida davlatimiz tomonidan urush qatnashchilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularni rag‘batlantirish to‘g‘risida Farmon qabul qilinadi. Bu yil ham safimizda yurgan mingdan ziyodroq faxriylarga munosib hurmat ko‘rsatildi. Gap faqat moddiy rag‘batda emas. Asosiysi, e’tibor va qadrlashdadir.
Urush dahshatlariga guvoh bo‘lgan kishilarga e’tibor bersangiz, ular qo‘llarini duoga ochganlarida yurt tinchligiga ko‘z tegmasin deb, shunday dorilomon kunlarga yetib kelganliklariga shukronalik keltiradilar, ayni paytda, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning hamjihatligi eng katta boyligimiz ekanini, bunday osuda hayot, dorilomon kunlar qadriga yetishni, uni asrab-avaylash zarurligini ta’kidlaydilar.
Darhaqiqat, yurtimizda bo‘layotgan bunyodkorlik, obodonchilik va kundan kunga go‘zallashib borayotgan diyorimiz jamolidan, bugungi yangilanishlardan kishining ko‘zi quvonadi, dili yayraydi. Alatta, bularning barchasi eng avvalo yurtimizda xukm surayotgan tinchlik sharofatidandir.
Xotira va qadrlash degan gaplar bir kunlik bayramga bog‘lanib qolmasligi kerak. Vatan, millat, din yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasi bizlar uchun qanchalik ardoqli va muqaddas bo‘lsa, keksalik yoshiga yetgan ulug‘larimizning qadriga yetish, hurmatlarini joyiga qo‘yish ham shunchalik muhimdir.
Muhtaram azizlar! Bu kunlarda qilinadigan xayrli ishlardan biri yoshi ulug‘ kishilarning holidan xabar olishimiz, ularning qalblariga surur kiritishimizdir. Hadisi sharifda shunday deyilgan:
عن عمروبن شعيب عن أبيه عن جده رضي الله عنهم قَالَ: قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: «لَيْسَ منّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرنَا،وَيَعْرِفْ شَرَفَ كَبيرِنَا»
رواه أَبُوداودوالترمذي
Ya’ni, Amr ibn Shuayb otasidan, u bobosi roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kichigimizga rahm qilmagan va kattamizning haqqini bilmagan kimsa bizdan emasdir”, dedilar”. (Abu Dovud va Termiziy rivoyati)
Aziz namozxonlar, Alloh taolo barcha marhum ajdodlarimizni O‘zining rahmatiga olib, ularning haqlariga qilayotgan duolarimizni ijobat aylasin, hayot bo‘lgan, yoshi keksa otaxon-onaxonlarimizni qadriga yetib yuraylik, farovon hayot ato etib, o‘zining to‘g‘ri yo‘liga boshlab, ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida imom Abdulaziz «Shamsul aimma Halvoiy» yodgorlik majmuasining ochilish marosimi o‘tkazildi.
Majmuaning ochilish marosimida samarqandlik taniqli olimlar, din namoyandalari, ziyolilar va nuroniylar ishtirok etdi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi viloyat bo‘limi rahbari o‘rinbosari Xayrullo Sattorov, manbashunos olim Komilxon Kattayev so‘zga chiqib, imom Shamsul aimma hazratlarining hayoti va faoliyati, ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berdi.
Tadbirda ushbu muborak maskanni obod qilishda o‘z hissasini qo‘shgan barcha fidoyilar, usta-quruvchilar, ma’rifatli tadbirkorlarga mahalla ahli nomidan minnatdorlik bildirildi.
«Shamsul aimma» unvoni bilan shuhrat topgan Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoiy yetuk faqihlarimizdan biridir. Abu Sa’d Sam’oniy qalamiga mansub «Nasabnoma» kitobining buxorolik olimlar qismida yozilishicha, Halvoiyning otasi halvo pishirib, sotib tirikchilik qilib yurgani uchun u kishiga ota kasbi bilan nisbat berilgan.
Halvoiyning tug‘ilishi bilan bog‘liq ma’lumot biror-bir manbada kelmagani bois tug‘ilish sanasi hozircha ma’lum emas. Ota tomonidan ajdodlar silsilasi Payg‘ambarimizning jiyanlari va kuyovlari Ali ibn Abu Tolibga bog‘lanadi.
Abdulhay Laknaviyning «Favoid al-bahiyya fit-tarojima al-hanafiyya» kitobida qayd etilishicha, iroqlik ko‘pgina faqihlar unvon tanlashda kasb-hunar, qabila yoki biror joy nomiga nisbat berish bilan «Jassos» (suvoqchi), «Quduriy» (qozonchi) kabi soddagina taxalluslar olishgan.
Qoraxoniylar poytaxtini O‘zgandan Samarqandga ko‘chirgach, Halvoiy Keshga surgun qilinadi. U kishi qolgan umrini shu yerda o‘tkazadi. Abdulaziz Halvoiy taxminan 1058 yili Keshda vafot etadi. U kishining jasadi Buxoroga olib kelinib dafn qilinadi. «Men u zotning qabrlarini ziyorat qildim», deydi «Nasabnoma» asari muallifi Abu Sa’d Sam’oniy.
Chor Rusiyasi davrida Kalobod mozori buzilib, o‘rni uy-joy uchun yer maydoni sifatida ajratib berilgan. Halvoiyning qabri ham yangi bunyod etilgan uylar ichida qolgani sababli 2004 yili turbati Buxoro shahrining Samarqand ko‘chasidagi «Shoh Axsi» yodgorligiga ko‘chirildi. Shu joyda u zotning shogirdlaridan biri Bakr Zaranjariyning qabri ham bor.
Halvoiyning «Shamsul aimma» deb ulug‘lanadigan ulamo darajasiga yetishida ustozlarining xizmatlari katta bo‘lgan. Abdulhay Laknaviy Abdulaziz Halvoiyning fiqh ilmidan ustozlari silsilasi Abu Hanifaga borib yetishi haqida ma’lumot beradi. Halvoiydan Saraxsiy (1010–1093), Abul Usr Pazdaviy (1010–1089), Abul Yusr Pazdaviy (1030–1099), Bakr ibn Muhammad Zaranjariy (1035–1118) kabilar saboq olib, zamonasining yetuk faqih olimlari bo‘lib yetishishgan.
Hozirgacha olimning biror bir kitobi qo‘lyozma yoki toshbosma shaklida topilmagan bo‘lsa-da, u kishi qalamiga mansub asarlarning nomi bizga ma’lum. Abu Sa’d Sam’oniyning «Nasabnoma», Hoji Xalifa Chalabining «Kashfuz Zunun», Hofiz Abdul Qodir Qurayshiyning «al-Javohir al-Muziyya fit-tabaqot al-hanafiyya», Shamsuddin Zahabiyning «Siyaru a’lom an-nubalo» kitoblarida Halvoiyning asarlari haqida ma’lumotlar berilgan. U kishi «al-Mabsut», «an-Navodir», «Favoid», «Sharh al-adab al-Qodili Abi Yusuf», «Sharh al-adab al-Qodi lil-Xassof» kabi kitoblar yozgan.
Hanafiy mazhabi ulamolari mazhab faqihlarini salohiyati, ilmiy layoqatiga qarab yetti tabaqaga ajratadilar. Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari «Muxtasar al-viqoya»ga sharh sifatida yozgan «Kifoya» nomli kitobida Xassof, Tahoviylar bilan bir qatorda Halvoiy, Saraxsiy, Pazdaviy va Qozixonlarni uchinchi tabaqa vakillari sirasida zikr qiladi. Ushbu tabaqa vakillari mazhab sohibidan rivoyat qilinmagan masalalarda ijtihod qiladigan mujtahid faqihlar bo‘lishgan.
Allomaning fatvolari ko‘plab mo‘tabar kitoblarda, xususan, «Fatavoi Olamgiriya», «Fatavoi Qozixon», «Muhiti Saraxsiy», «Kofiy», «Zaxira» va «Jomi’ al-maboniy lil-masaili sharhi fiqhi Kaydoniy» kabi asarlarda keltirilgan.