Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Alloh taoloni ko‘rish

1.05.2017   10639   5 min.
Alloh taoloni ko‘rish

Imom Navaviy «Sahihi muslim» kitobining sharhida shunday keltiradilar: «Albatta, Ahli sunna val jamoa ulamolari Alloh taoloni ko‘rish mumkinligini ta’kidlaydilar. Shuningdek ular bu hodisaning oxiratda bo‘lishiga ham ijmo qilganlar. Alloh taoloni faqatgina mo‘minlar ko‘radilar, kofirlar emas. Bid’at ahli bo‘lgan ba’zi toifalar – mo‘tazilalar, xavorijlar va ba’zi murjialar Alloh taoloni maxluqotlaridan hech biri ko‘rmaydi, bu aqlga to‘g‘ri kelmaydigan ish deydilar. Ammo ularning bu qarashlari ochiq-oydin xato va johillikdir. Kitob va sunnatda, sahobalar va ulardan keyingi ulamolarning ijmolarida Alloh taoloni oxiratda ko‘rish sobit ekaniga dalillar yetarlichadir. Bu haqda yigirmaga yaqin sahobalar tomonidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hadislar rivoyat qilingan. Ko‘plab ahli sunna mutakallim ulamolarining adashgan toifalarga bergan javoblari ham mashhurdir. Alloh taoloni bu dunyoda ko‘rish mumkinligi ham xabarlarda kelgan. Lekin mutakallim ulamolarning jumhuri Alloh taolo dunyoda ko‘rilmasligini ta’kidlaydilar».

 

Mutakallim ulamolardan Najmiddin Umar Nasafiy rohmatullohi alayh o‘zlarining «Aqoidi Nasafiy» matnlarida bu borada shunday keltiradilar: «Alloh taoloning bandalariga ko‘rinishi aqlan joiz, naqlan vojibdir. Ha, oxirat diyorida mo‘minlarning Alloh taoloni ko‘rishlarini tasdiqlovchi sam’iy dalillar kelgandir. Bas, biror makonda bo‘lmasdan, biror muqobil tarafda bo‘lmasdan, yoki nurga chulg‘anmasdan, yoki ko‘ruvchi bilan Alloh taolo o‘rtasida masofa sobit bo‘lmasdan ko‘rinadi».

Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: «U kunda chiroyli yuzlar bor. O‘z Robbisiga nazar soluvchilar». (Qiyomat surasi 22 23-oyatlar)

Mo‘minlar Jannatga kirgach,ularga ko‘zlar ko‘rmagan va quloqlar eshitmagan son-sanoqsiz ne’matlar beriladi. O‘sha ne’matlarning eng ulug‘i Alloh taologa nazar solish hisoblanadi. Bandalar Alloh taoloni shaklsiz, idroksiz va biror timsolsiz ko‘radilar. Bu haqda So‘fi Ollohyor bobomiz o‘z baytlarida shunday keltirganlar:

Ko‘ngulda kechsa, ko‘zga tushsa har shay

Erur andin munazzah Xoliqi Hay.

Ya’ni insonning ko‘nglida Alloh taoloning qandayligi to‘g‘risida qanday fikr o‘tsa ham, uning ko‘ziga qanday ulug‘vor narsa ko‘rinsa ham Alloh taolo barchasidan boshqa bo‘lgan, oliy va buyuk Zotdir. 

Idroksiz ko‘rish deganda esa ko‘rilgan narsani tasvirlab bera olmaydigan, uning qandayligini tushuntirib bera olmaydigan hamda yodida saqlab qola olmaydigan darajada ko‘rish ma’nolari tushuniladi. Shu ma’noda mo‘minlar Alloh taoloning jamoliga shaklsiz, idroksiz va biror timsolsiz ravishda nazar tashlaydilar.

Kofirlar esa o‘sha kunda Alloh taoloni ko‘rishdan to‘siladilar. Bu haqida Qur’oni karimda quyidagicha xabar berilgan: «Yo‘q!!! Albatta, ular o‘sha kunda o‘z Robbilarini ko‘rishdan to‘silurlar» (Mutoffifin surasi 15 oyat).

Imom Shofe’iy rohmatullohi alayh: «Ushbu oyatda mo‘minlarning Alloh taoloni ko‘rishlariga dalil bor»,-deganlar.

Imom Molik rohmatullohi alayh: «Uning dushmanlari to‘silgan va Uni ko‘ra olmaganlaridan keyin, O‘zining do‘stlariga tajalliy (O‘zini namoyon) qiladiki, U Zotni ko‘radilar»,-deganlar.

Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bizlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik, u zot to‘lin oy kechasida oyga nazar soldilarda: «Sizlar yaqinda Robbilaringizni bu oyni ko‘rgandek ko‘rasizlar, Uni ko‘rishda qiynalmaysizlar, agar quyosh chiqishidan oldin va botishidan oldin namozga kuch sarflashga qodir bo‘lsalaringiz, albatta, uni ado qilinglar»,-dedilar”. (Muttafaqun alayh)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bu oyni ko‘rgandek ko‘rasizlar» deyishlari ko‘riladiganni ko‘riladiganga o‘xshatish emas, balki ko‘rishni ko‘rishga o‘xshatishdir. Alloh taoloni ko‘rishni oyni ko‘rishga o‘xshatishda ikki xil ma’no bor:

  1. To‘lin oy kechasida oyni ko‘rish to‘g‘risida hech qanday shak-shubha bo‘lmaydi.
  2. Oyni ko‘rishda ko‘ruvchilar qancha ko‘p bo‘lishlaridan qati nazar hech bir mashaqqatsiz barchalari baravar ko‘raveradilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ba’zi odamlar: «Ey Allohning Rasuli, qiyomat kuni Robbimizni ko‘ramizmi?»,- deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «To‘lin oy kechasida oyni ko‘rishda bir-biringizga ziyon-zahmat yetkizasizlarmi?»,-dedilar. Ular: «Yo‘q, ey Allohning rasuli», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Bulut yo‘q kunda quyoshni ko‘rishda bir-biringizga ziyon-zahmat yetkizasizlarmi?», dedilar. Ular: «Yo‘q», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, sizlar U Zotni ana shunday ko‘rasizlar»,-dedilar. (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilishgan)

Alloh taoloni tushda ko‘rish borasida esa quyidagi rivoyatlar kelgan. Albatta, bu ko‘rish ham oddiy ko‘z bilan emas, balki qalb ko‘zi bilan bo‘ladi:

Imom A’zam rohmatullohi alayh Alloh taoloni tushlarida yuz marta ko‘rganliklari rivoyat qilingan.

Ta’bir beruvchilarning imomi Muhammad ibn Siyrin shunday deganlar: «Kim Alloh taoloni tushida ko‘rsa, Jannatga kiradi va g‘am-tashvishlaridan xalos bo‘ladi».

Imom Ahmad rohmatullohi alayh shunday deganlar: “Alloh subhanahu va taoloni tushimda ko‘rdim va ibodatlarning eng afzali haqida so‘radim. Shunda Alloh taolo «Qur’onni tilovat qilish».- dedi”.

Rivoyat qilinganki, Hamza Qori rohmatullohi alayh tushlarida Alloh subhanahu va taoloning O‘ziga Qur’nni boshidan to oxirigacha o‘qib berganlar.

Alloh taolo barchamizga jamolini ko‘rishlik baxtini nasib etsin. Omin.

Toshkent islom instituti talabasi

Nuriddin Turg‘unboyev

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Videolar

Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanida o‘tkazilgan amaliy tadbir (videolavha)

10.01.2025   963   1 min.

 

Videolavhalar