Hozirgi kunda ko‘p kishilarni shu savol qiynamoqda. Keling, shu masalaga javobni mingdan ortiq olimlar ilmi bilan sug‘orilgan zoti sharifdan eshitsak.
Farididdin Attor hazratlari Xafifdan so‘radi:
– Bu tog‘u toshlarda adashib yurishing sababi nima?
– Hazrat, men yo‘ldan emas, qismatdan adashgan kimsaman. Aqlimni taniganimdan ilm o‘rganish ishtiyoqida o‘t bo‘lib yonaman, ammo meni bir savol qiynaydiki ilmni talab qilishim bilan uni amal qilmasdan xor qilishim meni ilmdan to‘sib, meni ikkilantiradi.
Farididdin Attor hazratlari yigitdagi soddadillikni beg‘ubor yoshligiga qiyosladi. Asli inson bolasi aqli charxlangunicha musichaday beozor, qo‘yday yuvosh, it kabi sadoqatli bo‘ladi. Keyinchalik charx g‘ildiragi uni ne-ne sinovlar, ne-ne mashaqqatlar, ne-ne g‘ofil bandalarga duch keltirmaydi deysiz. Odam umr so‘qmoqlaridan yuqorilagani sayin yaxshi fazilatlar bilan birga insonga xos qusurlarni ham o‘rganib, o‘ziga singdirib boraveradi. Vaqti kelib, aqli bilan Allohni tanigach siyratidagi gardlardan tozalanish uchun o‘zida kuch-qudrat topa oladi, shayton izmiga kirgan nodon kimsa esa hasad, g‘araz, johillik, dunyoga hirs qo‘yish kabi illatlar botqog‘iga botib, bu dunyoligi g‘am-tashvishda, u dunyoligi azob-uqubatda qoladi. Xulosa shuki, yaxshi odam bolaligidan beg‘uborligi va pokdomonligini yo‘qotmay, ehtiyot qilib asray olsa, shuning o‘zi komillikka kifoya. Biroq samimiy tuyg‘ularni jaholat va razolat to‘fonidan asrab-avaylab saqlash faqat ilmli, mard insonlarning qo‘lidan keladi, xolos. Bundan tashqari kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilmoq, ya’ni chin insoniy fazilatlarni o‘zida mujassam aylamoq asli naslining tozaligiga ham bog‘liq. Palagi toza xomak shirin qovun bo‘lib yetishadi. Arpa sepilgan yerdan hech kim bug‘doy ololmaydi. Johil ota hukmronlik qilgan oilada tarbiyalangan o‘g‘illar mehr-muhabbat tushunchalarini bag‘riga joylab ololmaydi. Nega shunday? Nega Odam alayhissalom bilan Momo Havo onamiz zurriyotlari bir xil emas. Xuddi ekin urug‘i aynigani kabi nahotki nasl ham aynisa, zalolatga yuz bursa. Aynigani shuki, Mansur Xallojni asl niyati, mushohadasi ma’nosini tushunmay dorga osdilar. Piri murshid Majididdin Bag‘dodiyning aybi ne ediki, suvga cho‘ktirdilar. Eng alamlisi, donolar donosi sifatida tan olingan Yahyo bin Muozni o‘z suyukli farzandi boshiga tosh bilan urib o‘ldirdi. Nega oqillar johillarga nishon bo‘lib qolaveradi. Axir oriflar olamni ilm nuri-la nurafshon etmoqchi, insoniyatga ma’rifat ulashmoqchi, ogohlikka da’vat etmoqchi-yu, g‘addor kimsalar hamisha yaxshilik yo‘liga to‘g‘anoq, ezgulik ildiziga bolta urguvchi, saxovat va muruvvat dasturxoniga burun artguvchi bo‘lib chiqaverishadi. Hali insoniyat tarixida bironta oqil inson johil banda tagiga suv quymagan, o‘ch olmoq qasdida uni qiynamagan va shuning evaziga o‘zi nohaq qurbon bo‘lib ketavergan. Bu achchiq jumboq yechimini kim topar ekan? Bu og‘riqli savollarga jo‘yali javob aytguvchi bormi? Bu qismat sir-asrorining oxiriga kim yetadi?.. Attor sezdiki, yigit javobga ilhaq. Jilovsiz xayollarini jamlab, unga jilmayib boqdi.
– Ilmni xor qilishdan qo‘rqgaysan, shundaymi? – savolni takrorladi ustoz. So‘ng ohista gap boshladi.
– Unda mana bu rivoyatni eshit: sen kabi navqiron yigit sahobalardan Abu Zarr al-Fiforiy roziyallohu anhu huzuriga kelib: “Men ilmga juda ham qiziqaman, ammo ikki holatdan qo‘rqaman”, debdi.
– Ayt, ilm olishning qaysi holati seni qaytaradi? – so‘roqlabdi sahoba.
Yigit debdi:
– Birinchidan, ilmga amal qilmaslik, ikkinchidan, uni xor etishdan hadigim bor.
Abu Zarr al-Fiforiy roziyallohu anhu o‘ylanib, shu javobni aytibdi:
– Baribir bu boshni jaholat bilan emas, ma’rifat bilan to‘ldirgan foydalidir.
Yigit javobdan qoniqmay, eng zakovatli va suyukli sahoba Abu Dardo roziyallohu anhuga yo‘liqib, o‘sha savolni o‘rtaga tashlabdi. Abu Dardo roziyallohu anhu uzoq fikrlab, ushbu gapni dilidan tiliga ko‘chiribdi:
– Bilginki, inson qay holatda o‘lgan bo‘lsa, oxiratda shunday tiriladi. Demak, sen johil bo‘lib o‘lgan bo‘lsang, johil bo‘lib tirilasan. Agar oqil bo‘lib o‘lgan bo‘lsang, oqil bo‘lib ko‘z ochasan.
Tolibi ilm endi Abu Hurayra raziyallohu anhuga uchrabdi. U savolini aytib-aytmay turib, sahoba gapni kesib qo‘yibdi:
– Ilm olmasligingning o‘zi ilmni xor etganingdir!
Nega shu savol sahobalarday zotlarni ham qattiq o‘ylantirib qo‘ydi va fikrlashga majbur qildi. Dunyo maydonida har bir qarichini o‘ylab bosish kerakligi dini islomda aytilib turilsayu unga beparvolik qilib unda johilona yuraman deyish nimasi. Imom G‘azzoliy rahimahulloh hazratlari dunyoni sen go‘yo Rasululloh, sahobalar va tobe’inlarday tasavvur qilib unda ehtiyotkorlik bilan yur. Alloh taolo aytadi: (La tamshi fil arzi marohan) – Yerda xursand bo‘lib yurmanglar, deb ogohlantirmoqda. Payg‘ambar alayhissalom dunyodan faqat tabassum qilib o‘tdilar xalos. Har kuni dunyoni savob bilan to‘ldirib tashlaydigan darajada amal qilsalar ham dunyodan kulmasdan o‘tdilar. Demak kulishimiz orqasida qattiq hisob bor, yondiruvchi azob bor, bir umrlik jahannamda afsus – nadomat bor. E’tibor bering! Alloh taolo behisob savoblar va ajrlarni va’da qilgan amalni talab qilmaslik eng katta johillikdir. Shunday bo‘lsada kelajak avlod ichida shu savol bilan murojaat qiluvchilarga javob sifatida aytib o‘tdilar. Bu rivoyat Xafifga juda qattiq ta’sir qildi. U boshini ko‘tarmay uzoq sukutga cho‘mdi. So‘ng bir qarorga kelib, hazratga yuzlandi. (Shu savol ortidan mingdan ortiq Allohning suyukli valiysini ko‘rib, ular bilan muloqot qilish barakotiga erishdi.)
– Ey Allohning suyukli valiysi, meni o‘z tarbiyatingizga oling, umrbod xizmatingizni qilay. Shoyad qalb ko‘zim ochilib, haqni tanisam.
(Bilingki! Ilm olishdan asosiy maqsad Alloh taoloni tanish hisoblanadi. Allohni tanish esa Allohni tanigan olim orqali amalga oshadi. Robboniy ilmga ega bo‘lgan mutahassis olimlar orqali buni yaxshi tushuniladi va yetiladi. Xafif esa shu fazilat Attorday zotda borligini zohir va botin ko‘zlari ila ko‘ra oldi va unga o‘lgunicha yopishib oldi).
Attor ohista bosh chayqadi:
– Bolam, hargiz meni Allohning suyukli valiysi, deb atamagin. Men bor-yo‘g‘i bir qulman. Ishtibohim shuki, qul ikkinchi bir qulga ilm-tarbiya bera olarmikan?
Xafif, ilk bora nigohini nuroniy siymoga tikdi. Shunda vujudida kuchli hayajon, huzurbaxsh, lazzatbaxsh titroq uyg‘ondi. O‘zini tutolmay engashib, hazrat jandasi etagini o‘pmoqqa hozirlandi. Biroq avliyo yana uni bu maqtovdan qaytardi.
– Kamtarligingizni yaratgan bilib turibdi. Koshki men sizning qalamingizdan uchgan bir harf bo‘lolsam, koshki riyozatingiz yukini yengillatishga ozgina hissa qo‘sholsam. Iltijoim yerda qolmasin, taqsir, busiz bo‘ynida arg‘amchisi yo‘q buzoq kabi butun “o‘tloq”ni payhon eturman. O‘z holim va fe’lim o‘zimga ayon. Yo‘q deb bilib-bilmay gunohga botmang.
– Xafif, bolam, asti gunohdan so‘z ochma. Yelkamizda qancha savobu qancha gunoh borligini koshki bilolsak. Aslida shuncha qilmishlarimizga qaramay tik yurganimizning o‘zi mo‘jiza...
Endi iltimosingga kelsak. To‘g‘risi men ma’rifat ilmidan bexabarman. Qo‘rqamanki, o‘z manzilini bilmagan odam sherigini ham to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itmasmi deb. Shundoq ekan, ilmdan ilgari odob o‘rganmog‘ing va bu masalada mendan peshroq ulug‘lar huzuriga bormog‘ing durust ko‘rinadi.
Shu yerda Xafif qiziqqonlik qildi.
– Ustoz, asli ilm afzalmi yoki odob. Qay birining foydasi ko‘proq?
Hazrat odaticha ko‘zlarini yumib, sukutga cho‘mdi. Bu sukutdan maqsad fikrni bir joyga qo‘ymoqdan ham ko‘ra odobning avvali shoshilmaslik ekanligini anglatmoq edi.
– Arablarda Abdurahmon Qosim degan bir donishmand o‘tgan. U aytibdi: “Men yigirma yil imom Molik rahmatullohi alayh xizmatida yurdim. Shundan o‘n sakkiz yilida odob o‘rgandim, ikki yil ilm oldim. Endi taassufdamanki, o‘sha ikki yilda ham odob o‘rganmog‘im afzal ekan”. Uqdingmi, bolam, odobsiz ilm po‘sti yo‘q daraxt, libossiz tanadir. Ilmning avvali odob. Shunga aytadilar-da, olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin deb.
Ko‘p kishilar shu savolni berib, qoniqarli javob olgandan so‘ng ham ilm olishga qiziqmaydi. Bilingki! Qur’oni karim va hadisi sharifda eng ko‘p fazilati bayon qilingan narsa ilm zikridir. Eng katta tog‘day-tog‘day savob va ajrlar faqatgina ilm yo‘lida yurgan kishilarga berilishi va’da qilingan. Umringizda erishgan barcha narsaga ilm yo‘lida yurgan olimga bir soniyada berilishi va’da qilingan. Umr qisqa, uni biz savobi keng va ajri ziyoda amallar bilan to‘ldirib tashlashimiz kerak. Bu to‘g‘rida imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh o‘zlarining “Jome’ul mutun” asarlarida hazrati Aliday zot Hasanul Basriy rahmatullohi alayhning va’zini tinglaganlar va mamnun bo‘lganlar. U kishi oxirat hayoti, o‘limni tafakkur qilish, shayton vasvasasi va shunga o‘xshash zaruriy narsalardan so‘zlar edilar. Shar’an talab qiladigan va’z ham shudir. Abu Zarr al-Fiforiy roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Zikr majlisida hozir bo‘lmoq 1000 rak’at namozdan afzal. Ilm majlisida hozir bo‘lmoq 1000 bemorni yo‘qlamoqdan afzaldir. Ilm tahsil qilmoq 1000 janozaga shohid bo‘lmoqdan afzaldir”. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Man akroma aliman faqod akromaniy va man azolla aliman faqod azzollaniy”, ya’ni: “Kim bir olimni xurmatlasa go‘yo meni xurmat qilganday bo‘libdi va kimki (g‘azab bilan aytdilar)bir olimni horlasa, azoblasa meni (ya’ni: oxirizamon payg‘ambarini) xorlaganday bo‘ladi”.
Eng yaxshi va afzal yo‘l mutaqaddim va mutaaxxir olimlar so‘zlari bilan javob berishdir. Allohim hamma yurtdoshlarimizga azizlar yo‘llaridan yurishlikni nasib qilgin. Ilmsizlik balosidan saqlagin. Amin. Allohu Akbar.
Allohumma solli vasallim va barik ala nabiyyina Muhammad.
Toshkent islom instituti “Ijtimoiy fanlar”kabinet mudiri
Urol Nazar Abdulloh Termiziy tayyorladi.
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati