Islom shariatida inson egalik qilgan narsalarning barchasi o‘zining mulki bo‘lib, unga hech kim daxldor bo‘la olmaydi. Lekin muqaddas dinimiz insonga vojib tarzda bir necha nafaqalarni yuklagan. Misol uchun zakot berish, ahli ayoliga va bolalariga infoq qilish ota-onaga yaxshilik qilish kabi. Shuningdek, mustahab bo‘lgan nafaqalarga ham musulmonlarni chorlaydi. Bunday xayrli ishlarga insonlarni undaydigan bir necha oyat va hadislar mavjud. Qu’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِائَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir. (Baqara surasi, 261 oyat)
O‘ylab ko‘ring! Alloh taolo bilan savdo qilgan inson zarar qilishi mumkinmi!
Adiy ibn Hotim roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan har biringiz bilan Alloh taolo o‘rtada tarjimon bo‘lmasdan turib gaplashadi. U o‘ng tarafiga nazar soladi va ro‘parasida o‘tdan boshqa narsani ko‘rmaydi. Bas bir xurmo bo‘lagi bilan bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlaninglar” deganlar (Buxoriy rivoyati).
Sadaqa va ehsonlarning foydasi nafaqat uni bajaruvchi kishining o‘ziga bo‘ladi balki, butun jamiyatga va barcha musulmon ummatiga manfaati bor. Bunday yaxshiliklardan biri Alloh taoloning g‘azabini qaytarishdir. Bu borada Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Maxfiy sadaqa Alloh taoloning g‘azabini so‘ndiradi” deganlar (Termiziy rivoyati).
Berilgan infoqlarning yana bir natijasi, sadaqa qiluvchi kishiga qiyomat kunida shu qilgan sadaqasini soyasida bo‘ladi. Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi gaplarini eshitdim: “Har bir kishi toinki insonlar orasida ajrim bo‘lmaguncha sadaqasining soyasida bo‘ladi” (Ibn Hibbon rivoyati).
Kasalliklariga shifo izlab yurgan insonlar sadaqada jismoniy kasalliklarga shifo borligini bilarmikinlar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).
Ibn Shaqiq shunday deydi: bir kishi Ibn Muborakga tizzasidan olgan jarohatiga yetti yildan buyon davo izlayotganini, turli dori – darmonlarni sinab ko‘rganini, tabiblarga murojaat qilganini. Bularning birortasi foyda qilmaganini aytdi. Shunda ibn Muborak unga: “Boribda insonlar suvga ehtiyoj bor joyda qudiq qazib suv chiqargin. Umid qilamanki, u yerdan buloq chiqib seni tizzangdan kelayotgan qonni to‘xtatsa”, dedi. Haligi kishi bu ishni bajardi va dardiga shifo topdi.
Shuningdek, sadaqa insonning qalbiy kasalliklarini ham davolaydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalbining qattiqligidan shikoyat qilgan kishiga: “Agar qalbing muloyim bo‘lishini hohlasang, unda miskinlarni taomlantir, yetimlarning boshini sila” deganlar (Ahmad riaoyati).
Ha, sadaqa va sahiylikning biz aytib o‘tgandan tashqari ham juda ko‘plab yaxshilik va foydalari bor. Aytib o‘tganimizdek bunday yaxshiliklar kishining shaxsiyatidan tashqari jamiyatning barcha kishilariga manfaat olib keladi. Biroq ba’zi insonlar orasida sahovatni faqat boy kishilar qilishi kerak degan xato tushuncha bor. Aslida biz aytib o‘tgan fazilat va xislatlar barcha musulmonlar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan amallardir. Zero, bunday yaxshiliklarga barcha musulmonlar sohib bo‘lishga haqlidirlar. Ba’zan kishi “meni mol-davlatim bo‘lmasa qanday qilib sadaqa qilishim mumkin. Gohida o‘zim sadaqaga muhtoj bo‘lib qolamanku”, deb aytishi mumkin. Bunga javoban Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlarini keltirishimiz o‘rinlidir. Imom Nasoiydan rivoyat qilingan hadisda U Zot sollallohu alayhi vasallam: Bir dirham yuz ming dirhamdan ustun keldi, dedilar. Shunda sahobalar “Qanday qilib?,”, deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining ikki dirhami bor edi. U bularning birini sadaqa qildi. Boshqa bir kishi hazinasiga bordi va u yerdan yuz ming dirham oldi va sadaqa qildi”, dedilar.
Shunday ekan musulmon inson hayoti mobaynida doimo boshqalarga yaxshilik qilishiga odatlanmog‘i, ularning ko‘nglini olishga intilishi zarur. Biror narsa berishni imkoni bo‘lmagan taqdirda ularga chiroyli muomila qilib, ochiq yuz bilan qarshi olish ham yaxshilik va sadaqaning bir ko‘rinishidir. Chunonchi hadis sharifda shunday marhamat qilinadi: “Birodaringni ro‘parasida tabassum qilishing sen uchun sadaqadir”.
Yashnarov Muhammadxon
“Novza” jome masjidi imom-noibi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati