Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Qiyomatda soyabon bo‘ladigan amal

1.05.2017   5918   5 min.
Qiyomatda soyabon bo‘ladigan amal

Islom shariatida inson egalik qilgan narsalarning barchasi  o‘zining mulki bo‘lib, unga hech kim daxldor bo‘la olmaydi. Lekin muqaddas dinimiz insonga vojib tarzda bir necha nafaqalarni yuklagan. Misol uchun zakot berish, ahli ayoliga va bolalariga infoq qilish ota-onaga yaxshilik qilish kabi. Shuningdek, mustahab bo‘lgan nafaqalarga ham musulmonlarni chorlaydi. Bunday xayrli ishlarga insonlarni undaydigan bir necha oyat va hadislar mavjud. Qu’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِائَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ

Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib  beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir.  (Baqara surasi, 261 oyat)

O‘ylab ko‘ring! Alloh taolo bilan savdo qilgan inson zarar qilishi mumkinmi!

Adiy ibn Hotim roziyallohu anhudan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan har biringiz bilan Alloh taolo o‘rtada tarjimon bo‘lmasdan turib gaplashadi. U o‘ng tarafiga nazar soladi va ro‘parasida o‘tdan boshqa narsani ko‘rmaydi. Bas bir xurmo bo‘lagi bilan bo‘lsa ham do‘zaxdan saqlaninglar” deganlar  (Buxoriy rivoyati).    

Sadaqa va ehsonlarning foydasi nafaqat uni bajaruvchi kishining o‘ziga bo‘ladi balki, butun jamiyatga va barcha musulmon ummatiga manfaati bor. Bunday yaxshiliklardan biri Alloh taoloning g‘azabini qaytarishdir.  Bu borada Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Maxfiy sadaqa Alloh taoloning g‘azabini so‘ndiradi” deganlar (Termiziy rivoyati).

Berilgan infoqlarning yana bir natijasi, sadaqa qiluvchi kishiga qiyomat kunida shu qilgan sadaqasini soyasida bo‘ladi. Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi gaplarini eshitdim: “Har bir kishi toinki insonlar orasida ajrim bo‘lmaguncha sadaqasining soyasida bo‘ladi” (Ibn Hibbon rivoyati).  

Kasalliklariga shifo izlab yurgan insonlar sadaqada jismoniy kasalliklarga shifo borligini bilarmikinlar. Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan  Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Kasallaringizni sadaqa bilan davolanglar”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati).

Ibn Shaqiq shunday deydi: bir kishi Ibn Muborakga tizzasidan olgan jarohatiga yetti yildan buyon davo izlayotganini, turli dori – darmonlarni sinab ko‘rganini, tabiblarga murojaat qilganini. Bularning birortasi foyda qilmaganini aytdi. Shunda ibn Muborak unga: “Boribda insonlar suvga ehtiyoj bor joyda qudiq qazib suv chiqargin. Umid qilamanki, u yerdan buloq chiqib seni tizzangdan kelayotgan qonni to‘xtatsa”, dedi. Haligi kishi bu ishni bajardi va dardiga shifo topdi.

Shuningdek, sadaqa insonning qalbiy kasalliklarini ham davolaydi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qalbining qattiqligidan shikoyat qilgan kishiga: “Agar qalbing muloyim bo‘lishini hohlasang, unda miskinlarni taomlantir, yetimlarning boshini sila” deganlar (Ahmad riaoyati).                       

Ha, sadaqa va sahiylikning biz aytib o‘tgandan tashqari ham juda ko‘plab  yaxshilik va foydalari bor.  Aytib o‘tganimizdek bunday yaxshiliklar kishining shaxsiyatidan tashqari jamiyatning barcha kishilariga manfaat olib keladi. Biroq ba’zi insonlar orasida sahovatni faqat boy kishilar qilishi kerak degan xato tushuncha bor. Aslida biz aytib o‘tgan fazilat va xislatlar barcha musulmonlar ega bo‘lishi kerak bo‘lgan amallardir. Zero, bunday yaxshiliklarga barcha musulmonlar sohib bo‘lishga haqlidirlar. Ba’zan kishi “meni mol-davlatim bo‘lmasa qanday qilib sadaqa qilishim mumkin. Gohida o‘zim sadaqaga muhtoj bo‘lib qolamanku”, deb aytishi mumkin.  Bunga javoban Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlarini keltirishimiz o‘rinlidir. Imom Nasoiydan rivoyat qilingan hadisda U Zot sollallohu alayhi vasallam: Bir dirham yuz ming dirhamdan ustun keldi, dedilar. Shunda sahobalar “Qanday qilib?,”, deb so‘radilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir kishining ikki dirhami bor edi. U bularning birini sadaqa qildi. Boshqa bir kishi hazinasiga bordi va u yerdan yuz ming dirham oldi va sadaqa qildi”, dedilar.

Shunday ekan musulmon inson hayoti mobaynida doimo boshqalarga yaxshilik qilishiga odatlanmog‘i, ularning ko‘nglini olishga intilishi zarur. Biror narsa berishni imkoni bo‘lmagan taqdirda ularga chiroyli muomila qilib, ochiq yuz bilan qarshi olish ham yaxshilik va sadaqaning bir ko‘rinishidir. Chunonchi hadis sharifda shunday marhamat qilinadi: “Birodaringni ro‘parasida tabassum qilishing sen uchun sadaqadir”.

Yashnarov Muhammadxon

 Novza jome masjidi imom-noibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   4134   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar