Alloh taolo insonlarni turli millat va elat qilib yaratib, ularga Yer yuzini makon tutib, undagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishni buyurdi. Yana bandalariga behisob ne’matlarni ato etib qo‘ydiki, bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat etadi:
“Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir”.
“Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, Alloh kechirimli va rahmlidir”.
Ammo insonlarga shuncha ne’matlarini ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Bu borada Qur’oni karim bunday ta’lim beradi:
“...Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmas”.
Boshqa bir oyati karimada esa bunday marhamat etadi:
ya’ni: “U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan (uzumzor) bog‘larni, ta’mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarini, (rang va ta’mda) o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorzorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”.
Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo aytadi: “(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang! Aks holda, malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz”.
Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning sifatlarini zikr etar ekan, ularning isrofgar ham, xasis ham bo‘lmasliklarini bayon etadi:
ya’ni: “(Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir”.
Abdulloh ibn Abbosdan roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver», deganlar” (Imom Buxoriy rivoyati). Faxri koinot aytganlaridek: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar»; «Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlikka tushmaydi”. Yana bir hadisda: “Isrofgar jannatga kirmaydi”, deyilgan.
Lekin taassuflar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Deyarli ko‘p narsa, u qimmatmi yoki arzon, ahamiyatlimi yoki ahamiyatsiz, nodirmi yoki serob, oldi-ketiga qaramay birvarakayiga isrof qilinyapti. Xonadonlarimizda ortib qolgan taomlar tashlab yuborilmoqda. Axlat uyumlari orasida eng aziz ne’mat bo‘lmish non ham paydo bo‘lgani, ayniqsa, achinarli holat.
To‘ylar, bayramlar, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yeyishga yaroqli qancha ne’matlar uvol bo‘lib ketadi. Borgan sari to‘y-hashamlarimiz dabdabali tus olib boryapti, kundan-kunga yangi-yangi turdagi tantana va marosimlar, yangi-yangi turdagi isrofli, dabdabali odatlar paydo bo‘lmoqda. Agar ahvol bu ketishda bo‘lsa, kelajakda bunday marosimlar xalqimiz boshiga ne kulfatlarni solarkin, deb o‘ylab qolasan kishi.
Bitta nahorga osh berish uchun ba’zilar kamida yigirma-o‘ttiz ming dollar sarflaydi. Undan keyin yoki undan oldin yana bir talay marosimlar ham bor. To‘y kelar, sabzi to‘g‘rar, nikoh bazmi deymiz. Bu hali hammasi emas. Charlar, chaqiriq, hayit undan keyin qovurdoq, beshikto‘y va hokazolar bor. Yana boshqa turli-tuman xarajatlar ham bor o‘rtada. Dabdabali mebellar, hashamatli pardalar, turli-tuman qimmatbaho sarpolar. Xullas, aql bovar qilmas darajada katta mablag‘lar talab qiladigan ana shunday o‘tkinchi marosimlar uchun umrimizni ketkizib ishlaydigan bo‘lib qolayapmiz. Umr bo‘yi topgan-tutganlarimizni sog‘ligimizni tiklashga emas, yaxshi yeb, yaxshi ichishga emas balki, yuqoridagi dabdabali marosimlarni o‘tkazish uchun yig‘adigan bo‘lib qolyapmiz.
Undan ko‘ra mazkur marosimlarimizni bir oz qisqartirsak, bir oz ixchamlashtirsak o‘zimizga yaxshi emasmi? Bahonada qancha-qancha mablag‘ isrof bo‘lmasdan qora kunlarimizga yarardi. Ozgina o‘zimizga ham tuzukroq qarashga, sog‘ligimizni tiklashga, farzandlarimizga tuzukroq e’tibor qaratishga qo‘limizda imkoniyat paydo bo‘lardi. Katta-katta qarzlarga botib, ahvolimiz parishon bo‘lib yurmasdi. Nima uchun foniy bu dunyoda, sinov dunyosida o‘zimizni bu qadar qiynashimiz kerak? Nimadan qo‘rqamiz? Odamlarni gapirishidanmi? G‘iybatlardan qo‘rqmaylik birodarlar. Odamlarni gapidan qo‘rqib, qarzga botib, dabdabali maroismlarni o‘tkazganimizdan so‘ng ertaga ahvolimiz tang bo‘lib qolsa, o‘sha odamlar qutqaradimi bizlarni?! O‘sha odamlar besh-o‘n so‘mdan pul berib yordam qiladimi?..
Bundan tashqari, ertaga bunday isrofgarchiliklardan, albatta, qiyomat kunida so‘ralamiz. Bitta farzandining to‘yi uchun butun boshli bir hovli-joy qilsa bo‘ladigan pullarni sovurayotganlar qiyomat kunida nima deb javob beradi? “Undan ko‘ra o‘sha pulingning yarmini qiynalayotgan, kam ta’minlangan xonadonlarga bo‘lib bersang bo‘lmasmidi, qarindosh-urug‘ingdagi hojatmandlarning hojatini chiqarsang bo‘lmasmidi, molu dunyoni senga nima uchun berdik, mana shunday dabdababozliklar uchunmi?” deya so‘roqqa tutilsa, isrofgar banda nima deb javob beradi?! Hech shu haqda o‘ylab ko‘rganmizmi? Azizlar mana shu haqda yaxshilab o‘ylab qo‘yaylik. Ertaga qiyomat kunida beriladigan savolga javob topib qo‘yaylik. Javobimiz ham to‘g‘ri bo‘lsin, shar’an o‘rinli javob bo‘lsin... Agar aytadigan javobimiz o‘rinli javob bo‘lmasa, holimizga voy bo‘ladi, na’uvzu billaah...
Alloh taolo bizga hayot, sog‘liq, oila, mol-mulk kabi ne’matlar in’om etgan. Biz ulardan qanday foydalanganimiz, qayerga sarf qilganimiz haqida oxiratda so‘ralamiz. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi
«So‘ngra ana o‘sha Kunda, albatta, (sizlarga ato etilgan barcha) ne’matlar to‘g‘risida so‘roq qilinursizlar!» (Takosur, 8).
Bizning bugungi kunda qilayotgan dabdabali marosimlarimizni saxovat ham deb bo‘lmaydi. Saxovat deb darhaqiqat ehsonga muhtoj bo‘lgan odamga qilinadigan yaxshilikka aytiladi. Ochlarga beriladigan taomga saxovat deyish mumkin. Bizning to‘ylarimizga keladigan minglab kishilardan nechtasi qorni och odamlar? Menimcha, qorni ochlar umuman aytilmasa kerak bunday marosimlarimizga. To‘g‘rirog‘i, qorni ochlarni nafaqat ziyofatga aytish, balki ularni umuman tanimaymiz, undaylar bilan tanish-bilish bo‘lishni o‘zimizga or deb bilamiz.
Xayr-ehson va ziyofat berishdan asosiy maqsad muhtojlarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘lmog‘i darkorligi to‘g‘risida Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Taomlarning yomoni qorni ochlar qolib, qorni to‘qlar chaqirilgan ziyofatdir”.
Hazrat Navoiy "O‘t ishi – qovurmoq, yel ishi – sovurmoq", deydilar. Yana deydilarki: «Isrof saxo emas va itlofni (yo‘qotish, barbod qilishni) ma’no ahli saxo demas». Ya’nikim, isrof qilish – saxiylik emas, o‘rinsiz sovurishni aqlli odamlar saxiylik demaslar. Halol molni kuydirganni devona derlar. Yorug‘ joyda sham’ yoqqanni aqldan begona derlar.
Xudo molig‘a qilmoq isrof ne?
Junun ahlidek muncha itlof ne?
Islomda mol-ashyo ham izzatlidir. Molni isrof qilgan, talofot bergan jazosini oladi. Alloh taolo bizga molu dunyo ato etgan ekanmi, uni isrof qilmasdan, baxillik ham qilmasdan, me’yorida ishlatsak, me’yorida saxovat qilsak, birovga muhtoj bo‘lib qolmaymiz, qarzga ham botib qolmaymiz, ko‘zimizning suvi ham to‘kilmaydi, inshoalloh...
Muqaddas dinimiz barqaror hayot kechirish uchun tejamkor bo‘lish va isrofdan saqlanishga buyuradi. Bunga amal qilgan ota-bobolarimiz har bir ne’matni e’zozlagan, isrof qilmagan, uvoldan qo‘rqishgan. Ammo so‘nggi vaqtlarda ba’zilar to‘y-ma’raka marosimlarini kimo‘zarli qilishga, o‘zini ko‘z-ko‘zlashga va isrofgarchilikka o‘tib ketyapti. Asli amallarni bajarishda haddan oshib, savob emas, gunoh orttirib olishyapti.
Xalqimiz to‘y, turli munosabatlar bilan o‘tkaziladigan marosimlarni, shodiyonalarni yaxshi ko‘radi. Lekin to‘y marosimlarini me’yorida, ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda o‘tkazishimiz kerak. Hukumatimizning bu haqdagi qarorlariga va O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvosiga amal qilgan holda ish tutishimiz lozim bo‘ladi. To‘ylarda sarflanadigan ortiqcha mablag‘larni yosh kelin-kuyovlarning kelajak hayotlarida asqatadigan zarur maishiy jihozlarga sarflansa ayni savobli ish qilingan bo‘ladi, inshoalloh!
Azizlar mana shunday holatlarda Bashariyat sayyidi bo‘lmish suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning kechirgan hayotlarini ozgina esga olaylik. Ul zot qanday yeb-ichdilar? Hech to‘yib ovqatlanganmilar? Arpa unidan tayyorlangan nonga qornilari to‘yganmi? Oq non degan narsani ko‘rganmilar? Subhonalloh... Allohning eng aziz bandasi bo‘lmish Nabiyyimiz sollallohu alayhi va sallam ko‘pincha qorinlari ochligidan oshqozonda paydo bo‘lgan ochlik alangasini so‘ndirish uchun qorinlariga tosh bog‘lab yurardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boqiy dunyoga ko‘chganlaridan yillar o‘tib, bir kuni Abu Hurayra roziyallohu anhuni qovurilgan qo‘y go‘shtiga taklif qilishganda, ko‘zlariga yosh kelib, “Allohning elchisi bu dunyodan bunday taomni ko‘rmasdan o‘tdilar”, deya burilib ketgan ekanlar...
Isrofgarchilikka berilgan paytlarimizda shu narsalarni ham birrov esga olsak foydadan xoli bo‘lmas...
Odilxon qori YUNUSXON o‘g‘li,
Shayhontohur tuman bosh imom-xatibi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati