Ushbu mavzu barchani qiziqtirishi tayin. Zero, Islomning ruknlaridan biri hisoblangan haj ibodatini bajarish uchun Makkai mukarramaga bir marta bo‘lsa ham borish har bir mo‘min musulmonning orzusi, zimmasidagi burchi. Butun umri mobaynida qiblam deb e’tirof etib yuzlanayotgan muborak joyni bir marta ko‘rganidan so‘ng har qanday mo‘min uning ziyorati uchun qayta-qayta borgisi keladi. Ammo, ko‘z o‘ngida nochor, muhtoj holda kun kechirayotgan insonga qodir bo‘la turib yordam qilmaslik ham har qanday mo‘minning qalbini bezovta qiladi.
Bizning hissiyotlarimiz, xohishlarimiz nimalarga undayotgan bo‘lishidan qat’iy nazar, haj yoki umraga qayta borish yoki uning mablag‘ini muxtojlarga sadaqa qilish masalasi bevosita shariat hukmlariga aloqador masala bo‘lib, bu borada his tuyg‘u va aqlning o‘zi bilan ish ko‘rish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Balki bu haqda ulamolarning so‘zlariga quloq solish, ularning ko‘rsatmalariga yurish shariatning talabi hisoblanadi.
Ulamolar, asl qoidaga binoan, ixtiyoriy sadaqadan ko‘ra nafl haj va umra afzal, deganlar. Chunki, haj va umra ibodatlari bir qancha amallar yig‘indisidan iborat bo‘lib, ular ichida mol-mulk sarflash, shuningdek, tavof, sa’y, zikr, namoz, talbiya va boshqa amallar mavjud. Bir so‘z bilan aytganda haj va umra namoz va ro‘za kabi badanni mashaqqatga solish, zakot, fitr sadaqasi va qurbonlik kabi mol sarflash bilan ado qilinadigan keng qamrovli ibodatdir. Biroq, ko‘pchilik ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, inson xayr-ehsonlarga muhtoj bo‘lgan nochor insonlarni topsa-yu, bir paytning o‘zida ham ularning ehtiyojlarini qondirib, ham nafl haj yoki umraga borishga qodir bo‘lmasa, bunday holatda ikkinchi marta haj yoki umra qilishdan ko‘ra unga ketadigan xarajatlarni muhtojlarga infoq qilishi afzal. Ulamolar o‘zlarining ushbu so‘zlariga Nabiy sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisi shariflarini dalil qilganlar: “Insonlarning Alloh taolo uchun eng mahbubi insonlarga manfaatliroq bo‘lganidir. Amallarning Alloh taolo uchun eng mahbubi musulmonning qalbiga xursandchilik kiritish, undan biror-bir musibatni aritish, uning qarzlaridan biror qarzini to‘lab berish yoki undan ochlikni ketkazishir. Bir birodarim bilan bir hojat yo‘lida birga yurishim men uchun ushbu masjidda – Madina masjidini nazarda tutmoqdalar – bir oy e’tikof o‘tirishimdan afzaldir. Kim o‘zining g‘azabini tiysa Alloh taolo uning ayblarini berkitadi. Oshkora qilib, amalga oshirishga qodir bo‘la turib, kuchli g‘azabini yashirsa qiyomat kunida Alloh taolo uning qalbini umidlarga to‘ldiradi. Kim o‘z birodari bilan bir hojat ortidan hojati ravo bo‘lgunicha yursa qadamlar toyiladigan kunda Alloh taolo uning qadamini sobit qiladi” (Tabaroniy. Mo‘jamul kabir. 12-j. 453-b.). Yana, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim yonidagi o‘z qo‘shnisini och ekanini bila turib o‘zi qorni to‘q uxlasa menga imon keltirmabdi”,-deganlar (Tabaroniy. Mo‘jamul kabir. 1-j. 232-b.).
Demak, ochlik va haddan ziyod muhtojlik mavjud bo‘lgan o‘rinda haj va umraga takror borishdan sadaqa afzal bo‘ladi. Hatto ba’zi holatlarda zimmada farz bo‘lgan islom hajini ado etishdan ham sadaqa muqaddam bo‘lishi mumkin.
Hanafiy mazhabining mo‘tabar manbalaridan biri “Kanzud daqoiq” (Nozik masalalarning xazinasi)da quyidagi matn kelgan: “Ulamolarimiz, nafl haj sadaqadan afzal, deganlar”. Ushbu asarning sharhi “Bahrur roiq”da Alloma Ibn Nujaym quyidagilarni keltirgan: Ramliy aytadi: Shom yurtining muftiysi, marhum Shayx Abdurahmon Imodiy o‘zining “Manosik” asarida: “Agar Islom hajini bajargan bo‘lsa, bundan so‘ng ixtiyoriy sadaqa qilish Imom Muhammadning nazdida nafl hajdan afzaldir. Imom Abu Yusufning nazdida esa haj afzal. Imom Abu Hanifa rohimahulloh avvalda Imom Muhammadning so‘zini aytgan. Keyinchalik, o‘zi haj qilib, unda hasanotlarni ziyoda bo‘lishini vojib qiladigan turli mashaqqatlar borligini ko‘rgach Imom Abu Yusufning so‘ziga qaytgan”,-degan.
Manashu so‘zlarni naql qilgandan so‘ng Ibn Nujaym quyidagilarni aytgan: Aytish mumkinki, bizning zamonimizda nafl sadaqa afzaldir. Chunki haj qiluvchi ko‘p holatda shariatga nomuvofiq ishlarni qilib qo‘yadi, ochiq-oydin munkar ishlarga guvoh bo‘ladi. Shuningdek, omma insonlar sadaqa berish borasida baxil bo‘lib ketdi. Ular kambag‘al bechora va yetimlarni xasrat-nadomatda qoldirmoqdalar. Ayniqsa qimmatchilik va tanglik paytlarida. Bundan tashqari, inson keltiradigan manfaat o‘zidan boshqalarga qancha ko‘p yetsa savobi shuncha ziyoda bo‘ladi. “Al-lubob”da sadaqaning hajdan afzalligi hech bir qaydsiz ochiq aytilgan. ...Bu so‘z farz haji haqida bo‘lishi ham mumkin. Zero, muhtoj kimsaga sadaqa qilishning ajri yetti yuz savobdan[1] ham ulug‘ bo‘lishi mumkin.[2]
Bu rivoyatlardan ko‘rinadiki, Mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rohimahulloh va Imom Abu Yusuflarning nazdida nafl haj nafl sadaqadan afzal bo‘lsada, bu mutloq barcha zamon va holatlarga taalluqli hukm emas. Bunday deyishimizga sabab, birinchidan, Imom Muhammadning nazdida nafl sadaqa afzal bo‘lsa, ikkinchidan, mazhabimizning mo‘tabar ulamolaridan Ibn Nujaymning so‘zlari Imom Abu Hanifa rohimahulloh va Imom Abu Yusuflarning ixtiyorlari ham mutloq emasligini anglatmoqda.
Ushbu masalada boshqa mazhab mujtahidlarining so‘zlariga ham quloq soladigan bo‘lsak, Alloma Hattob “Mavohibul jalil”da aytadi: Molik rohimahullohdan: “Haj va sadaqadan qay biri siz uchun mahbubroq”,-deb so‘rashdi. U zot: “...Haj. Biroq, ochlik yili bo‘lsa bunday emas”,-deb javob berdi.
Imom Ahmad: “ (Nafl hajdan ko‘ra) Qorni ochlarga berishi men uchun mahbubroq”,-degan. (Ibn Muflih. Al-furu’. 3-j. 386-b.)
Ba’zi ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, sadaqa qilish, nochorlarga yordam berish, yo‘qchilik, qiyinchilik va ochlik zamonida muhtojlarni muhtojlikdan qutqarish nafl haj va umradan avlo va afzaldir. Chunki haj va umraning manfaati bajaruvchining o‘zigagina xos bo‘ladi. Muhtojlarga qilingan sadaqaning manfaati esa ko‘pchilikka yetadi. Nimaniki manfaati boshqalarga ham yetadigan bo‘lsa u manfaati bir kishiga cheklanadigan amaldan ko‘ra afzal hisoblanadi.
Rivoyat qilinishicha, Abdulloh ibn Muborak rohimahulloh bir yili haj qilish uchun yo‘lga chiqdilar. Yo‘lda bir qizchaga yo‘liqib qoldilar. U: “Bu yerda meni va ukamni ushbu izordan (beldan pastni yopadigan kiyim) boshqa hech narsamiz yo‘q, ushbu axlatxonaga tashlanadigan narsalardan boshqa yemishimiz yo‘q. Bir necha kundan buyon bizga o‘limtik yeyish halol bo‘lib qoldi”,-dedi. Shunda Abdulloh ibn Muborak hajning pulini u qizga berdilar va: “Bu mana shu yilda haj qilishimizdan ko‘ra afzal”,-dedilarda, qaytib ketdilar[3].
Hasan Basriy rohimahulloh aytadilar: ba’zilaringiz: “haj qilaman, haj qilaman”,-deysiz. Haj qilib bo‘lgansizku! Undan ko‘ra, silai rahm qiling, qarzdorga sadaqa qiling, qo‘shniga yaxshilik qiling[4].
Shu o‘rinda aytib o‘tishimiz lozimki, haj safarini tinch xotirjam o‘tishi, amallarining mukammal ado etilishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning haj va umraga qayta borishilari ushbu mulohazalardan mustasno. Chunki juda ko‘pchilik bo‘lib chiqiladigan safar, ko‘pchilik bilan ado etiladigan ibodat tartib intizomni saqlash uchun mas’ul shaxslar tayin qilinishi lozimligini taqozo qiladi. Biz aytayotgan xulosalarimiz faqat nafl ibodatni qasd qilib haj va umra safariga chiqadigan insonlarning nafl sadaqa va nafl haj o‘rtasida qay birini ixtiyor qilishlari afzalligi borasida xolos.
To‘g‘ri, qayta bajarilayotgan nafl haj hamda sunnat hisoblangan umra amallarida Alloh taoloning uyi bo‘lgan Ka’bai muazzamani ulug‘lash, uni obod qilish kabi hikmatlar yotadi. Baytulloh shubhasiz, bundanda oliy, biz tasavvur qilgandan ko‘ra benazir ulug‘ joy. Bu borada ortiqcha gap so‘z bo‘lishi ham mumkin emas. Biroq insoniyatning yer yuzida yaratilishi, turli millat va elatlarga bo‘linganligi, ularning o‘zaro totuvlik va hamkorlikda yashashlari lozimligi, hayotning har bir lahzasida, har bir faoliyati borasida imtihon qilinishi ko‘pchilik e’tibor qilmaydigan juda ko‘plab ma’nolarni anglatadi.
Baytullohni umr davomida bir marta ziyorat qilish farz. U Alloh taoloning uyi. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni va mahalla-ko‘ydagi nochor inson ham Alloh taoloning bandasi. Kimnidir Alloh taolo mol-dunyo berish bilan, yana kimdandir uni olib qo‘yish bilan imtihon qiladi. Qiyomatda Alloh taoloning huzurida “Mol dunyo senga qayta-qayta hajga borishing uchun emas, och qolgan qo‘shningni qornini to‘ydirishing, oyog‘idan suv o‘tayotgan bolasiga oyoq kiyim olib berishing uchun berilgan edi, seng bularni bilarding” kabi savollarga tutilmasligimizga hech kim kafolat berolmaydi. Qayta-qayta hajga borishimizning ostida obro‘ yoki arzimas moliyaviy manfaatimizni yashirgan bo‘lsak, bu holat borasida javob berishimiz oson bo‘lmaydi. Shu o‘rinda insonni aldaydigan, uning ichidan o‘tadigan ba’zi tushunchalar borligini ham eslab o‘tishimiz o‘rinli. Ba’zan hayolimizdan “Muhtojlarning qay biriga qarayman! Biriga berganim bilan qolganlarichi?! Undan ko‘ra, “bor”, hajga borib kela qolay”, degan hayollar o‘tadi. Yo‘q! Aslida unday emas. Inson qudrati yetgan narsadan so‘raladi. Qilinayotgan ishlar qalb tarozusiga ham solinishi lozim. Oxiratdan umidvor kimsaning qalbi shubhasiz o‘z sohibini to‘g‘ri ishga yo‘llaydi. Maqsadimiz, shubhasiz, dunyo va oxiratimizning obod bo‘lishi yo‘lda birgalikda imkon boricha harakat qilish. Bu yo‘lda Alloh taoloning o‘zi madadkor bo‘lishidan umidvormiz.
Toshkent Islom instituti “Diniy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Ya.Razzaqov
[1] Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Haj uchun mol sarflash Allohning yo‘lida mol sarflash kabi yetti yuz barobar bo‘ladi”,-deganlar. Sharhu sahihil buxoriy. Ibn Battol. 4-j. 190-b.
[2] Bahrur roiq sharhu kanzid daqoiq. 6-j. 347-b.
[3] Al-bidoyatu van nihoya. 10-j. 191-b.
[4] Imom Ahmad. Zuhd. 320-b.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.