Muqaddas Islom dini shariatining asl mohiyatini kengroq tushuntirish hamda o‘tmishdagi mujtahid imomlar tomonidan amalga oshirilgan ulkan ishlardan kelajak avlodni boxabar qilishda bugungi kunga qadar ko‘plab ulamolarimiz beqiyos xizmatlarini taqdim qilganlar. Ana shunday xizmatlardan biri imom Ahmad ibn Abu Sa’id al-hanafiyning “Tafsirot Ahmadiyya” asaridir.
Ushbu asardagi “Ahmadiya” so‘zi muallifning ismi Ahmad bo‘lgani bilan bog‘liq. asarlarni muallif ismi yoki nisbatiga qo‘shib nomlash holatlarini ko‘plab mu’tabar manbalarda ham uchratish mumkin. Buyuk vatandoshlarimizning “Sulosiyot al-Buxoriy”, “Ilal at-Termiziy”, “Maqomot az-Zamaxshariy” kabi asarlari ham shu tariqa nomlangan.
Tafsirot Ahmadiyya – muallifi Ahmad ibn Abu Sa’id ibn Abdulloh al-Hanafiy Shayx Jiyvan va Mullo Jiyvan[1] laqablari bilan tanilgan bo‘lib, hijriy 1047 yili Hindistonda tavallud topgan. ma’lumotlarga ko‘ra Mulla Jiyvan yoshligidan o‘zgacha iste’dod sohibi bo‘lgan. Ayniqsa, uning yodlab qolish qobiliyati bilan tengdoshlaridan ajralib turgan. Yetti yoshida Qur’oni karimni to‘liq yod olgan. Darslik kitoblarni mutolaa qilish jarayonida berilgan topshiriqlarga bir mata ohista nazar tashlash bilanoq to‘liq o‘zlashtirgan. Hajmi katta bo‘lgan qasidalarni ham bir marta eshitib, yoddan qayta aytib bera olgan. Fiqh, usul, hadis fanlari bo‘yicha yetuk ilmga erishgan. Hanafiy mazhabi fiqhi bo‘yicha fatvo berish darajasiga ega bo‘lgan. Zamonasidagi ko‘plab tolibi ilmlar uning ilmiy faoliyatidan manfaat olishgan.
Mulla Jiyvanning ilmiy faoliyati ham serqirra bo‘lgan. Ayniqsa, uning qalamiga mansub bo‘lgan “Nurul anvor fi sharh al-manor” asari Hanafiy mazhabidagi usulul-fiqh faniga oid mashhur asar bo‘lib, buyuk ajdodimiz Imom Abul Barakot Nasafiyning “Manorul anvor” nomli risolasiga sharh hisoblanadi.
Shuningdek, olim sheriyat maydonida ham samarali ijod qilgan. Uning besh ming baytdan iborat she’riy to‘plami – devoni hozirgacha saqlanib qolgan.
Umrini kitob ta’lif qilish va ko‘plab tolibi ilmlarga dars berishga bag‘ishlagan Mulla Jiyvan 1130 hijriy (melodiy 1718) yili Dehlida vafot etgan.
Uning “Tafsirot Ahmadiyya” asari asosan hukmiy oyatlar tafsiriga bag‘ishlangan. Muallif tafsirga kirishish asnosida muqaddima bilan so‘z boshlaydi. Hamdu sanodan so‘ng, diniy ilmlar orasida Qur’on ilmi asosiy negiz ekanini ta’kidlab o‘tadi. Ulamolarning Qur’oni karimni o‘rganishga qaratgan ulkan e’tiborlari natijasida qiroat, sarf (morfologiya), nahv (sintaksis), balog‘at, fasohat, kalom, fiqh va usulul fiqh kabi fanlar qatorida tafsir ilmi ham mukammal fan sifatida shakllanganligiga e’tibor qaratadi. Buni yorqin misoli sifatida Qur’oni karim qamragan ilmlardan iqtiboslar keltirib, tafsir ilmini ham insonlarga yetkazishda muhim o‘rin tutishiga ishora qiladi. Shudan kelib chiqqan holda tafsir ilmi qamragan yo‘nalishlar – qissalar tarixi, va’da va va’idlar mavzusi, mav’iza va ibratlarni sanab o‘tib, ular orasida, shar’iy hukmlarni istinbot qilish yo‘nalishi asosiy o‘rin tutishini qayd etadi.
Shu o‘rinda muallif o‘zining yoshligida “Imom G‘azzoliy Qur’oni karim oyatlari orasidan besh yuz oyatni hukmiy oyat deb alohida e’tibor qilgan”i haqidagi xabarni ustozlaridan eshitib, umri davomida anashu gap uning ongida qayta-qayta takror topganini eslaydi. Hukmiy oyatlarga bo‘lgan qiziqishi ularni jamlash, fiqhiy va usuliy qoidalar asosida mo‘jaz bir sharh bitishga undaydi. Muallif “Tafsirot Ahmadiyya” kitbi yozilish tarixini shu tariqa o‘z hayotiga bog‘laydi.
Muqaddimada tilga olgan ma’lumotlaridan yana biri o‘z zamonasining adolatparvar va insoflik podshohi Muhammad Avrangzeb Olamgirga maqtovlardir. Muallifning fikricha o‘sha davrda Hindiston bo‘ylab islom dinining ravnaq topishi, xususan, Hanafiylik mazhabining gullab-yashnashi aynan Avrangzeb Olamgir nomi bilan bog‘liqdir. Podshohiga cheksiz maqtovlarni yozib bo‘lgach, muallif “bu maqtov gaplar podshohdan pul yoki dunyo tamasida emas, balki Alloh uchun, hamda (u sabab) dinning rivojini qattiq xohlaganimdandir, zero men undaylardan emasman” deb, o‘zini lagambardorlik va maddohlik illatidan yiroqligini yozadi.
Muallif Tafsirot Ahmadiyya kitobida Hanafiyya mazhabi usul qoidalariga asoslangan holada oyati karimalardan fiqhiy hukmlar va aqidaviy masalalarni jamlashga harakt qilgan. Masalalar tartibi Qur’oni karimdagi oyatlar tartibi bo‘yicha joylashtirilgan.
Avval fiqhiy hukm mazmunini ifodalagan oyat to‘lig‘icha berilgan, so‘ngra oyatning nozil bo‘lish sabablari ko‘rsatilgach, mashhur mufassirlardan iqtiboslar keltirilgan holda o‘ziga xos uslubda izohlangan, tafsir qilingan. So‘ngara oyati karimaga mujtahid ulamolar nigohi bilan qaralib, undan olinadigan fiqhiy hukmlarga e’tibor berilgan, ayrim o‘rinlarda bir masalaga bir necha mazhab mujtahidlarining ilmiy xulosalari qiyosiy tahlil uchun keltirilgan. Asosiy e’tiborni Hanafiy mazhabining mujtahidlari olgan hukm va xulosalariga qaratilgan. Mazhab ulamolaridan naql qilingan hukmni hadislar, sahoba va tobeinlarning so‘zlari ila asoslash bilan bir oyat tafsiriga umumiy yakun yasalgan.
Kitobda yoritilgan har bir bahsga sinchkovlik nuqtayi nazar bilan yondashilgan. Keltirilayotgan ma’lumotlar qaysi manbadan olinganligi qisqa tarzda ko‘rsatib o‘tilgan. Foydalanilgan adabiyotlar asosan Hanafiy mazhabining mashhur manbalari bo‘lib, ular qatorida buyuk vatandoshlarimiz Jorulloh Mahmud az-Zamaxshariyning “al-Kashshof”, Abul Barakot an-Nasafiyning “Madorikut tanzil”, Mavlono Husayn Voiz Koshifiyning “Tafsir Husayniy”, Faxrul Islom Pazdaviyning “Usul” kitobi, Sa’duddin Taftazoniyning “Sharh aqoid an-Nasafiy”, Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya” va uning ko‘plab sharhlaridan keng miqyosda foydalanilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda muqaddas dinimizga mutlaqo zid bo‘lgan g‘oyaviy va mafkuraviy tahdidlar avj olgan bir paytda, o‘zining noto‘g‘ri tushunchasi bilan g‘arazli maqsadlari ilinjida hech narsadan tap tortmaydigan turli xil ruhdagi oqimlarga qarshi kurashish, ularning puch qarashlariga ilmiy asosda raddiyalar berishda mo‘tabar manbalarimizning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, dinimiz ta’limotlarini ananaviy Hanafiylik mazhabi asosida o‘rganish va kelajak avlodga yetkazish yurtimiz diniy soha xodimlarining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
“Hidoya” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
Abdulboqiy Tursunov
[1] “Jiyvan” hind tiliga mansub so‘z bo‘lib, hayot mazmunini ifodalaydi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan