Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Mansur Hallojning “Anal haq”i

30.04.2017   8328   13 min.
Mansur Hallojning “Anal haq”i

Mansur Halloj nomi tilga olinganda deyarli doimo uning “Anal haq” degan mashhur gapi va bu gapning hukmi haqidagi tortishuvlar ham eslab o‘tiladi. Haqiqatan mazkur gap haqida uzundan-uzoq bahslar qilingan bo‘lib, ularning xulosasi  quyidagilardan iboratdir:   

“Anal haq” lug‘atda “Men Haq Xudoman” degan ma’noga dalolat qiladi. Mansur Halloj mazkur gapni aytgani va undan qaytmasdan turib olgani uchun murtad sifatida qatl etilgan. Ammo u zamondoshlari orasida ilmi va amali bilan tanilgan so‘fiy kishi bo‘lgan. U qatl etilganidan so‘ng ba’zi tasavvuf ahllari uni qatl etganlarni uning so‘zidan ko‘zlangan ma’noni tushunmaganlikda ayblaganlar va uning so‘zini Islom e’tiqodiga zid bo‘lmagan ma’nolarga ta’vil qilib tushuntirganlar.

Ana shundan so‘ng Mansur Hallojni dindan qaytgan murtad deb e’tiqod qilinadimi, yoki gapini boshqa ma’noga ta’vil qilish mumkin bo‘lgani sababli kofirga chiqarilmaydimi degan masala atrofida turli bahslar qilingan.

Ushbu bahslarni tahlil qilishdan oldin shuncha bahslarga sabab bo‘lgan kishining tarjimayi holi bilan yaqindan tanishib chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Mansur Hallojning asl ismi Husayn ibn Mansur bo‘lib kunyasi Abul Mug‘iys yoki Abu Abdulloh bo‘lgan. U hijriy 244 yilda forslarning shaharlaridan biri bo‘lgan "Bayzo" shahrida tug‘ilgan. Iroqning "Vosit" nomli joyida o‘sib ulg‘aygan. Makka, Xuroson va Hind o‘lkalaridagi ko‘plab shaharlarga safar qilgan. Sahl ibn Abdulloh Tustariydan tasavvuf ilmini o‘rgangan. Junayd ibn Muhammad, Amr ibn Usmon Makkiy va Abulhusayn Nuriy kabi tasavvuf olimlari bilan do‘st bo‘lgan. Halloj deb nomlanish sababi haqida shunday rivoyat qilingan: "Bir kuni u bir paxta tozalovchining do‘konida o‘tirgan. Paxta tozalovchidan bir ishni bajarib kelishini so‘ragan. Paxta tozalovchi: “Men paxta ishi bilan bandman”, – degan. Shunda u: “Sen men aytgan ishga boraver, men paxta tozalab turaman”, – degan. Paxta tozalovchi uning ishiga ketgan. Qaytib kelganida barcha paxtalari tozalangan bo‘lgan. Tozalangan paxtalar esa o‘n kishi bir necha kunda bajarishi mumkin bo‘ladigan darajada ko‘p bo‘lgan. Shundan so‘ng u "Halloj" ya’ni paxta tozalovchi deb nom olgan".

Ba’zilar uning otasi paxta tozalovchi bo‘lgan, shuning uchun u mazkur nom bilan atalgan deyishgan.

Asarlari:

Masur Halloj asarlar ham ta’lif etgan bo‘lib, unga quyidagi ikkita kitob nisbat berilgan:

  1. Kitabu tovvasiyn ;
  2. Kitabu Halloj .

Mansur Halloj hijriy 309 yilda qozi Abu Umar Muhammad ibn Yusuf Molikiyning fatvosiga ko‘ra abbosiy xalifalardan Muqtadir billahning qarori bilan murtad sifatida qatl etilgan.

“Anal haq” atrofidagi bahslar:

Mansur Hallojni aytgan gapi uchun kofirlikda ayblaganlardan biri  Ibn Taymiya bo‘lib bu haqida u quyidagilarni yozgan: “Kimki Hallojning e’tiqod qilib gapirgan so‘ziga e’tiqod qilsa, musulmonlar ittifoqi bilan kofir va murtad bo‘ladi. Chunki musulmonlar Mansur Hallojni kufr lafzlarni gapirgani uchun qatl qilganlar”.

Qozi Iyozning bu haqida shunday degani rivoyat qilingan: Muqtadirning rahbarligi davrida Molikiylardan bo‘lgan Bag‘dod fuqaholari Hallojning ilohiyotni da’vo qilib “Anal haq” degani va boshqa buzuq gaplarni aytgani uchun shariatning zohiriga amal qilganiga qaramasdan uni qatl etilishiga va osilishiga ijmo’ qilganlar”.

Ba’zi tasavvuf ahllari esa Mansur Hallojning “Anal haq”ini madh etganlar. Bu haqida Ahmad Yassaviyning  “Devoni hikmat” asarida quyidagicha bayon qilingan:

Ayo oshiq, dardu holat paydo qilg‘il,

Mansur sifat "Anal-Haq" deb g‘avg‘o qilg‘il,

Dunyo qo‘yub, oxiratni savdo qilg‘il,

Savdo qilg‘an Haq diydorin ko‘rar bo‘lg‘ay.

Muhaqqiq ulamolar esa bu so‘zning turli ta’villarini bayon qilganlar. Ibn Hajar Haytamiy “Fataval hadisiya” kitobida quyidagilarni yozgan: “Mansur Hallojning “Anal haq” degan so‘zi haqida quyidagilarni aytamiz: Orif zotlarda shunday  vaqtlar bo‘ladiki, bu vaqtlarda ularda Haq taologa bo‘lgan muhabbat shavqi g‘olib bo‘ladi. Agar ularda mazkur shavq holati komil darajaga yetsa, barcha narsalarni hatto o‘zlarini ham unutadilar, qalblari tamomila Haq taologa bog‘langanidan boshqa biror narsani his qila olmay qoladilar. Ana shu vaqtda gapirgan so‘zlari o‘sha ulug‘vor holatning tiliga ko‘ra so‘zlangan bo‘ladi. Bu holatga quyidagi hadisi qudsiyda ishora bor:

عن أبي هريرة رضي الله عنه قال : قال رسول الله صلى الله عليه وسلم : « إنّ الله تعالى قال : من عادى لي وليّاً فقد آذنته بالحرب ، وما تقرب إليّ عبدي بشيء أحب إليّ مما افترضته عليه ، ولا يزال عبدي يتقرب إليّ بالنوافل حتى أحبّه ، فإذا أحببته كنت سمعه الذي يسمع به ، وبصره الذي يُبصِر به ، ويده التي يبطش بها ، ورجله التي يمشي بها ، ولئن سألني لأعطينّه ، ولئن استعاذني لأعيذنّه » . رواه البخاري .

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo: “Kim mening biror do‘stimga dushmanlik qilsa, unga urush e’lon qilaman. Bandam uning zimmasiga farz qilganimdan boshqa men uchun sevimli bo‘lgan biror narsa bilan (farzlarni bajargandagidek) menga suyukli bo‘la olmaydi.  Bandam nafl (ibodatlarni bajarish) bilan menga suyukli bo‘lib boraveradi, hatto uni yaxshi ko‘rib qolaman. Agar uni yaxshi ko‘rib qolsam, uning eshitadigan qulog‘i bo‘laman, ko‘radigan ko‘zi bo‘laman, tutadigan qo‘li bo‘laman, yuradigan oyog‘i bo‘laman, agar mendan (biror narsani) so‘rasa albatta unga ato qilaman, agar mendan (biror narsadan) panoh tilasa, albatta unga panoh beraman”, deb aytdi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.  

    Shunga ko‘ra valiylar Haq taologa xos narsani haqiqatan emas balki xayolan o‘zlariga isbot qiladilar. Ularning bu gaplari aslo Alloh bilan birlashish ma’nosida emasdir. Chunki bu ma’no ayni kufr bo‘ladi. Alloh ularni bu narsadan saqlagandir. Shuning uchun  “Anal haq” so‘zini aytuvchisining holatiga ko‘ra ikki xil ma’noda tushunish mumkin:

  1. Agar “Anal haq”ni hushyor holatda aytgan bo‘lsa, “Haqning yodi qalbimni batamom egalladi go‘yo men Haq yodidan iborat bo‘lib qoldim” ma’nosida bo‘ladi;
  2. Agar “Anal haq”ni o‘zini bilmay qolgan holatda aytgan bo‘lsa, bu “shatahot” (Haq zikriga batamom g‘arq bo‘lib o‘zni unutish)lardan bo‘lib, ixtiyor bilan aytilmagani sababli bunga biror hukm berilmaydi.

Hujjatul islom imom G‘azzoliy “Anal haq”ni shunday tushuntirgan: “Anal haq” degan kishi noto‘g‘ri gapirgan bo‘ladi. Ammo bu so‘zning ikki ta’vili bo‘lib ularning har biri bilan bu so‘zni to‘g‘ri deyish mumkin:

  1. Uzoq ta’vil;
  2. Yaqin ta’vil.

 Uzoq ta’vilda “Anal haq” (men haqman)ni “Ana bilhaq” (Men Haq sababidan borman) ma’nosiga ta’vil qilinadi. Ushbu ta’vilning uzoqligi shundaki bu lafzdan xabar tushunilmaydi. Chunki bu faqat aytuvchining o‘ziga xos xabar emas, balki   butun olam Haq taolo sababli bor bo‘lgani xabarga hojat bo‘lmagan haqiqatdir; 

Yaqin ta’vilda “Anal haq” (men haqman)ni “Ana mustag‘riqun bilhaq” (Men batamom Haq bilan band bo‘ldim) ma’nosiga ta’vil qilinadi. Ya’ni bundan menda Haqdan o‘zgaga mutlaqo o‘rin qolmadi, ma’nosi tushuniladi”.

Imom Qushayriydan Mansur Hallojning “Anal haq” degan so‘zi haqida shunday degani naql qilingan: “Agar u “Ana Alloh” (men Allohman) demagan bo‘lsa, uni kechirish mumkin. Chunki Alloh ismi (bandaning qalbi unga) bog‘lanadigan ismdir, xulqlanadigan ism emas. Alloh taoloning ushbu ismidan boshqa barcha ismlari bilan banda xulqlanishi mumkin”.

Jaloliddin Rumiy “Anal haq” haqida shunday degan: “Agar sen o‘z borlig‘ingdan fano bo‘lsang, doimo Alloh taolo bilan birga bo‘lasan. Bu sen Uning zotiga aylanasan degani emas, balki olov sababli qip-qizil cho‘g‘ga aylangan temir singari bo‘lasan, deganidir. (Farazan) qip-qizil cho‘g‘ga aylangan temirning: “men olovman” deyishi joiz bo‘ladiku. Xuddi shuningdek Haq yo‘lida foniy bo‘lgan kishi ham “Anal haq” degan haq so‘zni aytishi mumkin bo‘ladi”.

Marhum ustoz Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahmatullohi alayh "Tasavvuf haqida tasavvur" nomli asarlarida bu haqida quyidagilarni yozganlar: "Tasavvuf haqida biroz bo‘lsa ham xabardor bo‘lgan kishi shatahot so‘zini faqat tasavvufda ishlatilishini va u sufiylarning o‘zlarini yo‘qotib qo‘yganda aytadigan, tushunib bo‘lmaydigan, sirtdan qaraganda ayb, ta’viyl qilganda ma’no kasb etadigan so‘zlari ekanini biladi. Shatahot sufiyning og‘zidan oddiy holatda emas, balki jazb va qattiq ta’sirlanish oqibatida chiqadi. Zikr ila Alloh taologa yetishib qolgan sufiy o‘zini yo‘qotib qo‘yib nima deyayotganini bilmay qoladi.

Sufiylarning shatahotga yo‘l qo‘yganlarini ikki xil bo‘lganini ta’kidlashimiz lozim:

  1. Zikr holiga g‘arq bo‘lib o‘zini bilmay qolganda shatahotga qo‘yib, hushyor holga qaytganda o‘zini oqlov so‘zlarini aytganlar;
  2. Hushyor holatda ham shatahotda davom etaverganlar.

Birinchi toifa ma’zur topilgan. Bunga al-Hasriydaan naql qilingan quyidagi iqtibos dalil bo‘la oladi: "Junayd tamakkunli (o‘ziga mustahkam) odam edi. Uning o‘zidan ketishi yo‘q edi. Amr va nahiyni ulug‘lar edi. U yo‘lni aslidan olgan edi. Shuning uchun ham u barcha toifalarga maqbul bo‘lgani ajablanarli emas".

Ikkinchi toifa nomaqbul topilgan Bu toifaning eng mashhur arboblaridan biri Mansur Hallojdir. U o‘zining mashhur shatahotini aytganda hushyor holida undan qaytish talab qilingan. Ammo Halloj hushyor holida ham gapidan qaytmagan. Shu tarzda to‘qqiz yil o‘tgan. O‘shanda ham aytganidan qaytmaganidan keyingina Halloj qatl qilingan".

Ibn Shurayhdan Mansur Halloj haqida so‘raganlarga shunday deb javob bergan: "U holati maxfiy bo‘lgan kishidir. Men u haqida biror narsa demayman".

Ushbu xabarlardan kelib chiqib Mansur Hallojning "Anal haq"i haqida bahs yurituvchilarni uch guruhga ajratish mumkin:

  1. Zohiriga ko‘ra hukm chiqaradiganlar;
  2. Ta’vil qiladiganlar;
  3. Sukut qiladiganlar.
  • Zohiriga ko‘ra hukm chiqaradiganlarning xulosalari quyidagicha: “Mansur Hallojning “Anal haq” degan so‘zi “Alloh mening qalbimga tushdi yoki men Alloh bilan birlashib ketdim” degan ma’noni ifodalagani uchun kufr hisoblanadi. Bu gapni aytgan musulmon murtadga aylanadi. Shunga ko‘ra Mansur Hallojning murtadligiga fatvo bergan ulamolar shariatning zohiriga ko‘ra to‘g‘ri hukm chiqargan hisoblanadilar".
  • Ta’vil qiladiganlarning xulosalari quyidagicha: “Mansur Hallojning “Anal haq” degan so‘zini “Alloh mening qalbimga tushdi” yoki “men Alloh bilan birlashib ketdim” ma’nosida tushunish aslo mumkin emas. Chunki bunday buzuq e’tiqodni zamondoshlari orasida ilmi va amali bilan tanilgan zotlar u yoqda tursin aqli raso bo‘lgan oddiy avom musulmonga nisbat berish ham tasavvurga sig‘maydi. Faqat johil so‘fiylargina uning gapini noto‘g‘ri talqin qilgan bo‘lishlari mumkin xolos. Agar Mansur Halloj ilm va amalda sobitqadamlik bilan tanilmaganida "Anal haq" degani uchun murtadligiga bilittifoq hukm qilinmasmidi? Ushbu mulohazalarga ko‘ra Mansur Hallojning mazkur gapini “menda Haqdan o‘zgaga mutlaqo o‘rin qolmadi”, ma’nosida tushunish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi.
  • Sukut qiladiganlarning xulosalari quyidagicha: Mansur Hallojning "Anal haq" degan so‘zi zohiran kufrga ham, ta’vil qilinsa to‘g‘ri ma’noga ham dalolat qiladi. Ahli qibladan biror kishini ham modomiki gapini haqqa ham, botilga ham ta’vil qilish imkoni bo‘lsa, kofirga chiqarishga oshiqmaslik kerak. Ana shu e’tibordan Mansur Halloj holati maxfiy kishidir. Holati maxfiy bo‘lgan kishi haqida biror tarafga hukm chiqarmaslik, balki oqibatini Allohga havola qilib sukut qilish eng afzal yo‘l hisoblanadi.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin!

Abdulqodir Abdur Rahim

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qilmishlari sababli musibatlar yetar

10.01.2025   441   1 min.
Qilmishlari sababli musibatlar yetar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).

Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».

Ya’ni, Allohning va’dasi  - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.

«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».

Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar. 

«Tafsiri Hilol» kitobidan

Maqolalar