Ma’lumki, inson barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram olamdir.
Ayni shu ma’noda kelajagi buyuk mamlakatimiz istiqlol yillarining ilk davridan boshlab, inson omiliga bo‘lgan e’tibor va g‘amho‘rlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Hurmat-e’tibor, mehr-muruvvat, ikrom-e’zoz borasida esa asrlarga teng o‘zgarishlarga ega bo‘linmoqda.
Darhaqiqat, el-yurt manfaati yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, bugun qarilik pallasida turgan ota-bobolarimiz mehnati va jonbozligini qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish kenja avlodlarning sharafli burchi, chuqur mas’uliyatidir. Muqaddas o‘gitlarimizda kattalarga irqi, millati, dinidan qat’iy nazar hamisha izzat ko‘rsatish, ular holidan xabardor bo‘lish, mehr-oqibat ko‘rsatishga buyurilgan. Yana shuni ta’kidlash joizki, katta yoshdagi kishilarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish yuksak fazilat deb baholanib kelgan. Shu ma’noda ko‘rsatilgan hurmat evaziga inson o‘zi ham kelajak hayotida e’zoz-ehtiromga ega bo‘lishi muqarrarligi ta’kidlangan. Zero, hadisi sharifda “Hurmat qilgan kishiga hurmat nasib bo‘ladi” - deyilgan.
Bu mazmunni quvvatlab dono xalqimiz “Oltin olma duo ol” – deb insonparvarlik ruhiyatiga chaqiradi. Ayni paytda hadisi shariflar talabi, dono xalqimizning hikmatli so‘zining ijrosi xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yurtimizda amalga oshmoqda. Xususan, ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini vatan uchun qilgan fidoiyliklariga ta’zim etish, ularning barcha hayotiy yumushlariga malham bo‘lishdek xayrli xususiyatlar ota-bobolarimizdan bizlarga meros bo‘lib qolgan qadriyatlarimizning namunasidir.
Davlatimiz ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, keksa yoshdagi otaxonlarimiz, onaxonlarimiz, barcha pensioner va nafaqaxo‘rlarga hamisha katta e’tibor ko‘rsatib, otalarcha g‘amxo‘rliklar qilib kelmoqda. Hukumatimiz ularning moddiy farovonliklarini yanada yaxshilash maqsadida bir qator qarorlar qabul qildiki, barchani chin dildan xursand etdi. Birgina misol qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi PF-5000-sonli Farmoni va 4 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2865-sonli Qarori e’lon qilindi. Mazkur ikki hujjat 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 72 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida qabul qilinganligi barchaning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.
Bundan tashqari bu Farmon va Qaror ijrosi sifatida keksa otaxon va onaxonlarga, nogiron va muhtojlarga katta g‘amxo‘rlik va beminnat yordam ko‘rsatiladi. Fahriylar hayotini farovon, kunlarini shodmon qilish uchun hukumatimiz ularga bo‘lgan e’tiborni ijtimoiy himoya darajasiga olib chiqqanligi tahsinga loyiq. Aytaylik, qariyalarimiz davolanishlari yoki sog‘liqlarini mustahkamlashlari uchun berilgan imtiyozlar, navbatsiz yengil avtomashina sotib olishlari uchun sertifikat berilishi, yashash xonadonlarini joriy ta’mirdan chiqarilishi, maishiy-texnika jihozlari bilan bepul ta’minlanishi, turli to‘lovlar to‘lashdagi yengilliklar kabilarga egadirlar. Bularning barchasi yurtimizning aziz nuroniylariga bildirilayotgan katta hurmat-e’tibor ramzi deyish mumkin. Ikkinchi tomondan ularning doimiy qilayotgan xolis duoi xayrlari, tilak-istaklari turli balo-ofatlardan saqlamoqda deb umid qilamiz. Zero, hadisi sharifda: “Agar orangizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganida edi, boshingizga balolar selday oqib kelar edi”,- deyilganligi so‘zimizning dalilidir.
Ayni paytda nuroniy otaxon va onaxonlarga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatish xotira va qadrlash tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Yoshlarimiz ushbu ayyom timsolida yoshi ulug‘larni qadrlash, saxovatga muhtoj kishilarga ko‘maklashish kabi oliyjanob fazilatlarni o‘z qalbiga singdirib borishining asoslaridan biri bo‘lib shakllanada. Qarang, bunday oliyjanob axloqiy insonparvarlik, odamiylik to‘g‘risida dinimizda: “Har bir yaxshilik ehsondir. Xayrli ishga dalolat qilishlik, go‘yo uni qilgandek bo‘lishlikdir...”, - deyilgan.
Xotira va qadrlash kunini nishonlash boy an’analarimiz bo‘lmish milliy urf-odat va qadriyatlarimizni ijro etish demakdir. Ularning sarasidan bo‘lgan kattalarga ehtirom ko‘rsatish, piru badavlat yoshiga yetganlarni e’zozlash to‘g‘risida muborak o‘gitlarda “Kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan va kattalarimiz qadrini bilmaganlar bizlardan emasdir”. deyilgan insonparvarlik tamoilini ta’kidlangan.
Demak, inson har doim o‘tmish ajdodlarini, muhtaram ustozlarini, aziz avliyolarni hotiralar ekan, xalq va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini yana bir bor mas’uliyat bilan xis etadi, o‘zidan yaxshi nom qoldirish va ezgu ishlarni qilishga shoshiladi, o‘zgalarni ham shunga chorlaydi.
Istiqlol yillarida ulug‘ ajdodlarning xotiralarini qadrlash, mamlakat taraqqiyoti, yurt ozodligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan fidoyi yurtdoshlarimizning ruhlarini shod etmoq uchun ezgu amallarga bel bog‘lashdek savob yumush dilimizdagi yorug‘ niyatlardan biriga aylandi.
Darhaqiqat, inson – hayot gultoji. Yaratganning in’omi – ongu tafakkurning faqatgina odamzodga berilgani mazkur haqiqatga yana bir dalildir. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan mana bir necha yildirki, Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Bu bilan inson zotiga, uning umri davomida bajargan ezgu amallariga bo‘lgan cheksiz ehtirom ramzi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni ijro etamiz. Zero, o‘tganlarni eslash va ular uchun istig‘for aytish, qabrlarini ziyorat qilish hamda haqlariga duolar qilish barchamizning diniy va insoniy burchimizdir.
Abdulhay TURSUNOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyat vakili
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan