Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Inson qadri ulug‘, xotirasi abadiydir

28.04.2017   8242   6 min.
Inson qadri ulug‘, xotirasi abadiydir

Ma’lumki, inson barcha mavjudotlar ichida eng aziz va mukarram olamdir.

Ayni shu ma’noda kelajagi buyuk mamlakatimiz istiqlol yillarining ilk davridan boshlab, inson omiliga bo‘lgan e’tibor va g‘amho‘rlik yangi bosqichga ko‘tarildi. Hurmat-e’tibor, mehr-muruvvat, ikrom-e’zoz borasida esa asrlarga teng o‘zgarishlarga ega bo‘linmoqda.

Darhaqiqat, el-yurt manfaati yo‘lida fidokorlik ko‘rsatib, bugun qarilik pallasida turgan ota-bobolarimiz mehnati va jonbozligini qadrlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish kenja avlodlarning sharafli burchi, chuqur mas’uliyatidir. Muqaddas o‘gitlarimizda kattalarga irqi, millati, dinidan qat’iy nazar hamisha izzat ko‘rsatish, ular holidan xabardor bo‘lish, mehr-oqibat ko‘rsatishga buyurilgan. Yana shuni ta’kidlash joizki, katta yoshdagi kishilarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish yuksak fazilat deb baholanib kelgan. Shu ma’noda ko‘rsatilgan hurmat evaziga inson o‘zi ham kelajak hayotida e’zoz-ehtiromga ega bo‘lishi muqarrarligi ta’kidlangan. Zero, hadisi sharifda “Hurmat  qilgan kishiga hurmat nasib bo‘ladi” - deyilgan. 

Bu mazmunni quvvatlab dono xalqimiz “Oltin olma duo ol” – deb insonparvarlik ruhiyatiga chaqiradi. Ayni paytda hadisi shariflar talabi, dono xalqimizning hikmatli so‘zining ijrosi xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yurtimizda amalga oshmoqda. Xususan, ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini vatan uchun qilgan fidoiyliklariga ta’zim etish, ularning barcha hayotiy yumushlariga malham bo‘lishdek xayrli xususiyatlar ota-bobolarimizdan bizlarga meros bo‘lib qolgan qadriyatlarimizning namunasidir.

Davlatimiz ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, keksa yoshdagi otaxonlarimiz, onaxonlarimiz, barcha pensioner va nafaqaxo‘rlarga hamisha katta e’tibor ko‘rsatib, otalarcha g‘amxo‘rliklar qilib kelmoqda. Hukumatimiz ularning moddiy farovonliklarini yanada yaxshilash maqsadida bir qator qarorlar qabul qildiki, barchani chin dildan xursand etdi. Birgina misol qilib aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi PF-5000-sonli Farmoni va 4 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2865-sonli Qarori e’lon qilindi. Mazkur ikki hujjat 9 may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni o‘tkazilishi, shuningdek, 1941-1945 yillardagi ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 72 yilligi nishonlanishi munosabati bilan hamda urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy rag‘batlantirish maqsadida qabul qilinganligi barchaning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.

Bundan tashqari bu Farmon va Qaror ijrosi sifatida keksa otaxon va onaxonlarga, nogiron va muhtojlarga katta g‘amxo‘rlik va beminnat yordam ko‘rsatiladi. Fahriylar hayotini farovon, kunlarini shodmon qilish uchun hukumatimiz ularga bo‘lgan e’tiborni ijtimoiy himoya darajasiga olib chiqqanligi tahsinga loyiq. Aytaylik, qariyalarimiz davolanishlari yoki sog‘liqlarini mustahkamlashlari uchun berilgan imtiyozlar, navbatsiz yengil avtomashina sotib olishlari uchun sertifikat berilishi, yashash xonadonlarini joriy ta’mirdan chiqarilishi, maishiy-texnika jihozlari bilan bepul ta’minlanishi, turli to‘lovlar to‘lashdagi yengilliklar kabilarga egadirlar. Bularning barchasi yurtimizning aziz nuroniylariga bildirilayotgan katta hurmat-e’tibor ramzi deyish mumkin. Ikkinchi tomondan ularning doimiy qilayotgan xolis duoi xayrlari, tilak-istaklari turli balo-ofatlardan saqlamoqda deb umid qilamiz. Zero, hadisi sharifda: “Agar orangizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganida edi, boshingizga balolar selday oqib kelar edi”,- deyilganligi so‘zimizning dalilidir.

Ayni paytda nuroniy otaxon va onaxonlarga chuqur hurmat-ehtirom ko‘rsatish xotira va qadrlash tushunchalari bilan o‘zaro uyg‘unlik kasb etadi. Yoshlarimiz ushbu ayyom timsolida yoshi ulug‘larni qadrlash, saxovatga muhtoj kishilarga ko‘maklashish kabi oliyjanob fazilatlarni o‘z qalbiga singdirib borishining asoslaridan biri bo‘lib shakllanada. Qarang, bunday oliyjanob axloqiy insonparvarlik, odamiylik to‘g‘risida dinimizda: “Har bir yaxshilik ehsondir. Xayrli ishga dalolat qilishlik, go‘yo uni qilgandek bo‘lishlikdir...”, ­- deyilgan.

Xotira va qadrlash kunini nishonlash boy an’analarimiz bo‘lmish milliy urf-odat va qadriyatlarimizni ijro etish demakdir. Ularning sarasidan bo‘lgan kattalarga ehtirom ko‘rsatish, piru badavlat yoshiga yetganlarni e’zozlash to‘g‘risida muborak o‘gitlarda “Kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan va kattalarimiz qadrini bilmaganlar bizlardan emasdir”. deyilgan insonparvarlik tamoilini ta’kidlangan.

Demak, inson har doim o‘tmish ajdodlarini, muhtaram ustozlarini, aziz avliyolarni hotiralar ekan, xalq va jamiyat oldidagi burch va vazifalarini yana bir bor mas’uliyat bilan xis etadi, o‘zidan yaxshi nom qoldirish va ezgu ishlarni qilishga shoshiladi, o‘zgalarni ham shunga chorlaydi.

Istiqlol yillarida ulug‘ ajdodlarning xotiralarini qadrlash, mamlakat taraqqiyoti, yurt ozodligi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan fidoyi yurtdoshlarimizning ruhlarini shod etmoq uchun ezgu amallarga bel bog‘lashdek savob yumush dilimizdagi yorug‘ niyatlardan biriga aylandi.

Darhaqiqat, inson – hayot gultoji. Yaratganning in’omi – ongu tafakkurning faqatgina odamzodga berilgani mazkur haqiqatga yana bir dalildir. Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan mana bir necha yildirki, Xotira va qadrlash kuni keng nishonlanmoqda. Bu bilan inson zotiga, uning umri davomida bajargan ezgu amallariga bo‘lgan cheksiz ehtirom ramzi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni ijro etamiz. Zero, o‘tganlarni eslash va ular uchun istig‘for aytish, qabrlarini ziyorat qilish hamda haqlariga duolar qilish barchamizning diniy va insoniy burchimizdir.

Abdulhay TURSUNOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

10.01.2025   3723   2 min.
Siz kutayotgan kun hech qachon kelmaydi

G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.

Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).

Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.

Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».

Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.

Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.