Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2024   |   25 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:48
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:03
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2024, 25 Jumadul soni, 1446

Sha’bon oyi fazilatlari

28.04.2017   28544   3 min.
Sha’bon oyi fazilatlari

Fazilatli oylardan biri sha’bonda qilingan xayrli amallarning ajri juda ulug‘dir. Ayniqsa, bu oyning birinchi yarmida nafl ro‘za tutish nihoyatda savoblidir.

Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biridir. Bu kechani "Baroat kechasi" deyiladi. Baroat kechasida bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm qilinib, ajal va umr belgilanadi va amal sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shu kuni Alloh taoloning rahmati yer yuziga yog‘iladi.

Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men: «"Yo, Rasululloh, sizni hech bir oyda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?" deb so‘raganimda, u zot: "Bu oy rajab bilan Ramazon o‘rtasidagi oy bo‘lib, odamlar undan g‘aflatda qoladi. Holbuki, barcha amallar olamlarning Robbisiga mana shu oyda ko‘tariladi. Men esa ro‘zador bo‘lgan holatimda amalim ko‘tarilishini istayman", dedilar» (Imom Nasoiy va Abu Dovud rivoyati).

Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha’bonning o‘rtasidagi kechada Alloh taolo bunday marhamat qilishini aytganlar: "...Istig‘for aytguvchi bormi? Uni mag‘firat qilurman. Rizq so‘rovchi bormi? Unga rizq berurman. Mubtalo bormi? Unga ofiyat berurman".

Sha’bon oyida solih amallarni ko‘proq qilishga targ‘ib etilishidan maqsad, bandalarni kelayotgan Ramazon oyiga jismonan va ruhan tayyorlanib bormoqlarini ta’minlash hamdir.

Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Sha’bonning yarmidagi kechada Alloh dunyo osmoniga nuzul etadi va Bani Kalbning qo‘ylari junidan ham ko‘p odamni mag‘firat qiladi", dedilar» (Ibn Moja, Imom Termiziy va Ahmad rivoyati).

Bani Kalb qabilasi o‘sha vaqtda suruv-suruv qo‘ylari bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sha’bon oyining yarmida Alloh taolo nihoyatda ko‘p gunohlarni mag‘firat qilishini ifodalash uchun ana shu qo‘ylarning junini misol qilib keltirganlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Ramazondan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmanglar. Ammo kimdir (doimiy nafl) ro‘za tutib yurgan bo‘lsa, uni tutaversin", dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Kimdir biror nafl ro‘zani ma’lum kunlarda o‘ziga vazifa qilib olgan bo‘lsa, o‘sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, ro‘za tutish joizdir. Masalan, ko‘pchilik dushanba va payshanba kunlari nafl ro‘za tutadi.

Demak, sha’bon oyining ikkinchi yarmida nafl ro‘za tutmagan yaxshi, ammo birinchi yarmining oxiridagi kechasi ham, uning ertasi ham ulug‘ fazilat va barakotli fursatdir.

  

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Islom huquqi maktabi

24.12.2024   2725   3 min.
Islom huquqi maktabi

Hayotda shunday sohalar borki, ularni mukammal egallash uchun butun umr o‘qib-izlanish lozim. Ana shunday kasblardan biri imom-xatiblikdir. Kimdir bu kasb egalariga oson tutishi mumkin. Lekin yetuk imom bo‘lish uchun to‘rt yil madrasa, to‘rt yil diniy oliy ta’lim dargohida o‘qishning o‘zi kamlik qiladi. Chunki imom o‘zi uchun ham jamoat uchun Alloh oldida burchli bo‘lsa, el oldidiga javobgarlik ham katta mas’uliyat yuklaydi. Bu mas’uliyat va xalq ishonchini oqlashning birdan bir yo‘li ilm va taqvodir.

So‘nggi yillarda ilm-fanning barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy xususan, shariat, fiqh, aqoid kabi ilmlarni o‘rganish uchun keng yo‘llar ochildi.  Bu borada Samarqandda Hadis ilmi oliy maktabi, Imom Moturidiy markazi qoshida Kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf maktabi, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etilishi o‘z samarasini berib kelayotir. Chunki imom-xatiblarning madrasa va oliy ta’lim dargohida olgan bilimlarini mustahkamlash, ularni yanada chuqurlashtirish, yangi zamonaviy diniy masalalarni keng o‘rganishda mazkur maktablar muhim ahamiyat kasb etyapti. Bir so‘z bilan aytganda, bu maktablar imom-xatiblarni chin ma’noda sohaning yetuk egasiga aylanishiga zamin bo‘layotir.

Ayni kunda Farg‘ona viloyatidagi Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabida yigirmadan ortiq vodiylik imom-xatiblar o‘z ish joylaridan uzilmagan holda diniy bilimlarini yana mustahkamlab, fiqh ilmini chuqurroq o‘rganmoqdalar. Ularga tajribali imom-xatiblar Ubaydulloh domla Abdullayev, Ibrohimjon domla Qodirov va Ahmadxon domla Nizomovlar ustoz-shogird an’anasi asosida ta’lim bermoqdalar. Shu kunga qadar tinglovchilar mazkur ustozlar ko‘magida “Muxtasarul-viqoya”, “Alfiqhul-akbar” kitoblari o‘qib tugatishdi. Ayni vaqtda “Kanzul-daqoiq” va Mulla Aliy Qorining “Alfiqhul-akbar”ga yozgan “Sharhul fiqhil Akbar” kitoblari mutolaa qilinib, asarlar batafsil o‘ranilmoqda. Ushbu asarlar Ahli sunna val jamoa aqidasi asosida mo‘min-musulmonlarni to‘g‘ri aqida hamda dinimiz ta’limotlariga amal qilishda vasatiy tarzda yurishlarida asosiy manbalardir.

Ta’kidlash joizki, imom-xatiblarning mazkur ilm dargohida olayotgan bilim va malakalari faoliyatlari uchun nihoyatda manfaatli bo‘lmoqda. Zero, turli yot g‘oyalar ta’siriga tushib adashgan yurtdoshlarimizni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, mo‘min-musulmonlarga Ahli sunna val-jamoa va Hanafiy fiqhi asosida islom ta’limotlarini yetkazish, dolzarb mavzularda chiqish qilish, maqolalar yozishda bu dargohdan olinayotgan ilmiy va hayotiy tajribalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, turli uchrashuvlar va mahallalarda olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlarida ham mazkur ilmiy maktabda hosil qilingan bilim va ko‘nikmalar asqotmoqda. Imom-xatiblar o‘rtasidagi bilimlar bellashuvida ham mazkur maktab tinglovchilari o‘zini har tomonlama namoyon etayotgani ham e’tiborga molik. Shu bilan birga maktab tinglovchilarining bir qanchasi ilmiy izlanishlarda davom etib, o‘z tadqiqotlari bilan dinimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shmoqdalar.

Ma’lumki, ilk o‘rta asrlarda Farg‘ona vodiysida fiqh maktabi shakllanib, buyuk allomalar yetishib chiqdi. Birgina Burhoniddin Marg‘inoniy islom xuquqshunosligi borasida beqiyos asarlar ta’lif etgani barchaga ma’lum. Bugun u kishining “al-Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib, islom huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, mukammal asar sifatida tan olingan.

Bugun ham mazkur an’analar qayta tiklanib, yurtimiz yana ilmu ma’rifat, olim ulamolar diyoriga aylanayotgani quvonarli holdir.

Rahmatulloh JALILOV,
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot kotibi
(Hidoyat jurnali, 12-son)

Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi Islom huquqi maktabi
O'zbekiston yangiliklari