Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Sha’bon oyi fazilatlari

28.04.2017   28703   3 min.
Sha’bon oyi fazilatlari

Fazilatli oylardan biri sha’bonda qilingan xayrli amallarning ajri juda ulug‘dir. Ayniqsa, bu oyning birinchi yarmida nafl ro‘za tutish nihoyatda savoblidir.

Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biridir. Bu kechani "Baroat kechasi" deyiladi. Baroat kechasida bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm qilinib, ajal va umr belgilanadi va amal sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shu kuni Alloh taoloning rahmati yer yuziga yog‘iladi.

Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men: «"Yo, Rasululloh, sizni hech bir oyda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?" deb so‘raganimda, u zot: "Bu oy rajab bilan Ramazon o‘rtasidagi oy bo‘lib, odamlar undan g‘aflatda qoladi. Holbuki, barcha amallar olamlarning Robbisiga mana shu oyda ko‘tariladi. Men esa ro‘zador bo‘lgan holatimda amalim ko‘tarilishini istayman", dedilar» (Imom Nasoiy va Abu Dovud rivoyati).

Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha’bonning o‘rtasidagi kechada Alloh taolo bunday marhamat qilishini aytganlar: "...Istig‘for aytguvchi bormi? Uni mag‘firat qilurman. Rizq so‘rovchi bormi? Unga rizq berurman. Mubtalo bormi? Unga ofiyat berurman".

Sha’bon oyida solih amallarni ko‘proq qilishga targ‘ib etilishidan maqsad, bandalarni kelayotgan Ramazon oyiga jismonan va ruhan tayyorlanib bormoqlarini ta’minlash hamdir.

Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Sha’bonning yarmidagi kechada Alloh dunyo osmoniga nuzul etadi va Bani Kalbning qo‘ylari junidan ham ko‘p odamni mag‘firat qiladi", dedilar» (Ibn Moja, Imom Termiziy va Ahmad rivoyati).

Bani Kalb qabilasi o‘sha vaqtda suruv-suruv qo‘ylari bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sha’bon oyining yarmida Alloh taolo nihoyatda ko‘p gunohlarni mag‘firat qilishini ifodalash uchun ana shu qo‘ylarning junini misol qilib keltirganlar.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Ramazondan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmanglar. Ammo kimdir (doimiy nafl) ro‘za tutib yurgan bo‘lsa, uni tutaversin", dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Kimdir biror nafl ro‘zani ma’lum kunlarda o‘ziga vazifa qilib olgan bo‘lsa, o‘sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, ro‘za tutish joizdir. Masalan, ko‘pchilik dushanba va payshanba kunlari nafl ro‘za tutadi.

Demak, sha’bon oyining ikkinchi yarmida nafl ro‘za tutmagan yaxshi, ammo birinchi yarmining oxiridagi kechasi ham, uning ertasi ham ulug‘ fazilat va barakotli fursatdir.

  

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Holi sizdan yomonroq, kambag‘alroqlarga e’tiborli bo‘ling!

7.01.2025   4026   6 min.
Holi sizdan yomonroq, kambag‘alroqlarga e’tiborli bo‘ling!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «O‘zingizdan yuqoridagilarga emas, o‘zingizdan quyidagilarga qaranglar, shunda Allohning sizga bergan ne’matlarini oz sanamaysiz» (Imom Muslim rivoyati).

Inson mol-dunyoda, chiroyda, ijtimoiy holatda o‘zidan ustunroq odamlarga e’tibor beraversa, Alloh taolo haqida yomon gumonga borib qoladi. «Mendan boshqalarga rosa yaxshi ne’matlar bergan ekan, ular ne’matlarga ko‘milib yashayapti. Men esa doim nimagadir muhtoj bo‘lib yashayman» deb, o‘ziga berilgan ne’matlarni oz sanaydi, hatto ko‘rmay qoladi. Bu esa Alloh taolo bergan ne’matlarni mensimaslikka olib boradi. Natijada rozilik hissini yo‘qotib qo‘yadi, buning halovatini tuya olmay, azob ichida yashaydi. Bu esa uni nafrat, hasad tomon yetaklaydi. Natijada inson o‘zidan ustun bo‘lganlarga yomonlik qilishga o‘tadi. Ba’zida ulardan ustun bo‘lish maqsadida hatto o‘g‘rilik qilishdan, yolg‘on so‘zlashdan ham toymaydi. Boylik orttirish yo‘lida odamlar bilan musobaqalashib, o‘zini g‘am-g‘ussaga, iztirobga ko‘mib tashlaydi.

Inson mol-dunyo, chiroy, sog‘lik, quvvat borasida o‘zidan pastroq bo‘lganlarga qarasa, Alloh taoloning unga ko‘rsatgan karamini ko‘radi, boshqa ko‘plab odamlarga bermagan ne’matlarini unga berganini his qiladi. Natijada sakinat, xotirjamlik tuyadi, odamlarga nisbatan mehr-muhabbatli bo‘ladi, faqir-miskinlarga xayr-ehsonlar qilib, Allohning marhamatiga shukr keltirib, umrguzaronlik qiladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlariga dunyoda ham, oxiratda ham saodatga erishtiruvchi narsani vasiyat qilganlarini tushunib yetadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotni yana ham go‘zal qiladigan, qalbni baxt va sururga to‘ldiradigan eng go‘zal vasiyatlaridan biri - Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhudan naql qilingan quyidagi hadisdir.

«Xalilim menga yetti narsani vasiyat qilganlar:

miskinlarni yaxshi ko‘rishni, ularga yaqin bo‘lishni buyurganlar;

o‘zimdan yuqoridagilarga emas, ortdagilarga qarashni buyurganlar;

hech kimdan hech narsa so‘ramaslikni buyurganlar;

silai rahm qilishni buyurganlar;

achchiq bo‘lsa ham, haqiqatni aytishni buyurganlar;

Alloh yo‘lida malomatchining malomatidan qo‘rqmaslikni buyurganlar.

«Laa havla va laa quvvata illaa billah (qudrat va quvvat faqat oliy, ulug‘ Alloh bilandir)» ni ko‘p aytishni buyurganlar».


Bir qiz aytadi: «Bu hayotdagi shodligimning sababi – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Abu Zarr roziyallohu anhuga qilgan yettita vasiyatlaridir. Bu vasiyatni o‘rganish boshqa, unga amal qilish boshqa ekan. Men Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan ishonchim sababli bu vasiyatlarga amal qildim. Axir u zot biz ummatlar ikki dunyoda ham baxtli-saodatli bo‘lishimiz uchun yuborilmaganmidilar? Men bu vasiyatlar doim ko‘z oldimda, yonimda bo‘lsin deb, bir nechta qog‘ozga ko‘chirib, birini cho‘ntagimga, birini yostig‘imning ostiga, birini kiyim javonimga, birini dars stolimga qo‘yib qo‘yganman. So‘ngra ularga amal qila boshladim. Shu vasiyat sababli o‘zimga ishonchim ortdi, qalbim sakinatga to‘ldi. Masalan, o‘smirlik muammolari sabab biror kun ham psixolog maslahatiga muhtoj bo‘lmadim. Yaqinlarim, dugonalarim ko‘paydi. Har kecha Allohning fazli bilan xotirjam uyquga ketaman».

Boshqa bir qiz aytadi: «Necha yillar o‘zimdan, hayotimdan, atrofdagi hammadan norozi bo‘lib yashabman. Siqilish, tushkunlik, uyqusizlik – hammasini boshdan o‘tkazdim. Hatto jonimga qasd qilmoqchi ham bo‘lganman. Boy oilaning farzandi bo‘la turib, shu ahvolga tushib qoldim. Bir kuni bir dugonam meni yetimlarga, kambag‘allarga ehson qilaylik deb, yordamlashishga chaqirdi. Uning yaqinlari bir xayriya jamg‘armasida ishlar ekan, bu ehsonlar o‘sha jamg‘armadan edi. Allohning marhamati bilan, xayrli ish ekan deb, rozi bo‘ldim. Mana shu fikr hayotimning o‘zgarishida ilk qadam bo‘ldi. Bir beva ayolnikiga bordik. Yosh-yosh yetim bolalari bor ekan. Uning uyiga bordimu, hayotimda ilk bor saodat, shukrona hissini tuydim. Bu ayolning uyini, sharoitini ko‘rsangiz edi… Ayol murg‘ak go‘daklari bilan hayotning achchiq zarbalariga dosh berib yashayotgan bo‘lsa-da, Allohning ne’matlari, ko‘rsatgan marhamatlari uchun tinmay hamd aytar edi. Biz ozginagina pul, ro‘zg‘or uchun kerakli narsalarni bersak, haqqimizga uzundan-uzoq duolar qildi. Uning duolarida xursandchilik, samimiyat, rozilik va ixlos balqib turar edi. O‘sha kungi ziyoratdan yig‘lab qaytganim hali ham esimda. Chunki shu paytgacha naqadar ahmoqona hayot kechirib kelganimni o‘sha kuni his qilgan edim. Afsuski, umrimning asosiy qismi boylarga qarash, mol-dunyo borasida ular bilan musobaqa qilish bilan o‘tib ketibdi. Birorta dugonam menikidan chiroyliroq narsa sotib olsa yoki unikiga o‘xshash narsani izlab topa olmasam, ko‘zlarimdan uyqu qochib, hatto yig‘lashga tushardim.

Beva ayolning ziyoratidan keyin hayotga munosabatim butunlay o‘zgardi. Shundan keyin endi buyog‘iga zaiflar, ojizlarga, kambag‘allarga yordam beraman deb bel bog‘ladim. Moddiy jihatdan qiynalib turgan odamga yordam berish shunaqangi buyuk saodat ekanki, ko‘plab insonlar bundan mutlaqo bexabar ekan. Kambag‘allar bilan yelkadosh bo‘lib yashasangiz, qanday ahvolda yashayotgan bo‘lsangiz ham, hayotingizdan rozi bo‘lib qolasiz. Ularga yanada ko‘proq yordam berish uchun o‘qishda, ishda yanada ko‘proq ter to‘kasiz. Bu esa hayotingizga baraka kirgizadi, xotirjam uxlashingizga sabab bo‘ladi. Boshimdan o‘tkazgan tajribalarimdan kelib chiqib, barcha mahzun qizlarga kambag‘allarning, yetimlarning onalariga yaqinroq bo‘lishni, ularga imkon boricha moddiy, ma’naviy yordam berishni, ular bilan tez‑tez suhbatlashib turishni tavsiya qilaman. Bu tavsiyaga amal qilsangiz, haqiqiy halovat, chinakam xotirjamlik nimaligini o‘shanda bilasiz. Birovga yordam berishning zavqi birovdan yordam olishning zavqidan ko‘ra totli bo‘lar ekan».

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.