Fazilatli oylardan biri sha’bonda qilingan xayrli amallarning ajri juda ulug‘dir. Ayniqsa, bu oyning birinchi yarmida nafl ro‘za tutish nihoyatda savoblidir.
Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biridir. Bu kechani "Baroat kechasi" deyiladi. Baroat kechasida bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm qilinib, ajal va umr belgilanadi va amal sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shu kuni Alloh taoloning rahmati yer yuziga yog‘iladi.
Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men: «"Yo, Rasululloh, sizni hech bir oyda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?" deb so‘raganimda, u zot: "Bu oy rajab bilan Ramazon o‘rtasidagi oy bo‘lib, odamlar undan g‘aflatda qoladi. Holbuki, barcha amallar olamlarning Robbisiga mana shu oyda ko‘tariladi. Men esa ro‘zador bo‘lgan holatimda amalim ko‘tarilishini istayman", dedilar» (Imom Nasoiy va Abu Dovud rivoyati).
Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha’bonning o‘rtasidagi kechada Alloh taolo bunday marhamat qilishini aytganlar: "...Istig‘for aytguvchi bormi? Uni mag‘firat qilurman. Rizq so‘rovchi bormi? Unga rizq berurman. Mubtalo bormi? Unga ofiyat berurman".
Sha’bon oyida solih amallarni ko‘proq qilishga targ‘ib etilishidan maqsad, bandalarni kelayotgan Ramazon oyiga jismonan va ruhan tayyorlanib bormoqlarini ta’minlash hamdir.
Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Sha’bonning yarmidagi kechada Alloh dunyo osmoniga nuzul etadi va Bani Kalbning qo‘ylari junidan ham ko‘p odamni mag‘firat qiladi", dedilar» (Ibn Moja, Imom Termiziy va Ahmad rivoyati).
Bani Kalb qabilasi o‘sha vaqtda suruv-suruv qo‘ylari bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sha’bon oyining yarmida Alloh taolo nihoyatda ko‘p gunohlarni mag‘firat qilishini ifodalash uchun ana shu qo‘ylarning junini misol qilib keltirganlar.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Ramazondan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmanglar. Ammo kimdir (doimiy nafl) ro‘za tutib yurgan bo‘lsa, uni tutaversin", dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Kimdir biror nafl ro‘zani ma’lum kunlarda o‘ziga vazifa qilib olgan bo‘lsa, o‘sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, ro‘za tutish joizdir. Masalan, ko‘pchilik dushanba va payshanba kunlari nafl ro‘za tutadi.
Demak, sha’bon oyining ikkinchi yarmida nafl ro‘za tutmagan yaxshi, ammo birinchi yarmining oxiridagi kechasi ham, uning ertasi ham ulug‘ fazilat va barakotli fursatdir.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Bir savdogar boy odam oshqozon-ichak kasalligidan azob chekib, ko‘p muolaja olgan, bir necha marta jarrohlik amaliyotini ham o‘tkazgan edi. Turli xil muolajalardan so‘ng ham ahvoli o‘nglanmadi. Bir kuni bu tashvishlardan juda zerikib ketdi va mashinasiga o‘tirib boshi oqqan tomonga qarab ketdi. Yo‘l-yo‘lakay, Nil daryosi bo‘yida joylashgan kichik bir qishloqcha yonida to‘xtadi. Uzoqdan bir dehqonni ko‘rib qoldi. Dehqon esa yerga to‘shalgan tuproqda o‘tirib, bir nima yeyish bilan band edi. Boy odam mashinasidan tushib, dehqonning ovqat yeyayotganini kuzata boshladi.
Dehqon uni ko‘rib qolib: "Mehmon bo‘ling, ovqatdan yeng, choy iching!" deb chaqirdi. Boy odam o‘zining ovqat yeya olmasligini tushuntirmoqchi bo‘ldi, ammo dehqon uning bahonasiga qaramay, uni taklif qilishda davom etdi. Axiri boy odam yerga to‘shalgan joyga o‘tirdi. Uning oldiga ovqat to‘la patnis qo‘yildi. Unda butun pomidorlar, bodring, ko‘katlar, salat bargi, pishirilgan bedana tuxumlari, non va ko‘mirda qaynatilgan choy bor edi.
Boy odam dehqonni xafa qilmaslik uchun bir dona pomidorni olib og‘ziga solmoqchi bo‘ldi. Dehqon unga: "Bismilloh" deb yegin, dedi. Boy "bismilloh"ni aytib pomidorni og‘ziga soldi. Biroq zum o‘tmay qornida qattiq og‘riq paydo bo‘lib, yerga yiqildi. Dehqon qo‘rqqanidan oilasi bilan uni uyiga olib kirib, yotoqxonaga yotqizishdi. Boy odam o‘zining dori-darmonlarini olib, og‘riqni bosishga urinish bilan ovora bo‘ldi.
Shu kecha dehqon uyidagi namozxonada qoim bo‘lib, boy odam uchun Allohdan shifo so‘rab, tinmay duo qildi. Saharga yaqin, boy odam dehqonning “Allohim, echkining haqqi bilan!” deb qo‘llarini duoga ochganini ko‘rib qoldi. Hayratda qolgan boy, dehqondan so‘radi: "Bu "echkining haqqi" nima degani?".
Dehqon shunday javob berdi: "Bu Alloh bilan mening oramdagi bir sir".
Boy odam dehqondan bu sirni ochishni so‘radi va holi joniga qo‘ymaganidan keyin dehqon hikoya qila boshladi: "Yoshligimda ishchi bo‘lib ishlardim, olgan maoshimni to‘plab, uylanish uchun saqlardim. Uylanishim uchun menga 100 junayh miqdorida mablag‘ zarur edi. Bir kuni qo‘shnimning qizi ikki egizak bola tug‘ib, onasi vafot etib qoldi. Qo‘shnimning boshi qotgan, bolalarni emizadigan ona kerak. Ammo qishloqda esa, o‘zini bolasiga qo‘shib yana ikki bolani emizadigan ayol yo‘q. Bolalarning ochlikdan yig‘lashlari menga eshitilgan sari yurak-bag‘rim ezilib ketadi. Shundan keyin men to‘yim uchun yig‘ib yurgan 35 junayh pulni olib, bozorga bordim. Bolalar uchun kiyim-kechak va uy uchun kerakli buyumlar sotib oldim va qo‘shnimga sezdirmay narsalarni uning hovlisiga kiritib qo‘ydim. Qo‘shnim narsalarni ko‘rib xursand bo‘ldi, ammo yana bu bilan qo‘shnimning muammosi hal bo‘lmasligini bilar edim.
Bir kecha tushimda bir shayx kelib: "Qo‘shningning hovlisiga echki bog‘la", dedi.
Ertalab turib, qolgan pulimga yangi bolalagan echki sotib oldim. Qo‘shnimning hovlisiga olib kirib bog‘ladim. Shundan keyin qo‘shnimning uyida bolalarning chinqirab yig‘lagan ovozi tindi. Qo‘shnim esa har kuni “Echkini olib kelgan odamga Allohning rahmati bo‘lsin!” deb duo qilar edi. Men uchun bu echki Alloh bilan oramdagi bir sir bo‘lib qoldi. Har qachon shu duo bilan Allohdan so‘rasam, Alloh qabul qiladi. Bu kecha echkining haqqi bilan senga shifo so‘rab Allohga duo qildim. Inshaalloh, Alloh senga shifo beradi, dedi. Boy odam dehqonning hakoyasini eshitdiyu, ammo unga unchalik e’tibor qilmadi.
Lekin shu voqeadan keyin yana bir marta shifokorning huzuriga tahlil uchun borganida shifokorning xulosasini eshitib hayratdan qotib qoldi. Chunki unga bir necha yillardan beri og‘riq azobini berib kelayotgan oshqozon va ichaklaridagi dardidan asar ham qolmagan edi.
Boy odam bu gapni eshitgach, shoshilgancha dehqonning huzuriga bordi va uning qo‘llarini o‘pib minnatdorchilik bildirdi va unga ham shunday savobli ishlar qilishni o‘rgatishini so‘radi. Dehqon esa uni qishloq bo‘ylab olib yurib, faqir va muhtojlarning uylarini ko‘rsatdi va har bir faqirning uyini oldida bir to‘xtab, unga: "Alloh bilan savdo qil!" dedi. Boy odam: - Qanday qilib Alloh bilan savdo qilish mumkin? deb so‘radi. Shunda dehqon: "Alloh bilan savdo qilishning yo‘llari ko‘p. Eng muhimi ixlos bo‘lsin. Shunda bir og‘iz shirin so‘zing ham sadaqa hisobida bo‘ladi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV