Fazilatli oylardan biri sha’bonda qilingan xayrli amallarning ajri juda ulug‘dir. Ayniqsa, bu oyning birinchi yarmida nafl ro‘za tutish nihoyatda savoblidir.
Sha’bon oyining 14-dan 15-ga o‘tar kechasi eng fazilatli tunlardan biridir. Bu kechani "Baroat kechasi" deyiladi. Baroat kechasida bir yil ichida bo‘lajak ishlar haqida qazoyu hukm qilinib, ajal va umr belgilanadi va amal sahifalari Alloh taoloning huzuriga ko‘tariladi. Shu kuni Alloh taoloning rahmati yer yuziga yog‘iladi.
Usoma ibn Zayd (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: Men: «"Yo, Rasululloh, sizni hech bir oyda sha’bon oyidagi kabi ko‘p ro‘za tutganingizni ko‘rmadim?" deb so‘raganimda, u zot: "Bu oy rajab bilan Ramazon o‘rtasidagi oy bo‘lib, odamlar undan g‘aflatda qoladi. Holbuki, barcha amallar olamlarning Robbisiga mana shu oyda ko‘tariladi. Men esa ro‘zador bo‘lgan holatimda amalim ko‘tarilishini istayman", dedilar» (Imom Nasoiy va Abu Dovud rivoyati).
Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sha’bonning o‘rtasidagi kechada Alloh taolo bunday marhamat qilishini aytganlar: "...Istig‘for aytguvchi bormi? Uni mag‘firat qilurman. Rizq so‘rovchi bormi? Unga rizq berurman. Mubtalo bormi? Unga ofiyat berurman".
Sha’bon oyida solih amallarni ko‘proq qilishga targ‘ib etilishidan maqsad, bandalarni kelayotgan Ramazon oyiga jismonan va ruhan tayyorlanib bormoqlarini ta’minlash hamdir.
Oysha onamiz (roziyallohu anho)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Sha’bonning yarmidagi kechada Alloh dunyo osmoniga nuzul etadi va Bani Kalbning qo‘ylari junidan ham ko‘p odamni mag‘firat qiladi", dedilar» (Ibn Moja, Imom Termiziy va Ahmad rivoyati).
Bani Kalb qabilasi o‘sha vaqtda suruv-suruv qo‘ylari bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sha’bon oyining yarmida Alloh taolo nihoyatda ko‘p gunohlarni mag‘firat qilishini ifodalash uchun ana shu qo‘ylarning junini misol qilib keltirganlar.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): "Ramazondan bir-ikki kun oldin ro‘za tutmanglar. Ammo kimdir (doimiy nafl) ro‘za tutib yurgan bo‘lsa, uni tutaversin", dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).
Kimdir biror nafl ro‘zani ma’lum kunlarda o‘ziga vazifa qilib olgan bo‘lsa, o‘sha kun Ramazondan oldingi kunlarga to‘g‘ri kelib qolsa, ro‘za tutish joizdir. Masalan, ko‘pchilik dushanba va payshanba kunlari nafl ro‘za tutadi.
Demak, sha’bon oyining ikkinchi yarmida nafl ro‘za tutmagan yaxshi, ammo birinchi yarmining oxiridagi kechasi ham, uning ertasi ham ulug‘ fazilat va barakotli fursatdir.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi, Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.
Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.
Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.
Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.
Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).
Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.
Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.