Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

Hovli olma, qo‘shni ol...

27.04.2017   5393   8 min.
Hovli olma, qo‘shni ol...

Bizning aziz va jonajon yurtimizda 130 dan ziyod millat hamda elatlar o‘zaro ahil-inoq, asrlar davomida millatidan, dinidan qat’iy nazar fuqarolarimiz tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirib kelmoqda. Ular bir musaffo osmon ostida birdamlikda bir-birlariga samimiyat ila munosabatda bo‘lishib, yaxshi kunda hamdam, yomon kunda hamnafas bo‘lib, milliy va diniy qadriyatlarimizga hamohang millatimizga xos bag‘rikenglikda va o‘zaro hamjihatlikda yashab kelayotganliklari farovonlik asosidir.

Zero, aslida insonlar bir ota-onadan yaratilgani Qur’oni karim oyatlaridan ma’lum:

 يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ 

Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir (Hujurot surasi,13 oyat).

Shu bilan birgalikda, insonlarni Alloh taolo o‘zi yaratgan mavjudotlari ichida eng aziz va mukarrami qilganini ham bayon qilgan.

 وَلَقَدْ كَرَّمْنَا بَنِي آَدَمَ وَحَمَلْنَاهُمْ فِي الْبَرِّ وَالْبَحْرِ وَرَزَقْنَاهُمْ مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَفَضَّلْنَاهُمْ عَلَى كَثِيرٍ مِمَّنْ خَلَقْنَا تَفْضِيلًا 

Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini  (aziz va)  mukarram  qildik va ularni   quruqlik  va  dengizga  (ot-ulov va kemalarga)  mindirib qo‘ydik hamda  ularga  pok  narsalardan  rizq  berdik  va  ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro surasi,  70 oyat).    

Bas shunday ekan, yer yuzida tinch va farovon hayot kechirishlikda qo‘shnichilik aloqalari ham alohida o‘rin tutadi. Islom dini bizga chiroyli qo‘shnichilikka taalluqli bo‘lgan ta’limot va ko‘rsatmalarni bayon etadi. Bu Qur’oni karim va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlari orqali yetib kelgan. Jumladan, Niso surasining 36-oyatida:

 وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا 

Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shniyu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”, deb marhamat qilingan.

 Bu oyatda Alloh taolo bizga yaqinu uzoq qo‘shnilarga, xoh u qarindosh yoki begona, hatto boshqa din vakillari bo‘lishsin, barobar yaxshilik qilishga buyuradi. Musulmon qo‘shnining o‘z qo‘shnisi ustida qo‘shnichilik haqlaridan tashqari musulmonlik haqlari ham mavjud. Huddi qarindosh qo‘shnilarni qarindoshlik va qo‘shnichilik haqlari bo‘lgani kabi musulmon bo‘lmagan qo‘shnilarning ham qo‘shnisi zimmasida go‘zal muomala va chiroyli qo‘shnichilik haqqi bor. Inson o‘z qo‘shnisiga faqat yaxshiliklarni ravo ko‘rmog‘i lozim. Bu borada misol tariqasida bir hikoya keltiriladi:  

Bir ulug‘ zotning uylariga yaqin kishisi mehmon bo‘libdi. Uyning burchagidan sichqon yugurib o‘tib qolibdi. Mehmon o‘zini mezbonga yaqin olib, sichqonlardan qutilish yo‘li uyda mushuk asrab olishni maslahat beribdi. Shunda u kishi: “Mushuk asrab olsam, sichqonlar mushukdan qo‘rqib, qo‘shnilarimnikiga qochib o‘tib ketsa, shu tufayli men o‘zim yaxshi ko‘rmagan narsani qo‘shnilarimga ravo ko‘rgan bo‘lib qolishdan qo‘rqaman”, deb aytibdi (Imom G‘azzoliyning “Ihyau ulumid-din” asaridan).

Abul Asvad ad-Dualiy ibrati: Arab tili grammatikasi asoschilaridan biri bo‘lgan Abul Asvad ad-Dualiy buyuk hikmat va ilm sohibi edi. U kishi birinchi bo‘lib arab tili harflariga nuqta qo‘yishni joriy qilgan zotdir. Rivoyat qilinishicha, uning hovlisi bo‘lib, uni sotadilar. Shunda undan: “Hovlingizni sotdingizmi?” deb so‘rashadi. U kishi: “Yo‘q, hovlimni emas, qo‘shnimni sotdim”, deb javob beradilar. U zotning hovlilarini sotganining sababi, uning inson hayotini barbod qiladigan darajadagi juda yomon, axloqsiz qo‘shnisi bor edi. Bundan kelib chiqib shunday hikmatlar behos yodingizga tushadi: “Uylar qo‘shnilar bilandir”, “Qo‘shni keldi — ko‘mak keldi,Qo‘shnida pishar, Bizga ham tushar”, “Qo‘shning yomon bo‘lsa, yomonlik kelar, Qo‘shning yaxshi bo‘lsa — omonlik”, “Qo‘shnisi yaxshi qarimas”, “Hovli olma, qo‘shni ol”. Abul Asvad ad-Dualiyning “Uyimni emas, qo‘shnimni sotdim” degan so‘zalari zamonlar osha insonlar takrorlab yuradigan zarbul masal bo‘lib qoldi.

Nega shunday bilasizmi? Qo‘shningizning yaxshiliklari sizni buyuk bunyodkorliklar tomon yetaklaydi. Uning qo‘shnichilik haq-huquq va burchlarini go‘zal tarzda ado etishi va sizning bularga rioya qilishingiz hamjihatlik va xotirjamlikni ta’minlaydi. Bu esa Islom dinining talabidir. Fikrimizning tasdig‘i sifatida quyida bir ibratli hikoyani e’tiboringizga havola etamiz.     

Solim degan qalbi pok, sahovatpesha, hushmuomala bir kishi bor edi. Uning Ahmad ismli kambag‘al qo‘shnisi bo‘lib, kunlarning birida Ahmad ko‘proq pulga muhtoj bo‘lib qoldi. Ahmad bu mablag‘ni berib turadigan biror kishi topa olmagach, oxiri hovlisini sotishga qaror qildi. Chunki u shu muammosini qo‘shnilariga ayon qilmagaan edi. Shu jumladan, Solimga ham. Xaridorlardan biri: “Ey Ahmad, hovlingiz uchun qancha so‘raysiz?” dedi. Ahmad esa: “Ming dinor”, deb javob berdi. Xaridor: “Lekin bu juda qimmat-ku, uyingizning narxi besh yuz dinor”, dedi. Ahmad: “To‘g‘ri, uyimning narxi men aytgan narxga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo bu hovlining sahovatpesha yaxshi bir qo‘shnisi bor. Uning ismi Solim bo‘lib, qachon betob bo‘lsam, holimdan xabar oladi. Doimo mendan hol-ahvol so‘raydi. Mening xursandchiligimga qo‘shilib xursand bo‘ladi, mahzunligimni ko‘rib xafa bo‘ladi. Shu paytgacha bu hovlida yashab, undan biror-bir yomon so‘z eshitmaganman”, dedi. Shunda haridor Ahmadning so‘zini eshitib: “Kimni Solimdek qo‘shnisi bo‘lsa, hovlisini hech sotmasin”, dedi. Bu orada Solim xaridor bilan Ahmad o‘rtasidagi bo‘lib o‘tgan suhbatni eshitib juda mahzun bo‘ldi. Chunki Ahmad unga qo‘shni bo‘la turib, mablag‘ga muhtojligini yashirgan edi. Solim tezda Ahmadning uyiga kirib: “Ey qo‘shni, hovlingizni hech qachon sotmang. Qancha hojatingiz bo‘lsa, men beraman. Chunki men sizni o‘zimga qo‘shni bo‘lib qolishingizni xohlayman”, dedi. Ahmad va Solim o‘rtasidagi bunday holatni ko‘rgan shahar ahli juda xursand bo‘ldi.

Mazhabboshimiz imom A’zam rahmatullohi alayh  o‘z qo‘shnilari bilan juda go‘zal muomala qilar ekanlar. Boshqa din vakili bo‘lgan qo‘shnilariga qarz so‘raganlarida qarz beribdilar. Ittifoqo, qo‘shnilaridan biri  vafot etib janozaga hamma xozir bo‘libdi. Kun juda qattiq qizdirgan, barcha soya qidirib xaligi qarz ko‘targan odamning devori soyasiga o‘zlarini olishibdi. Biroq imom A’zam rahmatullohi alayh shu soyaga bormabdilar. Shogird va muxlislar soyaga taklif qilishganda ham o‘rinlarida turavergan ekanlar. Keyichalik buning sababini o‘zlari “Sizlar soyalangan devor egasi mendan qarz ko‘targan edi. Takliflaringizni qabul qilmaganim sababi soyaga o‘tsam ribo bo‘lib qolib, u insonning ko‘ngli og‘rinmasin deb o‘tmagan edim”-degan ekanlar.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, jamiyat taraqqiyoti, xalq farovonligi, kishilar o‘rtasida mehr-oqibatning mustahkamlanishi qo‘shnichilik haqlarini go‘zal holatda ado etish bilan amalga oshiriladi. Bu esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishishimizning omillaridan biridir.

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom-xatibi  

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

10.01.2025   2966   4 min.
OITSdan saqlanishning oson-ishonchli yo‘li

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".

Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.

Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.

Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.

Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.

Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.

"Tafsiri Hilol" kitobidan

Maqolalar