Ma’naviy yangilanish yo‘lidan dadil odimlab borayotgan yurtimizda muqaddas dinimizga alohida e’tibor berila boshlandi. Jumladan, islom bilim yurtlari faoliyati tubdan yaxshilandi. Buning zamirida islom dinini asl holatida o‘rganishga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, diyorimiz allomalarining dinimizga oid boy ma’naviy me’rosini tadqiq etib, ularni xalqimizga sodda va ravon uslubda yetkazish, zamon talablari darajasidagi malakali diniy mutaxassislarni tayyorlash maqsad qilib qo‘yilgan.
Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, jamiyatimizda ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlar mamlakatimiz musulmonlari hayotida ham ulkan burilishlarga sabab bo‘ldi. Respublikamiz xalqaro maydonda o‘z o‘rnini topdi. Har yili turli mamlakatlarda o‘tkaziladigan Xalqaro Qur’on musobaqalarida diyorimizda yetishib chiqayotgan qorilarimiz ham qatnashib, nufuzli o‘rinlarni egallashmoqda.
Bugun poytaxtdagi “Xoja Alambardor” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti, Islom universiteti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlari talabalari ishtirokida “Qorilar musobaqasi” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi o‘tkazildi. An’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan bunday ko‘rik-tanlov yurtdoshlarimizning Qur’oni karimni o‘qib-o‘rganish, yodlash, tinglash hamda tajvid qoidalarini yanada puxta o‘rganishga bo‘lgan mehr-muhabbatining oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Qur’oni karimni yodlagan iqtidorli talabalarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, ulardagi noyob fazilatlarni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan “Qorilar musobaqasi”ning Respublika bosqichi ikki yo‘nalishda o‘tkazildi. Birinchi yo‘nalish murattab qorilar, ikkinchi yo‘nalish mujavvid qorilar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlov natijalari quyidagicha bo‘ldi:
Murattab qori yigitlardan:
1-oliy o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Rahmonberdi Abdulaziz qori;
1-o‘ringa Sayyid Muhyiddin Maxdum madrasasi talabasi Abdumalikov Sirojiddin qori;
2-o‘ringa Ko‘kaldosh madrasasi talabasi Abdumalikov Nizomiddin qori;
3-o‘ringa Mir Arab madrasasi talabasi Mirboboyev Mirabbos;
Mujavvid qori yigitlardan:
1-o‘ringa Faxriddin ar-Roziy madrasasi talabasi Homidov Muhammadyusuf;
2-o‘ringa Muhammad al-Beruniy madrasasi talabasi Pirxonov Nasibilloh qori;
3-o‘ringa Mir Arab madrasasi talabasi Ahmadjonov Qodirali;
Murattab qoriya qizlardan:
1-o‘ringa Xadichai Kubro madrasasi talabasi Is'hoqjonova Muhsina;
2-o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Nurmatova Shohistaxon;
3-o‘ringa Jo‘ybori Kalon madrasasi talabasi Yahyoyeva Shahnoza;
Mujavvid qoriya qizlardan:
1-oliy o‘ringa Toshkent islom instituti talabasi Najmiddinova Robiya;
1-o‘ringa Xadichai Kubro madrasasi talabasi Umaraliyeva Dilnozaxon;
2-o‘ringa Jo‘ybori Kalon madrasasi talabasi O‘rinova Lutfiya;
3-o‘ringa Toshkent islom universiteti talabasi Jaloliddinova Mahfuza munosib deb topildi.
Ko‘rik-tanlov g‘oliblari O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda homiylar tomonidan tashkil etilgan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi