Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

XXVII Qorilar musobaqasi ko‘rik-tanlovi (81 ta rasm)

26.04.2017   5306   6 min.
XXVII Qorilar musobaqasi  ko‘rik-tanlovi (81 ta rasm)

Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida Qur’ondan hech narsa bo‘lmagan inson xaroba uy kabidir”, deb marhamat qildilar.(Termiziy rivoyati.) 

*    *    * 

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Qur’onni yodlagan qoriga (qiyomat kuni) “O‘qi, ko‘taril va dunyoda tilovat qilganingdek tilovat qil. Sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir”, deb aytiladi”. (Termiziy va Nasoiy rivoyati.) 

*    *    *  

Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur’onni o‘qib, undagi hukmlarga amal qilsa, qiyomat kunida Alloh taolo uning ota-onasiga toj kiydiradi. Uning nuri dunyo uylaridagi quyosh nuridan ko‘ra yorqinroqdir. Bunga amal qilgan inson haqida gumoning qanday?”. (Abu Dovud rivoyati.)

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu  alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar, zero u qiyomat kunida o‘z egalari uchun shafoatchi bo‘lib keladi”, deb marhamat qildilar. (Muslim rivoyati.)

*   *   *

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu  alayhi vasallam: “Faqat ikki narsada hasad qilish joiz: Alloh unga Qur’onni ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uning tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishiga va Alloh taolo unga mol dunyo ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uni infoq qiladigan kishiga”, dedilar.(Buxoriy va Muslim rivoyati)

*   *   *

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudanRasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlari rivoyat qilinadi: “Alloh taolo aytadi: “Kimni Qur’on o‘qish va mening zikrim uni boshqa narsalarni so‘rashdan to‘sib qo‘ysa, men unga so‘raganlarga berganimdan ko‘ra ko‘prog‘ini beraman. Alloh taolo kalomining boshqa kalomlarga nisbatan fazli Alloh taoloning bandalarga nisbatan fazli kabidir”. (Termiziy rivoyati.)

*   *   *

Bizni kuzatib boring va musobaqa rasmlaridan bahramand bo‘ling 

Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir”, deb marhamat qilganlar.

*    *    *

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni o‘qigan va unga mohir bo‘lgan qorilar ulug‘ va mukarram farishtalar bilan birga bo‘ladi, Qur’onni tutilib-tutilib o‘qigan va qiroat unga mashaqqatli bo‘lgan kishi uchun ikki ajr bordir”, deb marhamat qildilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati.)

*    *    *

Abu Muso Ash’ariy[1]roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Qur’on o‘qiydigan mo‘minning o‘xshashi utrujja[2] kabidir, uning hidi ham, o‘zi ham shirindir. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min o‘xshashi hurmo kabidir, uning ta’mi shirin bo‘lib, hidi bo‘lmaydi, Qur’on o‘qiydigan munofiqning o‘xshashi rayhon kabidir, hidi hushbo‘y, lekin mazasi achchiqdir. Qur’on o‘qimaydigan munofiqning o‘xshashi esa hanzala[3]kabidir, uning hidi ham yo‘q, ta’mi ham achchiqdir”. (Buxoriy va Muslim rivoyati.)

 

*    *    *

Fotolavhalar
Boshqa maqolalar

Institutni tamomlagan farzandga otaning nasihati

12.06.2025   7946   4 min.
Institutni tamomlagan farzandga otaning nasihati

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!

Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.


Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.


Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.


Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.

Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...

Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!

Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.

Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.

Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!

Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!

Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz. 

Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi. 

Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.

Davron NURMUHAMMAD