Ko‘nglida kiri bor kimsalar insoniyatning ezgu maqsadlarni ko‘zlab yaratgan kashfiyotaridan g‘arazli maqsadda foydalanmoqda. Masalan, internet orqali qanchadan qancha insonlarning ongini zaharlab kelayotgan kaslar kam emas. Afsuski, ana o‘shalarning ta’sirida ko‘plab yoshlar buzg‘unchi harakatlar qurboni bo‘lib, din dushmanlari quroliga aylanib qolmoqda. Oxir-oqibat, ularning targ‘ibotlariga uchib o‘z dini, dindoshlari, xalqi va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Vataniga qarshi isyon qilishgacha borib yetmoqdalar.
Dinimiz ta’limotida inson qaysi manbadan, qanday ma’lumotni olishidan qat’i nazar uni tekshirib ko‘rishi, asl mohiyatini tushunishga harakat ilishi lozimligi aytilgan. Alloh taolo: “(Ey inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) mas’ul bo‘lur (javob berur)” (Isro, 36) deya bizni hushyorlikka chorlagan. Biz ana shu xitobga qat’iy amal qilmog‘imiz lozim.
Eshitgan gapiga ishonib ketavergan kishi, do‘stu dushmanning farqiga bormaydigan nodonga aylanib qoladi. Buni Xoja Samandar Termiziy chiroyli tarzda quyidagicha ifodalagan:
Dushman so‘zlariga ishongan kishi,
Pushaymon tortishdir oqibat ishi!
Va yana Abdulloh ibn Muborak rahimaulloh: “Din-bu ilmdir, uni kimdan olayotganingizga qarang”, deganlar.
Inson agarda din ilmini o‘zlashtirmoqchi bo‘lsa uni duch kelgan odamdan yoxud manbasi noma’lum ijtimoiy tarmoqlardan emas, balki ishonchli manbalardan olmog‘i zarur. Sog‘lom e’tiqod nafaqat shaxsning barkamolligi, balki jamiyatning barqaror bo‘lishi uchun ham juda muhim. Qaysi jamiyatda kishilar e’tiqodi sof bo‘lsa, o‘sha joyda tinchlik mustahkam bo‘ladi.
Dinni niqob qilib olgan shaxslar esa, faqat g‘arazli maqsadlariga yetish niyatida begunoh insonlarning qonini to‘kmoqda, buzg‘unchiliklar qilmoqda. Alloh taolo esa o‘z kitobida buzg‘unchilarni sevmasligini, Islom dini – tinchlik dini ekanini aytgan.
O‘zlarini Islom dini himoyachilari deb atayotgan kimsalar mudhish ishlari Islom diniga zid ekanini bila turib o‘zlari qilgan qo‘poruvchilik, qotilliklar aks etgan video lavhalarni internetga joylashtirib butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilmoqda. Yana shu qilmishlarini to‘g‘ri to‘g‘ri deya da’vo qilmoqda. Ular Qur’oni karim oyatlari yoki hadisi shariflarni o‘z maqsadlariga moslab dalil qilib ko‘rsatmoqda. Aslida u oyatlar va hadisi shariflarning mazmun-mohiyati, nozil bo‘lish sabablari, ulardan tushuniladigan ma’no butunlay boshqacha. Ular biror oyatni o‘qib olib, mazmunini tushunmasdan ko‘r-ko‘rona adashib ketmoqda.
Biz O‘zbekiston farzandlari ana shunday shaxslarning aldovlari, domiga tushib qolmasligimiz lozim. Buning uchun esa albatta oq-qorani, yaxshi-yomonni ajrata olishimiz zarur. Kimning bizga nimani o‘rgatmoqchi bo‘layotganiga diqqatli bo‘lmog‘imiz darkor. Zero, donishmand bobolarimiz aytganidek, hamma ilmlar \am foydali emas, foydali ilmning topa bilishning o‘zi ham bir ilmdir.
Vatan kelajagi bizmiz! Uni asrab-avaylash va yanada taraqqiy ettirish bizning vazifamiz. Shunday ekan, Vatanimizni ko‘z qorachig‘imizdek asraylik!!!
Xosiyatbonu RAHIMJONOVA,
Xadichai Kubro bilim yurtining 2-kurs talabasi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Jizzax viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Botirxon domla Ro‘ziyevning padari buzrukvorlari Joniqul otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Botirxon domla Ro‘ziyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz