O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 21 aprel kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanida bo‘ldi.
Mamlakatimiz rahbari mazkur tumandagi “Imom at-Termiziy” jome masjidiga ham tashrif buyurib, ulamolar va nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk vatandoshimiz Abu Iso Muhammad Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Prezidentimiz buyuk alloma bobomiz nomidagi “Imom at-Termiziy” jome masjidini tubdan qayta qurish, atroflarini go‘zal maskanga aylantirish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Shu munosabat bilan 22 aprel kuni ushbu masjidda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, ulamolar va nuroniy otaxonlar ishtirokida tadbir o‘tkazildi, ehson dasturxoni yozildi. Muqaddam ushbu masjidda xizmat qilib o‘tgan Yahyo qori, Salohiddin Muhiddin kabi ulamolar xotirlandi. Qur’oni karim tilovat qilindi.
Tadbirda nutq so‘zlagan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari qayta qurilishi boshlanayotgan ushbu jome masjid mo‘min-musulmonlarga uzoq yillar davomida xizmat ko‘rsatadigan muborak maskanga aylanishini, xalqimiz farovonligi, dinimiz ravnaqini, mamlakatimiz rivojini so‘rab, duo qildilar.
Bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan yuksak e’tibor natijasidir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba, 18). Demak, masjidlarni barpo qilish, obod etish hamda ularni ta’mirlash yuksak imon va mustahkam e’tiqodning ko‘rinishidir.
Darhaqiqat, o‘tgan yillarda Toshkent shahrida “Yakkasaroy”, “Avayxon”,“Pul yemas ota” kabi masjidlar tubdan qayta qurildi. Surxondaryo viloyatida “Oq masjid” jome masjidi, Sirdaryo viloyatida “Xovos” jome masjidi, Jizzax viloyatida “Xo‘ja Nuriddin” jome masjidi, Toshkent viloyatida “O‘smat ota” jome masjidi, Samarqand viloyatida “Imomi A’zam”, “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidlari va Toshkent shahrida muhtasham “Islom ota” jome masjidi zamonaviy loyiha asosida butunlay yangidan bunyod etildi. Toshkent shahridagi “Oltintepa” jome masjidida qurilish ishlari jadal davom etmoqda.
Mana shunday bunyodkorlik ishlarining uzviy davomi sifatida, Toshkent shahri Olmazor tumani “Imom at-Termiziy” jome masjidini yangidan barpo etish ishlari boshlab yuborildi. Xushxabar mo‘min-musulmonlarimiz uchun katta xursandchilik bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, qurilish ishlariga eng mohir usta va muhandislar jalb etilgan. Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishadi. Zero, masjid qurish, uni obod etishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab, masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Masjidlarni ko‘rkam qilish, namozxonlarga qulay sharoitlar yaratish katta ajr beriladigan amallardandir. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”.
Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelganlar har namoz so‘ngida ona-Vatanimiz tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duolar qilishadi. Bunday xayrli duolar sharofati ila Yaratgan Parvardigor yurtimizni yanada farovon qiladi.
Azim poytaxtimizda qad rostlaydigan ushbu yangi jome masjid xalqimiz uchun juda katta tuhfa bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi axborot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Qatoda roziyallohu anhuning haqqiga bunday duo qilganlar: “Allohim, uning yuzini yanada go‘zal qilgin, sochlari va tanasini quvvatli qilgin”. Qatoda roziyallohu anhu 75 yoshida vafot etganida go‘yo o‘n besh yoshli yigitga o‘xshardi.
Shifo oyatlariga quyidagilar kiradi:
وَيَشْفِ صُدُورَ قَوْمٍ مُؤْمِنِينَ
“(Alloh) mo‘minlar qavmi qalblariga shifo beradi” (Tavba surasi, 14-oyat).
يَا أَيُّهَا النَّاسُ قَدْ جَاءَتْكُمْ مَوْعِظَةٌ مِنْ رَبِّكُمْ وَشِفَاءٌ لِمَا فِي الصُّدُورِ وَهُدًى وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“Ey, odamlar! Sizlarga Robbingizdan va’z (nasihat), dillardagi narsa (shirk va boshqa illatlar)ga shifo va mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).
يَخْرُجُ مِنْ بُطُونِهَا شَرَابٌ مُخْتَلِفٌ أَلْوَانُهُ فِيهِ شِفَاءٌ لِلنَّاسِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ
“Ularning (asalarilarning) qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 69-oyat).
وَنُنَزِّلُ مِنَ الْقُرْآَنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ
“(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz” (Isro surasi, 82-oyat).
وَإِذَا مَرِضْتُ فَهُوَ يَشْفِينِ
“Kasal bo‘lganimda, Uning O‘zi menga shifo berur” (Shuaro surasi, 80-oyat).
قُلْ هُوَ لِلَّذِينَ آَمَنُوا هُدًى وَشِفَاءٌ
Ayting: “(Ushbu Qur’on) iymon keltirgan zotlar uchun hidoyat va (dildagi ma’naviy illat uchun) shifodir” (Fussilat surasi, 44-oyat).
Davron NURMUHAMMAD