“Mazhab” so‘zi lug‘atda “chiroyli”, “go‘zal” hamda “yo‘l”, “yo‘nalish” degan ma’nolarda ishlatiladi. Shariat istilohida mazhab, Alloh taoloning amrlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasllamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yo‘l, urfda esa chiroyli yo‘l ma’nosini bildiradi.
Xalqimiz asrlar osha e’tiqod qilib kelayotgan diniy jamoa – ahli sunna val-jamoaning mazhablari to‘rtta bo‘lib, uning asoschilari mutlaq ijtihod sohiblari hisoblanadi. Ular mazhabboshi yoki imom deb ataladi. Ularning qay biriga ergashilsa ham, to‘g‘ri yo‘l tutilgan bo‘ladi. Ushbu mazhablarning biri boshqasidan ustun ko‘rilmagan holda barchasi birdek qadrlanadi. Musulmon kishi to‘rt mazhabdan birini mahkam ushlashi vojib amal.
To‘rt mazhabning har biri asoschilari nomi bilan Hanafiy, Molikiy, Shofiiy, Hanbaliy mazhablari deb nomlangan. Ibn Rajab Hanbaliy rahmatullohi alayh “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” degan kitobida mazhablarga bo‘lgan ehtiyojni quyidagicha ta’riflagan: “Alloh taolo o‘z hikmati taqozosi ila dinni ushlash va muhofaza qilish uchun odamlarga imomlarni chiqarib berdi. Ularning bilimlari, fatvo va hukmlar ilmida ko‘zlangan maqsadga erishganlarini hamma tan olar edi. Barcha odamlar fatvoda ularga murojaat qiladigan, hukmlarni bilishda ham ularga qaytadigan bo‘ldi. Alloh taolo ular uchun mazhablarini tartibga soladigan va qoidalarni tahrir qiladigan zotlarni qoim qildi. Oxir-oqibat ulardan har bir imomning mazhabi, uslubi, qoidalari va fasllari aniqlandi. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami, ushbu dinni muhofaza qilish sabablaridan bo‘ldi”.
Mazhabboshilar Qur’oni karim va hadisi sharifdan hukmlarni oladigan mujtahidi mutloq darajasiga yetganlar. Ularning yo‘li biror-bir masalani yechishda o‘zlari asos qilib olgan usullar va istinbod qoidalariga tayangani jihatidan farq qiladi.
Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon hokim hukm qilganda ijtihod qilib, to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr bo‘lur. Qachon u hukm qilganda ijtihod qilsa-yu, xato qilsa, unga bir ajr bo‘lur”, dedilar”.
Hanafiy mazhabining imomi Abu Hanifa rahmatullohi alayh biror masalani yechishda quyidagi yetti asos: Qur’oni karim, sunnat, sahobiylar so‘zlari, qiyos, istihson, ijmo, urfga tayanganlar. Qolgan uchala imomlar esa, urf va istihsonga asoslanmagan, Lekin Molikiy mazhabi istihsonni olgan.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, to‘rtta mazhabning haq ekani borasida musulmonlar ummati ijmo’ qilganlar.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, bu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo‘llarga ergashmang, sizni Uning yo‘lidan ajraturlar” (An’om surasi, 153-oyat).
Bugungi kunda dunyodagi taxminan 1.3 milliard musulmon aholisining 92.5 foizini sunniylar tashkil etib, ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadi: hanafiylar 47, shofiiylar 21, molikiylar 17, hanbaliylar 7.5 foizini tashkil qiladi.
Musulmonlarning mazhabga bo‘linish e’tiboridan ayon bo‘lmoqdaki, 47 foiz kishi hanafiy mazhabida ekani, bu mazhabning mohiyati va mazmunida odamlarga yengillik yaratib berishdek oliy maqsad o‘z aksini topgan. Hanafiy mazhabi to‘rt mazhab ichida vasatiylikni mahkam tutgan, shariatga xilof qilmagan holda bandalarga yengilliklar yaratgan mazhabdir. Hanafiy mazhabi hech qachon musulmonlarga qiyinchilik va mashaqqatni ravo ko‘rmagan, xoh ibodatda bo‘lsin, xoh muomilat masalalarida bo‘lsin, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bunday yondashuvi tahsin va e’tiborga sazovordir. Masalan, Abu Hanifa rahmatullohi alayh ko‘ylakka tekkan najosatni gul yoki uzum suvi bilan tozalash va mevalarni xomligida sotishga ijozat berganlar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh urf va istihsonga e’tibor berishi jihatidan, qolgan uch mazhabga nisbatan fiqhiy masalalarda yengil va mo‘tadilroq deb aytsak bo‘ladi.
Xayrullo MARDONOV,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi 2025-2026 o‘quv yili uchun oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish sanalarini e’lon qiladi:
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti,
Mir Arab oliy madrasasi,
Hadis ilmi maktabi,
Imom Termiziy nomidagi islom instituti va
barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga
2025 yil 25 iyundan 20 iyulgacha davom etadi.
Oliy diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishni istagan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni topshiradi:
ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasini tamomlagani to‘g‘risidagi hujjat (diplom) va uning ilovasi nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
Xorijiy davlatlardagi diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan va mamlakatimizda nostrifikatsiyadan o‘tkazilgan diplomga ega bo‘lgan abituriyentlar (O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari) ham hujjat topshirishlari mumkin.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlar qabul hay’atiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza;
pasport yoki ID karta nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
ma’lumoti to‘g‘risida attestat yoki diplom nusxasi (asli ko‘rsatiladi);
3,5 x 4,5 hajmdagi 6 dona rangli fotosurat (so‘nggi uch oyda olingan va orqa foni oq rangda bo‘lishi talab etiladi);
chet tilini bilishi to‘g‘risidagi hujjat asl nusxasi (ma’lumoti to‘g‘risidagi hujjatda ko‘rsatilgan chet tilidan boshqa tilda imtihon topshiruvchilar uchun).
Ma’lumot o‘rnida: Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining test sinovlarida ishtirok etishi uchun abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi. Joriy yilda o‘qishni tamomlab, o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga hujjat topshirayotgan abituriyentlardan esa to‘lov undirilmaydi.
2025-2026 o‘quv yili qabul jarayonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz (https://t.me/qabulmuslimuz) telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati