Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Iyul, 2025   |   16 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:35
Bismillah
11 Iyul, 2025, 16 Muharram, 1447

To‘g‘ri topganga ikki, xato qilganga bir ajr...

20.04.2017   11517   4 min.
To‘g‘ri topganga ikki, xato qilganga bir ajr...

“Mazhab” so‘zi lug‘atda “chiroyli”, “go‘zal” hamda “yo‘l”, “yo‘nalish” degan ma’nolarda ishlatiladi. Shariat istilohida mazhab, Alloh taoloning amrlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasllamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yo‘l,  urfda esa chiroyli yo‘l ma’nosini bildiradi.

Xalqimiz asrlar osha e’tiqod qilib kelayotgan diniy jamoa – ahli sunna val-jamoaning mazhablari to‘rtta bo‘lib, uning asoschilari mutlaq ijtihod sohiblari hisoblanadi. Ular mazhabboshi yoki imom deb ataladi. Ularning qay biriga ergashilsa ham, to‘g‘ri yo‘l tutilgan bo‘ladi. Ushbu mazhablarning biri boshqasidan ustun ko‘rilmagan holda barchasi birdek qadrlanadi. Musulmon kishi to‘rt mazhabdan birini mahkam ushlashi vojib amal.

 To‘rt mazhabning har biri asoschilari nomi bilan Hanafiy, Molikiy, Shofiiy, Hanbaliy mazhablari deb nomlangan. Ibn Rajab Hanbaliy rahmatullohi alayh “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” degan kitobida mazhablarga bo‘lgan ehtiyojni quyidagicha ta’riflagan: “Alloh taolo o‘z hikmati taqozosi ila dinni ushlash va muhofaza qilish uchun odamlarga imomlarni chiqarib berdi. Ularning bilimlari, fatvo va hukmlar ilmida ko‘zlangan maqsadga erishganlarini hamma tan olar edi. Barcha odamlar fatvoda ularga murojaat qiladigan, hukmlarni bilishda ham ularga qaytadigan bo‘ldi. Alloh taolo ular uchun mazhablarini tartibga soladigan va qoidalarni tahrir qiladigan zotlarni qoim qildi. Oxir-oqibat ulardan har bir imomning mazhabi, uslubi, qoidalari va fasllari aniqlandi. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami, ushbu dinni muhofaza qilish sabablaridan bo‘ldi”.

Mazhabboshilar Qur’oni karim va hadisi sharifdan hukmlarni oladigan mujtahidi mutloq darajasiga yetganlar. Ularning yo‘li biror-bir masalani yechishda  o‘zlari asos qilib olgan usullar va istinbod qoidalariga tayangani jihatidan farq qiladi.

Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon hokim hukm qilganda ijtihod qilib, to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr bo‘lur. Qachon u hukm qilganda ijtihod qilsa-yu, xato qilsa, unga bir ajr bo‘lur”, dedilar”.

Hanafiy mazhabining imomi  Abu Hanifa rahmatullohi alayh biror masalani yechishda quyidagi yetti asos: Qur’oni karim, sunnat, sahobiylar so‘zlari, qiyos, istihson, ijmo, urfga tayanganlar. Qolgan uchala imomlar esa, urf va istihsonga asoslanmagan, Lekin Molikiy mazhabi istihsonni olgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, to‘rtta mazhabning haq ekani borasida musulmonlar ummati ijmo’ qilganlar.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, bu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo‘llarga ergashmang, sizni Uning yo‘lidan ajraturlar” (An’om surasi, 153-oyat).

Bugungi kunda dunyodagi taxminan 1.3 milliard musulmon aholisining 92.5 foizini sunniylar tashkil etib, ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadi: hanafiylar 47, shofiiylar 21, molikiylar 17, hanbaliylar 7.5 foizini tashkil qiladi.

Musulmonlarning mazhabga bo‘linish e’tiboridan ayon bo‘lmoqdaki,  47 foiz kishi hanafiy mazhabida ekani, bu mazhabning mohiyati va mazmunida odamlarga yengillik yaratib berishdek oliy maqsad o‘z aksini topgan. Hanafiy mazhabi to‘rt mazhab ichida vasatiylikni mahkam tutgan, shariatga xilof qilmagan holda bandalarga yengilliklar yaratgan mazhabdir. Hanafiy mazhabi hech qachon musulmonlarga qiyinchilik va mashaqqatni ravo ko‘rmagan, xoh ibodatda bo‘lsin, xoh muomilat masalalarida bo‘lsin, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bunday yondashuvi tahsin va e’tiborga sazovordir. Masalan, Abu Hanifa rahmatullohi alayh ko‘ylakka tekkan najosatni gul yoki uzum suvi bilan tozalash va mevalarni xomligida sotishga ijozat berganlar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh urf va istihsonga e’tibor berishi jihatidan, qolgan uch mazhabga nisbatan fiqhiy masalalarda yengil va mo‘tadilroq deb aytsak bo‘ladi.

Xayrullo MARDONOV,

Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi 

 

 

Fiqh
Boshqa maqolalar

Ashuro ro‘zasining fazilati

04.07.2025   6499   2 min.
Ashuro ro‘zasining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».

Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.

Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.

Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».

Muslim rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».

Ikki Shayx rivoyat qilgan.

Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.

Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.