Sayt test holatida ishlamoqda!
12 May, 2025   |   14 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:34
Quyosh
05:08
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:35
Xufton
21:03
Bismillah
12 May, 2025, 14 Zulqa`da, 1446

Olisdagi masjid

19.04.2017   9899   9 min.
Olisdagi masjid

Quddusi Sharifning Eski shahar tomonida joylashgan Masjidul Aqso Makkai Mukarramadagi Masjidul Harom, Madinai Munavvaradagi Masjidi Nabaviydan so‘nggi uchinchi muqaddas makon hisoblanadi.

Buning bir necha sabablari bor. Biz ularning eng e’tiborlilarini aytish bilan cheklanamiz:

Muhammad sallollohu alayhi vasallamning isro va me’roj kechasi. “O‘z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga mo‘jizalarimizni ko‘rsatish uchun sayr qildirgan Zot pok bo‘ldi. Albatta, U eshitguvchi va ko‘rguvchi Zotdir” (Isro surasining 1-oyati);

Payg‘ambar alayhissalomga vahiy tushgan makonlardan biri. Abu Umama xabar beradi: Payg‘ambar alayhissalom: “Menga vahiy uch joyda tushdi: Makkada, Madinada va ash-Shomda”,  dedilar (Abu Dovud, Tabaroniy);

Muhammad sallollohu alayhi vasallam o‘zidan oldin kelgan payg‘ambarlar alayhissalomlar bilan shu yerda uchrashadi va ularga imomlikka o‘tib namoz o‘qiydilar. Namozdan so‘ng U zotga farishtalar pillapoya bo‘lib yettinchi qavat osmonga ko‘tariladilar. Alloh taoloning huzurlariga chiqqanlaridan so‘ng Robbimiz sevikli Rasuliga namozning tartib-qoidasini o‘rgatadi;

Masjidul Aqso musulmonlarning Makkadan oldingi birinchi qiblasi bo‘lgan. Al-Barra roziyallohu anhu: “Biz Allohning Rasuli bilan birga o‘n olti yoki o‘n yetti oy Baytul Maqdisga yuzlanib namoz o‘qidik, keyin yuzimizni yangi qibla – Makkaga qarab o‘girdik”, dedilar (Buxoriy);

Masjidul Aqsoga borishning fazilati. Abu Hurayro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘ch bog‘lab borish faqat uch masjidgagina bo‘ladi; Mening ushbu masjidimga, Masjidul Haromga va Masjidul Aqsoga”, dedilar” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy). 

Masjidul Aqsoni kim, qachon qurgan?

Ana shu savol har doim fikr egalarini o‘ylantirib kelgan. Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yer yuzida qurilgan eng avvalgi masjid haqida so‘radim. U zot: “Masjidul Harom”, dedilar. “So‘ngra qaysi?” dedim.  “Masjidul Aqso” dedilar. “Oralarida qancha (vaqt) bor?” dedim. “Qirq yil”. So‘ngra: “Yer sening uchun masjiddir. Senga qayerda namoz vaqti yetsa, o‘qi”, dedilar” (Buxoriy, Muslim, Nasaiy).

Ushbu hadisi sharif yuzasidan tadqiqot ishlari olib borgan atoqli olimlar turlicha xulosaga kelganlar. Jumladan, Al-Qurtubiy “Jamiyil ahkomil-Qur’on” kitobida: “Olimlar Quddusi sharifga kim asos solgani haqida bir fikrga kela olmadi. Ammo Baytul Haromni Odam alayhissalom qurgani aytiladi. Ehtimol, oradan qirq yil o‘tib uning o‘g‘li Quddusni qurgandir. Shuningdek, Baytul Harom barpo bo‘lganidan keyin, uni, balki Allohning izni bilan farishtalar qurgandir. Shunday bo‘lishi ham mumkin, eng to‘g‘risini Alloh bilguvchidir”, deb yozgan.

Ibn Xojar “Kitobun ahadisil-anbiyo” asarining boshida: “Haqiqatan, Masjidul Aqsoga birinchi bo‘lib Odam alayhissalom asos solgan. Shuningdek, uni farishtalar qurgani ham aytiladi. Yana boshqa manbalarda uning asoschisi Nuh alayhissalom deyiladi. Boshqa manbada esa Ya’qub alayhissalom qurgani haqida so‘z boradi” deb yozgan. Yana u aytadiki: “Men ikki masjidni ham Odam alayhissalom qurgan degan fikrning tasdig‘ini topdim: Ibn Hishom “Kitobul-tijon” asarida bunday yozgan: “Odam alayhissalom Ka’bani qurganidan so‘ng Alloh taolo unga borib Quddusni qurishni amr etdi. U Quddusni barpo etdi va o‘sha yerda sajda qildi”.

As-Suyutiy “Sunani-Nasaiy” asarida: “Masjidul Aqsoni, haqiqatan, Odam alayhissalom qurdi. Ibrohim alayhissalom va Sulaymon alayhissalomning qurilishlar esa masjidning yangilanishi edi, masjidni ular yangidan qurmagan”, deydi.

Islom tarixiga oid manbalarda Masjidul Aqsoni Sulaymon alayhissalom barpo etgani, ammo bunda masjid yangilangani, kengaytirilgani va kelajak avlodlarning ibodati uchun tayyorlangani, lekin masjidga u asos solmagani aytilgan.

Abdulloh ibn Amir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sulaymon ibn Dovud alayhissalom Baytul Maqdisni bino qilgan chog‘larida uch narsani so‘radi; U(Alloh)ning hukmiga to‘g‘ri keladigan hukmni, bas, unga bu berildi. O‘zidan keyin birovga berilmaydigan mulkni, bas unga bu ham berildi. Uning binosidan forig‘ bo‘lganlarida, u yerga faqat namoz o‘qish uchungina kelgan har bir odamni gunohlaridan xuddi onasidan tug‘ilgan kunidek chiqarishini so‘radi” (Nasaiy). 

Quddusning nidosi

Quddusni bosib olgan rumliklar (IV-boshi, VII-oxirlari) “diniy” marosimlarini va boshqa tantanalarini Ibodatxona tog‘ida o‘tkazgan bo‘lsa-da, amalda u joyni shahar axlatxonasiga aylantirgan edi. Ammo uzoq davom etgan istibdod davrida ham Ibodatxona xalqning xotirasidan o‘chmadi. Qadimiy ma’naviyat markazining shon-shuhratini qayta tiklash, butkul xarobaga aylantirilgan, bulg‘angan muqaddas maskanni poklash orzusi badiiy adabiyotning asosiy mavzusiga – nidolariga, bashoratlariga aylandi. Quddus o‘zining zimiston taqdiri va butkul xarobaga aylanganidan shikoyat etgan munojotlaridan biriga  javoban  Alloh taolo: “Men seni Mening amrim bilan qayta quradigan bandalarimni yuboraman. Ular sening ustingni axlatlardan tozalaydi va o‘sha joyda turib Menga ibodat qiladi”, deydi.

Qur’oni karimga sharh yozgan faqih va tarixchi olim at-Tabariy turli manbalardan olgan ma’lumotlarga tayanib ma’lumot berishicha, 637 yil patriarx Sofroniyaning taklifi bilan Quddusga tashrif buyurgan Umar roziyallohu anhu rumliklarning shaharni arablarga topshirish to‘g‘risida tuzgan shartnomasini imzolashi, ya’ni shaharni ulardan qabul qilib olishi kerak edi. U zot bu yerga kelganlaridan so‘ng Ibodatxonaning qayerda ekanini so‘radilar. Ibodatxona tog‘ining yuqorisiga ko‘tarilganlarida o‘rab qo‘yilgan, axlatga to‘la  joyni ko‘rib Payg‘ambar alayhissalom tasvirlagan joy ekanini bildilar va o‘z qo‘llari bilan tozalay boshladilar. Xalifaga yo‘lboshlovchilik qilib kelgan yahudiylar uning kiyimlari changga botib bu yerni axlatdan tozalayotganini ko‘rib, bu voqeadan besh yuz yil oldin: “Sevin, Ey Quddus! Seni ustingdagi axlatlardan tozalash uchun Foruq keladi”, deb aytilgan basharotning amalda ro‘y berganini e’lon qildilar.

Ibodatxona tog‘i axlatdan tozalangandan so‘ng shu yerda Quddusdagi birinchi jome masjidi qurildi. Umar roziyallohu anhu yahudiylarning ko‘p asrlik quvg‘iniga barham berdilar va ularga Quddusda yashashga ruxsat etdilar. 670 yil Quddusga kelgan nasroniy yepiskopi Arkulfa “Masjid qachonlardir qurilgan Ibodatxonaning o‘rnidan barpo etilgan va to‘rtburchakli ibodat joyi qandaydir xarobalar qoldig‘idan to‘sinlar bilan to‘sib qo‘yilgan”, deb yozgan edi. “Aytishlaricha, – deb qo‘shib qo‘yadi yepiskop, – bu ibodatxonaga bir vaqtning o‘zida uch ming kishi sig‘ar emish”. Ana shu soddagina qurilish muqaddas al-Aqso masjidining tarixini boshlab bergan va Bayt al-Muqaddas yoki Uzoqdagi masjid – Masjidul Aqso deb nom olgan musulmon  me’moriy ansambli shakllanishiga zamin tayyorlagan edi.

Keyinchalik, VII asr oxiri – VIII boshlarida xalifa Abdulmalik ibn Marvon amriga binoan masjid hududini kengaytirish ishlar boshlanadi va 705 yil al-Volid davrida bu ish nihoyasiga yetadi. 746 yilgi zilzila oqibatida masjid butkul vayron bo‘ladi va 754 yil abbosiylar sulolasidan bo‘lgan xalifa al-Mansur davrida qayta tiklanadi. Uning merosxo‘ri al-Mahdi 780 yil masjidni to‘la ta’mir ettiradi. 1033 yil yuz bergan zilziladan Masjidul Aqsoning katta qismi zarar ko‘radi. Oradan ikki yil o‘tib fotimiylar sulolasi vakili Ali az-Zohir yana bir masjid qurdiradi. O‘sha masjid hozirgi kungacha saqlanib turibdi. Vaqti-vaqti bilan bu yerda ta’mirlash ishlarini olib borgan hukmdorlar uning hududidan unga qo‘shimcha binolar qurdirgan, gumbazlar, fasadlar, minbarlar, minoralar qo‘shtirgan hamda ichki tuzilishini o‘zgartirgan.

Ta’mirlash ishlari

“Uzoq joydagi” barakali qilib qo‘yilgan masjid binosini ta’mirlash va kapital ta’mirlash ishlari bir necha bor amalga oshirilgan. Ularning eng ahamiyatlilari – XI, XIV va XVI  asrlarda, nihoyasida XIX  asrdagi ta’mirlash ishlaridir. XX yuzyillikda esa Iordaniya hashimatiylar qirollik uyining bevosita ishtiroki va vasiyligida masjidni kapital ta’mirlash ishlar uch bosqichda olib borildi. Ko‘p yillik ilmiy tadqiqotlar davomida ta’mirlash vaqtida borib o‘rganishlar musulmonlarning ma’naviy va ijodiy madaniyatining muhtasham yodgorligining naqadar go‘zalligi va ulug‘vorligining e’tirof etilishiga sabab bo‘ldi.

Masjidul Aqso  yuzlab yillar davomida madrasalar, namozxonalar, azizlarning qabrlari, jamoat tahoratxonlari, minbarlar kabi yangi inshootlar bilan boyib borgan va Gumbaz qoya xazinasi zamirida Harom ash-Sharif ansamblining shakllanishiga sharoit yaratgan.

Payg‘ambar alayhissalom osmonga ko‘tarilayotganda Moria tog‘ining  o‘rtasidagi qoyaga muborak oyoqlarini qo‘yganlar. O‘ninchi asrda yashagan tarixchi al-Ya’qubiy yozishicha, o‘sha voqeadan yetmish yil o‘tgandan so‘ng 691 yil umaviy xalifa Abdulmalik ibn Marvon muborak joyni quyosh nuridan to‘sish hamda boshqa ta’sirlardan muhofaza qilish uchun qoya ustiga gumbaz o‘rnattirgan. U – Islom tarixidagi birinchi gumbaz hisoblanadi. Gumbaz yog‘ochdan yasalgan va ustiga sopol qoplangan. Oradan ming yilga yaqin vaqt o‘tib Sulton Sulaymonning hukmronligi davrida uning ustki qatlamiga oltin qo‘shilgan.

 Damin JUMAQUL,

jurnalist

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

08.05.2025   26769   1 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati