“Ekstremizm” tushunchasi Islom dinining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar s.a.v.ning hadislarida qayta-qayta kelgan “g‘uluv” (الغلو), “tug‘yon”(طغيان) , “haddan oshish” (تعدي الحدود)kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qoralangan va musulmonlar bunday amallardan qaytarilgan. Masalan, Qur’oni karimda g‘uluv lafzi bir nechta oyatlarda kelgan va ularning barchasida Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan kaytargan. Jumladan: “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! ...” (Niso, 171). Yana boshqa bir oyati karimada: “Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).
G‘uluv lafzi arab tilida belgilangan miqdordan ortib ketishga aytiladi. Masalan, narh navoning haddan oshib ketishini ham, qozondagi suvning qaynab toshishini ham g‘uluv deyiladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, dinda ruxsat etilgan, had hududi belgilab berilgan chegaradan chiqib, ruxsat etilmagan tarafga o‘tishga g‘uluv deyiladi. Quyidagi oyatlarda haddan oshishdan qaytarilgan: “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to‘g‘ri) bo‘lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo‘minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko‘rib turuvchidir” (Hud, 112). “Kimki Allohning hududidan tajovuz qilsa, ana o‘shalargina zolimlardir” (Baqara, 229). Demak, haddan oshishlik, bu tajovuzkorlik demakdir.
Islom dini tavhid dini o‘laroq, unda yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilgan bo‘lib, musulmonlarni ham birdamlikka chaqirilgandir. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, g‘uluv va haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum, 32).
Dinda g‘uluvga ketishning bundan tashqari yana bir qancha yomon oqibatlari bor. Eng avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib boradi. Tarixda paydo bo‘lgan Ravofiz, Xavorij va boshqa toifalarning yuzaga kelishi asosan dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. Rofiziylar Payg‘ambar a.s.dan keyin halifalikka loyiq zot sifatida Ali r.a. va uning avlodlaridan boshqa kech kimni tan olmadilar. Hatto, Abu Bakr Siddiq r.a. va Umar ibn Xattob r.a.larni xalifalikni Ali r.a.dan zo‘rlik bilan tortib olganlikda aybladilar. Ravofiz so‘zi inkor qiluvchilar, rad etuvchilar degan ma’noni anglatib, ularning ba’zi toifasi Ali r.a.ni Payg‘ambar s.a.v.dan ham yuqori qo‘yadi. Mana shu darajada g‘uluvga ketib ahli sunna val jamoadan chiqdilar.
Xavorijlar esa, aksincha, hazrati Ali r.a.ni kofirga chiqardilar. Natijada, unga qarshi qurol ko‘tarib, qonini to‘kishni halol dedilar. Ma’lum bo‘ldiki, Ravofiz va Xavorij toifalari aynan Hazrati Ali r.a.ning shaxsi borasida g‘uluvga ketishlari oqibatida paydo bo‘ldi. Bu haqda Hazrati Ali r.a.ning o‘zlari shunday degan edilar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo‘yib, ikkinchisi haddan tashqari bug‘zu adovat qilib”.
Keyinchalik, Mo‘tazilalar Allohni zotida g‘uluvga ketib, uning sifatlarini inkor qildilar. Shuningdek, Xavorij va Mo‘tazilalar amru ma’ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomiga qarshi chiqishga yo‘l ochdilar. Ya’ni, ularning nazarida davlat rahbariga qarshi chiqish amru ma’ruf va nahiy munkar qilish demakdir. Holbuki, Payg‘ambar s.a.v. biz ummatlarini rahbarlarga qarshi chiqishdan qaytarganlar. Quyidagi hadisda shunday deyilgan: Ibn Abbos r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim amiridan biror yoqtirmaydigan ishni ko‘rsa, sabr qilsin. Chunki, kim jamoatdan bir qarich uzoqlashsa, johiliyat o‘limida o‘libdi”. Boshqa rivoyatda: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki, biror kishi boshlig‘ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Dinda g‘uluvga ketishning yomon oqibatlaridan yana biri, u kishilarni mashaqqatga solib qo‘yadi. Odamlarni Allohning ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lidan yurishdan to‘sib, dindan nafratlanib, undan bezib qolishlariga olib boradi. Bundan tashqari shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘z-o‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topish, dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladi. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, Islom dinining yengilligi uning o‘zigagina xos bo‘lgan, boshqa dinlardan ajratib turuvchi xususiyatidir. Alloh taolo Qur’oni karimda Payg‘ambar s.a.v. keltirgan din yengil ekanligini mana bunday ta’riflab bergan: “Ular savodsiz elchiga – ismi o‘zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg‘ambarga (Muhammadga) ergashadilar. U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi. Bas, unga imon keltirgan, uni ulug‘lagan, unga yordam bergan va u bilan birga nozil qilingan nur (Qur’on)ga ergashganlar, aynan o‘shalar (oxiratda) najot topuvchi kishilardir” (A’rof, 157).
Oyati karimaning mazmunidan ma’lum bo‘lishicha, avvalgi ummatlarning sarkashliklari sababli ularning shariatida bir qancha qiyinchiliklar joriy etilgan edi. Masalan, biror gunoh ishni qilgan kishining tavbasi o‘zini o‘ldirsagina qabul bo‘lar yoki qaysi a’zosi bilan gunoh qilgan bo‘lsa, o‘sha a’zoni kesib tashlash, kiyim yoki badanning biror yeriga najosat tegsa, uni yuvish o‘rniga kiyim yoki badandagi najosat tekkan joyni kesib tashlash bilan undan poklanish kabilar shular jumlasidan bo‘lib, Islom shariati bu kabi mashaqqatlarni bekor qildi. Aksincha, o‘z joniga qasd qilishni eng og‘ir gunohlardan sanadi. Kishi har qancha gunoh qilganda ham samimiy dildan tavba qilsa Alloh taolo uni qabul qilishini va’da qildi, suv har qanday najosatni poklovchi vosita ekanligini bayon qildi.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Albatta, bu din yengildir. Kim unda chuqur ketsa, yengiladi. Bas, to‘g‘ri bo‘linglar, amallaringizni mo‘tadillikka yaqin qilib olib boringlar, din haqida faqat yaxshi gaplarni aytinglar. Tong vaqtida, kunduz kuni va tunning bir oz vaqtida toat ibodat qilib foydalaninglar” (Buxoriy rivoyati). Abdulloh ibn Mas’ud r.a. rivoyat qilgan hadisda Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Haddan oshuvchi, g‘uluvga ketuvchilar halokatga uchradilar”, deb uch marta takrorladilar. (Muslim rivoyati). Yana boshqa bir hadisda Rasululloh s.a.v. shunday deganlar: “Bu ilmni (dinni) har bir avlodning adolatli kishilari ko‘taradilar. Ular uni g‘uluvga ketuvchilarning o‘zgartirishlaridan, buzg‘unchilarni egalik qilishlaridan va ilmsiz johillarning noto‘g‘ri ta’vil qilishlaridan asrab turadilar”. (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Hozirgi kunda Islom olamida bir qancha g‘uluvga ketgan ekstremistik guruhlar mavjudki, buni ko‘rgan ba’zi g‘arb ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik haraklarini islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Holbuki, bugungi kunda ekstremizm butun jahon muammosiga aylandi, undan dunyodagi deyarli barcha davlatlar jabr ko‘rmoqda, jumladan musulmon davlatlari ham. Yuqorida biz aytgan OAV vakillari bilmaydilarki, Islom dinining o‘zi ekstremizmga qarshi va u ekstremizmga qarshi kurashni bundan o‘n besh asr oldin boshlagan.
Islom dini azaldan fitna-fasodga qarshi kurashib keladi. Islom dini oshkora va botiniy fitnalardan qaytarib, undan panoh tilashga buyurgan dindir. Alloh taolo musulmonlarni tafriqaga bo‘linishdan qaytarib, adolat va to‘g‘rilik yo‘lida birlashishga chaqiradi. “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang”... (Oli Imron, 103).
Alloh taolo avval o‘tgan ummatlarning ixtilofga berilganlari oqibatida xalokatga uchraganlaridan ibrat olishga chaqiradi. “Hujjatlar kelgandan keyin ham bo‘linib, o‘zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o‘xshamangiz! Ana o‘shalarga ulkan azob bordir” (Oli Imron, 105).
Islom dini mo‘tadil ekanligining o‘zi uning har qanday ekstremizmga qarshi ekanligining yaqqol isbotidir. Mo‘tadillik degani, haddan ham oshmaydi, sustkashlikka ham yo‘l qo‘ymaydi, balki, har bir ishning eng o‘rtasini, ya’ni adolat nuqtasini tutadi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Anas r.a. aytadilar: Uch kishi Payg‘ambar s.a.v.ning ayollarining uylariga U zotning qanday ibodat qilishlari haqida so‘rash uchun kelishdi. Savollariga javob olishganidan keyin, go‘yoki o‘zlaricha bu amallarni oz deb sanashdi va: bizlarga Payg‘ambar a.s.ga yetishishga yo‘l bo‘lsin. Alloh taolo U zotning avvalgi va keyingi gunohlarini kechirib qo‘ygan bo‘lsa, deyishdi va ulardan biri: men bundan buyon tuni bilan uxlamay namoz o‘qib chiqaman, dedi. Boshqasi: men esa umrim davomida hech narsa yemay ro‘za tutib o‘taman, dedi. Uchinchisi: men ayollarga yaqin yo‘lamay, uylanmay o‘taman, dedi. Shu vaqt Rasululloh s.a.v kelib qoldilar va: “Sizlar-mi, falon, falon narsa deb aytayotgan? Allohga qasamki, men sizlardan ko‘ra Allohdan ko‘proq qo‘rqaman, sizlardan ko‘ra taqvodorroqman, shunday bo‘la turib ro‘za ham tutaman, og‘zimni ham ochaman. Kechalari namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarga ham uylanaman. Bas, kimda kim mening yo‘limni tutishni xohlamasa u mendan emas”, dedilar. Boshqa bir hadisda esa Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Albatta, men bag‘rikeng, mo‘tadil dinni olib keldim, bid’at bo‘lgan rohiblikni olib kelganim yo‘q. Bilinglarki, ilgarigi qavmlar o‘zlaricha rohiblikni joriy qilib oldilar, alaloqibat rohiblik ularga farz bo‘lib qoldi. Keyin esa, ular rohiblik qoidalariga rioya qilmay qo‘ydilar. Bas, shunday ekan sizlar go‘shtni o‘zingizga harom qilmasdan yenglar, ayollarga uylaninglar, ro‘za tutinglar, iftorlik qilinglar, kechalari namoz o‘qib, vaqtida uxlanglar. Albatta, men shunga buyurilganman”. (Tabaroniy Abu Amomadan rivoyat qilgan).
Yuqoridagi hadisda Payg‘ambar a.s. biz ummatlariga o‘zlarini Iso a.s.ning diniga nisbat berib, o‘zlaricha rohiblikka berilib, go‘sht yeyishni, uylanishni harom degan qavmlarni misol qilib keltirdilar. Bu haqda Qur’oni karimda ham bayon qilingan: “So‘ngra ularning izlaridan ketma-ket payg‘ambarlarimizni yubordik va Iso ibn Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil (kitobini) ato etdik hamda unga ergashgan kishilarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan imon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar”. (Hadid, 27).
Dinda g‘uluvga ketish gohida biror ibodat yoki amalni bajarayotganda yolg‘on hissiyotlarga berilishda ham namoyon bo‘ladi. Buni quyidagi hadisda ko‘rishimiz mumkin. Ibn Abbos r.a. rivoyat qilib aytadilar: Hajda shaytonga tosh otadigan kuni Rasululloh s.a.v. menga: “Otishim uchun tosh terib ber”, dedilar. Men u kishiga mayda toshlardan terib berdim. U zot toshlarni qo‘llariga olar ekanlar: “Ha, mana shularga o‘xshaganidan otinglar”, deb uch marta takrorladilar va: “Sizlar dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar, zero sizlardan oldin o‘tgan qavmlarni aynan dinda g‘uluvga ketishlari halok qildi”, dedilar.
Ushbu hadisda Payg‘ambar s.a.v. dinda g‘uluvga ketish avval boshda kichik narsalardan boshlanishi, keyinchalik katta ishlarga o‘tib ketishidan ogohdantirmoqdalar. Ma’lumki, haj amallaridan biri bo‘lmish Mino vodiysida otiladigan toshlarning hajmi noxot donasidan katta bo‘lmasligi lozim. Afsuski, ba’zi bir kishilar o‘zlarining shaytonga nisbatan nafratlarini go‘yoki atrofdagilarning ko‘z o‘ngida namoyish etish uchun katta hajmdagi toshlarni va hatto qo‘llariga tushgan narsalarini ham uloqtiradilar. Bu esa, ayni g‘uluvning boshlanishidir.
Dinda g‘uluvga ketish odamlarni orasida fitna paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, bir kishi Rasululloh s.a.v.ning oldilariga kelib namozda imomlikka o‘tayotgan Muoz ibn Jabal namozda qiroatni cho‘zib yuborayotganligidan shikoyat qildi. Shunda Rasulullohning bundan qattiq jahllari chiqib: “Ey, Muoz, sen fitnachimisan?”, deb qattiq koyidilar va: “Qaysi biringiz namozda imomlikka o‘tsa, namozni cho‘zib yubormasin, chunki ortingizda keksalar, bemorlar, zaifhol va biror hojatga shoshilib turgan kishilar bor”, dedilar. Ushbu hadisning ma’nosi shunga dalolat qiladiki, kishi namoz va shunga o‘xshash ibodatlarni o‘zi yolg‘iz ado etayotganida xohlaganicha cho‘zib o‘qishi mumkin, ammo imomlikka o‘tganda jamoatga malol kelmasligi uchun qisqaroq, yengilroq qilib o‘qish kerak bo‘ladi. Abu Muso Al-Ash’ariy r.a.dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Rasululloh s.a.v. biror qavmga dinni yetkazish uchun yuborayotgan elchilariga: “Odamlarga dinni yengil qilib ko‘rsatinglar, og‘ir qilib ko‘rsatmanglar, din haqida hushxabar beringlar, undan nafratlantirmanglar”, deb tayinlar edilar (Imom Buxoriy).
Dinda g‘uluvga ketishning eng birinchi va asosiy sababi albatta, bu dinni yaxshi bilmaslik, diniy savodsizlikdir. Dinni yaxshi bilmagan kishi kim nima desa shunga ergashib ketaveradi. Shayton ko‘ziga chiroyli ko‘rsatgan botil aqidalarni haqiqatini anglamaydi, natijada e’tiqodidan adashadi, katta gunohlarga qo‘l uradi. Shuning uchun har bir musulmon bilmagan narsasini o‘z zamonasidagi yetuk darajada diniy ilmga ega bo‘lgan, barcha e’tirof etadigan olimlarga murojaat qilib bilib olmog‘i darkor.
Diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishining ham o‘zgalarga fatvo berishi mumkin emas. Aks holda odamlarning adashishiga sababchi bo‘lib qoladi. Diniy ilmi bo‘lmagan kishining olimlikni da’vo qilishi takabburlikdir. Bunday kimsalarni ilmdan gapirishga haqqi yo‘q. Avf ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, u kishi: “Odamlarga ilmdan faqat amir, yoki ma’mur, yoki mutakabbir gapiradi”, dedilar (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati). Ya’ni odamlarga va’z aytishga faqat davlat rahbarining, yoki u tomonidan ijozat berilgan olim kishilarning haqqi bor. Ulardan boshqa kim voizlik qilsa, demak bu uning mansabparastligidan, o‘ziga bino qo‘yganligidandir. Alloh taolo bunday kishilar haqida shunday degan: “O‘zi Islomga da’vat qilinayotganda (uni qabul qilish o‘rniga) Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Alloh zolimlar (kofirlar) qavmini hidoyat etmas”. (Saf,7).
Ekstremistik oqimga kirgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ular faqat o‘zlariga o‘xshagan kishilarning gapiga quloq soladi. Unga chin dildan, samimiy nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimning gapiga ko‘nmaydilar. Bular haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz”. (Sajda, 22).
Hadisi sharifda marhamat qilinadi: “Uchta amal bor, kim shulardan birortasini qilsa, u jinoyatchidir: Kim nohaqlik ustiga bayroq tiksa, kim ota-onasiga oq bo‘lsa va kim zolimga yordam bersa”. Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”. Vahb Ibn Munabbih aytadilar: “Bani Isroilning ulamolaridan biri yetmish sandiq ilmiy kitoblarni to‘plabdi. Har bir sandiqning kattaligi yetmish ziro’ kelardi. Alloh taolo o‘sha zamonning payg‘ambariga vahiy qilibdiki: “Ayt bu olimga, agar sen bundan yana bir necha barobar ko‘p kitob jamlaganingda ham senda uchta illat bo‘lar ekan, bu ilmdan senga foyda bo‘lmaydi. Dunyoga muhabbat, shaytonga oshnalik va musulmonga aziyat yetkazish”.
Xulosa shuki, dinda g‘uluvga ketish insonning dinini ham dunyosini ham halokatga eltadi. Bas, “... o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!”. (Baqara, 195).
“Muhammad Nosir hoji” jome masjidi
imom-xatibi H.Ishmatbekov
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi