Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Yanvar, 2025   |   15 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:37
Shom
17:22
Xufton
18:40
Bismillah
15 Yanvar, 2025, 15 Rajab, 1446

Islom dini - ekstremizmga qarshi

19.04.2017   9971   17 min.
Islom dini - ekstremizmga qarshi

“Ekstremizm” tushunchasi Islom dinining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar s.a.v.ning hadislarida qayta-qayta kelgan “g‘uluv” (الغلو), “tug‘yon”(طغيان) , “haddan oshish”  (تعدي الحدود)kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qoralangan va musulmonlar bunday amallardan qaytarilgan. Masalan, Qur’oni karimda g‘uluv lafzi bir nechta oyatlarda kelgan va ularning barchasida Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan kaytargan. Jumladan: “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! ...” (Niso, 171). Yana boshqa bir oyati karimada: “Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).

G‘uluv lafzi arab tilida belgilangan miqdordan ortib ketishga aytiladi. Masalan, narh navoning haddan oshib ketishini ham, qozondagi suvning qaynab toshishini ham g‘uluv deyiladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, dinda ruxsat etilgan, had hududi belgilab berilgan chegaradan chiqib, ruxsat etilmagan tarafga o‘tishga g‘uluv deyiladi. Quyidagi oyatlarda haddan oshishdan qaytarilgan: “Bas, (ey, Muhammad!) buyurilganingizdek to‘g‘ri bo‘ling! Siz bilan birga tavba qilganlar ham (to‘g‘ri) bo‘lsinlar! Haddan oshib ketmangiz, (ey, mo‘minlar!) U qilayotgan ishlaringizni, albatta, ko‘rib turuvchidir” (Hud, 112). “Kimki Allohning hududidan tajovuz qilsa, ana o‘shalargina zolimlardir” (Baqara, 229). Demak, haddan oshishlik, bu tajovuzkorlik demakdir.

Islom dini tavhid dini o‘laroq, unda yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilgan bo‘lib, musulmonlarni ham birdamlikka chaqirilgandir. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, g‘uluv va haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum, 32).

Dinda g‘uluvga ketishning bundan tashqari yana bir qancha yomon oqibatlari bor. Eng avvalo, bu aqidaning buzilishiga olib boradi. Tarixda paydo bo‘lgan Ravofiz, Xavorij va boshqa toifalarning yuzaga kelishi asosan dinda g‘uluvga ketishning oqibatidir. Rofiziylar Payg‘ambar a.s.dan keyin halifalikka loyiq zot sifatida Ali r.a. va uning avlodlaridan boshqa kech kimni tan olmadilar. Hatto, Abu Bakr Siddiq r.a. va Umar ibn Xattob r.a.larni xalifalikni Ali r.a.dan zo‘rlik bilan tortib olganlikda aybladilar. Ravofiz so‘zi inkor qiluvchilar, rad etuvchilar degan ma’noni anglatib, ularning ba’zi toifasi Ali r.a.ni Payg‘ambar s.a.v.dan ham yuqori qo‘yadi. Mana shu darajada g‘uluvga ketib ahli sunna val jamoadan chiqdilar.  

Xavorijlar esa, aksincha, hazrati Ali r.a.ni kofirga chiqardilar. Natijada, unga qarshi qurol ko‘tarib, qonini to‘kishni halol dedilar. Ma’lum bo‘ldiki, Ravofiz va Xavorij toifalari aynan Hazrati Ali r.a.ning shaxsi borasida g‘uluvga ketishlari oqibatida paydo bo‘ldi. Bu haqda Hazrati Ali r.a.ning o‘zlari shunday degan edilar: “Mening boramda ikki xil toifa halokatga uchradi: biri haddan tashqari muhabbat qo‘yib, ikkinchisi haddan tashqari bug‘zu adovat qilib”.

Keyinchalik, Mo‘tazilalar Allohni zotida g‘uluvga ketib, uning sifatlarini inkor qildilar. Shuningdek, Xavorij va Mo‘tazilalar amru ma’ruf va nahiy munkarda haddan oshib, musulmonlarning imomiga qarshi chiqishga yo‘l ochdilar. Ya’ni, ularning nazarida davlat rahbariga qarshi chiqish amru ma’ruf va nahiy munkar qilish demakdir. Holbuki, Payg‘ambar s.a.v. biz ummatlarini rahbarlarga qarshi chiqishdan qaytarganlar. Quyidagi hadisda shunday deyilgan: Ibn Abbos r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Kim amiridan biror yoqtirmaydigan ishni ko‘rsa, sabr qilsin. Chunki, kim jamoatdan bir qarich uzoqlashsa, johiliyat o‘limida o‘libdi”. Boshqa rivoyatda: “Kim amirining biror ishini yoqtirmasa, unga sabr qilsin. Chunki, biror kishi boshlig‘ining itoatidan bir qarich chiqsa va shu holida o‘lsa, johiliyat o‘limida o‘libdi” (Buxoriy va Muslim rivoyatlari).

Dinda g‘uluvga ketishning yomon oqibatlaridan yana biri, u kishilarni mashaqqatga solib qo‘yadi. Odamlarni Allohning ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lidan yurishdan to‘sib, dindan nafratlanib, undan bezib qolishlariga olib boradi. Bundan tashqari shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘z-o‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topish, dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladi. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir. Zero, Islom dinining yengilligi uning o‘zigagina xos bo‘lgan, boshqa dinlardan ajratib turuvchi xususiyatidir. Alloh taolo Qur’oni karimda Payg‘ambar s.a.v. keltirgan din yengil ekanligini mana bunday ta’riflab bergan: “Ular savodsiz elchiga – ismi o‘zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg‘ambarga (Muhammadga) ergashadilar. U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi hamda ularning yuklarini va ustilaridagi kishan (qiyinchilik)larini olib tashlaydi. Bas, unga imon keltirgan, uni ulug‘lagan, unga yordam bergan va u bilan birga nozil qilingan nur (Qur’on)ga ergashganlar, aynan o‘shalar (oxiratda) najot topuvchi kishilardir” (A’rof, 157).

Oyati karimaning mazmunidan ma’lum bo‘lishicha, avvalgi ummatlarning sarkashliklari sababli ularning shariatida bir qancha qiyinchiliklar joriy etilgan edi. Masalan, biror gunoh ishni qilgan kishining tavbasi o‘zini o‘ldirsagina qabul bo‘lar yoki qaysi a’zosi bilan gunoh qilgan bo‘lsa, o‘sha a’zoni kesib tashlash, kiyim yoki badanning biror yeriga najosat tegsa, uni yuvish o‘rniga kiyim yoki badandagi najosat tekkan joyni kesib tashlash bilan undan poklanish kabilar shular jumlasidan bo‘lib, Islom shariati bu kabi mashaqqatlarni bekor qildi. Aksincha, o‘z joniga qasd qilishni eng og‘ir gunohlardan sanadi. Kishi har qancha gunoh qilganda ham samimiy dildan tavba qilsa Alloh taolo uni qabul qilishini va’da qildi, suv har qanday najosatni poklovchi vosita ekanligini bayon qildi.

Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Albatta, bu din yengildir. Kim unda chuqur ketsa, yengiladi. Bas, to‘g‘ri bo‘linglar, amallaringizni mo‘tadillikka yaqin qilib olib boringlar, din haqida faqat yaxshi gaplarni aytinglar. Tong vaqtida, kunduz kuni va tunning bir oz vaqtida toat ibodat qilib foydalaninglar” (Buxoriy rivoyati). Abdulloh ibn Mas’ud r.a. rivoyat qilgan hadisda Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Haddan oshuvchi, g‘uluvga ketuvchilar halokatga uchradilar”, deb uch marta takrorladilar. (Muslim rivoyati). Yana boshqa bir hadisda Rasululloh s.a.v. shunday deganlar: “Bu ilmni (dinni) har bir avlodning adolatli kishilari ko‘taradilar. Ular uni g‘uluvga ketuvchilarning o‘zgartirishlaridan, buzg‘unchilarni egalik qilishlaridan va ilmsiz johillarning noto‘g‘ri ta’vil qilishlaridan asrab turadilar”. (Buxoriy va Muslim rivoyati). 

Hozirgi kunda Islom olamida bir qancha g‘uluvga ketgan ekstremistik guruhlar mavjudki, buni ko‘rgan ba’zi g‘arb ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik haraklarini islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Holbuki, bugungi kunda ekstremizm butun jahon muammosiga aylandi, undan dunyodagi deyarli barcha davlatlar jabr ko‘rmoqda, jumladan musulmon davlatlari ham. Yuqorida biz aytgan OAV vakillari bilmaydilarki, Islom dinining o‘zi ekstremizmga qarshi va u  ekstremizmga qarshi kurashni bundan o‘n besh asr oldin boshlagan.

Islom dini azaldan fitna-fasodga qarshi kurashib keladi. Islom dini oshkora va botiniy fitnalardan qaytarib, undan panoh tilashga buyurgan dindir. Alloh taolo musulmonlarni tafriqaga bo‘linishdan qaytarib, adolat va to‘g‘rilik yo‘lida birlashishga chaqiradi. “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va firqalarga bo‘linmang”... (Oli Imron, 103).

Alloh taolo avval o‘tgan ummatlarning ixtilofga berilganlari oqibatida xalokatga uchraganlaridan ibrat olishga chaqiradi. “Hujjatlar kelgandan keyin ham bo‘linib, o‘zaro ixtilofga berilgan kimsalarga o‘xshamangiz! Ana o‘shalarga ulkan azob bordir” (Oli Imron, 105).

Islom dini mo‘tadil ekanligining o‘zi uning har qanday ekstremizmga qarshi ekanligining yaqqol isbotidir. Mo‘tadillik degani, haddan ham oshmaydi, sustkashlikka ham yo‘l qo‘ymaydi, balki, har bir ishning eng o‘rtasini, ya’ni adolat nuqtasini tutadi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi: Anas r.a. aytadilar: Uch kishi Payg‘ambar s.a.v.ning ayollarining uylariga U zotning qanday ibodat qilishlari haqida so‘rash uchun kelishdi. Savollariga javob olishganidan keyin, go‘yoki o‘zlaricha bu amallarni oz deb sanashdi va: bizlarga Payg‘ambar a.s.ga yetishishga yo‘l bo‘lsin. Alloh taolo U zotning avvalgi va keyingi gunohlarini kechirib qo‘ygan bo‘lsa, deyishdi va ulardan biri: men bundan buyon tuni bilan uxlamay namoz o‘qib chiqaman, dedi. Boshqasi: men esa umrim davomida hech narsa yemay ro‘za tutib o‘taman, dedi. Uchinchisi: men ayollarga yaqin yo‘lamay, uylanmay o‘taman, dedi. Shu vaqt Rasululloh s.a.v kelib qoldilar va: “Sizlar-mi, falon, falon narsa deb aytayotgan? Allohga qasamki, men sizlardan ko‘ra Allohdan ko‘proq qo‘rqaman, sizlardan ko‘ra taqvodorroqman, shunday bo‘la turib ro‘za ham tutaman, og‘zimni ham ochaman. Kechalari namoz ham o‘qiyman, uxlayman ham. Ayollarga ham uylanaman. Bas, kimda kim mening yo‘limni tutishni xohlamasa u mendan emas”, dedilar. Boshqa bir hadisda esa Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Albatta, men bag‘rikeng, mo‘tadil dinni olib keldim, bid’at bo‘lgan rohiblikni olib kelganim yo‘q. Bilinglarki, ilgarigi qavmlar o‘zlaricha rohiblikni joriy qilib oldilar, alaloqibat rohiblik ularga farz bo‘lib qoldi. Keyin esa, ular rohiblik qoidalariga rioya qilmay qo‘ydilar. Bas, shunday ekan sizlar go‘shtni o‘zingizga harom qilmasdan yenglar, ayollarga uylaninglar, ro‘za tutinglar, iftorlik qilinglar, kechalari namoz o‘qib, vaqtida uxlanglar. Albatta, men shunga buyurilganman”. (Tabaroniy Abu Amomadan rivoyat qilgan).

Yuqoridagi hadisda Payg‘ambar a.s. biz ummatlariga o‘zlarini Iso a.s.ning diniga nisbat berib, o‘zlaricha rohiblikka berilib, go‘sht yeyishni, uylanishni harom degan qavmlarni misol qilib keltirdilar. Bu haqda Qur’oni karimda ham bayon qilingan: “So‘ngra ularning izlaridan ketma-ket payg‘ambarlarimizni yubordik va Iso ibn Maryamni ham (ularning) ortidan yubordik va unga Injil (kitobini) ato etdik hamda unga ergashgan kishilarning dillarida mehribonlik va shafqat (paydo) qildik. Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan imon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar. (Hadid, 27).

Dinda g‘uluvga ketish gohida biror ibodat yoki amalni bajarayotganda yolg‘on hissiyotlarga berilishda ham namoyon bo‘ladi. Buni quyidagi hadisda ko‘rishimiz mumkin. Ibn Abbos r.a. rivoyat qilib aytadilar: Hajda shaytonga tosh otadigan kuni Rasululloh s.a.v. menga: “Otishim uchun tosh terib ber”, dedilar. Men u kishiga mayda toshlardan terib berdim. U zot toshlarni qo‘llariga olar ekanlar: “Ha, mana shularga o‘xshaganidan otinglar”, deb uch marta takrorladilar va: “Sizlar dinda g‘uluvga ketishdan saqlaninglar, zero sizlardan oldin o‘tgan qavmlarni aynan dinda g‘uluvga ketishlari halok qildi”, dedilar.

Ushbu hadisda Payg‘ambar s.a.v. dinda g‘uluvga ketish avval boshda kichik narsalardan boshlanishi, keyinchalik katta ishlarga o‘tib ketishidan ogohdantirmoqdalar. Ma’lumki, haj amallaridan biri bo‘lmish Mino vodiysida otiladigan toshlarning hajmi noxot donasidan katta bo‘lmasligi lozim. Afsuski, ba’zi bir kishilar o‘zlarining shaytonga nisbatan nafratlarini go‘yoki atrofdagilarning ko‘z o‘ngida namoyish etish uchun katta hajmdagi toshlarni va hatto qo‘llariga tushgan narsalarini ham uloqtiradilar. Bu esa, ayni g‘uluvning boshlanishidir.

Dinda g‘uluvga ketish odamlarni orasida fitna paydo bo‘lishiga ham  sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, bir kishi Rasululloh s.a.v.ning oldilariga kelib namozda imomlikka o‘tayotgan Muoz ibn Jabal namozda qiroatni cho‘zib yuborayotganligidan shikoyat qildi. Shunda Rasulullohning bundan qattiq jahllari chiqib: “Ey, Muoz, sen fitnachimisan?”, deb qattiq koyidilar va: “Qaysi biringiz namozda imomlikka o‘tsa, namozni cho‘zib yubormasin, chunki ortingizda keksalar, bemorlar, zaifhol va biror hojatga shoshilib turgan kishilar bor”, dedilar. Ushbu hadisning ma’nosi shunga dalolat qiladiki, kishi namoz va shunga o‘xshash ibodatlarni o‘zi yolg‘iz ado etayotganida xohlaganicha cho‘zib o‘qishi mumkin, ammo imomlikka o‘tganda jamoatga malol kelmasligi uchun qisqaroq, yengilroq qilib o‘qish kerak bo‘ladi. Abu Muso Al-Ash’ariy r.a.dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha, Rasululloh s.a.v. biror qavmga dinni yetkazish uchun yuborayotgan elchilariga: “Odamlarga dinni yengil qilib ko‘rsatinglar, og‘ir qilib ko‘rsatmanglar, din haqida hushxabar beringlar, undan nafratlantirmanglar”, deb tayinlar edilar (Imom Buxoriy).

Dinda g‘uluvga ketishning eng birinchi va asosiy sababi albatta, bu dinni yaxshi bilmaslik, diniy savodsizlikdir. Dinni yaxshi bilmagan kishi kim nima desa shunga ergashib ketaveradi. Shayton ko‘ziga chiroyli ko‘rsatgan botil aqidalarni haqiqatini anglamaydi, natijada e’tiqodidan adashadi, katta gunohlarga qo‘l uradi. Shuning uchun har bir musulmon bilmagan narsasini o‘z zamonasidagi yetuk darajada diniy ilmga ega bo‘lgan, barcha e’tirof etadigan olimlarga murojaat qilib bilib olmog‘i darkor.

Diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishining ham o‘zgalarga fatvo berishi mumkin emas. Aks holda odamlarning adashishiga sababchi bo‘lib qoladi. Diniy ilmi bo‘lmagan kishining olimlikni da’vo qilishi takabburlikdir. Bunday kimsalarni ilmdan gapirishga haqqi yo‘q. Avf ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, u kishi: “Odamlarga ilmdan faqat amir, yoki ma’mur, yoki mutakabbir gapiradi”, dedilar (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati). Ya’ni odamlarga va’z aytishga faqat davlat rahbarining, yoki u tomonidan ijozat berilgan olim kishilarning haqqi bor. Ulardan boshqa kim voizlik qilsa, demak bu uning mansabparastligidan, o‘ziga bino qo‘yganligidandir. Alloh taolo bunday kishilar haqida shunday degan: “O‘zi Islomga da’vat qilinayotganda (uni qabul qilish o‘rniga) Alloh sha’niga yolg‘on to‘qigan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Alloh zolimlar (kofirlar) qavmini hidoyat etmas”. (Saf,7).

Ekstremistik oqimga kirgan kimsalarning gumrohligi shundaki, ular faqat o‘zlariga o‘xshagan kishilarning gapiga quloq soladi. Unga chin dildan, samimiy nasihat qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan olimning gapiga ko‘nmaydilar. Bular haqida Qur’oni karimda shunday deyilgan: “Parvardigorining oyatlari bilan nasihat qilinganidan so‘ng, ulardan yuz o‘girgan kimsadan ko‘ra kim ham zolimroqdir?! Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz”. (Sajda, 22).

Hadisi sharifda marhamat qilinadi: “Uchta amal bor, kim shulardan birortasini qilsa, u jinoyatchidir: Kim nohaqlik ustiga bayroq tiksa, kim ota-onasiga oq bo‘lsa va kim zolimga yordam bersa”. Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”. Vahb Ibn Munabbih aytadilar: “Bani Isroilning ulamolaridan biri yetmish sandiq ilmiy kitoblarni to‘plabdi. Har bir sandiqning kattaligi yetmish ziro’ kelardi. Alloh taolo o‘sha zamonning payg‘ambariga vahiy qilibdiki: “Ayt bu olimga, agar sen bundan yana bir necha barobar ko‘p kitob jamlaganingda ham senda uchta illat bo‘lar ekan, bu ilmdan senga foyda bo‘lmaydi. Dunyoga muhabbat, shaytonga oshnalik va musulmonga aziyat yetkazish”.

Xulosa shuki, dinda g‘uluvga ketish insonning dinini ham dunyosini ham halokatga eltadi. Bas, “... o‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!”. (Baqara, 195). 

“Muhammad Nosir hoji” jome masjidi

imom-xatibi H.Ishmatbekov

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

10.01.2025   6184   8 min.
Yo Rasululloh, Siz kimni yaxshi ko‘rasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.

Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.

«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?

Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.

Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi. 

Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».

Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.

«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».

Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.

«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».

Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.

Alloh taolo «Tahrim» surasida:

«‎Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning ‎xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: ‎‎«Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy ‎bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan ‎najot bergin va menga zolim qavmdan najot ‎bergin», deb aytdi‎», degan (11-oyat).

Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.

Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.

«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni ‎‎(misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan ‎pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda ‎kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan ‎bo‘ldi» (12-oyat).

Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.

«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».

Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.

O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.

Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!

Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.

Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:

«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.

«Oisha», dedilar.

«Erkaklardan-chi?» dedim.

«Uning otasi», dedilar.

«So‘ngra kim?» dedim.

«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».

Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?

Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.

Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?

Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.

Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:

«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.

– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.

– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.

– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.

– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.

– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.

– Men pokning huzurida pok yaratilganman.

– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».

Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:

«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:

«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.

Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.

Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».

Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?

Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.

"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.

Maqolalar