frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Uchdan biri taomga...

18.04.2017   14551   3 min.
Uchdan biri taomga...

Bugungi sharoitlarni ta’riflashga til ojiz. Yildan yilga yangi maishiy va boshqa texnikalar ixtiro qilinmoqda. Zamon bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan insonlar yangidan-yangi ne’matlardan baxramand bo‘lmoqda. Albatta, bu ne’matlar uchun Alloh taolaga qancha shukronalik qilsak ham kamlik qiladi. Zamonning rivojlanishini ko‘ringki, bugungi kunda televizori bo‘lmagan oila bo‘lmasa kerak. Hattoki bir oilada ikki, uch yoki undan ziyod televizorlar bor. Bu, shubhasiz, to‘qchilikni alomati.  Bugun yotgan joyimizda televizorni yoqamiz, o‘chiramiz, boshqa kanalga olamiz, ovozini past yoki baland qilamiz, ranglarini o‘zgartiramiz. Hatto ba’zida masofadan turib boshqaradigan moslamani ya’ni “pult”ni kimgadir olib ber deymiz. Chunki uni olish uchun uzalishimiz kerak bo‘ladi. Achinarlisi, shomdan keyin hazmi og‘ir ovqatlarni iste’mol qilamiz va ko‘pincha televizor tagida uxlab qolamiz. Harakatsizlik oqibatida semizlik dardiga mubtalo bo‘lamiz. Ulug‘ hakim Arastudan: «Sen nega sira kasal bo‘lmaysan, boshqalardan farqing nima?» deb so‘rashganida u: «Boshqalar yeyish uchun yashashadi, men esa yashash uchun yeyman», deb javob bergan ekan.  Hozirgi vaqtda dunyoning hamma yerida yaxshi yeyish uchun yashash, yaxshi yeyish uchun pul topish avj olib ketgan. O‘tmishdagi va hozirdagi barcha mutafakkirlar, shifokorlar, taniqli xalq tabiblari ko‘p yeyish oqibatida semirib ketishning zararlari haqida yakdillik bilan yozishgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom esa: “Men ummatimning semirib, qorin solishidan xavfdaman”, degan ekanlar. Taom iste’mol qilganda ham  ba’zan haddan ziyod to‘yib ovqatlanib, kechasi bilan qiynalib chiqamiz. Shu sababli Imom Ahmad va Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “ Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deb biz ummatlarini ogohlantirganlar. Jahon mamlakatlari fuqarolarining semizlik darajasini ko‘rsatib beruvchi xarita AQSHning Markaziy Razvedka Agentligining World Factbook (jahon haqida dalillar) elektron manbasida e’lon qilingan. Unda jahonning «eng semiz mamlakati» degan nomga Tinch okeani janubida joylashgan Amerika Samoasi davlati munosib deb topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u yerlik aholining 74,6 foizi semirish dardiga mubtalo bo‘lgan. Ushbu ro‘yxatga Markaziy Osiyo mamlakatlari ham kiritilgan. Xususan, O‘zbekiston aholisining 15,1 foizi ortiqcha vaznga ega. Bu ko‘rsatkich Qozog‘istonda 23,7 foiz, Turkmanistonda 13,2, Tojikistonda 8,6, shuningdek, Ozarboyjonda 23,8 foizni tashkil etadi. Tadqiqotlar zamonaviy turmush tarzi va qo‘shimcha kimyoviy moddalar asosida tayyorlanadigan oziq-ovqatlar semirishning bosh omili ekanini ko‘rsatmoqda.

            Bugungi kunda ko‘payib borayotgan kasalliklarning aksari noto‘g‘ri ovqatlanish va kam harakatning oqibati hech kimga sir emas. Demak, har birimiz sog‘lig‘imizga e’tiborli bo‘lsak, televizor qarshisida kamroq o‘tirib, ko‘proq jismoniy  harakatlar qilsak bundan ko‘p foyda olar ekanmiz.

Mahmudjon ABDUSAIDOV,

Bo‘stonliq tumani bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Termiziy merosi xalqaro miqyosda o‘rganilmoqda

09.10.2026   54365   1 min.
Imom Termiziy merosi xalqaro miqyosda o‘rganilmoqda

Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qohiradagi Al-Azhar universiteti, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamkorligida onlayn ilmiy seminar o‘tkazildi.

“Imom Termiziy merosi: merosni qabul qilish va o‘rganish an’analari hamda undan zamonaviy foydalanish istiqbollari” mavzusida tashkil etilgan tadbirda Imom Termiziyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uning hadis ilmi rivojidagi o‘rni, alloma asarlarining keyingi avlodlar tomonidan qabul qilinishi va tadqiq etilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

Seminarda Qohiradagi Al-Azhar universiteti Islomiy da’vat fakultetining islomiy da’vat va madaniyat yo‘nalishi dots.nti, professor doktor Odil Abdulloh Hindiy ma’ruza qildi. Unda Imom Termiziyning ilmiy merosi, xususan, allomaning hadis ilmi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, asarlarining ilmiy ahamiyati va ularni zamonaviy tadqiqotlar asosida o‘rganishning dolzarb jihatlariga to‘xtaldi.

Shuningdek, buyuk muhaddis merosini xalqaro miqyosda tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, ilmiy manbalardan zamonaviy ta’lim va tadqiqot jarayonlarida samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Imom Termiziy merosini o‘rganishga qaratilgan bunday ilmiy muloqotlar alloma ilmiy merosining xalqaro miqyosda yanada keng tadqiq etilishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari