Savol: Assalomu alaykum, Tahajjud (tungi namoz) qanday o‘qiladi: necha rakat bo‘ladi, qachon duo qilinadi va uni o‘qishning eng ma’qul vaqti tunning qaysi vaqti?
Javob: Tahajjud – xufton namozidan keyin yoki tunda bir necha soat uxlab turib o‘qiladigan nafl ibodat. Shu boisdan uni “tungi namoz” ham deb ataydilar. Agar bu namoz tunning bir qismi uxlab o‘tkazilgandan so‘ng o‘qilsa, ana shunga “tahajjud” deb ataladi. Tahajjud namozining eng kami ikki rakat, eng ko‘pi o‘n ikki rakat bo‘ladi. Eng afzali, bu namozda har ikki rakatdan so‘ng salom aytilganidir, degan olimlarimiz.
Tahajjud qanday o‘qiladi?
Hadisi shariflardan birida: “Tungi namozda bardavom bo‘ling. Chunki u sizlardan oldingi mo‘tabar zotlarning odati edi. Tungi sajda insonni Allohga yaqinlashtirib, yo‘l qo‘ygan gunohlaridan forig‘ qiladi, ko‘plab kasalliklardan qutqaradi va gunohu mas’iyat ishlardan qaytaradi” (Termiziy rivoyati), deyilgan. Alloh taolo Rasuliga xitoban: “Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing! Shoyadki, Rabbingiz Sizni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” (Isro, 79), deb marhamat qilgan.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozini hech qachon qochirmaganlar. Hatto og‘ir bemorlik vaqtlarida ham tahajjudni o‘tirgan hollarida o‘qiganlar (Abu Dovud).
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
حدثنا العباس الدوري نا يعلى بن عبيد نا موسى هو الجهني عن مصعب بن سعد عن أبيه قال: جاء أعرابي النبي صلى الله عليه وعلى آله وسلم فقال: يا رسول الله: علمني كلاما أقوله قال :”قل لا إله إلا الله وحده لا شريك له الله أكبر كبيرا والحمد لله كثيرا وسبحان الله رب العالمين لا حول ولا قوة إلا بالله العزيز الحكيم“. قال: هؤلاء لربي فما لي قال: قل: اللهم اغفر لي وارحمني واهدني وارزقني.
Mus’ab ibn Sa’d otasidan rivoyat qiladi: “Bir a’robiy Nabiy sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamning oldilariga kelib: “Ey, Allohning Rasuli, menga bir kalimani o‘rgating, men uni aytib yuray”, dedi.
“Laa ilaaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu, Allohu akbar kabiyro, valhamdulillaahi kasiyro, subhaanallohi Robbil ’aalamiyn, laa havla va laa quvvata illaa billaahil ’aziyzil hakiym”, deb ayt! dedilar.
U: “Bular Alloh uchun, men uchunchi?” dedi. “Allohummag‘firliy, varhamniy, vahdiniy, varzuqniy”, degin”, deb aytdilar”.
Kalima va duoning ma’nosi: Yolg‘iz Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Uning sherigi yo‘q. Alloh buyukdir, eng buyukdir, Allohga ko‘p hamd bo‘lsin. Olamlar Robbi pok deb yod etaman. Kuch ham, quvvat ham faqat Azizu Hakim Alloh bilandir.
Allohim, meni mag‘firat qil, menga rahm qil, meni hidoyatga boshla va menga rizq bergin.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD tarjimasi