Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qaysi yosh kishi keksani ikrom qilsa, u yosh kishiga Alloh taolo keksaning yoshiga yetganida uni ikrom qiladigan kishini taqdir qiladi” (Termiziy rivoyati).
Husayn Bayqaro taxtga o‘tirganidan so‘ng o‘sha vaqtda Samarqandda bo‘lgan do‘sti Alisher Navoiyni huzuriga chorlab unga muhrdorlik lavozimini topshiradi. Vaziyat shuni taqozo qiladiki, Navoiy o‘sha vaqtning o‘zidayoq vazifasini bajarishni kirishishi kerak edi. Unga muhr bosish uchun bir hujjatni beradilar. Hazrat qarasa, podshohning imzosi yo‘q. Savol nazari bilan Sultonga qaraydi. Sulton Husayn do‘stiga muhr bosavering, men keyin qo‘l qo‘yaman, ma’nosida ishora qiladi. Shunda Navoiy qog‘ozning shunday joyiga muhr bosadiki, undan pastga qo‘l qo‘yishning aslo iloji yo‘q edi.
Shoirning hukmdorga, do‘stiga ko‘rsatgan hurmatiga, ehtiromini ifoda etish borasidagi farosatiga saroy ahli hayratda qoladi. Millatimiz tarixida kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish borasidagi ana shunga o‘xshash ajoyib hikoyatlar juda ham ko‘p.
Istiqlol arafasidagi vaqtlarda jamoat transportlari bag‘oyat tirband bo‘lardi. Yoshlarga o‘tirishga hech qachon joy tegmasdi. Biz yoshlar tramvay yoki avtobusda birgina o‘tirib yurishni orzu qilib ba’zi-ba’zida ishimiz bo‘lsa-bo‘lmasa tungi soat 21 dan keyin bekatga chiqardik. O‘sha kunlarning birida metroda yoshgina juftlik o‘tirgan edi. Ularning boshiga bir rus ayoli keldi va pastgina ovozda, muloyim ohangda: “Bolalarim, qayerdan keldinglar?” deb so‘radi. Ular: ”Moskvadan”, deb javob berishdi. Shunda ayol: “Mehmon ekanliklaringni nimadan fahmlaganimni bilasizmi?” dedi ayol. “Yo‘o‘q”, dedi ular hayron bo‘lib. “Chunki bu yurtning farzandlari kattalar tik turgan joyda aslo o‘tirmaydi”, dedi ayol. Bu gapni eshitgani zahoti yigit-qiz o‘rnidan otilib turib ketdi...
Burungi yili xorijga borganimda bekatda turib to‘xtagan bir avtobusdan “Dudulliga boradimi?” deb so‘radim. “Boradi, chiqing!” deyishdi. Chiqib o‘tirib oldim. Qo‘limda beso‘naqay, og‘ir sumkam ham bor edi. Avtobus bir necha bekat yurgandan so‘ng bir kampir chiqdi. Unga o‘zimizning odatimiz bo‘yicha joy bo‘shatdim. Shu vaqt mening qarshimda o‘tirgan ayol: “Bizning millatga nima bo‘ldi! Bir begona, bir mehmon joy bo‘shatdi-ya, sharmanda bo‘ldik, sharmanda!” deya javray boshladi. Joy bo‘shatishdek, oddiygina ishga shuncha ko‘p shovqin solayotganiga chiday olmagan bir yosh ayol: “Nega buncha vahima qilasiz, ko‘rganimda men ham joy bergan bo‘lardim, nima bo‘libdi shunga”, dedi. Ayol “O singiljon, sizning-ku, orqa tarafingizdan kelgani uchun ko‘rmadingiz, ammo qarshingizdagi uxlab borayotgan mana bu bolalar ham ko‘rmadimi? millat uxlayapti, millat uxlab sharafini oldirib qo‘yyapti!” deya battar ayyuhannos soldi ayol.
Ularning gapiga boshqalar ham aralashdi. Qilgan ishim shunchalar katta muhokamaga aylanib ketganidan xijolat bo‘lib yerga qarab turganimda yoshlardan biri joyini bo‘shatib meni majburlab o‘tqazdi ham. Muhokama esa avjiga chiqib boraverdi. Ular shunday ajoyib gaplarni aytishar ediki, eshitib ular shoirmi deb hayron bo‘lasiz. Ba’zilar yoshlarga dashnom bersa, ba’zilari ayolni vahimachilikda ayblar edi. Shunda men sababli yaxshi-yomon gapni eshitayotgan kuyinchak ayolni yoqlab:
“Azizlar, siz hammangiz yaxshi biladigan bir voqeani aytib berishimga ijozat bering, – dedim. Hammasi yalt etib menga qaradi. – Jaloliddin Rumiy shogirdlari bilan ketayotgan ekan, qarshisidan nasroniylarning popi chiqib qolibdi. Rumiy hazratlarining salobati bosib o‘zlarining odati bo‘yicha kulohini qo‘liga olib bosh egmoqchi bo‘libdi. Shu niyatda bosh kiyimini qo‘liga olgani zahoti qarasa, Rumiy hazratlari bosh egib turgan emish, yana shunday qilmoqchi bo‘libdi, yana qarasa, hazrat yana o‘sha holatda turganmish. Xullas, necha bor urinib, har safar ulgurmay qolaveribdi. Pop o‘tib ketganidan so‘ng Rumiyning shogirdlari ustozining bu ishining zamirida bir hikmati borligini fahmlagani bois: “Nega oddiy popdan oldin bosh egdingiz?” deb so‘rashibdi. Ustoz ularga javoban: “Tavozeni ularga oldirib qo‘yamizmi!” debdi. Siz hammangiz ana shunday buyuk zotning avlodisiz. Bu opa shunga kuyinyapti – tavozeni himoya qilgan ajdodning avlodlari hurmatni oldirib qo‘ydi deb achinyapti. Ammo men ham begona emasman, turkiylardanman, dedim.
O‘shanda nima bo‘ldi, bilasizmi, hammasi barobar yengil tortib kulib yubordi. Keyin ota yurti, ya’ni bizning O‘zbekistonimiz haqida ko‘p gaplarni so‘rashdi. Ularning savollariga bilganimcha javob berdim. Manzilga yetib ular bilan xayrlashib avtobusdan xush kayfiyatda tushdim. Yo‘lda yurib borar ekanman, millatimizga xos bo‘lgan hurmat-ehtirom tuyg‘usi qanchalar ajoyib fazilat ekanidan quvonib ketdim. Va yana orzu qildimki, qaniydi, millatlar, davlatlar bir-birlari bilan ana shunday samimiy tuyg‘ular, insoniy fazilatlar yuzasidan bahslashsa, musobaqalashsa – dunyoning qiyofasi qanchalar go‘zal bo‘lar edi!
Damin JUMAQUL,
jurnalist
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Musulmon kishi nima uchun yaratildiyu, nima qilishi lozimligini yaxshi biladi. Bu borada u ko‘ngliga kelganini emas, balki Robbisining kalomi bilan yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xitob qiladi: "Men jin va insni faqat o‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim" (Zoriyot, 56).
“U sizlarni yerdan paydo qilib, sizlarni uni obod etuvchi etdi” (Hud, 62).
Musulmon inson Allohga ibodat qilish, insonlarga yaxshilik qilishlik uni ikki dunyo saodatiga olib kelishini yaxshi anglaydi. Unga omonat qilib berilgan yagona fursati bo‘lmish dunyo hayotida, ham dunyosini, ham oxiratini obod qiladi.
“Ey iymon keltirganlar! Ruku’ qilinglar, sajda qilinglar va Robbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar – shoyadki, najot topsangiz!” (Haj-77)
Musulmon kishi ushbu oyati karima mazmunidan kelib chiqib namoz o‘qib, Robbisiga ibodat qilib, o‘zgalarga yaxshilik qilishga astoydil harakat qiladi. Chunki, u yaxshilik yo‘lida qo‘yilgan har-bir qadam uchun Allohdan ulug‘ ajrlar bo‘lishiga qat’iy ishonadi.
Biz yashab turgan dunyo imtihon dunyosidir. O‘zidan keyin yaxshi nom qoldirishni istagan har qanday kishi bu dunyoni ezgu amallar, go‘zal xulqlar bilan o‘tkazishi lozim. Barcha insonlarga birdek yaxshilik qilish, muruvvat ko‘rsatish, mehr-oqibatli bo‘lish katta insoniy fazilat hisoblanadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda bandalarni mag‘firat va xayrli ishlarga shoshilishga buyurib, bunday marhamat qiladi:
وَسَارِعُوا إِلَىٰ مَغْفِرَةٍ مِّن رَّبِّكُمْ وَجَنَّةٍ عَرْضُهَا السَّمَاوَاتُ وَالْأَرْضُ أُعِدَّتْ لِلْمُتَّقِينَ
“Robbingizdan (keluvchi) mag‘firat va kengligi osmonlar-u yerga teng, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannat sari shoshilingiz!” (Oli Imron, 133-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda, eng yaxshi insonlar o‘zgalarga manfaat va yaxshiligi yetuvchi insonlar ekani zikr etilgan:
خَيْرُ النَّاسِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ
“Insonlarning yaxshisi boshqa insonlarga manfaati ko‘prog‘idir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir hadisda quyidagicha keltiriladi: “Bir kishi Nabiy sallallohu alayhi vasallamdan: “Islomdagi eng yaxshi (amal) qaysi?” deb so‘radi. U zot: “Taom bermog‘ing hamda tanigan va tanimagan kishiga salom bermog‘ing”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Bu dunyo hayotida kishi o‘z yaqinlariga, xattoki tanigan va tanimagan kishilariga imkon qadar yaxshilik qilishi, zaiflarga yordam berishi hamda muxtojlarga ko‘maklashishi lozim hisoblanadi. Bu orqali inson nafaqat bu dunyoda aziz, balki, oxiratda ham sharafga ega bo‘ladi.
Alloh taolo o‘z kalomida yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilik bo‘lishini bayon qilib bunday deydi:
هَلْ جَزَاءُ الْإِحْسَانِ إِلَّا الْإِحْسَانُ
“Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir” (Ar-Rahmon, 60-oyat).
Ruhiy hayotning eng afzal tomonlaridan biri yaxshilik yo‘lidagi o‘zaro yordamdir. Bu narsa ijtimoiy hayotni yuqori darajaga ko‘tarish, jamiyat a’zolarining farovonligini oshirish va ularning qayg‘u-alamlarini yengillatishdan iboratdir. Hozirgi zamon madaniyatida o‘zaro yordam degan tushunchaga katta ahamiyat beriladi. Shuning uchun ham barcha joylarda o‘zaro yordam va hamkorlik tashkilotlari tuzilgan. Mana shuning o‘zi ham har bir shaxs va har bir jamiyatning baxtiyor bo‘lishi uchun o‘zaro yordam zarurligini ko‘rsatadi.
Qur’on o‘zaro yordamga katta ahamiyat bergan. Buni quyidagi oyatdan fahmlab olsak ham bo‘ladi:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ
“Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi 2-oyat).
Qur’oni Karim yaxshilik va taqvodorlik yo‘lida hamkorlik qilishga buyurmoqda. "Yaxshilik" deganda bu dunyodagi barcha yaxshiliklarni: rostgo‘ylik, omonat, toat-ibodat, saxiylik, shijoat va hokazolarni tushunamiz.
"Yaxshilik" so‘zi dunyodagi barcha fazilatli narsalarni o‘z ichiga oladi. Taqvo esa Allohdan qo‘rqish va Unga itoat qilib ish olib borishni anglatadi.
Yaxshilik va taqvodorlik yo‘lidagi hamkorlik esa bu dunyodami yoki oxiratdami, saodatga erishtiruvchi yaxshi narsalar yo‘lidagi hamkorlikdir.
Qur’oni karimda yaxshi va ezgu amallarni qilish ibodatdan keyingi o‘rinda keltirildi. Demak, yaxshi ishlarda bardavom bo‘lish ibodat qilish bilan teng amal hisoblanadi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam:
خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ
“Sizlarning yaxshilaringiz – ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, dedilar. (Imom Termiziy rivoyati).
Inson yaxshilikni eng avval o‘z yaqinlaridan boshlashi lozim. Bu ham insonda yaxshilik fazilati mavjud ekanini ko‘rsatadi.
Biz so‘zlashayotgan mavzuda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan quyidagi hadis ham e’tiborga molikdir:
خَيْرُكُمْ مَنْ يُرْجَى خَيْرُهُ وَيُؤمَنُ شَرُّهُ
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlarning yaxshilaringiz – yaxshiligidan umid qilinuvchi va yomonligidan omonda bo‘linuvchingizdir” – deb marhamat qildilar (Imom Termiziy va Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Ushbu hadisda barchamiz uchun buyuk bir ko‘rsatma bor. Musulmon kishi uni bilgan insonlar undan yaxshilik ko‘ruvchi hamda undan xavf va qurquv kutmasligi lozim. Buning uchun albatta, unda insonlarga nisbatan xayrixohlik va odamgarchilik topilishi kerak. Shunda u odamlar ichida yaxshisi bo‘ladi.
Inson o‘z umrining bog‘ini o‘zi yaratadi. Bu bog‘dagi musaffo osmon, porlab nur sochayotgan quyosh, yoqimli bulbullar xonishi, qushlar parvozi, mexribon ota-onalarimizning borligi, farzandarlarimizning beg‘ubor kulgusi, oilamizning ahilligi, o‘zaro mehr-muhabbat iqlimi, dastarxonlarimiz to‘kinligi, tinchlik-xotirjamlikdagi farovon va osuda hayot barchamizga huzur-halovat bag‘ishlaydi alhamdulillah. Azizlar, umrimizni mana shunday ajib bog‘da ezgulik, xayr-u saxovat, yaxshilik amallariga to‘ldirib yashaylik! Barchamizni Alloh o‘z panohida saqlasin! Omonat dunyoda omon bo‘laylik!
Alloh taolo barchalarimizni odamlar havas qiladigan, yaxshiligi umid qilinadigan va yomonligidan omonlikda bo‘linadigan kishilardan aylasin!
Muhammad Quddus Abdulmannon,
Xo‘jaobod tuman “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi.