Kunimizni internetsiz tasavvur qilishimiz qiyin bo‘lib qoldi. Har bir ishimizda internetga murojaat qilamiz. Biror muammoga duch kelsak ham, kundalik yumushlarimizda savol tug‘ilsa ham ana shu tarmoqlardan javob axtaramiz. Internet xuddi ochiq darvozaga o‘xshab unga har qanday axborot oqimi kirib kelaveradi. O‘z vaqtini internetga sarflayotgan yoshlar esa nafaqat vaqtini boy beradi, balki yovuzlik to‘riga ilinib qolishi ham mumkin.
Ayniqsa, ekstremistik oqim vakillariga internetning ochiq darvozasi juda qo‘l kelmoqda. Buzg‘unchi oqimlar, yoshlarga muammolariga yordam berishni va’da qiladi yoki dinni o‘rgataman, deb avraydi. Tabiiyki, qiziqqon va intiluvchan yoshlar qanday yomon yo‘lga kirib qolganini o‘zi ham anglay olmay qoladi. Ana shunday achinarli vaziyatga duch kelmaslik uchun, avvalo, har bir o‘g‘il-qiz ilmli bo‘lishga intilishi lozim. Ko‘rgan ma’lumoti haqida mulohaza yuritishi, shubhali tuyulgan axborotlardan uzoq turishi muhim.
Qolaversa, din ilmini o‘rganishni niyat qilgan yoshlar uchun yurtimizda qanchadan-qancha o‘quv yurtlari faoliyat yuritmoqda.
Alloh taolo oyati karimasida insoniyatni ogohlikka chaqirib:
“Ey mo‘minlar, agar sizlarga bir fosiq kimsa biron xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda, biron qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilgan ishlaringizga afsus-nadomat chekib qolmasliklaringiz uchun (u fosiq kimsa olib kelgan xabarni) aniqlab-tekshirib ko‘ringlar!” deb marhamat qilgan. Ushbu oyatning tafsirida ulamolar bu kabi vaziyatda o‘sha ma’lumotning haqiqat ekanini bilguncha kutish lozimligi, shoshilib qabul qilish mumkin emasligini aytganlar.
Chindan ham, inson qiziquvchan, u yangilik kutib yashaydi. Biroq, internetdan kelayotgan uydirma ma’lumotlarni qabul qilib olishi uning o‘ziga zarar yetkazishi mumkin.
Yevropa olimlari yoshlarning ilm olishi ustidan tadqiqot olib borishganda, natija ko‘pchilikni hayratga soladi. Yoshlarda diniy dunyoqarashning shakllanishi ko‘p jihatdan global tarmoq – internet orqali uzatilayotgan ma’lumotlarga bog‘liq bo‘lib qolayotgan ekan. G‘arb mamlakatlarida istiqomat qilayotgan ko‘plab musulmonlar kundalik hayotida duch kelayotgan muammolariga o‘zlari amal qilib kelayotgan islom dini qanday munosabatda ekanini bilishni istaydi. Bunday qiziqish yurtimizda ham uchrab turadi hamda ko‘plab yurtdoshlarimiz o‘z savollariga saytlardan javob olishga intiladi... Demak, har sohada bo‘lgani kabi internetdan foydalanishda eng muhim shart – balandparvoz tavsiyalaru tagi puch g‘oyalarga ishonmaslik kerak. Ayniqsa, diniy mazmundagi masalalarga duch kelganda allaqanday saytlardan emas, balki O‘zbekiston musulmonlari idorasining muslim.uz portali hamda Aydarbek Tulepovning yaqinda qayta nashr etilgan “Internetdagi tahdidlardan himoya” kitobida tavsiya etilgan diniy idora tasarrufidagi saytlaridan foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Aholining dunyoqarashini shakllantirishda, yoshlar ongidagi bo‘shliqni to‘ldirishda internetning ham o‘ziga xos o‘rni bor. Shunday ekan, nazoratni avvalo, o‘zimizdan boshlashimiz zarur. E’tibor beraylik, biz ko‘p vaqtimizni yaqinlarimizga emas, ana shu tarmoqlardagi mazmunsiz ma’lumotlarni olishga yoki o‘yinlar daryosiga g‘arq bo‘lishga sarf etmayapmizmi? Bekor ketayotgan aziz vaqtimizni foydaliroq ishlarga safarbar etsak, hayotimizga mazmun kirishi mumkindir. Albatta, hushyorlik va ziyraklikni ham hamisha qo‘ldan boy bermaslik muhim ahamiyatga ega. Mahmud Zamaxshariy aytganidek, “Hushyor va zakovatli odam uldurki, uning fikr doirasi keng, uzoqni yaqindek ko‘ra oladigan g‘aflat uyqusidan yiroq, balki hamisha fikru zikri bilan uyg‘oq, maxfiy ishoratdan ham o‘ziga xulosa chiqara ola biladigan, so‘qir ko‘zdan ham yosh oqiza oladigan bo‘lur”.
Muhammada’lo MADRAHIMOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz