(“2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”)
بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Islom dinida har bir ish niyatga qarab baholanadi. Bu ish tilning ishi bo‘lsin yoki boshqa bo‘lsin, bu ishlarning to‘g‘ri bo‘lishida niyatning alohida o‘rni bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ ...
مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Amallar faqat niyatlarga ko‘radir”, deyotganlarini eshitganman”, dedi.
Ushbu hadisga ko‘ra, qiladigan barcha ishlarimiz Alloh taoloning huzurida maqbul bo‘lishi uchun niyatimiz to‘g‘ri bo‘lishi lozimligi ma’lum bo‘ladi. Bunda agarchi, shu ishni amalga oshira olmasak-da, lekin yaxshi niyat qilgan bo‘lsak, niyatimiz uchun ham ajr-savob olaveramiz. Shuning uchun har bir amalda niyatning o‘rni qanchalik muhim ekanini yaxshi anglab yetishimiz lozim bo‘ladi.
Masalan, ilm talab qilayotgan kishi Allohning roziligi, xalqning manfaati niyatida ilm o‘rgansa, ham ilmga, ham savobga erishadi. Agar faqat mansab va mol-dunyo uchun o‘rgansa, mansab mol-dunyoga erishishi mumkin, lekin savobdan bebahra qolib ketadi.
Demak, bizning qilayotgan amallarimizda ixlosning ahamiyati juda ham katta ekan. U xoh dunyoviy bo‘lsin, xoh uxroviy bo‘lsin ishlarimizni yaxshi niyat va ixlos bilan bajarmoqligimiz lozim.
Muhtaram namozxonlar! Demak har bir amal ixlos bilan qilinsa, o‘sha amal puxta darajada amalga oshadi. Chunki Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amal qilgan banda doim Allohning nazoratida ekani, bir lahza ham Uning nazoratidan chetta qolib ketmasligini his qilib amal qiladi. Alloh taolo ixlosga buyurib shunday deydi:
وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ
Ya’ni: “Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir”. (Bayyina surasi, 5-oyat)
Bandalar qilayotgan ishlarida niyatlarini to‘g‘ri qilib, ixlos bilan bajarishsa, shaytonning vasvasasidan ham omonda bo‘ladi. Chunki shayton ziynatlab ko‘rsatadigan gunoh ishlardan faqat ixlosli bandalargina omon qolishadi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:
قَالَ رَبِّ بِمَا أَغْوَيْتَنِي لَأُزَيِّنَنَّ لَهُمْ فِي الْأَرْضِ وَلَأُغْوِيَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ إِلَّا عِبَادَكَ مِنْهُمُ الْمُخْلَصِينَ
Ya’ni: (Iblis) aytdi: «Ey, Robbim! Qasamki, meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta, ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman. Illo ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir) (Hijr, 39-40).
Muhtaram azizlar! Ma’lumingizkim, joriy 2017 yil yurtimiz rahbari tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilindi. Yil boshidanoq ko‘pdan-ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilib kelyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida mamlakatimizning qator viloyatlarida bo‘lib qaytdilar. Safarlar davomida ba’zi xonadonlarda bo‘lib, keksa va yoshlar bilan uchrashib, oilalarning kundalik hayoti, farzandlar kasb kori va nabiralar tarbiyasi to‘g‘risida suhbatlashdilar. Mana shunday yaxshi niyatlar va katta tashabbuslar bilan amalga oshiralayotgan xayrli va savobli amallarda biz musulmonlar birinchi safda bo‘lishimiz lozimdir. Zero, Alloh taolo bandalarini xayrli ishlarga shoshilishni buyurgan. Chunonchi, Qur’oni karimda marhamat qilib shunday degan:
فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ
Ya’ni: “Bas, xayrli (savobli) ishlarda (bir-biringizdan) o‘zishga oshiqingiz!” (Moida surasi, 48-oyat).
Ushbu oyatga ko‘ra, inson doim yaxshi amallar qilishga, yaxshi niyatda bo‘lishga shoshilishi lozimdir. Doim yaxshi ishlar va yaxshi niyatlar bilan yurgan insonning xotimasi ham go‘zal bo‘ladi. Inson hayoti davomida barcha yaxshi ishlarni amalga oshirishga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin, lekin barcha yaxshi ishlarni niyat qilishga imkoni bordir. Alloh taolo esa unga niyatiga yarasha savob beraveradi. Chunki Alloh taolo bandalari qilgan xayrli amallarning birortasini ham zoye qilmaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ إِنَّا لَا نُضِيعُ أَجْرَ مَنْ أَحْسَنَ عَمَلًا
ya’ni: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qo‘ysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz”. (Kahf surasi, 30-oyat).
Demak, qilgan yaxshi amallarimizda va ezgu niyatlarimizda aslo umidsiz bo‘lmasligimiz lozim. Chunki sizning qilgan yaxshi ishingizni bandalar unutib yuborsa ham, Alloh taolo aslo unutmaydi. Alloh taolo O‘z sha’niga munosib ravishda albatta, ajru mukofat beradi.
Muhtaram jamoat! Islom dini xayrli amallarga shu darajada targ‘ib qilganki, nafaqat xayrli amalni qilgan kishini, hatto xayrli amal qila olmasa-da, uni niyat qilgan kishilarni ham ulkan ajr-savoblar bilan taqdirlaydi. So‘zimizga ushbu hadisi sharif dalil bo‘ladi:
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِيمَا يَرْوِي عَنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ قَالَ: قَالَ إِنَّ اللَّهَ كَتَبَ الْحَسَنَاتِ وَالسَّيِّئَاتِ ثُمَّ بَيَّنَ ذَلِكَ فَمَنْ هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كَامِلَةً فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِهَا فَعَمِلَهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ عِنْدَهُ عَشْرَ حَسَنَاتٍ إِلَى سَبْعِ مِائَةِ ضِعْفٍ إِلَى أَضْعَافٍ كَثِيرَةٍ وَمَنْ هَمَّ بِسَيِّئَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كَامِلَةً فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِهَا فَعَمِلَهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ سَيِّئَةً وَاحِدَةً.
رَوَاهُ البُخَارِيُّ
Ya’ni: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z Parvardigori azza va jalladan rivoyat qilib aytadi: “Alloh taolo yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi va uni bayon qildi: Kimki biror yaxshilikni qasd qilsa-yu, lekin uni qilmasa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida o‘sha banda uchun mukammal yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar banda uni qasd qilib, uni amalga ham oshirsa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida o‘sha banda uchun o‘ntadan yetti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha barobar ko‘p qilib yozib qo‘yadi. (Ya’ni, niyati va ixlosiga qarab ko‘paytirib beraveradi) Agar bir yomonlikni qasd qilsa-yu, (so‘ngra Allohdan qo‘rqib,) uni qilmasa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida o‘sha banda uchun bitta mukammal yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni amalga oshirsa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida bitta yomonlik qilib yozib qo‘yadi”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.
Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh aytgan: “Ayrim kichik amallarni niyat kattalashtiradi. Shuningdek, ayrim katta amallarni niyat kichraytiradi”.
Muhtaram jamoat! Shunday ekan, biz doim yaxshi niyatlar qilishimiz, yaxshi niyatda bo‘lishimiz lozimdir. Ana shunda Parvardigorimiz bizni niyatlarimizga yarasha amallarimizni ham to‘g‘irlab qo‘yaveradi. Mana joriy yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilindi. Biz ham barcha xalqimiz singari ushbu shior ostida bir jonu bir tan bo‘lib, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shsak, “Ko‘pniki ko‘l bo‘lar” deganidek, ona Vatanimiz soat sayin taraqqiy topib boradi.
Alloh taolo barchamizni har bir amallarimizda niyatlarimizni to‘g‘ri qilishga muvaffaq qilsin! Bu yurtning ravnaqiga bizning ham hissamiz qo‘shilishiga O‘zi tavfiq ato qilsin! Omin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan