Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Yanvar, 2025   |   17 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:46
Peshin
12:38
Asr
15:40
Shom
17:24
Xufton
18:42
Bismillah
17 Yanvar, 2025, 17 Rajab, 1446

14.04.2017 y. Ishlar niyatga qarab baholanadi

10.04.2017   6123   8 min.
14.04.2017 y. Ishlar niyatga qarab baholanadi

(“2017 yil Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”)

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram  jamoat! Islom dinida har bir ish niyatga qarab baholanadi. Bu ish tilning ishi bo‘lsin yoki boshqa bo‘lsin, bu ishlarning to‘g‘ri bo‘lishida niyatning alohida o‘rni bordir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

عَنْ عُمَرَ بْنِ الْخَطَّابِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ ... 

مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Amallar faqat niyatlarga ko‘radir”, deyotganlarini eshitganman”, dedi.

Ushbu hadisga ko‘ra, qiladigan barcha ishlarimiz Alloh taoloning huzurida maqbul bo‘lishi uchun niyatimiz to‘g‘ri bo‘lishi lozimligi ma’lum bo‘ladi. Bunda agarchi, shu ishni amalga oshira olmasak-da, lekin yaxshi niyat qilgan bo‘lsak, niyatimiz uchun ham ajr-savob olaveramiz. Shuning uchun har bir amalda niyatning o‘rni qanchalik muhim ekanini yaxshi anglab yetishimiz lozim bo‘ladi.

Masalan, ilm talab qilayotgan kishi Allohning roziligi, xalqning manfaati niyatida ilm o‘rgansa, ham ilmga, ham savobga erishadi. Agar faqat mansab va mol-dunyo uchun o‘rgansa, mansab mol-dunyoga erishishi mumkin, lekin savobdan bebahra qolib ketadi.

Demak, bizning qilayotgan amallarimizda ixlosning ahamiyati juda ham katta ekan. U xoh dunyoviy bo‘lsin, xoh uxroviy bo‘lsin ishlarimizni yaxshi niyat va ixlos bilan bajarmoqligimiz lozim.

Muhtaram namozxonlar! Demak har bir amal ixlos bilan qilinsa, o‘sha amal puxta darajada amalga oshadi. Chunki Alloh taoloning roziligini ko‘zlab amal qilgan banda doim Allohning nazoratida ekani, bir lahza ham Uning nazoratidan chetta qolib ketmasligini his qilib amal qiladi. Alloh taolo ixlosga buyurib shunday deydi:

وَمَا أُمِرُوا إِلَّا لِيَعْبُدُوا اللَّهَ مُخْلِصِينَ لَهُ الدِّينَ حُنَفَاءَ وَيُقِيمُوا الصَّلَاةَ وَيُؤْتُوا الزَّكَاةَ وَذَلِكَ دِينُ الْقَيِّمَةِ

Ya’ni:  “Holbuki, ular faqat yagona Allohga, Uning uchun dinni (shirkdan) xolis qilgan, to‘g‘ri yo‘ldan og‘magan hollarida ibodat qilishga va namozni barkamol ado etishga hamda zakot berishga buyurilgan edilar. Mana shu to‘g‘ri (haqqoniy) dindir”. (Bayyina surasi, 5-oyat)

Bandalar qilayotgan ishlarida niyatlarini to‘g‘ri qilib, ixlos bilan bajarishsa, shaytonning vasvasasidan ham omonda bo‘ladi. Chunki shayton ziynatlab ko‘rsatadigan gunoh ishlardan faqat ixlosli bandalargina omon qolishadi. Qur’oni karimda shunday deyilgan:

قَالَ رَبِّ بِمَا أَغْوَيْتَنِي لَأُزَيِّنَنَّ لَهُمْ فِي الْأَرْضِ وَلَأُغْوِيَنَّهُمْ أَجْمَعِينَ إِلَّا عِبَادَكَ مِنْهُمُ الْمُخْلَصِينَ   

Ya’ni:  (Iblis) aytdi: «Ey, Robbim! Qasamki, meni yo‘ldan ozdirganing sababli, albatta, ularga (Odam bolalariga) yerdagi (barcha gunoh ishlarni) chiroyli ko‘rsatib qo‘yurman va albatta, ularning hammalarini yo‘ldan ozdirurman. Illo ularning orasidagi ixlosli bandalaringgina (bundan mustasnodir) (Hijr, 39-40).

Muhtaram azizlar! Ma’lumingizkim, joriy 2017 yil yurtimiz rahbari tomonidan “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilindi. Yil boshidanoq ko‘pdan-ko‘p xayrli ishlar amalga oshirilib kelyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, olib borilayotgan islohotlar jarayoni, yirik loyihalar bilan tanishish va xalq bilan muloqot qilish maqsadida mamlakatimizning qator viloyatlarida bo‘lib qaytdilar. Safarlar davomida ba’zi xonadonlarda bo‘lib, keksa va yoshlar bilan uchrashib, oilalarning kundalik hayoti, farzandlar kasb kori va nabiralar tarbiyasi to‘g‘risida suhbatlashdilar. Mana shunday yaxshi niyatlar va katta tashabbuslar bilan amalga oshiralayotgan xayrli va savobli amallarda biz musulmonlar birinchi safda bo‘lishimiz lozimdir. Zero, Alloh taolo bandalarini xayrli ishlarga shoshilishni buyurgan. Chunonchi, Qur’oni karimda marhamat qilib shunday degan:

فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ

Ya’ni: “Bas, xayrli (savobli) ishlarda (bir-biringizdan) o‘zishga oshiqingiz!(Moida surasi, 48-oyat).

Ushbu oyatga ko‘ra, inson doim yaxshi amallar qilishga, yaxshi niyatda bo‘lishga shoshilishi lozimdir. Doim yaxshi ishlar va yaxshi niyatlar bilan yurgan insonning xotimasi ham go‘zal bo‘ladi. Inson hayoti davomida barcha yaxshi ishlarni amalga oshirishga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin, lekin barcha yaxshi ishlarni niyat qilishga imkoni bordir. Alloh taolo esa unga niyatiga yarasha savob beraveradi. Chunki Alloh taolo bandalari qilgan xayrli amallarning birortasini ham zoye qilmaydi. Zero, Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

إِنَّ الَّذِينَ آَمَنُوا وَعَمِلُوا الصَّالِحَاتِ إِنَّا لَا نُضِيعُ أَجْرَ مَنْ أَحْسَنَ عَمَلًا

ya’ni: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qo‘ysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz”. (Kahf surasi, 30-oyat).

Demak, qilgan yaxshi amallarimizda va ezgu niyatlarimizda aslo umidsiz bo‘lmasligimiz lozim. Chunki sizning qilgan yaxshi ishingizni bandalar unutib yuborsa ham, Alloh taolo aslo unutmaydi. Alloh taolo O‘z sha’niga munosib  ravishda albatta, ajru mukofat beradi.

Muhtaram  jamoat!  Islom dini xayrli amallarga shu darajada targ‘ib qilganki, nafaqat xayrli amalni qilgan kishini, hatto xayrli amal qila olmasa-da, uni niyat qilgan kishilarni ham ulkan ajr-savoblar bilan taqdirlaydi. So‘zimizga ushbu hadisi sharif dalil bo‘ladi:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِيمَا يَرْوِي عَنْ رَبِّهِ عَزَّ وَجَلَّ قَالَ: قَالَ إِنَّ اللَّهَ كَتَبَ الْحَسَنَاتِ وَالسَّيِّئَاتِ ثُمَّ بَيَّنَ ذَلِكَ فَمَنْ هَمَّ بِحَسَنَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كَامِلَةً فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِهَا فَعَمِلَهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ عِنْدَهُ عَشْرَ حَسَنَاتٍ إِلَى سَبْعِ مِائَةِ ضِعْفٍ إِلَى أَضْعَافٍ كَثِيرَةٍ وَمَنْ هَمَّ بِسَيِّئَةٍ فَلَمْ يَعْمَلْهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ عِنْدَهُ حَسَنَةً كَامِلَةً فَإِنْ هُوَ هَمَّ بِهَا فَعَمِلَهَا كَتَبَهَا اللَّهُ لَهُ سَيِّئَةً وَاحِدَةً.

رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Ya’ni: Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘z Parvardigori azza va jalladan rivoyat qilib aytadi: Alloh taolo yaxshiliklar va yomonliklarni yozib qo‘ydi va uni bayon qildi: Kimki biror yaxshilikni qasd qilsa-yu, lekin uni qilmasa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida o‘sha banda uchun mukammal yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar banda uni qasd qilib, uni amalga ham oshirsa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida o‘sha banda uchun o‘ntadan yetti yuz yaxshilikkacha, undan ham bir necha barobar ko‘p qilib yozib qo‘yadi. (Ya’ni, niyati va ixlosiga qarab ko‘paytirib beraveradi) Agar bir yomonlikni qasd qilsa-yu, (so‘ngra Allohdan qo‘rqib,) uni qilmasa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida o‘sha banda uchun bitta mukammal yaxshilik qilib yozib qo‘yadi. Agar uni amalga oshirsa, Alloh taolo uni O‘zining huzurida bitta yomonlik qilib yozib qo‘yadi”. Imom Buxoriy rivoyat qilgan.

Abdulloh ibn Muborak rahmatullohi alayh aytgan: “Ayrim kichik amallarni niyat kattalashtiradi. Shuningdek, ayrim katta amallarni niyat kichraytiradi”.

Muhtaram jamoat! Shunday ekan, biz doim yaxshi niyatlar qilishimiz, yaxshi niyatda bo‘lishimiz lozimdir. Ana shunda Parvardigorimiz bizni niyatlarimizga yarasha amallarimizni ham to‘g‘irlab qo‘yaveradi. Mana joriy yil “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”, deb e’lon qilindi. Biz ham barcha xalqimiz singari ushbu shior ostida bir jonu bir tan bo‘lib, yurtimiz ravnaqiga o‘z hissamizni qo‘shsak, “Ko‘pniki ko‘l bo‘lar” deganidek, ona Vatanimiz soat sayin taraqqiy topib boradi.

Alloh taolo barchamizni har bir amallarimizda niyatlarimizni to‘g‘ri qilishga muvaffaq qilsin! Bu yurtning ravnaqiga bizning ham hissamiz qo‘shilishiga O‘zi tavfiq ato qilsin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Ayolimsiz dunyodagi eng zaif insonman

13.01.2025   3265   3 min.
Ayolimsiz dunyodagi eng zaif insonman

Men uylangan edim. Ayolim past bo‘yli, nimjon qomatli va menga nisbatan kichik jussali edi.
Men esa Allohni inoyati ila sportchilarga xos qomatga ega, mushaklarim baquvvat va salobatli edim.
Xotinimning bo‘yi pastligi uchun men unga ko‘p marotaba hazil-mazah qilib jig‘iga tegar, uning ustidan kular edim. Masalan, ba’zan biror narsaning ortiga yashirinib olib, u kelganda qo‘qqisdan oldida paydo bo‘lib qo‘rqitar edim. Ba’zan esa, uning kundalik xotiralarini qayd etib boradigan daftarini olib, bo‘yi yetmaydigan joyga qo‘yib qo‘yar edim va bo‘yi pastligi uchun ololmay qiynalayotganini ko‘rib huzurlanib kular edim.
Gohida televizor ko‘rayotganida, gohida esa, kechki ovqatni tayyorlayotganida uni har xil usullarda bezovta qilib hazil-mazah qilar edim.
Men hazillashib uni bezovta qilishni juda yaxshi ko‘rar edim, chunki uning mendan qasos olishga uringani, lekin bunga kuchi yetmaganini ko‘rish ham menga zavq bag‘ishlar edi.
Avval boshida xotinim bundan yoqimli kayfiyat olganini ko‘rar edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan u mening bolalarcha qiliqlarimdan bezib qolayotganini seza boshladim.
Bir kuni ishga borish uchun uyqudan erta turdim. Qarasam, u nonushta tayyorlayotgan ekan. Har doimgidek, uni hazillashib qo‘rqitdim. Shunda u qattiq qo‘rquv bilan:
Bu gal kechqurun uyga qaytganingizda, meni topa olmaysiz, — dedi.
Men uni hazillashayapti deb o‘yladim, chunki har safar uni qo‘rqitganimda u shunaqa tahdid qilar edi.
Biroq kechqurun uyga qaytib kelganimda, u yo‘q edi. Uni chaqirdim, u javob bermadi. Yana va yana chaqirdim, ammo u hech narsa demadi.
Hamma yerni qidirib chiqdim, lekin uni topa olmadim. Oxiri oshxonaga kirib, bir qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda:
O‘zingizni asrang, men endi qaytmayman, — degan yozuvni ko‘rdim.
Shunda oyoqlarim bo‘shashib, bosa olmay qoldim. Butun boshli tanam quvvatsizlanib, o‘tirib qoldim, o‘zimni huddi ustimdan muzdek suv quygandek his qildim.
O‘sha paytda men dunyodagi eng zaif insonlardan biriga aylandim.
O‘sha kichikkina jussali, nozikkina xotinim mening asosiy quvvat manbaim bo‘lganligini, usiz men hech kim emas ekanligimni angladim.
Devorga suyangancha o‘tirib, huddi onasini yo‘qotgan go‘dak boladay yig‘ladim...

Bir payt ovqatlanish stoli ostida qandaydir narsa qimirlayotganini ko‘rib qoldim va o‘sha yerdan past ovozdagi kulgi eshitildi.
Ha, u edi! U o‘sha yerga yashirinib olgan ekan.
Shunda men unga o‘zimni otdim va uni qattiq bag‘rimga bosib quchoqlar ekanman, ko‘zlarimdan shashqator yosh oqar edi.
U esa meni qo‘rqitishni uddalay olganidan quvonib o‘zini kulishdan tiya olmas edi.
Shunday qilib, o‘g‘rini qaroqchi urdi deganlaridek, o‘zimning hiylam o‘zimga qarshi ishladi. Shundagina tushundimki, o‘sha kuchsizgina ayolimsiz men dunyodagi eng zaif inson ekanman.

Homidjon domla ISHMATBЕKOV