Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2025   |   18 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:00
Quyosh
05:29
Peshin
12:33
Asr
17:23
Shom
19:30
Xufton
20:52
Bismillah
12 Avgust, 2025, 18 Safar, 1447

Boylik – nazar to‘qligidir

30.03.2017   10634   4 min.
Boylik – nazar to‘qligidir

Yaqinda bir mahalladoshimiz onasini keksalik nafaqasiga chiqarmoqchi bo‘lgan ekan, onasi unga: “Mening tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni olganlarida yoshim bir yoshga katta yozilib ketganini bobong rahmatli aytar edilar. Yana bir yil sabr qilaylik, shunda olganimiz halol bo‘ladi, davlatimiz zavol ko‘rmasin”, debdi.

G‘ani – boy demoq, ammo ma’nosining asosi “ehtiyojsiz”dir. Bu ma’no Asmo’i husnadan.

Manbalarda g‘anining uch darajasi bor ekani aytilgan:

  1. Mutlaqo ehtiyojsiz zot. Bu – Alloh taolo.
  2. Ehtiyojlarini ko‘ngil dunyosida kamaytirgan – qalbi boy, kimsaga yordam so‘rab qo‘lini cho‘zmaydigan va dardini yorib holini ochmaydigan payg‘ambarlar, Haq do‘stlari... zohirda nochor ko‘rinsa-da, moddiyat asiri bo‘lmagan insonlar.
  3. Mol-mulki ko‘p, “qo‘li uzun” bo‘lgani uchun majozan ehtiyoji oz bo‘lganlar. Ularning ehtiyoji o‘z moliga nisbatan bo‘ladi. Boshqalarning ko‘magiga muhtoj emas.

Ammo charxi kajraftorning ishini qarangki, uning boyligi bilan birga ehtiyojlari ham ortib borar ekan. Masalan, boylarning davlatini qurimoq uchun qorovullar, xizmatchilar, signal beradigan moslamalar va boshqa narsalarga ehtiyoji bor. 

Aslida qanoat insonning muhtojligiga daxldor hodisa. Inson Allohga muhtoj. Buni unutgan kishi haddini bilmaydi. Illo, kishining o‘z holini bilmog‘i ham buyuk ma’rifatdir. Inson so‘zi nisyondan olinganiga borib u qanoat borasida ham nisyonga ketadi. Sog‘lom inson kasal bo‘lgan vaqtidagi parishonligini, bolaligida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarni va keksalik dardi aziyatlarini tortishi kerakligini esga olmasligi mumkin. Shuningdek, boy odam ham ertaga qashshoqlashib qolishi ehtimoli mavjudligi, qo‘lidagi molining omonat ekanini  unutadi. Ajal eshik qoqib kelganda boyligining sira ham arzimas narsadek ko‘rinib qolishini o‘ylamaydi. “Yo‘q! inson, albatta, tug‘yonga ketur. Gar o‘zini boy ko‘rsa, Albatta, qaytib borish Robbinggadir” (Alaq surasining 6-8 oyatlari); “Va ammo,kimki baxillik va istig‘no qilsa... Va go‘zalni yolg‘onga chiqarsa... Bas, biz uni qiyinga muyassar qilamiz. U qulagan vaqtda unga mol-mulki foyda bermas” (Layl surasining 8-11 oyatlari), deya biz bandalarini ogohlantiradi Alloh taolo.

Aslida hojatlarimizni ravo qiluvchi – Alloh taolo. Ammo Robbimiz bizni ma’rifat hosil qilsin deya turli vasilalar qilgan-u, biroq vasilalarga tavajjuh ko‘rsatmagan, Biz Allohni qo‘yib ularga qo‘l cho‘zsak, ulardan najot istasak, ularning marhamatidan umidvor bo‘lsak, qondirilgan ehtiyojlarimizni vasiladan deb bilsak, ma’rifatimiz kemtik bo‘lib chiqadi va Robbimiz bizdan  rozi bo‘lmaydi.

Mo‘min kishi qanchalik qanoatli bo‘lsa-bo‘lsin, unga yordam qo‘lini cho‘zish boshqa mo‘minlarning zimmasidan soqit bo‘lmaydi. “O‘zi istamadi, bizdan gunoh ketdi”, deb bo‘lmaydi. “Chaqaloq yig‘lamasa, onasi sut bermaydi!” qabilida ish ko‘rish mumkin emas. Robbimiz imkon sohiblari xato ish qilmasinlar deya quyidagi oyati karimalarda muhtojlarni ikki toifaga bo‘lib tushuntirgan: “Va molu mulklarida so‘rovchi va bechoralarning haqqi bordir” (Zaariyaat surasining 19-oyati); “...ulardan yeng va qanoatli va tilangan kambag‘allarni ham taomlantiring” (Haj surasining 36-oyatidan).

 Parvardigor zakotni ham haqiqatan ehtiyojmandlarni topib, eng avvalo, qanoatli odamlarga berishni tavsiya etgan: “(Sadaqa va xayru ehsonlar) Allohning yo‘lida tutilgan, yer yuzida kasb qilishga qodir bo‘lmagan, iffatlari tufayli bilmagan kishi ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir. Ularni siymolaridan taniysan, odamlardan xiralik qilib so‘ramaslar. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringizni Alloh albatta bilguvchidir” (Baqara surasining 273-oyati).

Demak, Parvardigor faqirlik ila imtihon etgan bandalarini qanoatli, ko‘zi to‘q holda ko‘rishni istaydi. Ayni paytda boylik ila imtihon etgan bandalarining ko‘ngli uyg‘oq bo‘lishini, javonmard, marhamatli va shafqatli  bo‘lishini xohlaydi.

Haqiqiy mo‘minlar shunday insonlarki, ulardan biri bermoq uchun qistovga oladi, ikkinchisi olmaslik uchun. Xuddi mana bu voqea kabi: Sa’d bin Robiy roziyallohu anhu Abdurrahmon ibn Avfga samimiyat ila: “Men ansorning eng badavlat odamiman. Molimning yarmini senga ayirdim. Bundan molim ko‘payadi”, dedi.

 Abdurrahmon ibn Avf r.a.: “Alloh molingni va imkonlaringni xayrli qilsin. Mening ularga ehtiyojim yo‘q. sen menga bozorning yo‘lini ko‘rsat, shuning o‘zi kifoya...” dedi.

Ana shunday do‘stlik taomilida olgan emas, bergan tashakkur aytadi. Bizning ham shu kabi insonlar sirasidan bo‘lmog‘imizni nasib aylasin.

Damin JUMAQUL,

jurnalist

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kim Alloh uchun tark qilsa...

11.08.2025   1518   4 min.
Kim Alloh uchun tark qilsa...

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Sen biror narsani Allohdan taqvo qilib tark qilsang, Alloh taolo senga undan-da yaxshirog‘ini ato qiladi” [1], deganlar.

Kim “odamlar nima derkin”ni tashlab, yuzing-ko‘zing qilib o‘tirmasdan Alloh taolodan boshqadan umidini uzsa, Alloh taolo unga tark qilganlaridan ko‘ra yaxshirog‘ini beradi. Uni nafsning izzati, maxluqotdan behojat bo‘lish bilan rizqlantiradi. Bu borada Nabiy alayhissalom shunday deya marhamat qilganlar: “Kim iffatli bo‘lish harakatida bo‘lsa, Alloh uning iffatini saqlaydi. Kim odamlarga sarg‘ayib yurishdan qutulish harakatida bo‘lsa, Alloh taolo uni behojat qilib qo‘yadi. Kim sabrli bo‘lishga urinsa, Alloh taolo uni sabrli bandalardan qiladi”[2].

Kim Allohning qadariga e’tiroz qilishni tashlasa va hamma ishlarini Robbiga topshirsa, Alloh taolo u bandani rozi bo‘lish va kuchli iymon bilan siylaydi hamda uning ishini shu darajada go‘zal nihoyaga yetkazadiki, u bu holni yetti uxlab tushida ham ko‘rmaydi.

Kim folbin va sehrgarlardan yuz o‘girsa, Alloh taolo unga sabrni nasib etadi, tavakkul  va tavhidning haqiqati bilan siylaydi.

Kim dunyo matohlariga qiyo boqmasa, Alloh uning ishlarini ilgari qiladi, qalbiga sokinlik beradi. O‘zi xohlamasa-da, dunyo unga eshiklarini ochadi.

Kim Allohgagina ibodat qilsa, faqat yagona Allohdan qo‘rqsa, vahimalardan qutuladi. Alloh taolo uni omonda saqlaydi. Qo‘rqinchli narsalar ham u uchun salomatlik, orombaxsh bo‘lib qoladi.

Kim yolg‘onni tark etib rostgo‘ylikni mahkam tutsa, Alloh uni yaxshilik tomon yo‘llab qo‘yadi va Allohning huzurida siddiqlar safida bo‘ladi, odamlar orasida rostgo‘ylik ila taniladi va shu orqali odamlar uning gaplariga quloq soladi, uning hurmatini qiladigan bo‘ladi.

Haq bo‘lsa-da, tortishuvni tark etgani evaziga Alloh taolo jannatda bir uy nasib qiladi. Dushmanning yomonligidan asraydi. Qalbi musaffo bo‘ladi. Uning ayblarini ochadiganlardan omonda saqlaydi.

Oldi-sotdida aldovni tark etganga nisbatan odamlarning ishonchi ortadi. Uning savdosida xaridorlari soni ko‘payib boradi.

Kim harom narsalarga qaramasa, Alloh qalbiga bir lazzatni ato etadi.

Baxillikdan saqlanib, saxovatpeshalikni ustun qo‘ygan kishini odamlar ham yaxshi ko‘radi. Allohga va jannatga yaqinlashadi. G‘am-tashvishlardan yengillaydi. Fazilat bobida martabasi ortib boradi. «...Kimki o‘z nafsining baxilligidan saqlana olsa, bas, ana o‘shalar najot top­guvchidirlar»[3].

Kibrlanishni chetga surib, kamtarinlikni shior qilib olgan kishining qadri oshadi. Bu Rasululloh alayhissalomning so‘zlaridir: “Kim Alloh uchun tavozeli bo‘lar ekan, Alloh uning qadrini ko‘tarmay qo‘ymaydi” [4].

Kim ko‘p uyqu va uning lazzatidan voz kechib, vaqtini Allohning rizosi uchun namoz o‘qish bilan o‘tkazsa, Alloh taolo unga shodlik, tetiklikni ato etadi.

Ichish-chekishning barcha turlarining yaqiniga yo‘lamagan kishiga Alloh O‘zi madadkor bo‘ladi. Unga sihat-salomatlik, baxt-saodat nasib etadi. Bu baxt haqiqiy baxt bo‘ladi, kayf qilgandagi soxta baxt emas.

Kim qodir bo‘la turib, qasos va o‘ch olmasa, Alloh uning ko‘ksini keng qilib qo‘yadi. Qalbiga surur beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bir bandani afv qilishidan faqat va faqat uning izzati ortadi”[5], deganlar.

Yomonlar bilan hamtovoq bo‘lishdan saqlanganni Alloh taolo yaxshi kishilarga yo‘liqtiradi. Haloldan rizq topadi, dunyo va oxirat yaxshiliklarini qo‘lga kiritadi. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Ahmad rivoyati.
[2]  Imom Buxoriy rivoyati.
[3]  Hashr surasi, 9-oyat.
[4]  Imom Muslim rivoyati.
[5]  Imom Muslim rivoyati.