Yaqinda bir mahalladoshimiz onasini keksalik nafaqasiga chiqarmoqchi bo‘lgan ekan, onasi unga: “Mening tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamni olganlarida yoshim bir yoshga katta yozilib ketganini bobong rahmatli aytar edilar. Yana bir yil sabr qilaylik, shunda olganimiz halol bo‘ladi, davlatimiz zavol ko‘rmasin”, debdi.
G‘ani – boy demoq, ammo ma’nosining asosi “ehtiyojsiz”dir. Bu ma’no Asmo’i husnadan.
Manbalarda g‘anining uch darajasi bor ekani aytilgan:
Ammo charxi kajraftorning ishini qarangki, uning boyligi bilan birga ehtiyojlari ham ortib borar ekan. Masalan, boylarning davlatini qurimoq uchun qorovullar, xizmatchilar, signal beradigan moslamalar va boshqa narsalarga ehtiyoji bor.
Aslida qanoat insonning muhtojligiga daxldor hodisa. Inson Allohga muhtoj. Buni unutgan kishi haddini bilmaydi. Illo, kishining o‘z holini bilmog‘i ham buyuk ma’rifatdir. Inson so‘zi nisyondan olinganiga borib u qanoat borasida ham nisyonga ketadi. Sog‘lom inson kasal bo‘lgan vaqtidagi parishonligini, bolaligida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklarni va keksalik dardi aziyatlarini tortishi kerakligini esga olmasligi mumkin. Shuningdek, boy odam ham ertaga qashshoqlashib qolishi ehtimoli mavjudligi, qo‘lidagi molining omonat ekanini unutadi. Ajal eshik qoqib kelganda boyligining sira ham arzimas narsadek ko‘rinib qolishini o‘ylamaydi. “Yo‘q! inson, albatta, tug‘yonga ketur. Gar o‘zini boy ko‘rsa, Albatta, qaytib borish Robbinggadir” (Alaq surasining 6-8 oyatlari); “Va ammo,kimki baxillik va istig‘no qilsa... Va go‘zalni yolg‘onga chiqarsa... Bas, biz uni qiyinga muyassar qilamiz. U qulagan vaqtda unga mol-mulki foyda bermas” (Layl surasining 8-11 oyatlari), deya biz bandalarini ogohlantiradi Alloh taolo.
Aslida hojatlarimizni ravo qiluvchi – Alloh taolo. Ammo Robbimiz bizni ma’rifat hosil qilsin deya turli vasilalar qilgan-u, biroq vasilalarga tavajjuh ko‘rsatmagan, Biz Allohni qo‘yib ularga qo‘l cho‘zsak, ulardan najot istasak, ularning marhamatidan umidvor bo‘lsak, qondirilgan ehtiyojlarimizni vasiladan deb bilsak, ma’rifatimiz kemtik bo‘lib chiqadi va Robbimiz bizdan rozi bo‘lmaydi.
Mo‘min kishi qanchalik qanoatli bo‘lsa-bo‘lsin, unga yordam qo‘lini cho‘zish boshqa mo‘minlarning zimmasidan soqit bo‘lmaydi. “O‘zi istamadi, bizdan gunoh ketdi”, deb bo‘lmaydi. “Chaqaloq yig‘lamasa, onasi sut bermaydi!” qabilida ish ko‘rish mumkin emas. Robbimiz imkon sohiblari xato ish qilmasinlar deya quyidagi oyati karimalarda muhtojlarni ikki toifaga bo‘lib tushuntirgan: “Va molu mulklarida so‘rovchi va bechoralarning haqqi bordir” (Zaariyaat surasining 19-oyati); “...ulardan yeng va qanoatli va tilangan kambag‘allarni ham taomlantiring” (Haj surasining 36-oyatidan).
Parvardigor zakotni ham haqiqatan ehtiyojmandlarni topib, eng avvalo, qanoatli odamlarga berishni tavsiya etgan: “(Sadaqa va xayru ehsonlar) Allohning yo‘lida tutilgan, yer yuzida kasb qilishga qodir bo‘lmagan, iffatlari tufayli bilmagan kishi ularni boy deb o‘ylaydigan faqirlargadir. Ularni siymolaridan taniysan, odamlardan xiralik qilib so‘ramaslar. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringizni Alloh albatta bilguvchidir” (Baqara surasining 273-oyati).
Demak, Parvardigor faqirlik ila imtihon etgan bandalarini qanoatli, ko‘zi to‘q holda ko‘rishni istaydi. Ayni paytda boylik ila imtihon etgan bandalarining ko‘ngli uyg‘oq bo‘lishini, javonmard, marhamatli va shafqatli bo‘lishini xohlaydi.
Haqiqiy mo‘minlar shunday insonlarki, ulardan biri bermoq uchun qistovga oladi, ikkinchisi olmaslik uchun. Xuddi mana bu voqea kabi: Sa’d bin Robiy roziyallohu anhu Abdurrahmon ibn Avfga samimiyat ila: “Men ansorning eng badavlat odamiman. Molimning yarmini senga ayirdim. Bundan molim ko‘payadi”, dedi.
Abdurrahmon ibn Avf r.a.: “Alloh molingni va imkonlaringni xayrli qilsin. Mening ularga ehtiyojim yo‘q. sen menga bozorning yo‘lini ko‘rsat, shuning o‘zi kifoya...” dedi.
Ana shunday do‘stlik taomilida olgan emas, bergan tashakkur aytadi. Bizning ham shu kabi insonlar sirasidan bo‘lmog‘imizni nasib aylasin.
Damin JUMAQUL,
jurnalist
Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda
Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.
Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.