Muqaddas kitoblarimizda o‘zga insonlarning sirini saqlash, aybini yashirishning fazilatli xislatlardan ekani bayon qilingan. Jumladan, agar bir kishi boshqa birodarining aybini yashirsa, Alloh taolo uning aybini yashirishi haqida ko‘plab oyatu hadislar borligi barchamizga ayon.
Alloh taoloning rahmati buyukligini qarangki, o‘zgalarning insoniy sha’nini ulug‘lagan bandalarining sirini saqlashi barobarida uni avliyolik maqomiga ham yetkazib qo‘yar ekan. Ana shunday sharafli zotlardan biri Hotam ibni Unvon nomi ulug‘ shayx Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asari va yana ko‘plab mo‘tabar tazkiralarda katta ehtirom bilan zikr etilgan. Xususan, hazrat Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”ida u haqda bunday yozilgan:
Hotam Asamm quddisu sirrihu avvalg‘i tabaqadindur, kuniyati Abu Abdurahmon. Xuroson mashoyixining qudamosidindur. Shaqiq Balixiy bila suhbat tutubdur va Ahmad Xuzravayhning ustodidur. Ta’rix ikki yuz yettida Balx navohiysida olamdin o‘tti. Derlarki, asamm emas erdi va bir amre voqe’ bo‘ldiki, ani Asamm dedilar. Mashoyix kitobin o‘qug‘an ul kayfiyatni ma’lum qilur. Ul debdurki,
«Agar Xudoyingga osiy bo‘lmoqchi bo‘lsang, u seni ko‘rmaydigan joyda osiy bo‘l, ya’ni Allohga osiy bo‘lmaki, har yerda u seni ko‘radi». Va ham ul debdurki, har kim bu yo‘lg‘a kirar, to‘rt o‘lumni o‘ziga tutmak kerak: Mavti abyaz – va ul qorin ochlig‘idur va mavti asvad va ul xalq izosig‘a sabr qilmaqdur va mavti ahmar – va ul nafs muxolafatidur va mavti axzar – va ul xirqag‘a yurunlar tikmakdur. Andin so‘rdilarki, qaydin nima yersen? Dedikim,
«Yer va osmon xazinalari Allohnikidir. Lekin munofiqlar (buni) anglamaslar».
Navoiy hazratlarining “Derlarki, asamm emas erdi va bir amre voqe’ bo‘ldiki, ani Asamm dedilar”, deyish bilan kifoyalanib qo‘ya qolganiga ajablanib aslida nima voqea yuz berganini o‘rgangan kishi u zotning odobining cheksizligiga yana bir bor tahsin aytadi.
Naql qilishlaricha, bir kishi Hotam ibni Unvon bilan gaplashib o‘tirganida bexosdan yel chiqarib qo‘yibdi va uyalganidan qora terga botib ketibdi. U zot suhbatdoshini uyatli holatdan chiqarish uchun darhol qo‘llarini quloqlariga karnay qilib: “Qattiqroq gapir, quloqlarim og‘ir, yaxshi eshitmayman”, debdi. Shundan so‘ng u odam yengil tortibdi. Ushbu voqeadan keyin o‘sha odam vafot etguniga qadar Hotam ibni Unvon o‘zini karlikka solib yurgan ekan. Odamlar uni rostakam kar deb o‘ylagani bois “Asom” deb atay boshlabdi. “Asom” arabcha so‘z bo‘lib, tilimizda “kar, sag‘ir” ma’nolarini bildirar ekan.
Buni qarangki, Hotam Asamm birodarining aybini yashirish uchun o‘zini bir necha yil karlikka solib yuribdi, hazrat Navoiy ham hayosi yo‘l qo‘ymagani bois andisha qilib voqeani ochiq bayon qilmabdi.
Unda biz nega sirni ochdik?! Zinhor bu ishimizni odobsizlikka yo‘ymasligingizni iltimos qilamiz. Ne bo‘ldiki, bizning davrimizga kelib har narsadan kamchilik qidirish, har kimning aybi yoki nuqsoni bo‘lsa, uni ko‘pchilikning o‘rtasida muhokama qilish odatga aylanib qoldi. Biz ham huda-behuda jar soluvchilar safiga kirib qolmaylik, ana shu voqeadan ibrat olaylik degan maqsadda voqeani bayon etishga jur’at etdik. Zero, biz birovning sirini saqlar ekanmiz, aslida o‘zimizning sirimizni saqlagan bo‘lamiz. Hotam Asamm aytganidek, “Allohga osiy bo‘lmoqni istasangiz, sizni ko‘rmaydigan bir joyga borib isyon qiling”, mabodo topa olsangiz!..
Damin JUMAQUL,
jurnalist
Davlatimiz rahbarining shu yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda dunyoning o‘ttizga yaqin davlatidan muftiylar, islomshunos va dinshunos olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.
Anjuman munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi Ilhom Ma’rupov konferensiya va uning doirasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi I.Ma’rupov. – Ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida 2025 yil 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda moturidiyshunoslik ilmiy maktabi shakllandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Konferensiyaning ahamiyati va dolzarbligi haqida gapirganda bugungi kunda quyidagi omillar Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotganini alohida qayd etish lozim:
– muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan radikal guruhlar harakati kuchayib borayotgan bugungi sharoitda xalqaro maydonda Imom Moturidiy ta’limotini o‘rganishga e’tibor oshmoqda;
– moturidiylik maktabining bag‘rikeng g‘oyalari, asrlar davomida mintaqamiz xususiyatlariga mos holda shakllangan insonparvar ta’limoti radikalizmga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali vositasi sifatida baholanmoqda.
Konferensiya 3 ta shu’bada faoliyat olib boradi:
Birinchi shu’ba “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Imom Moturidiy, moturidiy allomalari va izdoshlari hayot yo‘li, Movarounnahr kalom ilmi maktabi rivojlanish tarixi haqida bahs-munozaralar, ilmiy muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Ikkinchi shu’ba “Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini” mavzuida bo‘lib, u Moturidiylik ta’limotida ilgari surilgan g‘oyalar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat nazariyalarining shakllanishiga oid munozaralarni o‘z ichiga oladi.
Uchinchi shu’ba “XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, u Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosida ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi dolzarb muammolarni hal qilishdagi ilmiy va nazariy ahamiyatiga oid bahs-munozaralarni qamrab oladi.
Anjuman yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha nufuzli olimlarning taklif va tashabbuslari asosida yakuniy deklaratsiya qabul qilinadi.
Bugun anjuman qatnashchilari uchun Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar va tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat ko‘zda tutilgan.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari