Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Sir saqlay olish – komillikdan nishon

28.03.2017   7171   3 min.
Sir saqlay olish – komillikdan nishon

Muqaddas kitoblarimizda o‘zga insonlarning sirini saqlash, aybini yashirishning fazilatli xislatlardan ekani bayon qilingan. Jumladan, agar bir kishi boshqa birodarining aybini yashirsa, Alloh taolo uning aybini yashirishi haqida ko‘plab oyatu hadislar borligi barchamizga ayon.

Alloh taoloning rahmati buyukligini qarangki, o‘zgalarning insoniy sha’nini ulug‘lagan bandalarining sirini saqlashi barobarida uni avliyolik maqomiga ham yetkazib qo‘yar ekan.  Ana shunday sharafli zotlardan biri Hotam ibni Unvon nomi ulug‘ shayx Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asari va yana ko‘plab mo‘tabar tazkiralarda katta ehtirom bilan zikr etilgan. Xususan, hazrat Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”ida u haqda bunday yozilgan:

Hotam Asamm quddisu sirrihu avvalg‘i tabaqadindur, kuniyati Abu Abdurahmon. Xuroson mashoyi­xining qudamosidindur. Shaqiq Balixiy bila suhbat tutubdur va Ahmad Xuzravayhning ustodidur. Ta’rix ikki yuz yettida Balx navohiysida olam­din o‘tti. Derlarki, asamm emas erdi va bir amre voqe’ bo‘ldiki, ani Asamm dedilar. Mashoyix kitobin o‘qug‘an ul kayfiyatni ma’lum qilur. Ul debdurki, 

«Agar Xudoyingga osiy bo‘lmoqchi bo‘lsang, u seni ko‘rmaydigan joyda osiy bo‘l, ya’ni Allohga osiy bo‘lmaki, har yerda u seni ko‘radi». Va ham ul debdurki, har kim bu yo‘lg‘a kirar, to‘rt o‘lumni o‘ziga tutmak kerak: Mavti abyaz – va ul qorin ochlig‘idur va mavti asvad va ul xalq izosig‘a sabr qilmaqdur va mavti ahmar – va ul nafs muxolafatidur va mavti axzar – va ul xirqag‘a yurunlar tikmakdur. Andin so‘rdilarki, qaydin nima yersen? Dedikim, 

«Yer va osmon xazinalari  Allohnikidir.  Lekin   munofiqlar     (buni)   anglamaslar».

Navoiy hazratlarining “Derlarki, asamm emas erdi va bir amre voqe’ bo‘ldiki, ani Asamm dedilar”, deyish bilan kifoyalanib qo‘ya qolganiga ajablanib aslida nima voqea yuz berganini o‘rgangan kishi u zotning odobining cheksizligiga yana bir bor tahsin aytadi.

Naql qilishlaricha, bir kishi Hotam ibni Unvon bilan gaplashib o‘tirganida bexosdan yel chiqarib  qo‘yibdi va uyalganidan qora terga botib ketibdi. U zot suhbatdoshini uyatli holatdan chiqarish uchun darhol qo‘llarini quloqlariga karnay qilib: “Qattiqroq gapir, quloqlarim og‘ir, yaxshi eshitmayman”, debdi. Shundan so‘ng u odam yengil tortibdi. Ushbu voqeadan keyin o‘sha odam vafot etguniga qadar Hotam ibni Unvon o‘zini karlikka solib yurgan ekan. Odamlar uni rostakam kar deb o‘ylagani bois “Asom” deb atay boshlabdi. “Asom” arabcha so‘z bo‘lib, tilimizda “kar, sag‘ir” ma’nolarini bildirar ekan.

Buni qarangki, Hotam Asamm birodarining aybini yashirish uchun o‘zini bir necha yil karlikka solib yuribdi, hazrat Navoiy ham hayosi yo‘l qo‘ymagani bois andisha qilib voqeani ochiq bayon qilmabdi.

Unda biz nega sirni ochdik?!  Zinhor bu ishimizni odobsizlikka yo‘ymasligingizni iltimos qilamiz. Ne bo‘ldiki, bizning davrimizga kelib har narsadan kamchilik qidirish, har kimning aybi yoki nuqsoni bo‘lsa, uni ko‘pchilikning o‘rtasida muhokama qilish odatga aylanib qoldi. Biz ham huda-behuda jar soluvchilar safiga kirib qolmaylik, ana shu voqeadan ibrat olaylik degan maqsadda voqeani bayon etishga jur’at etdik. Zero, biz birovning sirini saqlar ekanmiz, aslida o‘zimizning sirimizni saqlagan bo‘lamiz. Hotam Asamm aytganidek, “Allohga osiy bo‘lmoqni istasangiz, sizni ko‘rmaydigan bir joyga borib isyon qiling”, mabodo topa olsangiz!..

Damin JUMAQUL,

jurnalist

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

100 ta sirli ibora (4-qism)

28.04.2025   386   3 min.
100 ta sirli ibora (4-qism)

100 ta SIR-ASRORLI IBORA

yoxud

ODAMLAR BILAN

MULOQOT (oila, uy, ishxona, jamoat joylari) DAGI

100 ta “SЕHRLI SO‘Z”ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

(4-qism)

  1. Assalomu alaykum!
  2. Katta rahmat Sizga!
  3. Umrbod minnatdorman Sizdan!
  4. Umringiz uzoq bo‘lsin!
  5. Xo‘p bo‘ladi!
  6. Ming bor uzr so‘rayman Sizdan!
  7. Kechirasiz!..
  8. Sizdan kechirim so‘rayman!
  9. Mendan o‘tdi! Uzr so‘rayman! Kechiring!
  10. Siz nima desangiz – shu!
  11. Sizning gapingiz – men uchun qonun!
  12. Sizning gapingiz – biz uchun qonun!
  13. Labbay?!?
  14. Eshitaman?!?
  15. Amringizga muntazirman!
  16. Minnatdorman!
  17. Juda to‘g‘ri aytdingiz!
  18. To‘g‘ri aytasiz!
  19. Gapingiz nihoyatda to‘g‘ri!
  20. Fikringiz juda ma’qul!
  21. Iltimos Sizdan, kechiring!..
  22. Iltimos, meni kechiring!..
  23. To‘g‘ri aytdingiz!
  24. Sizni juda yaxshi tushunib turibman!
  25. Qo‘llaringiz dard ko‘rmasin!
  26. Sizga gap yo‘q!
  27. Juda chiroyli!
  28. Juda-juda ma’qul!
  29. Bu ham yaxshilikka!
  30. Bunda ham bir hikmat bor!..
  31. Muammo yo‘q!
  32. Hech qanday muammo yo‘q!
  33. Hech qanday e’tirozim yo‘q!
  34. Ovora bo‘lmang!
  35. Aslo ovora bo‘lmang!
  36. Hecham ovora bo‘lmang!
  37. Sizni ovora qilganim uchun ming bor uzr so‘rayman Sizdan!
  38. Hijolat bo‘lmang!
  39. Yaxshi kunlaringizda qaytaraylik!
  40. To‘ylaringizda qaytaraylik!
  41. Doim xizmatlaringizdamiz!
  42. Ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin!
  43. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi!
  44. Boringizga shukr!
  45. Ming bor uzr!
  46. Ming bor-ming bor uzr!
  47. Zo‘r chiqibdi, yarashibdi!
  48. Ming bor-ming bor uzr so‘rayman sizdan!
  49. Men xato qildim, uzr, kechirasiz!
  50. Aybimni tan olaman, kechirasiz!
  51. Uzr-uzr-uzr!
  52. Ikkinchi unday qilmayman, kechiring!
  53. Boshqa takrorlanmaydi, kechirasiz!
  54. Bir qoshiq qonimdan keching!
  55. “Bunda ham bir hikmat bor...” deyiladi-yu o‘zi...
  56. Katta iltimos Sizdan!
  57. Bilmay qolibman, uzr, kechirasiz!
  58. O‘tinib so‘rayman Sizdan!
  59. Mana shu xislatingizga tan beraman-da!
  60. Shu fe’lingizga gap yo‘q-da!
  61. Sizdan rosa ham minnatdorman!
  62. Tashakkurlarim Sizga!
  63. E’tiboringiz uchun katta rahmat Sizga!
  64. Sizga katta rahmat mehrli e’tiboringiz uchun!
  65. Mehrli e’tiboringiz uchun Sizga katta rahmat!
  66. Siz nima desangiz – shu!
  67. Siz qanday aytsangiz, xuddi shunday bo‘ladi!
  68. Bajaramiz! Xo‘p bo‘ladi!
  69. Zo‘r!
  70. Juda-juda zo‘r!
  71. Gap yo‘q!
  72. Qoyil!
  73. Juda ajoyib!
  74. Juda ham chiroyli!
  75. Mutlaqo gap yo‘q!
  76. Sizga yoqsa – bo‘ldi!
  77. Sizga yoqqani – bizga yoqqani!
  78. Ana endi ko‘ngildagiday bo‘ldi!
  79. Mana endi xotirjam bo‘ldim!
  80. Xizmatingizdaman!
  81. O‘zingizni ehtiyot qiling!
  82. Doim sog‘-omon bo‘ling!
  83. Hormang!
  84. Juda xursand bo‘ldim!
  85. Men Sizdan kechirim so‘rayman!
  86. Zo‘r chiqibdi!
  87. Juda ham zo‘r chiqibdi!
  88. Oldindan katta rahmat Sizga!
  89. Umuman gap yo‘q!
  90. Gap bo‘lishi mumkin emas!
  91. Sizning hurmatingiz biz uchun cheksiz!
  92. Sizning hurmatingiz men uchun cheksiz!
  93. Tarbiyangizga qoyil qoldim!
  94. Sizga tarbiya bergan Ota-onangizga ming rahmat!
  95. Tan berdim!
  96. Tan bermasdan iloji yo‘q!
  97. Ofarin!
  98. Uzr! Uzr! Uzr!
  99. Meni kechiring, iltimos Sizdan!
  100. Ming-ming-ming bor kechirim so‘rayman Sizdan!

                          Chegarasi yo‘q) ...

*SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...

**ENG muhimi:  jumlalarni O‘Z VAQTIDA va O‘Z O‘RNIDA ishlatish !!!

***ENG asosiysi:  ushbu so‘zlar faqat TILdan emas, balki DIL (!) dan chiqsagina SIR-ASRORLI va “SЕHRLI” bo‘ladi...  

Mehribon Parvardigorimiz o‘zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham O‘zi buyurgan, Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan, o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan, xalqimiz xursand bo‘ladigan, ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 

Ibrohimjon domla Inomov

Ibratli hikoyalar