Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Sir saqlay olish – komillikdan nishon

28.03.2017   7178   3 min.
Sir saqlay olish – komillikdan nishon

Muqaddas kitoblarimizda o‘zga insonlarning sirini saqlash, aybini yashirishning fazilatli xislatlardan ekani bayon qilingan. Jumladan, agar bir kishi boshqa birodarining aybini yashirsa, Alloh taolo uning aybini yashirishi haqida ko‘plab oyatu hadislar borligi barchamizga ayon.

Alloh taoloning rahmati buyukligini qarangki, o‘zgalarning insoniy sha’nini ulug‘lagan bandalarining sirini saqlashi barobarida uni avliyolik maqomiga ham yetkazib qo‘yar ekan.  Ana shunday sharafli zotlardan biri Hotam ibni Unvon nomi ulug‘ shayx Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asari va yana ko‘plab mo‘tabar tazkiralarda katta ehtirom bilan zikr etilgan. Xususan, hazrat Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat”ida u haqda bunday yozilgan:

Hotam Asamm quddisu sirrihu avvalg‘i tabaqadindur, kuniyati Abu Abdurahmon. Xuroson mashoyi­xining qudamosidindur. Shaqiq Balixiy bila suhbat tutubdur va Ahmad Xuzravayhning ustodidur. Ta’rix ikki yuz yettida Balx navohiysida olam­din o‘tti. Derlarki, asamm emas erdi va bir amre voqe’ bo‘ldiki, ani Asamm dedilar. Mashoyix kitobin o‘qug‘an ul kayfiyatni ma’lum qilur. Ul debdurki, 

«Agar Xudoyingga osiy bo‘lmoqchi bo‘lsang, u seni ko‘rmaydigan joyda osiy bo‘l, ya’ni Allohga osiy bo‘lmaki, har yerda u seni ko‘radi». Va ham ul debdurki, har kim bu yo‘lg‘a kirar, to‘rt o‘lumni o‘ziga tutmak kerak: Mavti abyaz – va ul qorin ochlig‘idur va mavti asvad va ul xalq izosig‘a sabr qilmaqdur va mavti ahmar – va ul nafs muxolafatidur va mavti axzar – va ul xirqag‘a yurunlar tikmakdur. Andin so‘rdilarki, qaydin nima yersen? Dedikim, 

«Yer va osmon xazinalari  Allohnikidir.  Lekin   munofiqlar     (buni)   anglamaslar».

Navoiy hazratlarining “Derlarki, asamm emas erdi va bir amre voqe’ bo‘ldiki, ani Asamm dedilar”, deyish bilan kifoyalanib qo‘ya qolganiga ajablanib aslida nima voqea yuz berganini o‘rgangan kishi u zotning odobining cheksizligiga yana bir bor tahsin aytadi.

Naql qilishlaricha, bir kishi Hotam ibni Unvon bilan gaplashib o‘tirganida bexosdan yel chiqarib  qo‘yibdi va uyalganidan qora terga botib ketibdi. U zot suhbatdoshini uyatli holatdan chiqarish uchun darhol qo‘llarini quloqlariga karnay qilib: “Qattiqroq gapir, quloqlarim og‘ir, yaxshi eshitmayman”, debdi. Shundan so‘ng u odam yengil tortibdi. Ushbu voqeadan keyin o‘sha odam vafot etguniga qadar Hotam ibni Unvon o‘zini karlikka solib yurgan ekan. Odamlar uni rostakam kar deb o‘ylagani bois “Asom” deb atay boshlabdi. “Asom” arabcha so‘z bo‘lib, tilimizda “kar, sag‘ir” ma’nolarini bildirar ekan.

Buni qarangki, Hotam Asamm birodarining aybini yashirish uchun o‘zini bir necha yil karlikka solib yuribdi, hazrat Navoiy ham hayosi yo‘l qo‘ymagani bois andisha qilib voqeani ochiq bayon qilmabdi.

Unda biz nega sirni ochdik?!  Zinhor bu ishimizni odobsizlikka yo‘ymasligingizni iltimos qilamiz. Ne bo‘ldiki, bizning davrimizga kelib har narsadan kamchilik qidirish, har kimning aybi yoki nuqsoni bo‘lsa, uni ko‘pchilikning o‘rtasida muhokama qilish odatga aylanib qoldi. Biz ham huda-behuda jar soluvchilar safiga kirib qolmaylik, ana shu voqeadan ibrat olaylik degan maqsadda voqeani bayon etishga jur’at etdik. Zero, biz birovning sirini saqlar ekanmiz, aslida o‘zimizning sirimizni saqlagan bo‘lamiz. Hotam Asamm aytganidek, “Allohga osiy bo‘lmoqni istasangiz, sizni ko‘rmaydigan bir joyga borib isyon qiling”, mabodo topa olsangiz!..

Damin JUMAQUL,

jurnalist

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

28.04.2025   2011   1 min.
Imom Moturidiyga qanday unvonlar berilgan?

Ilgari musulmonlar ayrim ulamolarni ulug‘lab, “Shayxul Islom” (Islom dini shayxi), “Faxrul Islom” (Islom dini faxri), “Hujjatul Islom” (Islom dini hujjati), “Najmul ulamo” (Ulamolar yulduzi), “Muftiy saqolayn” (Insu-jin muftiysi), “Lisonul mutakallimiyn” (Mutakallimlarning so‘zlovchi tili) kabi unvonlar bilan ataganlar. Bunday atash aslo mubolag‘a bo‘lmagan. Balki u muhtaram ulamolar haqiqatdan ushbu unvonlarga loyiq bo‘lganlar. Masalan, “Shamsul aimma” (Imomlar quyoshi) unvoni berilgan Saraxsiy rahmatullohi alayh o‘n ikki ming risolani yod olgani naql qilingan.

Abu Mansur Moturidiyni yaqindan tanigan ulamolar va shogirdlari tomonidan u zotning martabalarini namoyon etuvchi ko‘plab unvonlar berilgan:  

–      Imomul hudo (To‘g‘ri yo‘lga boshlovchi);

  • Imomul mutakallimiyn (Kalom ilmi olimlari peshvosi);
  • Musahhihu aqoidil muslimiyn (Musulmonlarning aqidalaridan xatolarni tuzatuvchi);
  • Roisu ahli sunna val jamoa (Ahli sunna val jamoa boshlig‘i);
  • Nosirus sunna va qomi’ul bid’a (Sunnatni himoya qiluvchi va bid’atlarni bostiruvchi);

–  Muvattidu aqoidi ahlis sunna (Ahli sunna aqidalari asoschisi).

Abu Mansur Moturidiyning mazkur unvonlari ham aslo mubolag‘a emas, balki u zot haqiqatan shu martabaga loyiq zot bo‘lganlar.

Ulamolar aytadilarki, Hujjatul Islom (Islom dini hujjati) deyilganda faqat Imom G‘azoliy tushunilganidek, Imomul hudo (to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi) deyilganda ham faqat Imom Moturidiy tushuniladi.   

Abdulqodir Abdur Rahim,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti
katta o‘qituvchisi.